Yaqinda bir akamiz qo'ng'iroq qilib: “Malibu” oldim, moshina to'yiga kel”, dedi g'ururlanib. U kishini yangi ulov bilan qutladim. Biroq topish-tutishi haminqadar odamning mashina olgani kishida biroz ishtiboh uyg'otdi.
Keyin bilishimcha, akamiz o'g'li bilan arzonroq “Damas” ilinjida mashina bozoriga tushadi. Qimmat avtomobillar yonidan o'tayotib tanishimiz o'g'liga: “Bunaqa mashina minmay o'tib ketaman, shekilli”, deya o'pkalaydi. O'g'il: “Otamni bir xursand qilay” deya, biroz eskiroq “Malibu”ni bo'lib to'lash sharti bilan sotib oladi. “Damas” uchun yig'ilgan pulni boshlang'ich to'lovga berib, ota-bola uyiga “Malibu” minib qaytishadi. Buni ko'rgan oiladagilar ham, qishloq ahli ham hayron.
Afsuski, oilaning quvonchi uzoqqa cho'zilmadi. Ulovning oylik to'lovi ularni qiynab qo'ydi. Shunda akamiz mashinani sotmoqchi bo'ldi. Ammo u ancha arzonga narxlandi. Oxiri uyini garovga qo'yib, bankdan kredit olib mashina pulini to'ladi.
Oramizda bunday qurbi etsa-etmasa, orzu-havas deb o'zini qiyin ahvolga solib qo'yadiganlar juda ko'p. Ayniqsa, to'y-hasham, uy-joy, mashinayu turli buyumlar olishda bu yaqqol ko'rinadi.
Mol-dunyo to'plash bugun aksar kishilarning hayot mazmuniga aylangan. Hamma ham yaxshi yashagisi, uylarini hashamatli, to'ylarini dang'illama qilgisi, eng so'nggi rusumdagi avtoulov mingisi keladi. Bunday xohishlarimizning cheki yo'q. Bitta uy ikkita, oddiy mashina zo'riga, ko'p qavatli uyi hovli bo'lsin, deya tinmayotganlar qancha. Ularga etishish uchun ertayu kech mehnat qilayotganlar bisyor.
Bugun xorijga ishga ketayotgan ayrim kishilarda ham shu hol. Boshida “Kamimni bitkazib olay”, degan niyatda chetga otlanadi. Biroq ishi bitsa-da, uyiga qaytmaydi. Topayotgan pullar ko'ziga yaxshi ko'rinib, yillab yoki butkul o'zga o'lkalarda qolib ketyapti.
Bular orasida oson boyish ilinjida birovlarni chuv tushirayotgan, pora olayotgan, o'g'irlikka qo'l urayotganlar, hatto qotillikkacha borayotganlar yo'q emas.
Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, quvasoylik voyaga etmagan ikki shovvoz boylik umidida to'yxonaga o'g'irlikka tushib, maishiy texnika va qimmatbaho buyumlarni o'g'irlashgan. Huddi shunday g'ijduvonlik ١٥ yashar yigit xolasining uyidan besh ming dollardan ortiq pulni o'margan. Qing'ir yo'lni maqsad qilgan surxondaryolik kimsa ham bir necha tanishlarini xorijga ishga yuborishni va'da qilib, minglab dollar pullarni o'z xarjiga ishlatib yuborgan. Endi ular jinoyatlariga yarasha qonun oldida javob berishmoqda.
Aslida qornimiz bir kosa ovqatu yarimta nonga to'yadi yoki yashashimiz uchun bir uy-joy kifoya. Lekin orzu-havas, mol-dunyo umidi bizga tinchlik bermaydi.
Alloh taolo insonni mol-dunyo to'plash uchun emas, o'ziga itoat, ibodat qilish uchun yaratgan. Bu haqda Qur'oni karimda: «Men jin va insonni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Zoriyot surasi, ٥٦-oyat), deya marhamat qilingan.
Afsuski, aksariyatimizning asosiy maqsadimiz orzu-havas bo'lib qolgan.
Alloh taolo Qur'oni karimda: “Bilingki, albatta, bu dunyo hayoti o'yin, ko'ngil ermagi va zeb-ziynatdan, o'zaro faxrlanishdan, mol-mulkni va bola-chaqani ko'paytirishdan iboratdir... Bu dunyo hayoti g'ururga ketkazuvchi matodan o'zga hech narsa emas” (Hadid surasi, ٢٠-oyat), deya marhamat qiladi. Yana bir oyatda: “Ey odamlar! Albatta, Allohning va'dasi haqdir. Bas, dunyo hayoti sizni aldab qo'ymasin...” deyilgan (Fotir surasi, ٥-oyat).
Bugun mol-dunyo bizni aldab qo'ymayaptimi? Uning ketidan quvib umrimiz o'tib ketyapti. Necha yillab yiqqan molimiz vaqti kelsa, asqatayotgani yo'q.
Yana bir gap. Qur'oni karimda: “Kimki oxirat ekinini istar ekan, Biz unga ekinni ziyoda qilurmiz. Kimki dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o'shandan berurmiz, ammo uning uchun oxiratda nasiba bo'lmas”, deyilgan (Shuro surasi, ٢٠-oyat).
Niyatimizga yarasha harakat qilib, boyligimiz ortayotgandir. Ammo uni Alloh roziligi yo'lida ishlata olyapmizmi? .
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlar uchun kambag'allikdan qo'rqmayman, mol-dunyo to'plashda kimo'zar o'ynashingizdan qo'rqaman. Men sizlar (bexosdan) xato qilishingizdan qo'rqmayman, gunohni atayin sodir etishingizdan qo'rqaman”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Bugun Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam qo'rqqan ish sodir bo'layotgandek. Boylik orttirishga musobaqalashib, yon-atrofda nimalar bo'layotganidan, qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz holidan bexabarmiz. Vaqtimiz faqat ish, pul topish bilan o'tyapti. Lekin vaqtda baraka, ishda unum yo'q. Hech ishga ulgurmayapmiz. Bu yo'lda o'zimizga jabr qilib bo'lsa-da, niyatimizga etyapmiz. Gohida halol-haromga qaraganimiz ham yo'q.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kimki o'z uyida tinchlikda, tani sog'lom, bir kunga etadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo ne'matlari to'lig'icha berilgandek bo'libdi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, bugun aksar yurtdoshlarimizga barcha ne'mat berilgan ekan. Faqat bunga qanoat va shukr qilish lozim.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ehtiyojidan ortmaydigan rizqqa ega bo'lib, Alloh bergan ana shu rizqqa qanoat qilib yashagan musulmon kishi batahqiq najot topibdi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati). Biz ham najot topuvchilardan bo'laylik.
Hamroqul HOLBOYeV,
Bekobod tumani “Ulug'bek” jome
masjidi imom-xatibi
"Hidoyat" jurnali 11-sonidan olindi
Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.
“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.
Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.
“Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.
“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati