Bismillahir Rohmanir Rohim
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
Ulug' mutafakkir, hassos adib, fozil inson, hayrat va nidoda, faxr va armonda, imon va e'tiqodda musaffo, darchil tuyg'ular sohibi ustoz Ahmad Muhammad hoji dada bugun oramizdan dorulbaqoga ko'chdilar. Ey, darig'! Bir butun nuktadon, daqiqnavis allomaning umrlari poyoniga etdi.
Ustoz ko'plab diniy-ma'rifiy, badiiy, ilmiy, tarixiy asarlar muallifi va muharriri, xususan, “Tafsiri Irfon” Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsirining adabiy muharrriri Ahmad Muhammad Tursun 1949 yilda Namangan shahrida tug'ilganlar. 1967 yildan boshlab matbuotda faoliyat olib boradilar.
Qalamlari haqiqat uzra yo'naltirilgan ustoz “Namangan haqiqati” gazetasida turli vazifalarda, jumladan, “Namangan atlasi”, “Irfon”, “Tarjimon”, “Suhbatdosh”, “Hayrat” ro'znomalarida bosh muharrir bo'lib xalqimizning qalb-qo'rini saxifalarga tushirgan muhaqqiq edilar.
2003-2010 yillarda “Hidoyat” jurnalida bo'lim muharriri bo'lib, uning sahifalariga hikmat durdonalarini taratdilar.
2014 yildan buyon, “Hilol-Nashr” nashriyotining muharriri, nashriyot tomonidan har oy chop qilinadigan “Hilol” diniy-ma'rifiy, ijtimoiy-adabiy jurnalining noshiri, “Oltin silsila” hadislar to'plami muharrirlar hay'ati a'zosi, yoshlarga o'rnak bo'lib kelayotgan tahririyatning mahorat sohibi edilar.
Marhum adibning ellikka yaqin diniy, badiiy, ilmiy-ma'rifiy kitoblari nashr etilib, buyuk xalqimiz ardog'ida o'qib, o'rganib kelinmoqda.
Ustoz tasnif etgan barcha nur chashmalarga to'lgan asarlari misoli zikru suhbat qilayotgandek ta'sir kuchiga ega edi.
Inson erishishi kerak bo'lgan eng yuksak martaba va axloq bobida namuna bo'lgan oliyjanob ziyo nuri edilar.
Bu kabi buyuk nurli yo'l sohibi ustozimiz yoshlik davridan to umrlarining oxirigacha o'tkir zehn, teran zakovat, zuhdu taqvo bilan hamnafas yashab o'tdilar.
U kishining so'zlari, iqrorlari, axloq hamidalari barchaga ibrat edi.
U oliyjanob inson taratgan hikmatlardan insonni qalbi poklanib, ruhiy ozuqalanib, ilohiy madadga sug'orilardingiz.
Bu muhtaram inson hidoyat yo'lini aniq ushlab, bu muborak yo'lda yaxshilik izlovchilarga yo'ldosh bo'ldilar.
Dunyo va oxiratning ezgulik hazinasini meros qoldirdilar. Mo'min-musulmonda bo'lgan barcha go'zal sifatlarni o'zlarida mujassam etdilar.
Ustoz adabiyot bobida yulduz bo'lish bilan bir qatorda, xulqu odobda, xushmuomala va sadoqatda, qanoat va riyozatda ham tengsiz ekanliklari bizning qalbimizga o'z naqshini qoldirmoqda.
Taqdirga tabdil yo'q! Biz ayriliq jafosini tortib turgan oila a'zolariga, nuridiyda farzandlariga, aka-uka jigargo'shalariga, habib muxlislariga o'zimizning ta'ziyamizni bildiramiz.
Allohdan sabru jamil tilaymiz. Allohim ustozning ruhlarini bizlarning duolarimiz bilan ravhu rayhon aylasin! Omiyn, Ya Robbal Alamiyn.
Abdulhay Abdulhafiz o'g'li
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mehr-oqibat, oqibat va xayr-saxovat marafonlari yangicha sur’at va keng yoyilmoqda. Inson qadrini ulug‘lashni bosh maqsad qilgan ushbu ezgu tashabbuslar yurtimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan farzandlarimizga mehr ulashishga qaratilgan.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan "Imom eshon Muhammad" jome masjidida yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan farzandlarimiz uchun maktab formasi va o‘quv qurollarini berish tadbiri o‘tkazildi.
Ko‘ngillarga umid, yuraklarga quvonch taratgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Alisher Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin domla Razov va "Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi A.Jolovshiyevlar ishtirok etib, 35 bolaga maktab formalari va bayram sovg‘alarini tantanali tarzda topshirdi.
Bunday g‘amxo‘rlik tadbiri farzandlarimizning ko‘zlarida quvonch uchqunini yoqib, ko‘ngillarida cheksiz faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
"Inson qadri ulug‘langan, mehr-oqibat ustuvor bo‘lgan yurtda doimo taraqqiyot va baraka bo‘ladi."
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti