Olam yaralganidan buyon kishilar o'zaro hamkorlikka intilgan. Negaki, buni hayotning o'zi taqozo etgan. Albatta, insoniyat ibtidoiy jamoa tuzumidan boshlaboq, o'zganing ko'magiga muhtoj bo'lgan. Aslida, hamkorligu hamjihatlikda hikmat bor. Undan nafaqat moddiy balki, ma'naviy rag'bat olingan.
Diniy bag'rikenglik, do'stlik va hamjihatlik, do'stona munosabatlar odamiylikning oliy namunasidir. Sir emas, o'tgan ajdodlarimiz o'z avlodlariga bu borada mislsiz katta ma'naviy meros qoldirgan.
Zero, ahillikda ma'no va hikmat jamuljamdir. Yaratgan er yuzida yashovchi insonlarga diniy va milliy qarashlarida tenglikni ravo ko'rgan. Islomda barcha millat va elatlarning teng huquqliligi, mukarramlik faqat taqvoda ekani haqida Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi: ya'ni “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol ( Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”.
(Hujurot surasi,13-oyat).
Davlat rahbari “Biz jamiyatda millatlararo totuvlik, diniy bag'rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlarni izchil davom ettiramiz. Bu borada 30 iyul' - “Halqaro do'stlik kuni” munosabati bilan yurtimizda birinchi marta “Do'stlik haftaligi”ni va “Do'stlik” xalqaro forum-festivalini o'tkazishni taklif etaman. Mamlakatimizda “jaholatga qarshi – ma'rifat” degan ezgu g'oya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do'stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targ'ib etish kun tartibimizdagi doimiy masalalardan biri bo'lib qoladi”, deb ta'kidlab o'tgandi.
Yurtimizda turli millatu elat vakillari do'stona, birodarlikda, tinchlik-totuvlikda yashab kelmoqda. Bilasizki, ota-bobolarimiz yurtimizdagi o'zga din vakillariga mudom bag'rikenglik bilan munosabatda bo'lishgan. O'z navbatida ular ham o'lkamizni o'z Vatani sifatida qabul qilishib, diyorimizning rivojlanishi yo'lida o'z mehnatlari bilan xizmat qilganliklariga guvohmiz.
O'zbekiston aholisi 33 milliondan oshib ketdi. Ular orasida esa 130dan ortiq millat vakillari bor. Yurtimiz fuqarolarning 94 foizdan ko'prog'i muqaddas Islom diniga e'tiqod qiladi. 3,5 foiz aholi esa pravoslav diniga mansubdir. Aholining qolgan qismi boshqa dinga mansub hisoblanadi. Yurtimizda ko'plab diniy tashkilotlar ham faoliyat olib borayotganligi ozod va obod hayotda yashayotgan xalqimiz bag'rikengligining amaliy ifodasi bo'lib hisoblanadi.
So'ngi yillarda yurtimizda do'stona amaliy hamkorlik, o'zaro birodarlik borasida ko'plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha Kengashining beshinchi Sammitida “Eng muhimi, bugungi kunda jahon ishonch inqiroziga yuz tutmoqda. Zero, mamlakatlar va xalqlar o'rtasidagi ishonch xavfsizlik va barqarorlikning eng muhim shartidir”, deya alohida e'tirof etgan edi.
Ming afsuski, guruch kurmaksiz bo'lmaydi, deganlaridek, keyingi paytlarda millatlararo totuvlik, bag'rikenglik, o'zaro do'stlik-birodarlikka salbiy ta'sir ko'rsatayotgan omillar ham uchrab turmoqda.
Barchamizga ma'lum bo'lgan bir kalima she'r bor:
Samarqand sayqali ruyi zamin ast,
Buxoro quvvati islomi din ast.
Azizlar, e'tibor bergan bo'lsangiz, bu satrdagi she'rning mazmun va ma'nosini barchamiz juda yaxshi anglaymiz. Va shu barobarida qalbimizda cheksiz faxr to'yamiz. Negaki, ushbu satrlar misoli qo'yosh kabi butun olamga porlagan kabi ma'lum bo'lgan. Forsiy bitilgan ushbu she'r zaminimizning naqadar ulug'langanligini beixtiyor qalblarimizga huzur bilan birga halovat ham baxshida etadi. Ajdodlarimizning arab tilida bitgan ilmiy asarlari va forsiyda yozgan she'rlari butun insoniyatni lol qoldirganligini tarixdan ma'lum. Bu esa diyorimizda turli millat vkillarining bir tanu bir jon bo'lib yashaganligidan dalolatdir.
Vatan-ostonadan boshlanadi. Shunday ekan, oila tinch bo'lsa, yurt rivoj topadi. Jamiyatimizda diniy va ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash yo'lida keng qamrovli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Elimizning o'ziga xos mehr-oqibat, ahillik, o'zaro totuvlik singari fazilatlarni o'zga millat vakillariga ibrat va namuna sifatida namoyish etilmoqda.
Payg'ambarimiz sallohu alayhi vassalam hadislarining birida shunday dedilar: ya'ni: “Bir-biringizga hasad qilmanglar, molning narxini yolg'ondan ko'tarmanglar, bir-biringizga bug'zu – adovot qilmanglar, bir-biringizdan yuzingizni burmanglar, hech biringiz boshqaning savdosi ustiga savdo qilmasin, Allohning birodar bandalari bo'linglar! Musulmon – musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni yordamsiz tashlab qo'ymaydi, uni tahqirlamaydi. Taqvo mana bu joydadir, deb, uch marta ko'kraklariga ishora qilib aytdilar. Kishining musulmon birodarini tahqirlashi uning yomonligiga kifoya qiladi. Har bir muslmonga musulmonning qoni, moli va obro'yi haromdir.” (Imom Muslim rivoyatlari.)
Poytaxtimizning Mirobod tumanida ham millatlararo totuvlik masalasida bir qator xayrli ishlar bajarilmoqda. Mutasaddi idoralar hamkorligida aholi orasida turli uchrashuvlar va suhbatlar tashkil qilinyapti. Suhbatlar davomida turli millat vakillarini totuvlik va ahillikka undovchi diniy bag'rikenglik borasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Bu borada ayniqsa, tuman imom xatibi boshchiligida ma'naviy va ma'rifiy tadbirlar peshma pesh olib borilayotgani tahsinga loyiqdir. Joylarda tuman imom xatibining ma'rifiy tadbirlarni o'tkazilishi aholi orasida katta qiziqish o'yg'otmoqda. Qayd etish lozimki, inson diniy qarashlari har xil bo'lsa-da, uning yaratganning oldida bir xil maqomda ekanligi va barchamiz insoniyat rivoji va uning kamoli uchun eng shimarib xizmat qilishimiz zarurligi mazkur suhbatlar davomida alohida uqtirilmoqda. Va bu borada turli hikoyatlar bilan birga rivoyatlarni amaliy misollarni keltirgan holda, tushuntirishib berilmoqda. Bu esa o'z navbatida millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlashda o'ziga xos zamin vazifasini o'tamoqda.
Mamlakatimizdagi mavjud tinchlik va osoyishtalik turgan gapki, turli millat va xalqlarning o'zaro inoqligiga asoslangan. Bu haqida Prezident “O'zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik sohasida o'z an'analariga doimo sodiq bo'lib, bu yo'ldan hech qachon og'ishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o'rtasida o'zaro hurmat, do'stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali e'tibor qaratiladi. Bu–bizning eng katta boyligimiz va uni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”, deya ta'kidlagandi.
Mirobod tumanida ham yuqoridagi vaziyatlarni inobatga olgan holda, tegishli idoralar hamkorligida millatlararo totuvlik borasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman imom xatibi turli diniy e'tiqod vakillari bilan birga hamkorlik asosida ishlar ekan, ularga dinimizning naqadar olijanob va bag'rikengligini amaliy misollar bilan ko'rsatmoqda.
So'zimizning isboti sifatida, tumandagi “Baynalmilal” mahallasida 5200 aholi va 1470 xonadon mavjud bo'lib, u erda yuzga yaqin millat vakillari ahil va inoq bo'lib hayot kechirishayotganligi alohida qayd etmog'imiz zarur. Bu erdagi aholi bir birining holidan xabar olib, yaxshi- yomon kunlarida elkadosh bo'lib yashamoqdalar. Shu o'rinda, turli bayram va shodiyonalarda bir birining holidan xabar olish hamda boshiga musibat tushganida yanada bir bo'lib, hamkorlikda millat va e'tiqodidan qat'iy nazar beminnat ko'mak berish holatlari kishi qalbiga quvonch bag'ishlashi dillarni yayratadi.
Odil Holmurodov
Mirobod tumani “Al-Badr” jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.
O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.
Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.
“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.
Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.
“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.
Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.
“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.
Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.
Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.
Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.
“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.
Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati