Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Jihod fitna yoki bog'iylik emas

08.06.2021   2711   20 min.
Jihod fitna yoki bog'iylik emas

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda go'yo “jihod” barcha musulmonlarga farz, shu bois haqiqiy musulmon yoshlar Suriya kabi urush kechayotgan zaminga borishi va “kofirlar”ga qarshi kurashishi zarur ekani haqidagi da'vatlar tarqatilayotgani sir emas.

O'zi Turkiya hududiga berkinib olib, yoshlarni Suriyadagi urush o'chog'ida “o'tin” bo'lishga da'vat qilayotgan “Abdulla Zufar” kabi shaxslar fuqarolarimizning, o'smir-go'daklarimizning umrlariga zomin bo'lmoqda.

Ushbu fitnachining go'yo “ummatga jihodsiz hayot yo'q” kabi da'volariga aldanayotgan ayrim yoshlar “jihod qilish kerak ekan”, degan tor tasavvurlari bilan Suriyadagi terrorchilar safiga borib qo'shilmoqda. Oxir-oqibatda esa ushbu aldanganlar jangu jadallarda o'lib ketmoqda, hukumat yoki boshqa kuchlar qo'liga tushib, umrlari qamoqxonalarda o'tmoqda. Suriyaga ergashtirib borgan turmush o'rtoqlari, opa-singillari nasl-nasabi noma'lum jangari kimsalarga xotin bo'lib, norasida go'daklari och-nahor, tarbiyasiz holda sarson-sargardon bo'lmoqda.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, dunyo ulamolarining fikrlariga tayangan holda “jihod” tushunchasining Islom ta'limotidagi sof mazmun-mohiyatini eslash maqsadga muvofiqdir. “Jihod” arabchada “jiddu jahd”, “g'ayrat qilmoq” ma'nolarini anglatib, Islom ta'limotida dastlab dinni himoya qilish sifatida vujudga kelgan tushuncha hisoblanadi. Jihod urush ma'nosida emas, Allohning diniga so'z bilan da'vat qilish ma'nosida yuzaga kelgan. Arab tilida “urush” ma'nosini “qitol” so'zi anglatadi.

Jihod Islom huquqshunoslari tomonidan “qalb jihodi” (inson o'zining nafsi va yomon xulqi bilan kurashuvi), “til jihodi” (yaxshilikka chaqirish, yomon ishlardan qaytarish), “qo'l jihodi” (jinoyatchilarni jazolash) va “qilich jihodi” (dushman bilan qurolli kurash) kabi ko'rinishlarda bo'lishi e'tirof etiladi.

 Jaloliddin Suyutiyning “Al-Fathul kabir” kitobida (2-juz, 280-b.) keltirilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoyi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!” deganlar. Ushbu hadisdan eng afzal jihod insonning o'z nafsini engishi ekani kelib chiqadi. Jihod masalasida Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda: Jihodning afzali Alloh taoloning yo'lida havoyi nafsingga qarshi jihod qilmog'ingda, deyilgan.

Ilm o'zlashtirish uchun bor imkoniyatlarini ishga solayotgan o'smirni ma'rifat yo'lida, ota-onasining roziligini olish uchun astoydil kirishgan insonni esa ota-onasi xizmatida jihod qilmoqda, desa bo'ladi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda aytiladi: «Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, u zotdan jihod qilishga izn so'radi. Shunda u zot: “Ota-onang tirikmi?” dedilar. U “Ha”, dedi. U zot: “Unday bo'lsa, ana o'shalarning yo'lida jihod qil!” dedilar» (Imom Buxoriy, 3004-hadis).

Boshqa hadisi sharifda esa quyidagilar bayon etilgan: Alloh ning yo'lida qilichi bilan urushishning o'zi jihod emas, balki ota-onasi, farzandlarini boqishi hamda o'zini odamlardan tilanishdan to'xtatishi ham jihoddir”.

Dunyo ulamolarining xulosalariga ko'ra, Islomda qurolli jihod hukmi sharoitga qarab o'zgarib turadi va ikki qism: talab va mudofaadan iborat ekanini ta'kidlaydilar. Talab jihodi hozirgi kunda yo'q ekaniga ulamolar ijmo qilganlar. Chunki musulmonlar hozir turli mamlakatlarda istiqomat qilib, mamlakatlar orasidagi munosabatlar o'zaro urushmaslikka va elchixonalar orqali aloqalarga asoslangan.

Mudofaa jihodi dushman musulmon yurtiga bostirib kirsa, himoya uchun zarur bo'lib, u hech qachon ichki fitna shaklida bo'lishi mumkin emas. Islomda qonuniy hokimiyatga qarshi fitna qilib, bog'iylarcha qurol ko'tarib chiqish emas, aksincha, qonuniy hokimiyatni himoya qilish buyurilgan. Imom Buxoriy keltirgan hadisda aytiladi: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim menga itoat qilsa, Alloh taologa itoat qilgan bo'ladi. Kim amirga itoat qilsa, demak, menga itoat qilibdi va kim amirga osiylik qilsa, demak, menga osiylik qilibdi. Chunki amir – orqasidan, ya'ni uni himoya qilib jang qilinadigan hamda u bilan dushmandan saqlanadigan qalqondir” (Imom Buxoriy, 2957-hadis).  

Ulamolarning xulosasiga ko'ra, agar dushman musulmon yurtiga urush ochib, bostirib kirsa, barcha musulmonlarga qurolli jihod farzi ayn, bunday holat bo'lmasa, farzi kifoya hisoblanadi. Qurolli jihod hokimiyat rahbari qo'li ostida amalga oshiriladi. Jihod hech qachon qotillik, bosqinchilik, odamlarni garovga olish, majburan e'tiqodini o'zgartirish yoki tinch musulmon jamiyatida fitna chiqarish uchun joriy qilinmagan.

Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy “Islomda jihod tushunchasi, uni qanday tushunamiz va u bilan qanday muomalada bo'lamiz” asarida quyidagilarni ta'kidlagan: “Biror yurtga jihod qilish, da'vat qilish yoki ular bilan sulh tuzishni musulmonlarning imomi belgilab beradi. Musulmonlarning boshliqlari xalifa, imom, podshoh, prezident kabi turli nomlar bilan atalishi mumkin. Ularning ruxsatlarisiz, o'zboshimchalik bilan bu ishlarni amalga oshirib bo'lmaydi”.

Shu nuqtai nazardan, ulamolar jihod faqat musulmonlarning qonuniy hukmdorlari tomonidangina ummatning xavfsizligi, mol-mulki va e'tiqodini himoya qilish yo'lida e'lon qilinishi mumkin ekani ta'kidlanadi.

Aksincha, Islomda haqli ravishda hukmdorlik qilayotgan musulmon rahbarlar qo'li ostida xalq tinch yashab kelayotgan vaqtda isyon ko'tarib fitna chiqarganlar toifasi “bog'iylar” deb ataladi. Odamlarni o'ldirish, portlatish, o'g'irlab ketish, o'z davlatiga qarshi chiqish kabi qabih ishlar orqali fitna chiqarish, xalqning xavfsizligi va xotirjamligini buzib, tahlikaga solish, begunoh odamlarni o'ldirish, mulkiga ega chiqish, ayollarini esa o'zlariga halol deb e'lon qilish Qur'oni karim ko'rsatmasiga ko'ra katta gunoh hisoblanadi.

Musulmonlarga bog'iylarning fitnasida qatnashish Qur'oni karimda qat'iy man etilgan: «Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (Zot)dir» (Anfol surasi, 25-oyat).

Musulmon olamida “Islom dinining dalili” deb e'tirof etilgan Burhoniddin Marg'inoniyning mashhur “Hidoya” asarida ham bog'iylar haqida to'xtalib, dinda isyonchi kishilar o'ldirilsa, janoza o'qilmasligi ta'kidlangan.

Ekstremistik va terrorchi tashkilotlar targ'ibotchilari jihod g'oyasini soxtalashtirilayotgani mazkur masalaga mantiqan yondashilgan taqdirda ham oydin bo'ladi. Masalan, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarning rus tilidagi manbalarida Suriya hududida “Hay'at tahrir ash-Shom” terrorchilik tashkiloti a'zolari “Abu Dudjon Dog'istoniy” ismli, Dog'istondan kelgan jangarini yo'q qilganlarini e'lon qildi. O'z navbatida, o'tgan yili may oyida “Abu Dudjon Dog'istoniy” tomonidan Suriyaning Idlib viloyatida dog'istonlik boshqa jangari, “Kavkaz amirligi” guruhi rahbari “Abdulla Tsumadi” (Zalimxon Kadiyev)ni o'ldirilgani haqida ma'lumotlar tarqatilgan edi. Ko'rinib turibdiki, go'yoki “jihod” qilish uchun Suriyaga kelgan jangarilar o'z xo'jayinlarining manfaatlari yo'lida nafaqat hukumat qo'shinlari bilan, balki o'zaro jang qilmoqda, bir-birini o'ldirmoqda. Buni qanday qilib “jihod” deb atash mumkin? (Davomi bor.) 

O'tkir HASANBAYeV

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

26.08.2026   41139   3 min.
Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.

Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.

“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.

Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.

“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.

Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.

“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.

Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.

Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.

Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.

“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.

Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari