Alhamdu lillahi robil a'lamin, vassolatu vassalamu 'ala xoyri holqihi va 'ala alihiy va ashabihi ajma'in.
Bugungi kunda, aholi orasida “Kimningdir farzandi buzg'unchi toifalarga qo'shilib, Suriyaga ketib, u erda janglarda vafot etibdi, ota-onasi farzandining adashgan toifalarga qo'shilib qolganligidan mahallada, yoru-do'stlari orasida bosh ko'tara olmay, farzand dog'ida bu dunyoni tark etibdi” degan gaplarni eshitib yuraging eziladi.
Ularga qarab, “Ey g'ofil banda, senga nima etmagan edi, Allohning roziligini olish uchun boshqa tinch odamlarni o'ldirish mumkin emas-ku, Sening yurtingda din sohasida barcha sharoitlar mavjud-ku, Sen ilm olib, yaxshi amallarni qilib, ota-onang, yoru do'stlaring, qarindosh urug'laring, eng avvalo Ona Vataning uchun foydali ishlar qilsang bo'lmasmidi?!
Ming afsus, sen yosh nihol vaqtingda zararkunanda qurtlarning ta'siriga tushib, o'zingni va ota-onangni og'ir ahvolga solding”.
Axir Alloh insonga hayot deb atalmish ulug' ne'matni sinov uchun bir marotaba beradi-ku, Sen, bu sinovda nega adashding?!,
Endi qiyomat kuni sen o'zing o'ldirgan o'sha yurtdagi begunoh musulmon insonlar, yurti vayronaga aylangan, etim qolgan norasidalar, beva qolgan muslimalar, farzand dog'iga uchragan ota va onalar, tinchligi va halovati buzilgan boshqa mo'minlarning oldida, eng asosiysi seni yaratib, senga ulug' ne'matlarni bergan Alloh taolo oldida nima deb javob berasan?!.
Vaholanki, Alloh o'zining muqaddas kitobida, Bas, “... o'z qo'llaringiz bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz!”. (Baqara, 195) deb aytib qo'yganku.
Shuningdek, bir qator dunyodagi va yurtimizdagi olimlar, diniy ulammolar va olimlar adashgan kimsalarni to'g'ri yo'lga da'vat qilib, bir necha kitoblar yozishgan, hozir ham yozishmoqda.
Biroq, ekstremistik oqimga kirgan kimsalarning gumrohligi shundaki, ular faqat o'zlariga o'xshagan kishilarning gapiga quloq soladi. Marifiy suhbatlarga kelmay, kelsa ham befarq munosabatda bo'ladi. Unga chin dildan, samimiy nasihat qilib, to'g'ri yo'lni ko'rsatgan olimning gapiga ko'nmaydilar.
Shu sababli, bular haqida Qur'oni karimda shunday deyilgan: “Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so'ng, ulardan yuz o'girgan kimsadan ko'ra kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz”. (Sajda, 22).
Alloh bu kabi toifalarning fitnasidan o'zi asrasin, yurtimizdagi tinch va osuda hayotni saqlanishi, halqimizni farovon kun kechirishiga xizmat qilishga barchamiz mas'ulmiz. Zero, Qur'oni karimda Alloh “Fitna-qatl etishdan ham yomonroqdir”. (Baqara, 191). deb bejiz aytmagan.
Muhammadxon Nuriddinov
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan