Butun insoniyat rishtasi Odam alayhissalom va momo Havo bilan bog'lanishi barchamizga ma'lum. Biz musulmonlarni ma'naviy birlashtirgan bosh omil esa dinimizdir. Islom ilk davrlarda qattiq qarshilikka uchragan, hatto Yer yuzidan o'chirib tashlash uchun keskin harakatlar bo'lgan. Afsuski, bunday jirkanch harakatlar hozirgacha ham bir soniya bo'lsa-da to'xtagani yo'q. Chunki mo'min-musulmonlarning hamjihat, birodar bo'lib yashashining negizi Islomdir.
Alloh taolo Qur'oni karimning “Hujurot” surasida: “Albatta mo'minlar birodardirlar” deb marhamat qilgan. Demak, iymon keltirib mo'min bo'lganlarning barchasi bir-biri bilan bir qorindan tushgan aka-uka – birodarlardek ekanini alohida ta'kidlanmoqda.
Tarixdan ma'lumki, muayyan kuchlar Islom ummatini kuch bilan, urush qilish yo'li bilan engib bo'lmasligiga amin bo'lgan. Shunday bo'lsa-da, ular musulmonlar orasidagi birlikka putur etkazish maqsadida aqidaviy va fiqhiy masalalarda mazhablar o'rtasida ixtiloflar keltirib chiqarishni o'ylab topib, qurolsiz urush boshlashdi. Shu bilan birga, “Islom” niqobidagi har-xil aqidaviy firqalarning paydo bo'lishida ham ularning “xizmati” katta.
Ateistlar, qur'oniylar, soxta salafiylar va Hizbut-tahrir kabilarning bosh maqsadi ham musulmonlar o'rtasida fitna chiqarish, ulamolarimizni adashganlikda ayblash, tinchlik va birdamlikka rahna solishdir.
Islom ulamolari ummatni aslini saqlab qolish yo'lida mazhablarni shakillantirishdi. Hozirda Islom dinimizga dushmanlik kayfiyatidagilarning asosiy harakatlari Islom ummatining birdamligiga asos bo'lgan mazhablarga zarba berish bo'lib, bu yo'lda ular o'z tuzoqlariga ilinganlar vositasida bemazxablikni targ'ib etishmoqda. Chunki Islom ummatini birlashtirib turgan omil ayni damda mazhabdir. Islom dinini shu davrgacha etib kelishiga xizmat qilganlar ham, albatta, to'rt mo''tabar mazhab ulamolaridir.
Imom Said Ramazon Butiy rahimahulloh: “Mazhabsizlik kufrga yo'ldir”, degan edilar. Mazhabsiz aqidalarimiz ham, ibodatlarimiz ham mutlaqo durust bo'lmaydi. Mazhabga til tekkizayotgan, tosh otayotgan va turli echimi topilgan masalalar orqali fitna chiqarayotganlarning ortida turganlar ham aynan yuqorida aytilgan to'dalardir. Ular o'zlarinigina haq yo'lda, boshqalar ya'ni, o'zlariga ergashmagan, balki mazhabni mahkam ushlaganlarni esa adashgan, zalolatda, xatto kufrda, deb hukm chiqarishmoqda. Chunki ular o'zlarini “islohotchilar” deb biladi. Vaholanki, aynan ularning o'zlari buzg'unchilardir.
Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi: “Va qachon: “Yer yuzida buzg'unchilik qilmang”, – deyilsa, “Biz faqat isloh qiluvchilarmiz”, – derlar. Ogoh bo'lingki, ular – o'shalar buzg'unchilardir, lekin o'zlari sezmaslar.
Ularining jirkanch maqsadlaridan yana biri avvalda o'tgan va hozirgi zamon ulamolarimizning hurmatini oyoqosti qilish va dunyo musulmonlarini ularga ergashishdan to'sishdir. Bu erdagi nozik nuqta – agar ummat din ulamolariga ergashmasa, ularning so'ziga yurmasa musulmonlarning birlik silsilasi uziladi. Oqibatda esa jamiyat bir poda yoki to'daga aylantiriladi va uni istalgan yo'lga solish, og'dirish mumkin bo'ladi. Aslida esa bizga ma'lum va mashhur bo'lgan an'anaga sodiq qolib, din ulamolarimizga ergashishimiz va ularning ko'rsatmalarini qabul qilishda sobitqadam bo'lishimiz lozim.
Hulosa o'rnida aytish lozimki, barchamiz nosog'lom harakatlarning tarafdorlariga qarshi echim topishda – aqidamiz va mazhabimizni mukammal bilishimiz va bu yo'lda diyonat va hamjihatlik bilan harakat qilmog'imiz lozimdir.
Alloh taolo yurtimiz va dunyo musulmonlarini O'z panohida asrasin va go'zal maqsadlariga erishtirsin!
“Chinor” jome masjidi imom-xatibi
Muhammadxonov Mutallibxon
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.
Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.
Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:
Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati