Kecha, 18 may kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Afg'oniston Islom Respublikasi Milliy yarashuv oliy kengashi raisi maslahatchisi Muhammad Muhsin Donesh janoblari boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Muloqot davomida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Afg'oniston ulamolarini tashrif bilan qutlab, ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qardosh xalq o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida so'z yuritdilar. O'zbekiston hukumati va xalqi Afg'onistonda doimo tinchlik bo'lishi tarafdori ekani va bu yo'lda qo'lidan kelgan barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishi, ekstremizmga qarshi kurashda ulamolarning hamkorligini rivojlantirish har tomonlama manfaatli ekani, bunday ishlar bundan keyin ham davom etishini ta'kidladilar.
Muhammad Muhsin Donesh samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki xalqni mushtarak ildizlar birlashtirib turishi, oxirgi yillarda do'stoni aloqalar rivojlanib borayotgani haqida so'zladilar. Shuningdek, ushbu tashrifdan maqsad ikki davlat ulamolari hamkorligini rivojlantirish, ekstremizmga qarshi kurash ishlarida aloqalarni mustahkamlash, diniy soha xodimlari o'rtasida o'zaro tajriba almashish ekanini qayd etdilar.
Shuningdek, uchrashuvda Balh viloyati haj va vaqf boshqarmasi boshlig'i Mahmud Doneshju Muhammad Bunyod so'z olib, O'zbekiston zamini qadimdan Islom dini tamadduni markazi bo'lib kelgani, Movarounnahr va Balh ulamolarining asarlari 200 dan ziyod mamlakatda o'qitilishi, ularning ilmiy merosi taraqqiyot uchun zamin bo'lishini ta'kidladilar.
Uchrashuv davomida mehmonlar O'zbekistonda diniy sohadagi ishlar, xususan, masjid-madrasalar faoliyati, ilmiy markazlar va ixtisoslashgan maktablar ishlari haqida eshitib, juda ham quvonganlari, Islom dinining mo''tadil g'oyalarini xalqqa etkazilishi o'zining ijobiy samarasini berayotgani, qadimda O'zbekiston zamini Islom dinining siymosi, ulamolari esa din peshvosi bo'lgani, bugungi kunda ham O'zbekiston ana shu yo'ldan ketayotganini yana bir bor tasdiqladilar.
Do'stona va samimiy ruhda o'tgan uchrashuv davomida muhokama etilgan mavzularda hamkorlik qilish bo'yicha o'zaro kelishib olindi.




O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati