Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Mazhabsizlik – xatarli bid'at

18.06.2021   2514   9 min.
Mazhabsizlik – xatarli bid'at

Fiqhiy mazhablarning kelib chiqish tarixi sahobalar[1] va Nabiy alayhissalom vafot etgandan keyingi keladigan  asrga taqaladi.

Hijratning avvalgi ikkinchi asridan to'rtinchi asrning yarmigacha ijtihodning oltin davri bo'ldi. Bu vaqt oralig'ida mazhablari yozilib va fikrlariga ergashiladigan o'n uchta mujtahid namoyon bo'lishdi. Ular: Makkada Sufyon ibn Uyayna, Madinada Molik ibn Anas, Basrada Hasan Basriy, Kufada Abu Hanifa va Sufyon Savriy, Shomda Avzoiy, Misrda Shofe'iy va Lays ibn Sa'd, Niysoburda Ishoq ibn Rohivayh, Bag'dodda Abu Savr, Ahmad, Dovud Zohiriy va ibn Jarir Taboriylardir.

Ulardan to'rttasi jumhur musulmonlar tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olindi[2]. Ular: Hanafiy, Shofe'iy, Molikiy, Hanbaliy mazhablaridir.

Bu o'rinda shuni ta'kidlab o'tish joizki, bugungi kunda dunyodagi taxminan 1,3 milliard musulmon aholisining 92,5 foizini sunniylar tashkil etadi. Ular mazhablar bo'yicha quyidagi nisbatda bo'linadilar: Hanafiylar 47 foiz, shofe'iylar 21 foiz, molikiylar 17 foiz, hanbaliylar 7,5 foiz[3].

Bu to'rt mazhab o'rtasida katta farqlar ko'zga tashlanmaydi. Juda ko'p masalalarda bir xillik mavjud. O'rtalarida faqat juz'iy ixtiloflar mavjud.

Demak, fiqhiy mazhablarning vujudga kelish tarixini o'rganar ekanmiz, hozirgi kundagi ba'zi mazhabsizlarning yoki soxta “salafiylar”ning: “Mazhabga ergashish bid'at”, “Imomga ergashish sunnatdan yuz o'girishdir” kabi da'volari puch ekanini ko'ramiz. Aksincha fiqhiy mazhablarning tarixiy ildizi buyuk sahobalar va ulug' tobeinlar asos solgan yo'l ekaniga guvoh bo'lamiz.

Nabiy alayhissalomning sahobalari ilmda bir-biridan farq qilgan. Ba'zilar Abdulloh ibn Abbosni, iroqliklar Ibn Mas'udni, hijozliklar Abdulloh ibn Umarni roziyallohu anhum o'zlariga o'rnak qilib, ularning ko'rsatmalariga rioya etib yashashgan. Ahli ilmlardan hech kim ularning bu ishini qoralagani yoki bir shaxsga taqlid qilganni gunohkorga chiqarganlarini bilmaymiz[4].

Demak, bugungi kunimizda ham omi xalq, shuningdek, istinbot va ijtihod qilish darajasiga etmagan olimlar uchun biror mujtahidga taqlid qilish, bilmaganlarini so'rashdan boshqa chora yo'q. Zero, Alloh taolo bunday buyurgan: “Agar bilmaydigan bo'lsangiz ahli zikrlardan so'rangiz”[5] (Nahl surasi, 43-oyat).

Shu o'rinda diyorimiz musulmonlari islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab Imomi A'zam (hanafiy) mazhabi ko'rsatmasiga rioya qilib kelayotganini alohida ta'kidlab o'tishimiz zarur. O'tgan ulamolarimizning deyarli hammasi ham shu mazhab asosida asarlar bitib qoldirishgan. Halqimiz ham shu mazhabga amal qilishgan. Darhaqiqat, Imomi A'zam mazhabi mo''tadilligi, Islomning asl mazmun-mohiyatini ifodalab berishi bilan asrlar osha diyorimiz musulmonlarining o'zaro hamjihatligida, turli huquqiy muammolarni oson hal qilinishida, ayrim hollarda yuzaga keladigan turli ziddiyatlarning bartaraf etilishida muhim asos bo'lib kelmoqda[6].

Ming afsuslar bo'lsinki, HH asr so'nggida musulmon olamida islom niqobi ostida yana bir tahdid – mazhabsizlikka chaqiruvchilar toifasi paydo bo'ldi.

Mazhabsizlikni yoyilishi Islom diniga xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug'diradigan omil ekaniga shubha yo'q. Mazhabsizlar o'zlarini biror-bir mazhabga amal qilmasliklarini da'vo qiladilaru, aslida namoz va boshqa ibodatlarda to'rt mazhab imomlaridan biriga ergashadilar. Bundan boshqa ilojlari ham yo'q. Negaki, ijtihod qilishga har kim ham qodir bo'lolmaydi. Chunki bu ishni qilish uchun shar'iy dalillardan hukmlarni chiqarib olishga etarli darajada ilmiy va aqliy quvvat lozim. Lekin bir, ikki masalani chuqur o'rganmay turib, ixtilof chiqarishga ustalar, masalan: “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida bo'lmagan, biz ularga emas Alloh va Rasuliga ergashamiz”, yoki “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida yo'q edi, biz mazhab egalarining emas, Alloh va Rasulining aytganiga amal qilishimiz kerak” – degan da'volarni qiladilar[7]. Bu o'ta kaltafahmlik va johillik, g'arazgo'ylikdan boshqa narsa emas.

Mazhabsizlarning eng kulgili holati, ahli sunna va jamoadagi to'rt mazhab sohiblaridan birining yo'liga yurib, gapini olish “bid'at”-u, kimligi noma'lum  “shayx”larining asossiz “fatvo”lariga ergashish “haqiqat”mi? Aslida, mana shu kabi asossiz “fatvo”lar musulmonlarning birdamligiga rahna solayotgan “IShID” yoki “Al-qoida” kabi buzg'unchi guruhlarning foydasiga xizmat bo'lib qolmoqda. Vaholanki, islom qoidalariga binoan, fatvo berish huquqi, aqida, fiqh ilmida mukammal darajaga etgan, Qur'on va hadis ilmini tafsirlari va tuli sharhlari, sanadlari bilan to'liq yod biluvchi, o'z mazhabining ta'limotlariga tayangan holda, qolaversa, muftiy martabasiga ega muayyan shaxslargina berishi ma'lum[8].

Hozirgi kunda butun islom ummati ming uch yuz yildan buyon tan olib, ardoqlab, ehtirom qilib kelayotgan to'rt fiqhiy mazhablarni inkor etib, ular haqlarida noloyiq gaplar aytib, o'zini mujtahid sanab yurganlar aslida, “bir kitobcha va magnit tasmasi madaniyati”ga mansub kishilardir[9].

Mazhabdan yuz o'girish salafi solih yo'lidan yuz o'girish bo'lib, shubhasiz adashishga olib boradi. Zero, Islom olami tan olgan Imom Tahoviy, Imom ibn Surayj, Imom Quduriy, Imom Saraxsiy, Imom Juvayniy, Imom G'azzoliy, Imom Navaviy, Burhoniddin Marg'iloniy va ko'plab mujtahid ulamolar to'rt mazhabdan biriga ergashganlar.

Shu o'rinda aytayotgan so'zlariga hujjat keltira olmaydigan va qilayotgan da'volarining asossiz ekanligi aniq bo'lgan mazhabsizlarning “muayyan bir mazhab asosida amal qilish harom va bu bid'atdir”, degan so'zlari emas, balki alloma Muhammad Said Ramazon Butiy: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid'atdir”, degan so'zi ayni haqiqatdir.

[1] Vahba Zuhayliy. Al-Fiqhul islamiy va adillatuhu. 1-juz. 42-bet. Damashq: Dorul fikr, 2001 y.

[2] Ahmad Sa'id Havva.  Madxal ila mazhabil imam Abi Hanifata No''mon. 87-bet.  Jidda, Darul Andalus al-Hazro. 2002 y.

[3] A.Tulepov. Islom va aqidaparsat oqimlar. 35-bet, Toshkent: “Sharq” , 2014 y.

[4] Muhammad Sa'id Ramazon Butiy. Al-la mazhabiyya axtoru bid'atin tuhaddidu shari'atal islamiya. 107-bet. Damashq. Darul fikr. 1985-yil

[5] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. Toshkent. TIU.nashriyot matbaa birlashmasi. 2009 y.

[6] A.Tulepov. Islom va aqidaparsat oqimlar. 36-bet, Toshkent: “Sharq” , 2014 y.

[7] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ixtiloflar sabablar echimlar.83- bet. Toshkent: “Sharq”, 2011.

[8] A.Tulepov. Ishid fitnasi. 19-bet. Toshkent. Movarounnahr. 2014 y.

[9] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ixtiloflar sabablar echimlar.  64- bet. Toshkent: “Sharq”, 2011.

Farhod JO'RAYeV

Toshkent islom instituti o'qituvchisi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   20356   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari