Saudiya Arabistoni Qirolligi Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) va Musulmonlar jahon ligasi (MJL) tashabbusi bilan “Ommaviy axborot vositalarida nafrat va zo'ravonlik tarqalishi avj olishini kamaytirish” mavzusida xalqaro forum ish boshlaydi.
Anjumanda MJL Bosh kotibi, shayx doktor Muhammad bin Abdulkarim Al-Iso, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, Falastin davlatidagi rasmiy ommaviy axborot vositalari bosh nazoratchisi, vazir Ahmad Assaf, shuningdek, IHTga a'zo davlatlar axborot agentliklari rahbarlari, xalqaro media institutlari, taniqli diniy tashkilotlar vakillari, intellektual, huquq va inson huquqi arboblari, xalqaro tashkilotlar mas'ullari, diplomatlar, jurnalistlar ishtirok etadi.
Forumda “Ommaviy axborot vositalarida tarafkashlik va noto'g'ri talqin: Falastin muammosi namuna sifatida” kabi bir necha dolzarb mavzu muhokama qilinadi. Bundan ko'zlangan maqsad OAVda yo'l qo'yilayotgan kamchiliklarni aniqlash hamda tashviqot va tarafkashlikning insoniyatga, jamiyatga salbiy ta'sirini ko'rsatishdan iborat.
Tashkilotchilar noto'g'ri ma'lumot berish, noxolislik, OAV orqali nafrat tarqalishi xavfiga qarshi xalqaro ittifoq tuzish niyatida.
Muharrama Pirmatova, O'zA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun siz azizlarga so‘zlab beradigan hikoyam Makka shahrida bundan bir necha yuz yillar oldin sodir bo‘lgan hayotiy voqea haqidadir. Bu voqea bilan Saudiyada nashr etiladigan gazetalardan birida tanishganman.
Umra ibodatini ado etish uchun Makka shahriga borganimda gazetadagi “Nima uchun nuringni ortingda qoldirding?” degan maqolaga ko‘zim tushdi. Bu qiziqarli sarlavha meni o‘ziga jalb qildi. Bu nima degani ekan deb qiziqdim. Hikoyani o‘qib, uning mazmunini angladim.
Qadim zamonda o‘ta badavlat odam yashagan ekan. U paytlar qullik davri edi. Bu boyning ham barcha shaxsiy ishlarida unga xizmat qiladigan quli bor edi.
Bomdod namoziga azon aytilganda, xizmatkor tahorat uchun suv tayyorlar va xo‘jayinini uyg‘otardi. Tahoratga yordamlashib bo‘lgach, miltillab yonadigan fonusi bilan yo‘lini yoritib masjidga olib borardi. Bu davrlarda hali elektr tok, chiroqlar yo‘q, yo‘llar zimiston, chang, ko‘chalarda tosh va chuqurlar ko‘p edi.
Shu zaylda qul 20 yildan ortiq xo‘jayiniga xizmat qildi. Kunlarning birida odatdagidek bomdod namoziga ketishayotganida boy yurishdan to‘xtab, joyida biroz jim turib qoldi-da, keyin: “Gaplarimni eshit ey Said”, dedi. Qulning ismi Said edi.
Boy: “Ey Said, men vasiyatnomamda vafot etganimdan keyin merosxo‘rlarim seni ozod qilishlarini yozdim. Bu senga 20 yildan beri menga qilgan sodiq xizmatlaring uchun mukofot bo‘ladi”, deb aytdi.
Lekin bu gapdan Said xursand bo‘lmadi, xo‘jayiniga tashakkur ham izhor etmadi, hatto bir og‘iz so‘z ham aytmadi.
Ertasi kuni yana odatdagidek masjid tomon fonusni yoqib yo‘lga tushishdi. Ammo bu safar har gal xo‘jayinning yo‘llarini yoritib ketadigan xizmatchi orqa tomonga o‘tib olgandi. Xo‘jayin nega bunday qilayotganini tushunmay: “Nega orqamdan ketayapsan? Said senga nima bo‘ldi? Nega oldinda yo‘lni yoritib ketmayapsan?” deb so‘radi.
Bu gaplarni eshitib boy odam qattiq ta’sirlandi. Unga: “Ey Said shu daqiqadan e’tiboran sen ozodsan”, dedi. Said uning bu taklifini rad etib: “Men sizning itoatkor xizmatkoringizman”, dedi.
Ushbu qissadan qanday ibrat olinadi. Ko‘pchilik o‘z nurini oldida emas, balki ortida qoldiradi. Bu nima degani? Ayrimlar: “Boy bo‘lsam falon-falon ishlarni qilaman”, “Vafot etsam kambag‘allarga to‘plagan boyliklarimni tarqatishadi”, “10 yildan keyin falon ishlarni qilaman” deyishadi. Nega o‘sha ishlarni hayotlik vaqtingizda, imkoningiz borida qilmaysiz? Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz, oldingizda emas. Nega yaxshiliklar qilishni uzoq yillarga suramiz. Imkon borida darhol yaxshilik qilish haqida o‘ylamaymiz? Biror yaxshilik qilishni imkoningiz bormi, uni hozir qiling, shunda nuringiz oldinda bo‘ladi. Nuringizni aslo orqada qoldirmang!
Davron NURMUHAMMAD