Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Takfirchilik – eng og'riqli muammo

17.05.2021   3284   6 min.
Takfirchilik – eng og'riqli muammo

Mazhabboshimiz Imomi A'zam rahimahullohning “Fiqhul akbar” kitobida bunday yozilgan: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo'lsa ham, basharti uni halol deb e'tiqod qilmagan bo'lsa, undan imon ismini olib tash­lamaymiz, uni haqiqiy mo'min deb atayveramiz, uni fosiq mo'min deb atash mumkin, faqat kofir emas”.

«Kufr» so'zi lug'atda «o'rash», «to'sish» kabi ma'nolarni bildiradi. Istilohda esa ikki xil ma'noda keladi: biri dinda, ya'ni, Alloh va Uning rasuliga itoatsizlik, ikkinchisi, in'om etilgan ne'matni mensimay, inkor etishni anglatadi. Masalan, Qur'oni karimda «kufr» lafzi bir necha o'rinlarda kelgan bo'lib, ba'zi oyatlarda «mutlaq kufr» zikr etilib, Islom dinidan chiqishgacha bo'lgan holatlar nazarda tutilsa, ba'zi o'rinlarda shunchaki cheklov yoki to'xtamlarni o'z ichiga oladi.

Shu bois olimlar kufrni ikkiga, ya'ni katta va kichik turga bo'lganlar. Kichik kufr amaliy hisoblanib, Kitob va sunnatda «kufr» deb nomlangan gunohlarni o'z ichiga oladi. Biroq ular dindan chiqaruvchi haqiqiy kufr darajasiga etmaydi, balki kufroni ne'mat, noshukr­likni nazarda tutadi. Masalan, Ibrohim surasining 34-oyatida “kufr” so'zidan “noshukrlik” ma'nosi iroda qilingan: «…Haqiqatan, inson (o'ziga) o'ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir».

Kichik kufr hadisi sharifda ham kelgan: «Mendan keyin bir-biringizni bo'yningizga qilich soluvchi kofir bo'lmanglar». Ulamolar kichik kufr dindan chiqarmaydi va amallarni bekor (habata) qilmaydi, lekin amallarni nuqsonli qiladi hamda u orqali banda azobga duchor bo'ladi, deganlar.

Katta kufr esa istilohda haqni berkitish, ya'ni imonning ziddini bildiradi. Jumladan, imon keltirish shart bo'lgan narsalardan birini inkor etish katta kufrdir. Katta kufr kishini dindan chiqaradi.

Takfir esa asossiz sabablar bilan mo'min-musulmon kishini kofirga chiqarishdir. Musulmonni kofir deyish juda xatarli masala bo'lib, oqibati yomon ishdir. Ulamolar ijmosi bilan kufr hisoblangan so'z mutlaq «kufr»dir. Mo'min imon asoslarini inkor etish bilangina dindan chiqadi. Kufr kalimasini aytgan kishiga «kofir» hukmini berishning shartlari bor. Dindan chiqqan musulmon kofir sanaladi va u «murtad» deb ataladi. Murtadlik quyidagilardan birortasini qasddan bajarish orqali yuzaga keladi: kufr kalimasini bilib turib, o'zi xohlab talaffuz qilish; botil aqidaga e'tiqod qilish; so'z yoki amali bilan kofir bo'lishni niyat qilish; Islomdagi qat'iy, mutavotir yo'l bilan farz qilingan amallardan birini inkor qilish.

Imom Abu Mansur Moturidiyning qarashlari karromiylar, jahmiylar, mu'taziliylar, qadariylar va rofiziylarning aynan mazkur masala yoki u bilan bog'liq bo'lgan imon va amal, gunoh va gunohkorning holati, mo'minlik va kofirlik bilan bog'liq qarashlariga bergan raddiyalarida namoyon bo'ladi. Jumladan, «Kitobut tavhid» asarida Imom Moturidiy «aslida sof diniy e'tiqoddagi ta'limotni bilish oson ish emas» ekanini uqtiradi. Alloma takfir masalasida mu'taziliylarning gunoh bois imonning zavol topishi, shuning uchun osiy mo'min kofir bo'lib, do'zaxda abadiy qolishi haqidagi qarashlarini rad etadi va ahli sunnaning ushbu masala yuzasidan fikrlarini bayon qiladi.

Asarda mazkur masalalar keng yoritilgan. Alloma musulmonga kofir hukmini berishda haddan oshgan firqalarning qarashlariga raddiyalar bergan va ahli sunnaning ushbu masala yuzasidan qarashlarini Qur'oni karim oyatlari va hadisi shariflar bilan dalillagan. Jumladan, asarda quyidagilar bayon qilingan: «Gunohi kabira qilgan kishi to'g'risida murjialar: “Mo'minning imoniga gunohi kabira zarar qilmaydi”, desalar, xorijiylar: “gunohi kabira qilgan musulmon imondan chiqadi, kofir bo'ladi”, deydilar». Imom Moturidiy esa ularni rad etib, Yusuf surasining: «Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo'lur», (87-oyat) oyatini dalil qilib keltiradi. Gunohi kabira borasida Imom Moturidiy ahli sunnaning e'tiqodini bayon qilib aytadiki: «Mo'min fosiq bo'lsa, unga tavba vojib bo'ladi. Qur'oni karimda: “(Ey Muhammad!) O'z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bo'lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag'firat qilur. Albatta, Uning o'zi Mag'firatli va Rahmlidir”, deyilgan» (Zumar surasi, 53) oyatni hujjat qilib keltiradi.

Ahli sunna ulamolari ittifoqiga ko'ra, katta (kabira) gunoh sodir etgan kishi qilgan ishini halol sanamas ekan, hargiz kofir bo'lmaydi va u banda do'zaxda abadiy qolmaydi.

Yuqorida sanab o'tilganlar oqimlar da'vo qilayotgan soxta g'oyalar ahli sunna val jamoa e'tiqodiga mutlaqo ziddir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qibla ahlidan biror kishini, garchi gunohi kabira qilsa ham, kofirga chiqarmaslikka buyurganlar. Sahobai kiromlar ham qibla ahlining hech birini kofirga chiqarmaganlar.

Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: «Qachon kishi o'z birodariga “Ey, kofir” desa, ikkovlaridan biri o'shandoq bo'ladi», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ya'ni, haligi odam kofir bo'lmasa, uni kofir degan odamning o'zi kofir bo'ladi.

Hanafiy ulamolar esa kishining kofirligiga to'qson to'qqizta dalil bo'lib, unday emasligiga bitta dalil topilsa, o'sha bitta dalil olinishi lozimligini aytadilar.

Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh esa: “Ashoblarimizdan hech kim qibla ahlidan bo'lgan ahli havoni kofirga chiqarishni aytmagan. Bir narsani vojib yoki harom deyish, birovga savob yoki azob berish, birovni kofir yoki fosiq deb hukm qilish Allohning ishidir», deganlar.

Hulosa qilib aytganda, xorijiylar, mu'taziliylar kabi firqalar tomonidan takfir masalasi ahli sunna val jamoa e'tiqodiga zid tarzda talqin qilingan. Hozirgi kunda Islom niqobi ostida faoliyat olib borayotgan turli oqimlar musulmonlarni qilgan amali bois ko­firga chiqarish orqali o'zlarining jinoyatlarini oqlamoqdalar. Biroq bularning bari dinimiz ta'limotiga ziddir.

Raufjon RAShIDOV

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

24.08.2026   21361   1 min.
Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.


Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.


Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.


Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:

  • Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;

  • Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;

  • Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.


Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari