Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

“TAKFIR”ga qo'shilmaymiz va unga qarshimiz!

20.05.2021   3436   28 min.
“TAKFIR”ga qo'shilmaymiz va unga qarshimiz!

“Takfir” – bu muayyan shaxslarni kofirga chiqarish, musulmonni kofir deb e'lon qilishdir. Shariatga binoan haqiqiy islom olimlari odamlarni kofirga chiqarishdan juda-juda ehtiyot bo'lib kelganlar. Ayniqsa, hanafiy faqihlari mo''min-musulmon bo'lib tug'ilgan, mo''min-musulmon bo'lib tanilgan bir odamning biror gapida yoki qilgan ishida to'qson to'qqizta dalil kofirligiga dalolat qilib tursa, lekin bitta dalil uning musulmonligini bildirsa, ana o'sha bitta dalilga suyanib, uni mo''min-musulmon deb hukm qilinadi, deganlar. Unga aslo kofir deb fatvo berilmaydi, unga mo''min-musulmonlarga qilgan muomala qilinaveradi. Buni yaxshi anglash lozim!

Biror mo''minning kufriga to'qson to'qqiz ma'lumot dalolat qilsa-yu, bitta dalil uning musulmonligini bildirib tursa, ana shu bitta dalilni olish lozim, degan qarash Mavlono Ali al-qori (r.h.) tomonidan ham aytilgan. Uni biz mazkur taniqli hanafiy olimining bir emas, bir nechta asarlari orqali bilib olamiz: Ali al-qori (r.h.) “al-Fiqh al-akbar”ga yozgan mashhur sharhida quyidagilarni keltirgan:

و قد ذكروا انّ المسئلة المتعلقة بالكفر اذا كان لها تسع و تسعون احتمالا للكفر و احتمال واحد فى نفيه فالأولى للمفتى و القاضى ان يعمل بالاحتمال النافى لان الخطاء فى ابقاء الف كافر أهون من الخطاء فى افناء مسلم واحد و فى المسئلة المذكورة تصريح بأنه يقبل من صاحبها التأويل خلافا لما ذكره بعضهم على خلاف هذا القيل هذا كله اذا صدر عنه تعمدا 

“Darhaqiqat, olimlar zikr qilganlarki, kufrga taalluqli bo'lgan masalada qachonki kufrning to'qson to'qqiz ehtimoli bo'lsa-yu, bitta ehtimol uning teskarisi bo'ladigan bo'lsa, muftiy va qozilarga avlosi shuki, kufrga qarshi ehtimolga amal qilgaylar! Chunki, mingta kofirni qoldirishdagi xato bitta musulmonni chiqarishdagi xatodan ko'ra osonroqdir. Mazkur masalada ravshani shuki, uni aytgan kimsadan ta'vilni (ta'birni) qabul qilish kerak bo'ladi. Bu aytilganga qarshi chiqqanlar bunga muxolifdirlar. Mana shuning hammasi undan qasddan sodir bo'lgandadir” (Ali al-qori. Sharh al-Fiqh al-akbar. – Misr: Taqaddum, 1905. – B. 146)

Ali al-qori (r.h.) “Sharh al-Fiqh al-akbar”dagi mazkur gapini “ash-Shifo”ga yozgan sharhida ham quyidagicha davom qildirgan:

و قد قال علماؤنا اذا وجد تسعة و تسعون وجها تشير الى تكفير مسلم و وجه واحد الى ابقائه على اسلامه فينبغى للمفتى و القاضى ان يعملا بذلك الوجه و هو مستفاد من قوله عليه السلام ادرؤا الحدود عن المسلمين ما استطعتم فان وجدتم للمسلم مخرجا فخلوا سبيله فان الامام لان يخطئ فى العفو خير له من ان يخطئ فى العقوبة رواه الترمذى و غيره و الحاكم و صححه

“Muhaqqaq, ulamolarimiz aytishganki, agar biror musulmonning kofir deyilishiga ishora qiladigan to'qson to'qqiz dalil topilsa va uni musulmonlikda qoldirish borasida esa bitta dalil topilsa, muftiy va qoziga ushbu bitta dalilga amal qilmoqlari kerak bo'ladi. U Payg'ambar alayhissalomning: “Qodir bo'lguncha musulmonlardan jazolarni tark qilinglar!” degan gaplaridan olingan. Uni Imom Termiziy, Hokim va boshqalar sahih deb turib rivoyat qilganlar. Bas, bir musulmonda kufrdan chiqish yo'lini topsangiz, uning yo'lini bo'sh qo'ying. Zotan, imomning afvda xato qilgani azob-uqubat berishda xato qilganidan yaxshiroqdir!” (Ali al-qori. Sharh ash-Shifo. 2-jild. – Istanbul: Usmoniya, 1901. – B. 502).Ali al-qori (r.h.) “Mishkot al-masobeh”ga bitgan sharhi “Mirqot al-mafotih”da ham ushbu fikrini quvvatlagan:

فان عبارة آحاد الناس اذا احتملت تسعة و تسعين وجها من الحمل على الكفر و وجها واحدا على خلافه لا يحل ان يحكم بارتداده

“Bas, albatta odamlardan iborat birortasi qachon to'qson to'qqiz dalil kufriga, bitta dalil esa uning xilofiga dalolat qilib tursa, uning dindan chiqqanligiga hukm qilish halol bo'lmaydi” (Ali al-qori. Mirqot al-mafotih. – Bayrut: Dor al-fikr, 1994. – B. 714).

Mazkur bo'lgan iboralardan ma'lum bo'layaptiki, musulmonligiga bitta ehtimol bo'ladigan bo'lsa, o'sha odamni kofirga chiqarib bo'lmaydi. Garchi uning kofirligiga to'qson to'qqiz dalil topilib turgan bo'lsa ham. Ali al-qori (r.h.)ning gaplaridan yana shuni anglash mumkinki, o'sha musulmon kufr gapni qasddan gapirgan bo'lsa ham hukm shudir. Bu muhim gap! Demak, agar bilmasdan gapirib qo'ysa, yoki “men musulmonman, o'sha gapimni boshqa ma'noda gapirganman”, deb tursa, yoki “E, men buni bilmabman, ana shu siz aytgan ma'noda gapirgan edim, imondan chiqish niyatim yo'q edi”, desa, unda mutlaqo uni kofirga chiqarib bo'lmaydi! Ali al-qori (r.h.) va hanafiylarning bu qarashlari Qur'on va Sunnatda kelgan kuchli dalillarga asoslanganiga shubha yo'q. Qur'oni karim va sunnati nabaviyada “takfir”dan, ya'ni, mo''min-musulmonlarni kofirga chiqarishdan qaytarilgan:

Imom Tabaroniy (rahimahulloh) bir qancha sahobalardan quyidagi hadisni rivoyat qilgan: “Biz diniy bir masala ustida tortishayotuvdik, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) chiqib keldilar. Bizga ko'pgina narsalarni aytdilar va gap orasida: “Islom g'arib bo'lib boshlangan va yaqinda g'aribligiga qaytadi”, dedilar. Shunda biz: “G'ariblar kim, ey Rasululloh!”, dedik. Ul zoti sharif bunday marhamat qildilar:

الذين يصلحون اذا فسد الناس و لم يمارون فى دين الله و لا يكفرون احدا من اهل التوحيد بذنب

“G'ariblar shunday kishilarki, odamlar buzilgan vaqtda isloh qilib tuzatadilar, Allohning dinida talashib-tortishmaydilar, tavhid ahlidan birorta kimsani biror gunoh sababli kofirga chiqarmaydilar” (Tabaroniy, 8/7659).

Yana bir joyda Rasuli akram, Nabiyi muazzam, Habibi muhtaram (sollallohu alayhi va sallam) bunday deb amr qilganlar:

لا تكفروا احدا من اهل القبلة بذنب و ان عملوا بالكبائر

“Qibla ahlidan bo'lgan biror kimsani kofirga chiqarmanglar, agarchi ular gunohi kabira qilsalar ham” (Tabaroniy, “al-Mo''jam al-avsat”, 3/2844; Doraqutniy, 2/1780)

Yuqorida keltirilgan hadisi shariflar Imom at-Tabaroniy (r.h.) tomonidan rivoyat qilingan bo'lib, garchi isnodlarida zaiflik bo'lsa-da, biroq, butun ummati islom ularga amal qilishga harakat qilganlar. Jumladan, sahobai kiromlar ham qibla ahlini aslo kofirga chiqarmaganlar. Imomi A'zam Abu Hanifa (r.h.) sahobalarga qarshi kurashgan, ularni o'ldirgan, islomdagi ilk firqa va oqimlarni sahobalarning o'zlari, va hatto Hazrati Ali (r.a.) kofirga chiqarmasdan, mo''min deb ataganligini birma-bir, nomma-nom keltirganlar (Qarang: Imomi A'zam. Asarlar. Risola Usmon al-Battiy (arabcha matn). – T.: Movarounnahr, 2003. – B. 87-88).
Zotan, Alloh taolo Niso surasining 94-oyatida quyidagicha buyurgan:

يا أيّها الذين آمنوا اذا ضربتم فى سبيل الله فتبيّنوا و لا تقولوا لمن القى اليكم السلام لست مؤمنا تبتغون عرض الحياة الدنيا فعند الله مغانم كثيرة كذلك كنتم من قبل فمنّ الله عليكم فتبيّنوا انّ الله كان بما تعملون خبيرا 

“Ey, imon keltirganlar! Allohning yo'lida safarga chiqqaningizda aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, “Mo''min emassan”, demanglar. Bu dunyo hayotining matohini ko'zlaysizlar, Allohning huzurida esa ko'plab o'ljalar bor. Sizlar ham oldin shunday edingiz, Alloh sizga ne'mat berdi. Bas, aniqlab ish tutingiz! Albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir” (Niso, 94)

“Tafsiri Nasafiy”da aytilishicha, Mirdos ibn Nuhayk (r.a.) musulmon bo'ladi, biroq, hali musulmonligini oshkora qilib ulgurmagan edi. G'azotga chiqqan sahobalar oldiga bor-budini va qo'ylarini olib, tog'dan tushib kela boshlaydi. Sahobalar takbir aytsa takbir aytadi, kela solib, “La ilaha illalloh, Muhammadu-r-Rasululloh” deya “Assalomu alaykum”, deb salom ham beradi. Shunga qaramasdan, Usoma ibn Zayd (r.a.) uni o'ldiradi, sahobalar qo'ylarini o'lja qilib olib, Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga keladilar. Bundan Janobi Rasululloh (s.a.v.) qattiq g'azablanadilar, “Undagi narsalari uchun o'ldirdingizlarmi?”, deya achchiqlari chiqadi. Shunda yuqoridagi oyati karima nozil qilinadi (Abu-l-Barakot an-Nasafiy. Tafsiri Nasafiy – Madorik at-tanzil. 1-2 jild. – Toshkent, No''mon Toshkandiy nashri, 1988. – B. 244).

Imom Buxoriy (r.h.) hazratlari Abu Hurayra (r.a.) va Abdulloh ibn Umar (r.a.) tomonlaridan rivoyat qilgan hadisi sharifda payg'ambarimiz Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi va sallam) bunday deb marhamat qilganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا قَالَ الرَّجُلُ لِأَخِيهِ يَا كَافِرُ فَقَدْ بَاءَ بِهِ أَحَدُهُمَا

“Biror kimsa o'zining birodariga: “Ey, kofir!” desa, bunga ulardan biri mubtalo bo'ladi” (Buxoriy, 8/6103-6104).

Imom Ahmad (r.h.) esa: من كفر أخاه فقد باء بها أحدهما – “Kimki birodarini kofirga chiqarsa, unga ikkovidan biri duchor bo'ladi”, degan sahih hadisi sharifni rivoyat qilib qoldirgan (Ahmad, 2/6280).
Sahih hadislar to'plamlarida sahoba Abu Zar (r.a.)dan qilingan rivoyatda quyidagicha keltirilgan:

لَا يَرْمِي رَجُلٌ رَجُلًا بِالْفُسُوقِ وَلَا يَرْمِيهِ بِالْكُفْرِ إِلَّا ارْتَدَّتْ عَلَيْهِ إِنْ لَمْ يَكُنْ صَاحِبُهُ كَذَلِك

«Kishi birovga fosiqlik ta'nasini ham, kufr ta'nasini ham otmaydi. Agar otadigan bo'lsa-yu, ta'na qilingan kimsa shunday bo'lmasa, fosiqlik va kufr o'ziga qaytadi» (Buxoriy, 4/6045; Ahmad, 5/21611; Bazzor, 2/3919; at-Tabriziy, «Mishkot al-masobeh», 2/4816).
Imom Muslim (r.h.) rivoyatida mazkur hadis bu tarzda berilgan:

من دعا رجلاً بالكفر أو قال عدوّ الله وليس كذلك إلا حارَ عليه

«Kimki bir kishini kufr bilan chaqirsa yoki «Allohning dushmani», desa, u esa shunday bo'lmasa, kufr aytgan odamning o'ziga qaytadi» (Muslim, 1/61; Ahmad, 5/21503; at-Tabriziy, «Mishkot al-masobeh», 2/4817).

Imom Buxoriy (r.h.) mazkur hadislarni: بَاب مَنْ كَفَّرَ أَخَاهُ بِغَيْرِ تَأْوِيلٍ فَهُوَ كَمَا قَال – “Birodarini ta'vilsiz kofir degan kimsaning o'zi aytganidek bo'lishi haqidagi bob”da keltirgan. Ya'ni, har qanday holatda birovni kofirga chiqarishdan oldin uning mo''min-musulmon ekaniga ta'vil, yaxshi ta'bir qilish kerak bo'ladi. Ta'vil-ta'bir qilmasdan turib, birovning bir og'iz aytgan gapi yoki qilgan ishining o'zi bilan uni kofirga chiqarish aslo mumkin emas. Bu holatda kofirlik kofirga chiqargan odamning o'ziga qaytadi. Doimo birovni ayblash, undan kufr nishonalarini izlash o'rniga undan mo''minlikning bir yaxshi xislatini axtarish lozim. Rasululloh (s.a.v.) janobimiz xuddi shunday yo'l tutganlar:

Sahobalardan hisoblangan Hotib ibn Abu Balta'a (r.a.) mushriklar bilan maktub almashayotganda qo'lga tushib qoldi. U o'zini oqlash maqsadida bahonalar gapirdi va وَمَا فَعَلْتُ كُفْرًا وَلا ارْتِدَادًا، أوْ لاَ أَرْضَى بِالْكُفْرِ بَعْدَ الإسْلامِ – “Men kufr ham, murtadlik ham qilmadim, islomdan keyin kufrga rozi bo'lmayman”, deb turib oldi. Uning kofirlar bilan aloqasini kofirlik, munofiqlik va xiyonat deb baholanishi turgan gap edi. Shuning uchun ham Hazrati Umar (r.a.): “U munofiq! Uning bo'yniga qilich uraymi?”, dedi. Munofiq deyish uni kofir deyish bilan barobar hisoblanadi. Chunki, munofiq deb o'zining kofirligini yashirib yurgan odamga aytiladi. Mushriklar bilan yashirincha xat-maktub almashib turish esa, buni tasdiqlab turibdi. Biroq, shu holatda ham Rasululloh (s.a.v.) janobimiz: “Axir, uning ahli Badrni kutib olishga qarshi chiqqanini va “Sizlar uchun mag'firat so'rayman!”, deganini topmaganmiding?!” deb marhamat qildilar. Ya'ni, birovni munofiqlash o'rniga uning yaxshi bir xislatini eslab, uni munofiq deyishdan saqlanish kerakligini o'rgatdilar. Bu rivoyatni ham Imom Buxoriy (r.a.) o'zining “Sahih al-Buxoriy” asarida ta'liq qilib keltirganlar. Yana Imom Buxoriy (r.h.) «al-Adab al-mufrad» asarida keltirishicha, bir kishi burgani la'natlaganida, Rasululloh (s.a.v.): «Burgani la'natlama, u payg'ambarlardan birovini namozga uyg'otgan», deganlar (1/1237). Birov xo'rozni la'talaganida, Rasululloh (s.a.v.) unga shunday deganlar (Tabaroniy, 5/5208). Ya'ni, har bir narsaning yaxshiligini ko'ra bilish kerak ekan. Mo''min-musulmon bo'lib turgan odam to'g'risida esa albatta yaxshi gumonda bo'lmoq va uning har qanday gapini yaxshilikka yo'ymoq lozim!

Hanafiylarning: “To'qson to'qqiz dalil kufrga dalolat qilib tursa, bitta dalil unday emasligiga dalolat qilsa, ana o'sha bitta dalil olinadi”, ma'nosidagi qoidani Sayyid Sobiq (r.h.) buyuk faqih va muhaddis Imom Molik (r.h.)ga nisbat qilingan degan edi (Sayyid Sobiq. Fiqhu-s-sunna. 2-jild. – Qohira: Dor al-fath, 1999. – B. 288). Biroq, ahboshlarning boshlig'i, “takfir”ga mukkasidan ketgan Abdulloh al-Harariy (r.h.) Sayyid Sobiq (r.h.)ning bemazhabligidan jahli chiqqanidan uning xabarini inkor qiladi va “Bu gapni Imom Molik ham, Abu Hanifa ham aytgan emas, asli yo'q!” deb hukm chiqaradi (Abdulloh al-Harariy. Ash-Sharh al-qavim fiy halli alfoz as-Sirot al-mustaqim. – Bayrut: Dor al-mashore', 1999. – B. 60).

Ta'kidlash o'rinliki, Ali al-qori (r.h.)ning zikr qilingan gapi boshqa hanafiy olimlari tomonidan quyidagicha ifodalangan:

“Hulosat al-fatovo”da bunday deyilgan:

و منها اذا كان فى المسئلة وجوه يوجب التكفير و وجه واحد يمنع فعلى المفتى ان يميل الى هذا الوجه

“Qachonki biror masalada kofirga chiqarish vojib bo'ladigan bir qancha vajhlar bo'lsa va uni man qiluvchi bitta jihat topilsa, muftiyga ana shu bitta jihatiga mayl qilishi lozim bo'ladi!” (Tohir ibn Ahmad ibn Abdurrashid al-Buxoriy. Hulosat al-fatovo. 4-jild. – Laknau: Navol kishvar, 1911. – B. 382).

Taniqli hanafiy olimi Ibn Nujaym al-Misriy (r.h.) “Bahr ar-roiq” asarida quyidagilarni aytadi:

و الذى تحرر أنه لا يفتى بتكفير مسلم أمكن حمل على كلامه على محمل حسن او كان فى كفره اختلاف و لو رواية ضعيفة فعلى هذا فاكثر الفاظ التكفير المذكورة لا يفتى بالتكفير بها و لقد الزمت نفسى ان لا افتى بشئ منها و اما مسئلة تكفير اهل البدع المذكورة فى الفتاوى فقد تركتها عمدا لان محلها اصول الدين 

“Yozilganlardan ma'lum bo'ldiki, imkon qadar birorta musulmonning gapini yaxshilik ma'noga yo'yiladigan bo'lsa yoki uning kufrida ixtilof bo'lsa, uning kufriga fatvo berilmaydi! Bitta zaif rivoyat topilsa bo'ldi. Shunga ko'ra, zikr qilingan kufrga olib boradigan so'zlarning ko'pchiligiga suyanib kofir deb fatvo berib bo'lmaydi. Mening o'zim ulardan birorta masalaga asoslanib kofirlikka fatvo bermaslikni lozim tutdim! Fatvo to'plamlarida zikr qilingan bid'at ahlini kofirga chiqarish masalalariga kelsak, ularni men qasddan tark qildim. Zotan, ularning o'rni dinning asoslari (aqoid kitoblari)dadir!” (Ibn Nujaym al-Misriy. Bahr ar-roiq. 5-jild. – Misr: Ilmiya, 1893. – B. 135)

“Bahr ar-roiq”dagi iboralardan biz muhim narsalarni bilib olamiz. Odatda fatvo to'plamlarida “alfozi kufr”lar, ya'ni odamni kufrga olib boriladigan amal va so'zlar zikr qilinadi-da, “bunday desa, kofir bo'ladi, unday desa, kofir bo'ladi”, deganga o'xshash masalalar qatorlashtirib keltirilaveradi. Bu mavzuni barcha fatvo to'plamlarida uchratish mumkin. Biroq, “Bahr ar-roiq” sohibi aytmoqdalarki, ularga asoslanib, birovni kofirga chiqarib bo'lmaydi. Zotan, kufr masalalari fiqhiy to'plamlarning ishi emas, balki aqida kitoblarining vazifasidir. Aqida kitoblarning barchasida esa umumiy va mutlaq tarzda: “Qiba ahlini, ya'ni Ka'batullohni qibla deb e'tiqod qiladigan, namoz o'qiydigan, mo''min-musulmonlarni kofirga chiqarmaymiz!”, deb keltirilgan. Ushbu mazmunni biz “Bahr ar-roiq”dagi boshqa o'rindagi gaplardan bilib olamiz:

واعلم أن الحكم بكفر من ذكرنا من أهل الاهواء مع ما ثبت عن أبي حنيفة والشافعي من عدم تكفير أهل القبلة من المبتدعة كلهم محمله على أن ذلك المعتقد نفسه كفر، فالقائل به قائل بما هو كفر وإن لم يكفر بناء على كون قوله ذلك عن استفراغ وسعه مجتهدا في طلب الحق

“Bilginki, ahli havo to'g'risidagi biz zikr qilgan kimsalarning kufriga hukm bo'lgan edi, biroq, Abu Hanifa va ash-Shofi'iydan sobit bo'lganiga qaraganda, bid'atchilarning hammasidan qibla ahlini kofirga chiqarmaslik lozim. Bu esa ushbu e'tiqodlarning o'zigina kufr ekanligini bildiradi, xolos. Demak, uni aytuvchisi kufr gapni aytgan bo'ladi, garchi uni kofir deyilmasa ham! Bu uning gapi mujtahidning haqni talab qilishida imkoniyati etarli bo'lganiga binoan aytilgandir” (Ibn Nujaym al-Misriy. Bahr ar-roiq. 1-jild. – Qohira: Ilmiya, 1893. – B. 371).

“Bahr ar-roiq”dagi ushbu fikrni Ali al-qori (r.h.) aynan takrorlagan (Ali al-qori. Sharh Fiqh al-akbar. – Misr: Taqaddum, 1905. – B. 139).

Yuqoridagi iboralarni bunday tushunish lozim: fatvo kitoblari va fiqhiy manbalarda alfozi kufrlar, kufr bo'ladigan ishlar, e'tiqodlari kufrga ketgan kimsalar to'g'risida xabar beriladi. Biroq, bulardagi iboralardan o'sha gap yoki ishlarning kufr so'z yoki kufr ish ekanligi bilinadi, xolos. Shaxslarga kelganda, muayyan odamni kofirga chiqarish haqida gap ketganda bu gaplar o'tmaydi. Chunki, ahli sunna va jamoaning, ayniqsa, uning eng ulug' vakillari Imom A'zam Abu Hanifa (r.h) va Imom ash-Shofi'iy (r.h.)ning gaplariga ko'ra, “Biz qibla ahlini aslo kofirga chiqarmaymiz!”. Biror muayyan shaxs yoki biror jamoa kitoblarda ko'rsatilgan kufr gapni aytgan yoki kufr ishni qilgan bo'lishi mumkin, biroq, ular aslo kofir deyilmaydi. Zotan, mujtahid imomlarning kufr so'zni aytgan yoki qilgan kimsani kofir deyishga ilmi, imkoniyati etarli bo'lsa ham, lekin bunday ishni qilgan emaslar.

“al-Hidoya”ning eng yaxshi sharhi hisoblangan “Fath al-qadir”da Kamoliddin ibn al-Humom (r.h.) aytishicha, bizning qiblamizga e'tiqod qiladiganlarning hech qaysinisini kofirlikda ayblamaganimiz bois hatto birorta mujtahid imomlarimiz musulmonlarning qonlari va mollarini halol sanab kelgan xavorijlarni kofir deb hukm chiqarmaganlar, hatto Rasululloh (s.a.v.)ning sahobalarini so'kadiganlarni kofir sanamaganlar. Chunki, ularni ta'vil qilish mumkin, ularga shubha bildirish mumkin. Faqihlardan boshqalarning esa gaplarining e'tibori yo'q, ular esa mujtahidlardir (Kamoliddin ibn al-Humom. Fath al-qadir. 4-jild. – Misr: Amiriya, 1898. – B. 409)

Imom Ahmad ibn al-Hanbal (r.h.) mo''taziliylar tomonidan “mehna”ga tortilgan, “Qur'on maxluq – yaratilgan” degan gapni aytasan, deb zindonga tashlangan, har kuni darra urib turilgani ko'pchilikka ma'lum. Shu holatda ham ul zot “Qur'on Allohning kalomi, u yaratilgan emas”, degan sof e'tiqodidan qaytmagan. Biroq, uni zindonga tashlaganlarni, har kuni darra urgan va urdirganlarni kofirga chiqarmagan. Ul zot bunday deganlar:

وكل من لم يقل من أصحابنا بتكفير أهل الأهواء من أهل القبلة فإنه يحمل قول السلف رضي الله عنهم في تكفيرهم على كفر دون كفر

“Ashoblarimizdan hech kim qibla ahlidan bo'lgan ahli havoni kofirga chiqarishni aytmagan. Salaflarning kofir deganlari topilgan bo'lsa-da, “kufr bo'lmagan kufr”ni aytganligiga nisbat qilinadi (Bayhaqiy, “Ma'rifat as-sunan va-l-asor”, 1/66).

Hanafiylarning ishonchli fiqhiy manbalaridan bo'lmish “ad-Durr al-muxtor” va “ar-Radd al-muhtor”da quyidagilar bitilgan:

و اعلم انه لا يفتى بكفر مسلم أمكن حمل كلامه على محمل حسن (ظاهره انه لا يفتى به من حيث استحقاقه للقتل و لا من حيث الحكم ببينونة زوجته…أى لا يحكم بكفره لامكان التأويل … و لكن يمكن التأويل بان مراده اخلاقه الردييئة و معاملته القبيحة لا حقيقة دين الاسلام فينبغى ان لا يكفر حينئذ) او كان فى كفره خلاف و لو كان ذلك رواية ضعيفة (قال الخير الرملى أقول و لو كانت الرواية لغير اهل مذهبنا و يدل على ذلك اشتراط كون ما يوجب الكفر مجمعا عليه) كما حرره فى البحر و عزاه فى الأشباه الى الصغرى و فى الدرر و غيرها اذا كان فى المسئلة وجوه (اى احتمالات) توجب الكفر و واحد يمنعه فعلى المفتى الميل لما يمنعه (عن التاترخانية انه لا يكفر بالمحتمل) ثم لو نيته ذلك فمسلم و الا لم ينفعه حمل المفتى على خلافه (اى و ان لم تكن له نية ذلك الوجه الذى يمنع الكفر بان اراد الوجه المكفر او لم تكن له نية اصلا لم ينفعه تأويل المفتى لكلامه و حمله اياه على المعنى الذى لا يكفر كما لو شتم دين مسلم و حمل المفتى الدين على اخلاق الرديئة لنفى القتل عنه فلا يمنعه ذلك التأويل فيما بينه و بين ربه تعالى الا اذا نواه)

“Bilginki, imkon qadar birorta musulmonning gapini yaxshilik ma'nosiga yo'yiladigan bo'lsa, uning kufriga fatvo berilmaydi! Anig'i shuki, uni qatl qilishga va xotini taloq bo'ldi, deb hukm qilishga fatvo berib bo'lmaydi. Ya'ni, ta'vil (ta'bir) imkoni bo'lsa, uning kufriga hukm qilinmaydi. Yoki ta'vil shunday mumkin bo'lsaki, shu gapni aytganning maqsadi dini islomning haqiqati emas, balki o'zining yomon xulqidan kelib chiqqan yoxud qabih muomalasi sababli bo'lgan, deyiladigan bo'lsa, ana shu vaqtda kofirga chiqarmaslik lozim bo'ladi! Uning kufrida ixtilof bo'lsa ham kofir deb fatvo berib bo'lmaydi. Agar bitta zaif rivoyat bo'lsa ham kofir deb fatvo berib bo'lmaydi. Hayriddin ar-Ramliy: “Agar ana shu bizdan boshqa mazhab ahlining rivoyati o'shanga suyanib, takfirga fatvo bermaydi”, degan. Bu shunga dalolat qiladiki, kufrga sabab bo'ladigan fatvo ijmo' qilingan bo'lmog'i kerak. Bu “Bahr”da yozilgan, “al-Ashboh van-nazoir”da buni “Fatovoyi Sug'ro”dan iqtibos qilib olingan.

“Durar al-hukkom”da va boshqa kitoblarda bunday keltirilgan: birovning kofirligiga bir qancha vajhlar, ya'ni ehtimollar bo'lsa, bittasi uni to'sadigan masala bo'lsa, muftiyga o'sha bitta masalaga mayl qilishi lozim bo'ladi. “Fatovoyi Tatorxoniya”dan keltirilganki, har xil ehtimollar bilan birovni kofirga chiqarib bo'lmaydi. So'ngra, uning niyati musulmonlik bo'lsa, demak, u musulmondir. Aks holda, muftiyning uni oqlab chiqargan fatvosining foydasi bo'lmaydi. Ya'ni, u kufrni to'sadigan tomonga niyati bo'lmasa, uning o'zi ana shu kufrni xohlab tursa yoki niyati bo'lmasa, muftiyning uning gapini ta'vil qilishi (oqlovi) va uni kofir emas deb chiqargan fatvosi foyda bermaydi. Masalan, musulmonning dinini so'ksa, din muftiysi uni o'ldirmaslik uchun gapini yomon badxulqlikka yo'ysa, muftiyning bu ta'vili uni Alloh taolo oldidagi mas'uliyatini yo'qqa chiqara olmaydi. Faqat u musulmonlikni niyat qilib aytgan bo'lsa, boshqa gap, unda aslo kufriga fatvo berib bo'lmaydi” (Ibn Obidin. Radd al-muhtor 'ala ad-Durr al-muxtor. 6-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2003. – B. 367-368)

Yuqoridagi iboralardan biz “takfir” – mo''min-musulmonni kofirga chiqarish naqadar xatarli ish ekanini bilib olamiz. Sof islomiy aqida, haqqoniy ahli sunna va jamoa, motridiylik va ash'ariylikning asli “takfir”dan saqlanishdir. “Bahr ar-roiq” sohibi aytganidek, o'ziga-o'zi hech kimni kofir demaslikka qasd qilishdir. Ali al-qori (r.h.) uchta asarida yozganidek, birovning kofirligiga to'qson to'qqizta dalil bo'lsa ham, kofir emasligiga bitta dalil topib turib, uni kofir demaslikdir! Bundan ogoh bo'laylik! Dunyoning turli taraflarida “takfir”chi jamoalar bor, “takfir”chi jamoalar tegirmoniga suv quyib turganlar bor. Bilingki, “takfir” bugungi kunda diniy ekstremizm va terrorizmning asosini tashkil qiladigan bo'lib qoldi. Ular, avvalo, mo''min-musulmonlarni, ayniqsa, olimu ulamolarni kofirga chiqarib oladilar. Bu esa ularga ommaviy qirg'in-barotlar, muayyan shaxslarni jismonan yo'q qilishlar, elu yurtda tanilgan obro'li insonlarning obro'larini tushirishga, ularni kofirga, bid'atchiga, yo'ldan ozganga chiqarishga urinishlar, musulmonlarning rahbarlari va tuzumlarini barbod qilishlarga zamin bo'lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham ogoh bo'lishimiz kerak, ehtiyot bo'lishimiz zarur!

Biz “takfir”ga qo'shilmaymiz, uni hech qachon qo'llab-quvvatlamaymiz va unga mutlaqo qarshimiz!

Hamidulloh Beruniy

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Akademiya rektori «Do‘stlik», Islom sivilizatsiyasi markazi direktori «Fidokorona xizmatlari uchun», akademiya professori «Imom Buxoriy» ordenlari va «Ziyo» media markazi rahbari «Shuhrat» medali bilan taqdirlandilar

22.08.2026   9933   1 min.
Akademiya rektori «Do‘stlik», Islom sivilizatsiyasi markazi direktori «Fidokorona xizmatlari uchun», akademiya professori «Imom Buxoriy» ordenlari va «Ziyo» media markazi rahbari «Shuhrat» medali bilan taqdirlandilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari