Bugun, 1 iyun' kuni Toshkent islom institutida O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o'rta maxsus islom ta'lim muassasalari bitiruvchilari o'rtasida “Yagona olimpiada – 2021” tanlovining respublika bosqichi o'tkazildi.
Musobaqada O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Homidjon qori Ishmatbekov, Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi mudiri Salohiddin domla Sherxonov, Diniy qo'mita diniy-ma'rifiy ta'lim muassasalari bilan ishlash bo'limi boshlig'i Bobomurod domla Rustamov, institut rektori Uyg'un domla G'ofurov, o'rta maxsus islom ta'lim muassasalari rahbarlari, mudarris-o'qituvchilar tashrif buyurdi.
Yagona olimpiada ishtirokchilari Arab tili, fiqh va aqoid fanlari bo'yicha o'zaro bahslashdi.
Hakamlar hay'atining yakuniy xulosalariga ko'ra, musobaqa natijasi quyidagicha bo'ldi:
I o'rinni “Hoja Buxoriy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi talabasi Abdulmalik Alimov Husniddin o'g'li qo'lga kiritdi. U “Vaqf” xayriya jamoat fondi granti asosida oliy diniy ta'lim muassasasiga konkurssiz o'qishga kirish, 1-darajali diplom va noutbuk sohibiga aylandi;
II o'rinni “Sayyid Muhyiddin maxdum” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi talabasi Javohirbek Isomiddinov Soibjon o'g'li oliy diniy ta'lim muassasasiga o'qishga kirishi uchun imtihon natijalari bo'yicha o'zi to'plagan balning 25 foizi miqdorida qo'shimcha ball qo'shib berish imtiyozi, 2-darajali diplom va mikroto'lqinli isitgichni qo'lga kiritdi;
III o'rinni “Mir Arab” o'rta maxsus islom islom ta'lim muassasasi Muhammadrizo Holiqov Abdulhamid o'g'li oliy diniy ta'lim muassasasiga o'qishga kirishi uchun imtihon natijalari bo'yicha o'zi to'plagan balning 15 foizi miqdorida qo'shimcha ball qo'shib berish imtiyozi, 3-darajali diplom va mikroto'lqinli isitgich bilan taqdirlandi.
Shuningdek, o'rin egallamagan ishtirokchilarga (jami 6 nafar) kitoblar to'plami va faxriy yorliq topshirildi.
Alloh taolo olimpiada g'oliblariga imtiyoz va sovrinlarni muborak qilsin, ezgulik yo'lidagi musobaqalarini bardavom bo'lishini nasib etsin!























O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#xabar #ramazo #vatandoshlar #iftorlik
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan dunyoning turli davlatlarida yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida yurtimizdan borgan ulamolar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, iftorlik dasturxonlari hamda taroveh namozlari davom etmoqda.
Rossiyaning Moskva shahrida “O‘zbekiston kuni” doirasida iftorlik dasturxoni yozilib, unga 500 nafarga yaqin vatandoshlar taklif etildi. Tadbirda Ramazon oyining fazilatlari, birodarlik, mehr-muruvvat va o‘zaro hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar haqida ma’ruza qilindi.
AQSHning Orlando shahridagi Imom Buxoriy markazida ham navbatdagi suhbat o‘tkazilib, taroveh namozi ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ma’rifiy suhbat davomida tarbiyaning ahamiyati va boshqa mavzularda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Finlandiyaning Helsinki shahridagi O‘zbek madaniyati markazida ham vatandoshlar uchun ana shunday tadbirlar tashkil etildi. Unda vatandoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, “Ayollar – Allohning omonati”, “Vatan sajdagoh kabi ulug‘dir” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Tadbirda 160 nafarga yaqin vatandoshimiz qatnashdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Geongsan shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidida vatandoshlar ishtirokida taroveh namozi ado etildi. Unda asosan talabalardan iborat 150 nafarga yaqin namozxon ishtirok etdi. Namozdan so‘ng “Ramazon – saxovat oyi” mavzusida suhbat tashkil etildi.
Bunday xayrli tadbirlar xorijdagi yurtdoshlarda ona Vatanga muhabbatni yanada oshirish, ular o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati