Bugun, 21 may kuni Afg'oniston islom respublikasi delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Termiziyning hadis ilmi rivojiga qo'shgan hissasi” mavzusidagi davra suhbati bo'lib o'tdi.
Unda Afg'oniston Islom respublikasi oliy milliy yarashuv kengashi raisi maslahatchisi, Milliy birdamlik partiyasining Shimoliy hududlar bo'yicha rahbari Muhammad Muhsin Donesh, Balx viloyati haj va vaqf boshqarmasi boshlig'i Mahmud Doneshju Muhammad Bunyod, Afg'oniston shimoliy hududlari shia mazhabi ulamolar kengashi raisi Said Muhammad Said Muhsin Husayniy, Afg'oniston ulamolar kengashi a'zosi Abdulvahhob Abdulbosit Payg'omiy, yurtimizdan O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Diniy idora rais o'rinbosari O'tkir Hasanboyev, Halqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Akmalxon Shokirov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov, shuningdek, Afg'oniston fuqarolarini o'qitish ta'lim markazi o'qituvchi va talabalari, OAV vakillari qatnashdi.
Tadbirni Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov kirish so'zi bilan ochib, Termiziy ulamolarining merosini o'rganishda tadqiqot markazining ahamiyati haqida ma'lumot berdi.
Shundan so'ng O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov so'zga chiqib, ikki mamlakat ulamolarining uchrashuvi qadim ilmiy an'ananing davomi ekanini bayon qilib, “Imom Termiziyning hadis ilmiga qo'shgan hissasi” mavzusi ma'ruza qildilar.
Keyin Muhammad Muhsin Donesh so'zga olib, muhaddis olim Imom Termiziyni nafaqat o'zbek xalqi, balki butun bashariyat iftixoridir” deya ta'riflab, Termiziy ulamolarining islom tamaddumiga qo'shgan ulkan hissasi asrlar davomida dunyo xalqlari uchun ma'naviy ozuqa bo'lib, turli diniy ixtiloflar yuzaga chiqishining oldini olayotganini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Balx viloyati haj va vaqf boshqarmasi boshlig'i Mahmud Doneshju Muhammad Bunyod Imom Termiziyning hadis ilmi rivojiga qo'shgan hissasi, olimning ustoz va shogirdlari haqidagi noyob ma'lumotlar bilan o'rtoqlashdi. U tarixdan Termiz shahrining islom tamaddunida ko'prik vazifasini bajarganini, ushbu an'anani tiklash yo'lida tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy nomidagi o'rta maxsus islom bilim yurtining faoliyatini yuqori baholadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari O'tkir Hasanboyev so'zga chiqib, “Imom Termiziy merosining mazmun-mohiyatini ochib berish, uning tarbiyaviy ahamiyatini keng yoyish hamda xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot g'oyalardan himoya qilish, millatararo totuvlik, yaxshi qo'ni-qo'shnichilik fazilatlarini tushuntirish kabi masalalar bugungi kunning eng ustuvor vazifalari bo'layotgani, kelgusida o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, diniy-ma'rifiy mavzularga bag'ishlangan muloqotlarni ko'paytirish, Islom dinining “Jaholatga qarshi ma'rifat” g'oyalarini keng targ'ib etish zarurdirligini ta'kidladi.
Tadbirda O'zbekiston va Afg'oniston ulamolarining o'zaro ilmiy hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, unda Termizdagi Afg'oniston fuqarolarini o'qitish ta'lim markazi talabalari ham so'zga chiqib, ta'lim olishlari uchun qilingan imkoniyat va sharoitlar haqida gapirib berishdi.
Davra suhbati yakunida Afg'oniston va O'zbekiston diniy soha vakillari o'zaro esdalik sovg'alar ulashishdi.






O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Padari buzrukvorim shunday dedilar: "Birodar! Darhaqiqat, ilm ato qilish va foyda yetkazish na ustozning, na voizning va na nasihat qiluvchining ishi. U narsa boshqa bir Zotning ato etganidir. Ilmni Alloh beradi. Biror vosita orqali beradi, kimnidir sabab ham qiladi. Agar biror odam ilm tolibi bo‘lib haqiqiy talab ila kelsa, u holda Alloh taolo ustozning qalbida uning uchun foydali bo‘ladigan narsani solib qo‘yadi. Yo‘qsa, biror kimsada o‘zgaga biror foyda yetkazish qudrati yo‘qdir. Toki, Alloh taoloning tavfiqi bo‘lmasa va U Zot iroda qilmasa, biror shaxs o‘zgaga foyda yetkaza olmaydi. Alloh xohlasa, bir jumla ila foyda yetkazishi mumkin. Agar xohlamasa, uzun va mazmundor va’zlar hammasi bekor ketadi".
Ulug‘larimizning bir gapi bor: "Tolibning (ilm) talabi barakotidan (ilm) aytuvchining qalbi va tiliga Alloh taolo eshituvchilar uchun foydali narsani joriy qilib qo‘yadi".
Din ilmining barakalari
Shayxul islom, Alloma Shamsul Haq Afg‘oniy rahmatullohi alayh aytadilar: «Devbandagi "Dorul ulum" madrasasida hadis ilmining bir talabasi vafot etdi. Janoza o‘qilib, dafn qilindi. Keyin vorislariga xat yuborildi. Masofa uzoqligi uchun xat olti oy deganda yetib bordi. Marhumning qarindoshlari kelishdi... Rektor Qori Muhammad Toyyib hazratlari bilan uchrashishdi va: "Biz mayyitni qabrdan qazib olib, yurtimizga olib ketishni xohlaymiz", deyishdi. Qori Muhammad Toyyib hazratlari ularga uzoq tushuntirdilar. Lekin ular juda qaysar edi, gapga kiray deyishmasdi. Shunda Qori Muhammad Toyyib hazratlari ularni mening huzurimga yubordilar. Men ham ularga uzoq tushuntirdim. Ular esa: "Biz mayyitni yo olib ketamiz, yoki butun qarindoshlarimiz bilan bu yerga ko‘chib kelib olamiz", deyishdi...
Xullas, qabr qazildi, ne xolki, olti oydan keyin mayyit kafanida bus-butun yotgan edi. Undan ajib xushbo‘y taralardi. Mayyitning jasadi qutiga solindi va hurmat yuzasidan bir talaba ular bilan birga yuborildi. Uning yurtiga temir yo‘l orqali borilar edi. Temir yo‘l vokzalida bojxona va nazoratchi xodimlar to‘xtatib: "Bu qutida mayyit emas, noqonuniy yo‘l ila olib ketilayotgan mushki anbar bor", deb, tobutni ochishga majburlashdi. Ochib qarasalar, ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, unda o‘lik jasad, ammo hadis ilmini o‘rganayotgan talabaning jasadi bor edi, undan judayam xush hid taralayotgan edi.
"Nasihatlar guldastasi" kitobidan