Islom dini hamisha ezgulikni targ'ib qiladi, dinni niqob qilib turli g'arazli maqsadlarni amalga oshiruvchi guruhlarning niyatlarini qoralaydi. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Haqiqiy musulmon qo'lidan ham, tilidan ham o'zgalarga ozor bermagan kishidir" dedilar. Aqida islomning asosi bo'lgani uchun ham uni buzishga harakatlar har doim bo'lib kelgan. Hususan katta sahobiylarning vaqtlaridayoq aqidaviy bahslar olib borishga majbur bo'lingan edi.
Tobeinlar davriga kelib holat yanada jiddiylashdi. Chunki bu paytda mo''taziliy, qadariy, xorijiy kabi ko'plab buzuq aqidadagi toifalar tarqalib bo'lgan edi. Bundan tashqari dinbuzarlar va dindan o'z maqsadida foydalanishni maqsad qilganlar ham ko'paygan edi. Ana shunday og'ir paytlarda sof Islom aqidasini saqlab qolish uchun harakat qiladigan ulamolar o'z vazifalarini munosib bajardilar. Ular Ahli sunna val jamoa aqidasini munosib himoyachilari bo'lib, bu yo'lda juda mashaqqatli ishlarni bajardilar. Bu borada imom Ash'ariy va imom Moturidiylarni alohida ko'rsatish mumkin.
Ma'lumki, din mustahkam aqida ustiga qurilmas ekan, uning natijasi zalolat, adashishdan boshqa narsa bo'lmaydi. Zero, buyuk bobomiz So'fi Ollohyor rahimahulloh: Aqida bilmagan shaytona eldir, Agar ming yil amal deb qilsa, eldir, deganlar. Bugun dunyo sahnasida “Islom” dinini niqob qilib olgan manfur, pastkash kimsalar o'z g'arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun har qanday yo'l va uslublardan foydalanmoqdalar. Ularning asl maqsadlari an'anaviy Islom rivojiga hissa qo'shish emas, balki insonlarga Islom dinini yomon ko'rsatish bilan bir qatorda, an'anaviy bo'lgan shariat ahkomlariga o'zlarining buzuq aqidalarini tiqishtirib, haqiqiy islom ta'limotidan uzoqlashtirishdir. Shuningdek, mazkur buzuq aqidalari bilan insonlar orasida turli fitna fasodlar va notinchliklar keltirib chiqarib hokimiyatga intilish kabi maqsadlarni ilgari suradilar. Chunki ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga bir nazar tashlagan kishi ularning ishlari umuman Islomga yot ekanligini anglab etadi. Albatta, ular qilayotgan ishlarini Islomga nisbat berib, o'zlarini oqlash maqsadida Qur'oni karimdan yoki hadisi sharif va sunnati Nabaviyadan o'zlaricha dalillar keltirishadi. Bu dalillarni hali Islomdan to'liq xabari bo'lmagan yoki kengroq tushunchaga ega bo'lmagan kimsalar “to'g'ri” ekanligiga shak shubha ham qilmaydilar.
Aslida ular keltirayotgan oyat va hadislarning sababi nuzuli - ( ya'ni payg'ambar alayhissalomga biror bir oyat vahiy qilinganda (tushirilganda) tushish sababi bo'lgan) ular esa asl maqsad va sabablarni chetga surib o'zlarining fikrlarini keltirishadi. Natijada, hali g'o'r Islomdan yaxshi xabari bo'lmagan yoshlar bunday oqimlar ta'siriga tushib, o'zi va o'zgalarni adashtirib noto'g'ri yo'ldan ketib qoladilar. Shu bilan ish tugamaydi, tinchgina yashab turgan ona zaminiga xoin va manqurt kimsalarga aylanib qoladilar. Buzuq aqidalarga targ'ib qilayotgan kimsalarning asl maqsadlari shu bo'lib, endi ular bunday manqurtlashtirilgan kimsalarga har qanday buyruqlar berib ularni osongina boshqarishlari mumkin bo'ladi. Bu ular dunyoning xohlagan burchagida g'arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun tayyorgarlik ko'rdi deganini anglatadi. Bugun dunyoda bo'layotgan qonli to'qnashuvlarning asosiy sababchilari qanday nom bilan chiqmasin, buzuq aqidalarga suyangan kimsalarning ishidir. Demak, sizu biz, nihoyatda sergak bo'lishimiz, farzandlarimizni ta'lim tarbiyasiga alohida e'tibor qaratib, ularga ahli sunna val jamoa e'tiqodidan boshqa, har qanday aqidalar, buzg'unchi g'oyalar ekanligini tushuntirib, dinimiz an'anaviyligini yo'qotmasligimiz lozim bo'ladi.
Hulosa qilib aytganda, “Ahli sunnat val jamoa” e'tiqodining sofligi, mo''tadilligi va boshqa dinlar bilan ham munosabatida bag'rikengligi, hayotiy ehtiyojlar bilan hamnafasligi, tirikchilik va taraqqiyot zaruratini chuqur idrok etish bo'lib, O'zbekistonning bugungi demokratik taraqqiyoti yo'liga ham hamohangdir. Alloh taologa shukrlar aytamizki, bugungi kunda musulmonchiligimizni, e'tiqodimizni sog'lom qilishga, uni mukammal o'rganishga imkoniyatlar mavjud. Mana respublikamizda oliy va o'rta islom bilim yurtlari, ikki mingdan ortiq masjidlar faoliyat ko'rsatib turibdi. Bilmaganlarimizni mo''tabar, hurmatli ulamolarimizning ta'lif etgan kitoblaridan o'qib, imom-xatiblardan so'rab o'rganishimiz darkor. Ularning so'zlariga doim quloq tutishimiz va hurmatlarini joyiga qo'yishimiz lozim. Barchamiz niyatimizni pok qilib, vatanimiz, dinimiz va xalqimizga manfaati tegadigan musulmonlar bo'lishga harakat qilishimiz kerak. Alloh taolo barchamizni firqalanishdan saqlab, “ahli sunnat val jamoa” da sobitqadam qilsin!
Davronbek ABDUQODIROV,
BBC Studios’ning Yevroosiyodagi tijoriy vakili Sergey Stanovkinning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda o‘tgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi O‘zbekistonning o‘z tarixi va sivilizatsion merosini global auditoriyaga mustaqil ovoz bilan yetkazishga qaratilgan yangi media maydoniga aylandi, xabar bermoqda iccu.uz.
Sergey Stanovkin, BBC Studios’ning Yevroosiyodagi tijoriy vakili
– Ushbu mediaforumning ahamiyati juda katta. Professional ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonga jamlash axborot muhitida mutlaqo boshqa natija beradi. Bugun blogerlik jadal rivojlanayotgan muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lsa-da, an’anaviy OAVning o‘z auditoriyasi, ta’sir doirasi, ishonch darajasi va tahririy siyosati bor. Shu bois bu tadbirning aynan mediaforum shaklida o‘tkazilayotgani va unda ko‘plab xalqaro OAV vakillari ishtirok etayotgani alohida ahamiyatga ega.
Endilikda muhim vazifa — xalqaro media kun tartibida Markaziy Osiyo va O‘zbekistonga yanada keng o‘rin berish. Buning uchun O‘zbekiston va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z ovozi, o‘z kontenti va samarali kommunikatsiyalariga ega bo‘lishi kerak. Chunki Islom sivilizatsiyasi markazining dunyoga aytadigan gapi, taqdim etadigan mazmuni bor.
Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi ham shu nuqtayi nazardan juda muhim. U nafaqat mamlakatlar o‘rtasida, balki o‘tmish va kelajak o‘rtasida ham ko‘prik yaratadi. Tarixni anglash kelajakni to‘g‘ri qurishga yordam beradi. BBC’da “O‘zbekiston — sivilizatsiyalar chorrahasi” reklamaviy kampaniyasi bo‘lganida, men bu haqda ko‘p o‘ylagan edim. Menimcha, Islom sivilizatsiyasi markazi ham gumanitar sohadagi ana shunday muhim chorrahalardan biri — u odamlarni Toshkentga, O‘zbekistonga chorlaydi va turli mamlakatlarni yaqinlashtiradi.
O‘zbekistonni xalqaro madaniy muloqot uchun muhim maydonga aylantirayotgan asosiy jihat — uning faolligi va tashabbuskorligi. Bu iqtisodiyotda ham, madaniyatda ham yaqqol ko‘rinmoqda. Ayniqsa, kelajakka qaratilgan qarash O‘zbekistonni ajratib turadi. O‘tmishni o‘rganish juda muhim, ammo kelajak haqida gapirish va rivojlanish yo‘nalishini belgilash ham shunchalik ahamiyatli. Ana shunda yangi hamkorlar va yangi tarafdorlar paydo bo‘ladi. O‘zbekiston buni juda yaxshi amalga oshirmoqda. Shu bois uning do‘stlari va hamkorlari ko‘p. Ishonchim komilki, O‘zbekistonni katta va porloq kelajak kutmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati