Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Mutakallim olimlar shayxi

15.06.2021   2826   7 min.
Mutakallim olimlar shayxi

Bismillahir rohmanir rohiym

Allohga hamd, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavotlarimiz bo'lsin!

Ma'lumki, Abu Mansur al-Moturidiy “Imom al-huda” va “Imom al-mutakallimin”, “Hidoyat yo'li imomi va mutakallimlar imomi” bo'lgan zotdir. Va shu bilan birga u zot sunniy e'tiqodidagi ikki yirik oqimlardan biri bo'lmish Moturidiya oqimining asoschisidir. To'liq nomi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiydir. Buyuk kalom imomi va fiqh olimi asli Samarqandning Moturid qishlog'idan bo'lib, uning taxallusi shu qishloqqa nisbatan olingandir.

Imom Moturidiy rahimahulloh ham musulmonlar e'tiqodiga turli xil yot g'oyalarni kirib kelishini oldini olgan va ilmni johillarning ta'vilidan himoya qilgan rabboniy olimlardan edi.

Shayx Abdulloh Mustafo Murog'iy rahimahulloh “Al-Fathul mubin” asarida Imom Moturidiy haqida quyidagilarni yozadi: “Abu Mansur Moturidiy hujjat va dalili kuchli, xusumatchini mot qiladigan, musulmonlar e'tiqodini himoya qilib adashgan va mulhidlarning shubhalariga raddiya bergan olimlardan edi”.

"Ar-Rovzatul bahiya” kitobining muallifi Shayx Hasan ibn Abu Azuba rahimahulloh inson qaysi olimga ergashsa Ahli sunna toifasiga kirishini bayon qilib shunday degan: “Shuni bilki, Ahli Sunna val Jamoa e'tiqodining majmuasi ikki qutbning so'zidir. Bu ikki qutb: Imom Abul-Hasan Ash'ariy va Imom Abu Mansur Moturidiydir. Bu ikki imomning qay biriga ergashsang, hidoyatga erishib buzuq e'tiqod va toyilishdan salomat qolasan”.

Alloma Toshkuprizoda rahimahulloh aqoid ilmining ikki imomi haqida “Miftahus-saodat” kitobida shunday degan: “Ahli sunna val jamoaning kalom ilmidagi raisi ikki kishidir: biri hanafiy mazhabiga mansub Abu Mansur Moturidiy. Ikkinchisi esa shofe'iy mazhabiga mansub Abul Hasan Ash'ariydir”.

Mulla Ali Qori rahimahulloh «Mirqotul mafatih» kitobida Imom Moturidiy haqida shunday yozadi: “Havoyi nafsini o'ziga iloh qilib olgan kimsani ko'rdingmi” oyatidagi havoyi nafsga Kitobu sunnatga xilof bo'lgan e'tiqodiy fosid havoyi nafslarning barchasi kiradi. Ibn Hajar rahimahulloh munkar yomon havoyi nafsni bayon qilib shunday degan: “Munkar havoyi nafs bu Ahli Sunna val Jamoaning ikki imomi: Abul Hasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiyning e'tiqodlariga  muxolif bo'lgan fosid e'tiqodlardir”

Imom Kavsariy rahimahulloh Imom Moturidiy haqida “Muqaddimatul Kavsariy” kitobida shunday degan: “Ash'ariy va Moturidiy bular erning mashriqu mag'ribida Ahli Sunna val Jamoaning ikki imomidir. Ular sanab sanog'iga etib bo'lmaydigan darajada ko'p kitob ta'lif qilishgan. Bu ikki imom o'rtasidagi xiloflarning aksari lafziydir. Bu borada ko'plab kitoblar yozildi. Bayzoviyning “Isharotul-marom fi iborotil-imom”kitobi bu boradagi eng yaxshi kitobdir. Zubaydiy “Ihyo”ning sharhida Bayzoviyning o'sha kitobidan naql qilgan”.

Abul Hasan Nadaviy rahimahulloh o'zining “Rijalul fikr vad-da'va” kitobida bu zot haqida shunday degan: “Imom Moturidiy keng fikrli, zakovat va fahm egasi, turli fanlarni o'zlashtirgan buyuk olim bo'lgan”.

“Kashfuz-zununi an asomiyil kutubi val funun” kitobining sohibi Hoji Halifa “Ta'viylotu ahlis-sunna” tafsiri haqida quyidagilarni yozadi: “U biror kitob teng kela olmaydigan kitobdir. Balki bu fan bo'yicha yozilgan kitoblarning birortasi unga yaqin ham kela olmaydi”.

Abu Mansur Moturidiy umri davomida faqihlar, muhaddislar bilan muloqotda bo'lgan va munozaralar olib borgan. U islom dinining hanafiy mazhabini Movarounnahrda tarqatish va o'zidan keyingi avlodlarga qusursiz etkazishishiga muhim hissa qo'shdi.

Moturidiy o'z davrining islomiy ilmlari sohasida eng etuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zo'r ehtirom bilan tilga olinadi.

U kishi o'z zamonlaridagi musulmonlar orasida paydo bo'lgan noto'g'ri tushunchalarga echim topdilar. O'sha vaqtdagi buzg'unchi firqalar aqiyda bobida sochayotgan zaharlardan paydo bo'lgan aqiydaviy dardlarni davolashga harakat qildilar. Dushmanlarning kirdikorlarini fosh qilib, Ahli sunna val jamoa mazhabining haqiqatini ochiq-oydin ko'rsatib berdilar.

U kishi hanafiy mazhabida bo'lib, avval aytib o'tganimizdek, Imomi A'zamning shogirdlari imom Muhammad ibn Hasan rahmatullohi alayhining ikki vosita ila shogirdlari bo'lganlar. Ya'ni u kishining ustozlari imom Muhammadning shogirdlari bo'lgan.

Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohialayhi Movarounnahrda Ahli-sunnaning shayxi bo'lish darajasiga erishganlar. Bu erda Ahli sunna ko'p va g'olib bo'lgani uchun, u kishi imom Ash'ariyga o'xshab har xil yo'llarda va turlanishlarda bo'lmaganlar, balki avval boshdan mo''tadil yo'ldan borish imkonini topganlar. U kishi kezi kelgandan aqlga, kezi kelganda aqlga o'z haqqini berganlar.

Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhi Ahli sunna val jamoa fuqaholari va muhaddislaridan biridirlar. U kishi juda ham mashhur bo'lib, Movarounnahrda barcha turdagi ilmiy masalalarda u kishiga murojaat qilingan. Ular u kishidan aqoid, fiqh, usulul-fiqh va boshqa diniy ilmlarni ta'lim olganlar.

Moturidiyni ulug'lab “Imom al-huda” va “Imom al-mutakallimin”, “Hidoyat yo'li imomi va mutakallimlar imomi” kabi nomlar bilan ham ataganlar.

Abul Muin Nasafiy bobomiz o'zlarining “Tabsiratul-adilla” asarlarida Imom Abu Mansur Moturidiy hazratlarini nafaqat o'zining, balki butun movarounnahrlik mutakkalim olimlarining “shayxi” (ustozi) deb hisoblangan. Buni “Tabsiratul-adilla” asarining bir qancha o'rinlarida “Bizning shayximiz Abu Mansur Moturidiy...”. degan iborani ishlatganida ham ko'rish mumkin.

Imom Moturidiy rohmatullohi alayh tadqiqlarga ko'ra hijriy 333 sanada to'qson besh yoshlar atrofida Samarqandda vafot etganlar.

Alloh taolo barchamizni ulug' bobolarimiz ishlarini davom ettiruvchilar bo'lishimizni, tinchlik va osoyishtalik yo'lida olib borayotgan ishlarimizga O'zi yor madadkor bo'lsin!

 

Rahmatulloh USMONOV,

O'zbekiston musulmonlari  idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili,

viloyat bosh imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

24.08.2026   16577   1 min.
“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

Iordaniyaning  nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.

Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari