Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Aqidaparastlik g'oyalaridan ehtiyot bo'ling

30.05.2021   2927   7 min.
Aqidaparastlik g'oyalaridan ehtiyot bo'ling
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, butun jamiyatimizda bo'lgani kabi diniy-ijtimoiy jabhada ham ulkan ijobiy o'zgarishlar ro'y berdi. Ayniqsa, din ahliga keng erkinliklar berildi. Mazkur imkoniyat va imtiyozlardan o'zlarining g'arazli maqsadlari yo'lida foydalanishga urinuvchilar ham paydo bo'ldi. Masalan, xorijdan yurtimizga kirib kela boshlagan turli buzg'unchi oqimlar, islom fundamentalizmi ekstremizm, missionerlik ko'rinishlari xuddi yuqorida aytilganidek, shabboda bilan birga xonaga kirgan chang-g'ubordek bo'ldi. Ular o'zlarining g'arazli maqsadlarini ro'yobga chiqarish uchun turli yo'llar bilan soddadil kishilarga ta'sir o'tkazishga harakat qildilar. Ekstremistik ruhdagi adabiyotlar ham kirib kela boshladi.

Natijada diyorimizda din niqobi ostidagi ekstremistik, aqidaparastlar mavjud konstitutsion tuzumga qarshi borib hokimiyatni egallash va O'zbekistonda Islom davlati qurish, xalqni qo'rquvga solib, hukumatga nisbatan ishonchsizlik hissini uyg'otish uchun turli jinoyatlar va terrorchilik harakatlari sodir etish yo'li bilan el tinchligini buzishga urindilar. Ularning asl maqsadi hukumatparastlik, ya'ni davlatni qo'lga olishdan iborat edi. Bunga hukumatimiz tomonidan o'z vaqtida zarba berildi va ularning payi qirqildi. Lekin, bu buzg'unchi oqimlar tag-tomiri bilan tugatildi, degani emasdir. Ular yana turli ko'rinishlarda va boshqa oqimlar shaklida namoyon bo'la boshladilar. Ular soddadil xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni o'zlariga og'dirib olishga harakat qilishmoqda.

Fuqarolarimiz bunday buzg'unchi oqimlarning kelib chiqishi tarixi, ularning g'oyaviy maqsadlari haqida yaxshi bilishlari va ularning g'arazli g'oyalariga aldanib qolmasliklari lozim.
Ushbu g'oyalar Islom diniga, xususan, Hanafiy mazhabiga zid ekanligini shundan ham bilsa bo'ladiki, ular qabr azobini inkor etadilar. Sarvari olam Muhammad sallollohu alayhi vasallamning afzal inson ekanliklarini tan olmaydilar. Eng dahshatlisi shundaki, ular ham diniy, ham dunyoviy axloq normalariga xilof bo'lgan, dinimiz tomonidan harom qilingan, qonun tomonidan ta'qiqlangan behayo suratlar (pornografiya)ni yoqlab, keng tashviqot qilib, bunday fahsh suratlarni tomosha qilishga katta imkoniyatlar yaratib beradi. “Hizb ut-tahrir”diniy siyosi oqimi Qur'oni karimning “Niso” surasidagi qo'yidagi oyat, ya'ni:
“Ey mo'minlar, Allohga itoat qilingiz va payg'ambarga hamda o'zlaringizdan (ya'ni, musulmon) hokimlarga bo'ysuningiz!” oyatidagi “...o'zlaringizdan bo'lgan hokimlarga bo'ysuningiz!” degan joyi tushirib qoldirilib, hattoki Qur'oni karim oyatlari ham soxtalashtiriladi.

Shu kunlarda diniy jabhada ro'y berayotgan muammolar ana shu oqimlar tufayli sodir bo'lmoqda. Ular alamzadalik bilan turli ig'volarni tarqatmoqdalar. Halq o'rtasiga nifoq solishga harakat qilmoqdalar, shuning uchun ham ularning kirdikorlarini fosh etishimiz hamda keskin zarba berishimiz darkor. Biz mo'min-musulmonlar shuni yaxshi anglamog'imiz lozimki, Islom dini niqobi ostida tuzilgan har qanday harakat, oqim va firqalar muqaddas dinimiz uchun yotdir. Chunki, hayot yo'limizni aniq ko'rsatib bergan Qur'oni karim va Sunnati nabaviyadek asosiy qo'llanmamiz bor. Bu borada Payg'ambarimiz Muhammadsallollohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
“Ey ummatlarim, men sizlarga ikki narsani qoldirib ketyapman. Biri Alloh taoloning kitobi – Qur'oni karim, ikkinchisi esa mening sunnatim - hadislar. Agar sizlar ana shu ikki narsaga amal qilgan holda hayot kechirsangiz hech qachon adashmaysizlar va ikki dunyo soadatiga erishursizlar”.

Shu kunlarda mustaqil mamlakatimiz fuqarolari ijtimoiy taraqqiyot, muhim o'zgarishlar, olamshumul tarixiy voqealar og'ushida hayot kechirmoqdalar. Hozirga zamon talabi har bir fuqaroni, jumladan, din ahlini ham ijtimoiy hayotda faol bo'lib, turli voqea-hodisalardan boxabar bo'lib turishlarini taqazo etmoqda, ular jamiyatimizda ro'y berayotgan voqea-hodisotlarga teran ko'z bilan nazar tashlab, dinimiz va Vatanimizning daxlsizligiga rahna soladigan qora kuchlarga qarshi murosasiz kurash olib bormoqliklari, ayniqsa, turli buzg'unchi oqimlar, aqidaparastlik, ekstremizm kabi qabih niyatli kishilarning puch g'oyalari, g'arazli maqsadlarini fosh etmoqliklari lozim.

Mustaqil mamlakatimizda Islom dini omilidan, uning boy ma'naviy va madaniy qadriyat sifatidagi katta imkoniyatlaridan unumli foydalanish maqsadida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Dinimizga berilgan emin-erkinlik, masjid-madrasalarning obod qiinishi, buyuk allamolarimizning tavallud sanalari nishonlanishi, ularning xarobaga aylanib qolgan abadiy qo'nim tongan maskanlari muqaddas ziyoratgohlarga aylantirilishi xalqimiz va hukumatimizning Islom diniga bo'lgan mehr-muhabbati, hurmat-ehtiromining yaqqol tasdig'idir. Shu o'rinda muhtaram Yurtboshimizning qo'yidagi so'zlarini eslab o'tish joizdir:

“Biz dinga bundan buyon ham barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Diniy rasm-rusumlarga, bayramlarga, diniy tarbiya va ta'limga doimo jiddiy e'tibor beriladi. Ayni zamonda biz din peshvolariga, o'zimizga o'xshagan musulmon birodarlarimizga bir narsani takror va takror o'qtirmoqchimizki, din o'z yo'li bilan, davlat o'z yo'li bilan. Diniy partiyalar tuzib, hokimiyat talashib yurishlar Hudoga ham xush kelmaydi. Islom dini insonlarni kamtarlikka, kamsuqumlikka undaydi. Musulmon farzandi kechirimli bo'ladi. Musulmon farzandi birovni kofir, birovni xudojo'y deb toifalarga ajratmaydi. Sababi, bandasining ustidan bandasi emas, Hudoning O'zi hukm chiqaradi.
Shunday ekan, bir-birimizni behuda ayblab, men musulmonman, sen kofir deb talashib yurishlar bizga to'g'ri kelmaydi. Hamma ahil, hamma pokiza bo'lib yashasin. Kimning fazilati qancha ekanini Yaratganning O'zi ajrim qilib beradi u dunyoda”.
Alloh taolo insonga aql-zakovat berib unga ruhiy, ilohiy kuch ato etgan. Bundan maqsad bandam dunyodan bexabar qolmasin, o'zining kimligini unutmasin, Alloh bergan aql bilan hunar o'rganib, zaminni obod qilsin, yashnatsin degan. Yana insonlarga Alloh taolo mehr-oqibatni ham bergan.

Nechun shunday fazilatlarga ega bo'lgan insonlar bir-birlari bilan bu o'tkinchi dunyoda talashib-tortishib, buzuq ishlarga ruju' qo'yib, begunoh odamlarning qonini to'kadilar. El tinchligini buzib, inson hayotiga tajovvuz qilishlik Qur'oni karimda ham qoralangan. Bu borada shunday deyiladi:
“Kimki biror jonni o'ldirmagan va erda buzg'unchilik qilib yurmagan odamni o'ldirsa, demak, go'yo barcha odamlarni o'ldiribdi”.
Begunoh odamning joniga qasd qilib, uni o'ldirishlik shar'iy haromdir. Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:
“Kimki qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannam bo'lib, u o'sha joyda abadiy qolajak va u odam Allohning azobi va la'natiga duchor bo'lgan. Alloh uning uchun ulug' azobni tayyorlab qo'ygandir”.
Alloh taolo barchamizni, farzanlarimzni mana shunday xar xil firka va okimlarni ta'siriga tushib kolishdan saklasin. Doimo yurtimizni tinch osmonimizni musaffo qilib, o'zaro tinch totuvlikda hayot kechirishimizni nasib etsin.


Yunusov Mustafo

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

22.08.2026   10868   4 min.
Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?

“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.

“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.

“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?(Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.

Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.

Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.

Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.

Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.

Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.

Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.

Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA