Nabiy sollallohu alayhi vasallam yangi kiyim olgan odamlarni eskisini sadaqa qilib yuborishga targ'ib qilganlar.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu yangi kiyim kiyib, «Avratimni berkitadigan, yasanadigan narsani kiydirgan Allohga hamd bo'lsin», dedi. Keyin shunday dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim yangi kiyim kiyganda: "Avratimni berkitadigan, yasanadigan narsani kiydirgan Allohga hamd bo'lsin" desa, keyin eskirgan kiyimini sadaqa qilsa, hayotu mamotida Allohning himoyasida, Allohning muhofazasida va Allohning satrida bo'ladi», deganlarini eshitdim». (Termiziy va boshqalar Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan. Hofiz Ibn Hajar «Nataaijul afkaar» degan kitobida hasan degan).
Hatib Shirbiniy rohimahulloh: «Sifatsiz narsani sadaqa qilish makruhdir. Lekin shundan boshqa narsa topa olmasa, makruh bo'lmaydi» («Mug'nil muhtaaj», 4/197).
Alloh sizu bizning solih amallarimizni qabul aylasin.
Doktor Muhammad Sodiq Darvish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni uy va hovlilarni ozoda tutishga, chiqindi va axlatlarni to‘plab qo‘ymaslikka chaqirganlar. U zot alayhissalom bunday deganlar: “Albatta, Alloh xushholdir, xushhollikni suyadir. Ozodadir, ozodalikni suyadir. Karamlidir, karamni suyadir. Saxiydir, saxiylikni suyadir. Shunday ekan, hovlilaringizni ozoda tuting! Yahudiylarga o‘xshamang!” (Imom Termiziy rivoyati).
Uyda axlat to‘plab qo‘yish nafaqat diniy, balki tibbiy va psixologik jihatdan ham katta zararlarga ega. Chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib tashlamaslik uy muhiti va inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.
To‘plangan axlat suvaraklar, pashshalar, sichqon va kalamushlarni o‘ziga tortadi. Ular vabo, tif va dizenteriya kabi xavfli infeksiyalarni tashiydi.
Oziq-ovqat qoldiqlari tez chiriydi. Natijada havoda ko‘zga ko‘rinmas zamburug‘ sporalari ko‘payib, allergiya va astmani qo‘zg‘atadi.
Chirish jarayonida ammiak va vodorod sulfid kabi gazlar ajraladi. Bu gazlar bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va nafas qisishiga sabab bo‘ladi.
Betartib va axlat to‘la uyda yashash inson miyasini toliqtiradi. Bu doimiy stress, asabiylik va surunkali charchoqni keltirib chiqaradi.
Ifloslangan havo va tartibsizlik odamning ish qobiliyatini pasaytiradi. Diqqatni bir joyga jamlash qiyinlashadi.
Davron NURMUHAMMAD