Musulmonlarni noto'g'ri e'tiqoddan asrash, sof e'tiqod ila tarbiya qilish bugungi kunning dolzarb masalaridan biri bo'lib kelmoqda. E'tiqodda adashish, ozgina bilgan narsasiga mahkam yopishib olib qolganlarni so'zini qabul qilmaslik, ilmsiz ravishda bilmagan narsasiga, tanimagan shaxslarga ergashish ko'pgina ko'ngilsizliklarga sabab bo'layotgani hammamizga ma'lum. Hozirgi kunda musulmonlarning boshiga tushayotgan ko'plab, balo ofatlarning sabablaridan biri ham aqidada adashgan, oz bilgan narsasiga yopishib olgan zamona xavorijlari hisoblanadi.
Aqidada adashish va haddan oshishning asosiy sababi bilimsizlik hisoblanadi. Bilimsizligini tan olmaslik esa baloning boshidir. Ming afsuslar bo'lsinki, avvalki va hozirgi aqida ovchilari o'zlarini olim deb biladilar ammo din sohasida tuzukroq boshlang'ich ta'limni ham olmagan bo'ladilar. Ularning birortasida ham diniy tahsil olganligi haqida shahodatnomasi yo'q.
Ulamolarimiz bu kimsalarning bilimsizliklari quyidagi sohalarda ekanligini ta'kidlaydilar:
Ushbu bilimlarning barchasini puxta egallamasdan turib biror hukm chiqarishga hech kimning haqqi yo'q.
Bilimsizliklarga asoslanib chiqarilgan hukmlardan biri, musulmonlarni “kofir” deb fatvo chiqarishning ko'payganidir. Bir mo'min insonni asossiz kufrga chiqarishning oqibati juda yomon bo'lib, ko'pchilikning boshiga balo-ofat bo'ladi.
Aslida Rasulluloh (s.a.v) musulmonlarni bu ishdan qattiq qaytarganlar.
ثَلاثٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ : الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لا إلَهَ إِلا اللهُ لا نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلا نُخْرِجُهُ مِنْ الإِسْلامِ بِعَمَل
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “ Uch narsa iymonning aslidir: “La ilaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni islomdan chiqarmaymiz”, dedilar.
Demak, “La ilaha illallohu” degan kishi musulmon hisoblanib, uning joniga, moliga zarar etkazmaslik, u bilan chiroyli muomalada bo'lish, gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaslik zarur. Ammo dinda haddan oshgan, aqidada adashgan kimsalar esa kalimai shahodatni aytib turgan kimsani, ahli qiblani kofirga chiqaradilar. Ulug' allomalarni va boshqa musulmonlarni o'zlarining yo'liga ergashmaganlari uchun portlatadilar, qatli om qiladilar.
Shar'iy matnlarda kelgan kufr so'zi aslida ikki xil ma'noda ishlatiladi:
سِبَابُ الْمُسْلِمِ أَخَاهُ فُسُوقٌ ، وَقِتَالُهُ كُفْرٌ
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonni so'kmoqlik fisqdir, u bilan urush qilmoq kufrdir”, deganlar.
Boshqa hadisda:
بَيْنَ الْعَبْدِ وَبَيْنَ الْكُفْرِ تَرْكُ الصَّلاَةِ.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon va kufrning o'rtasida namozni tark etish bor”.
Yana bir hadisda:
مَنْ حَلَفَ بِغَيْرِ اللَّهِ فَقَدْ كَفَرَ
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan o'zga ila qasam ichsa, batahqiq kofir bo'libdi” deb, marhammat qilganlar.
Ushbu va shunga o'xshash hadislarda zikr qilingan kufr so'zidan dindan chiqaradigan kofirlik emas balki gunoh iroda qilingan. Shuningdek, “Zinokor zino qilayotgan vaqtida, aroq ichuvchi aroq ichayotgan vaqtida, o'g'ri o'g'rilik qilayotgan vaqtida mo''min bo'lmaydi” degan hadislarda bunday ishlar o'ta qabih bo'lganligidan tahdid iroda qilinib mo'min bo'lmaydi iborasi ishlatilgan. “Namoz dinning ustuni. Kim uni qoim qilsa dinini qoim qilibdi. Kim uni tark etsa dinini vayron qilibdi” degan hadis namozni farz emas deb, e'tiqod qiluvchi kishi haqida aytilgan.
Ahli sunna val jamoa hammalari jumladan, aqida ilmidagi buyuk allomalarimiz Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Abu Hanifalar o'z asarlarida gunohi kabira qilgan mo'min gunohkor bo'lsada, kofir bo'lmasligiga ittifoq qilganlar. Bunday kishilar qiyomatda gunohiga yarasha jazo olishligi yoki tavba qilib Allohning afviga musharraf bo'lishlari mumkin.
Adashgan firqalar esa ushbu va boshqa hadis mantlarini to'g'ri tushunmaganlaridan mo'min ammo gunoh ish qilgan kimsani kofirga chiqaradilar, ularni qonini halol sanaydilar.
Agar gunohi kabira qilish kufr bo'lganida zino, o'g'rilik, aroqxo'rlik va birovni zinoda ayblaganga hadd (shar'iy jazo) qo'llanishligi behuda narsa bo'lib qolar edi. Chunki haddlar kofirga qo'llanilmaydi. Bu esa gunohi kabira qilgani tufayli iymondan chiqadi degan gap buzuq e'tiqod ekanligini ko'rsatadi.
Abu Muin Nasafiy “Bahrur Kalom” nomli asarlarida mo'minni gunohi tufayli kofirga chiqarib, qonini halol sanaydigan adashgan firqalarga qarata ushbu dalillarni keltiradilar:
“Alloh taolo Nur surasining 31-oyatida:
وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَ الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
“Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo'minlar! Shoyadki, najot topsangizlar”.
Tahrim surasining 8-oyatida:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيُدْخِلَكُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ
“Ey, iymon keltirganlar, Allohga xolis tavba qilinglar! Shoyadki robbingiz gunohlaringizni yuvsa va sizlarni daraxtlari ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritsa”.
Ushbu oyatlardagi tavba gunoh sababidan bo'ladi. Gunoh qilgan kishigina tavba qiladi va Alloh uni afv etib jannatga kiritishini umid qiladi.”
Yuqoridagi oyat va hadislardan gunohkor mo'min kofir bo'lmasligi ma'lum bo'ldi. Hozirgi kundagi takfirchilar esa nafaqat gunoh qilgan kishini balki aynan ularning fikriga qo'shilmagan begunoh, beayb insonlarni qatl qilmoqda.
Hanafiylarning mashhur ulamolaridan biri, “Al-Bahrur Roiq” asarining muallifi Ibn Najim aytadilar:
“Agar bu masalada kofir deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir demaslik uchun birgina dalili bo'lsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak”, degan.
Dinda haddan oshganlar esa buni aksini aytadilar. Bu esa barcha islomiy mazhablar va ulamolarning tutgan yo'liga teskaridir.
Muxamedxodjayeva Sanobar
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati