Mazhabboshimiz Imomi A'zam rahimahullohning “Fiqhul akbar” kitobida bunday yozilgan: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo'lsa ham, basharti uni halol deb e'tiqod qilmagan bo'lsa, undan imon ismini olib tashlamaymiz, uni haqiqiy mo'min deb atayveramiz, uni fosiq mo'min deb atash mumkin, faqat kofir emas”.
«Kufr» so'zi lug'atda «o'rash», «to'sish» kabi ma'nolarni bildiradi. Istilohda esa ikki xil ma'noda keladi: biri dinda, ya'ni, Alloh va Uning rasuliga itoatsizlik, ikkinchisi, in'om etilgan ne'matni mensimay, inkor etishni anglatadi. Masalan, Qur'oni karimda «kufr» lafzi bir necha o'rinlarda kelgan bo'lib, ba'zi oyatlarda «mutlaq kufr» zikr etilib, Islom dinidan chiqishgacha bo'lgan holatlar nazarda tutilsa, ba'zi o'rinlarda shunchaki cheklov yoki to'xtamlarni o'z ichiga oladi.
Shu bois olimlar kufrni ikkiga, ya'ni katta va kichik turga bo'lganlar. Kichik kufr amaliy hisoblanib, Kitob va sunnatda «kufr» deb nomlangan gunohlarni o'z ichiga oladi. Biroq ular dindan chiqaruvchi haqiqiy kufr darajasiga etmaydi, balki kufroni ne'mat, noshukrlikni nazarda tutadi. Masalan, Ibrohim surasining 34-oyatida “kufr” so'zidan “noshukrlik” ma'nosi iroda qilingan: «…Haqiqatan, inson (o'ziga) o'ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir».
Kichik kufr hadisi sharifda ham kelgan: «Mendan keyin bir-biringizni bo'yningizga qilich soluvchi kofir bo'lmanglar». Ulamolar kichik kufr dindan chiqarmaydi va amallarni bekor (habata) qilmaydi, lekin amallarni nuqsonli qiladi hamda u orqali banda azobga duchor bo'ladi, deganlar.
Katta kufr esa istilohda haqni berkitish, ya'ni imonning ziddini bildiradi. Jumladan, imon keltirish shart bo'lgan narsalardan birini inkor etish katta kufrdir. Katta kufr kishini dindan chiqaradi.
Takfir esa asossiz sabablar bilan mo'min-musulmon kishini kofirga chiqarishdir. Musulmonni kofir deyish juda xatarli masala bo'lib, oqibati yomon ishdir. Ulamolar ijmosi bilan kufr hisoblangan so'z mutlaq «kufr»dir. Mo'min imon asoslarini inkor etish bilangina dindan chiqadi. Kufr kalimasini aytgan kishiga «kofir» hukmini berishning shartlari bor. Dindan chiqqan musulmon kofir sanaladi va u «murtad» deb ataladi. Murtadlik quyidagilardan birortasini qasddan bajarish orqali yuzaga keladi: kufr kalimasini bilib turib, o'zi xohlab talaffuz qilish; botil aqidaga e'tiqod qilish; so'z yoki amali bilan kofir bo'lishni niyat qilish; Islomdagi qat'iy, mutavotir yo'l bilan farz qilingan amallardan birini inkor qilish.
Imom Abu Mansur Moturidiyning qarashlari karromiylar, jahmiylar, mu'taziliylar, qadariylar va rofiziylarning aynan mazkur masala yoki u bilan bog'liq bo'lgan imon va amal, gunoh va gunohkorning holati, mo'minlik va kofirlik bilan bog'liq qarashlariga bergan raddiyalarida namoyon bo'ladi. Jumladan, «Kitobut tavhid» asarida Imom Moturidiy «aslida sof diniy e'tiqoddagi ta'limotni bilish oson ish emas» ekanini uqtiradi. Alloma takfir masalasida mu'taziliylarning gunoh bois imonning zavol topishi, shuning uchun osiy mo'min kofir bo'lib, do'zaxda abadiy qolishi haqidagi qarashlarini rad etadi va ahli sunnaning ushbu masala yuzasidan fikrlarini bayon qiladi.
Asarda mazkur masalalar keng yoritilgan. Alloma musulmonga kofir hukmini berishda haddan oshgan firqalarning qarashlariga raddiyalar bergan va ahli sunnaning ushbu masala yuzasidan qarashlarini Qur'oni karim oyatlari va hadisi shariflar bilan dalillagan. Jumladan, asarda quyidagilar bayon qilingan: «Gunohi kabira qilgan kishi to'g'risida murjialar: “Mo'minning imoniga gunohi kabira zarar qilmaydi”, desalar, xorijiylar: “gunohi kabira qilgan musulmon imondan chiqadi, kofir bo'ladi”, deydilar». Imom Moturidiy esa ularni rad etib, Yusuf surasining: «Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo'lur», (87-oyat) oyatini dalil qilib keltiradi. Gunohi kabira borasida Imom Moturidiy ahli sunnaning e'tiqodini bayon qilib aytadiki: «Mo'min fosiq bo'lsa, unga tavba vojib bo'ladi. Qur'oni karimda: “(Ey Muhammad!) O'z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bo'lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag'firat qilur. Albatta, Uning o'zi Mag'firatli va Rahmlidir”, deyilgan» (Zumar surasi, 53) oyatni hujjat qilib keltiradi.
Ahli sunna ulamolari ittifoqiga ko'ra, katta (kabira) gunoh sodir etgan kishi qilgan ishini halol sanamas ekan, hargiz kofir bo'lmaydi va u banda do'zaxda abadiy qolmaydi.
Yuqorida sanab o'tilganlar oqimlar da'vo qilayotgan soxta g'oyalar ahli sunna val jamoa e'tiqodiga mutlaqo ziddir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qibla ahlidan biror kishini, garchi gunohi kabira qilsa ham, kofirga chiqarmaslikka buyurganlar. Sahobai kiromlar ham qibla ahlining hech birini kofirga chiqarmaganlar.
Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: «Qachon kishi o'z birodariga “Ey, kofir” desa, ikkovlaridan biri o'shandoq bo'ladi», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ya'ni, haligi odam kofir bo'lmasa, uni kofir degan odamning o'zi kofir bo'ladi.
Hanafiy ulamolar esa kishining kofirligiga to'qson to'qqizta dalil bo'lib, unday emasligiga bitta dalil topilsa, o'sha bitta dalil olinishi lozimligini aytadilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh esa: “Ashoblarimizdan hech kim qibla ahlidan bo'lgan ahli havoni kofirga chiqarishni aytmagan. Bir narsani vojib yoki harom deyish, birovga savob yoki azob berish, birovni kofir yoki fosiq deb hukm qilish Allohning ishidir», deganlar.
Hulosa qilib aytganda, xorijiylar, mu'taziliylar kabi firqalar tomonidan takfir masalasi ahli sunna val jamoa e'tiqodiga zid tarzda talqin qilingan. Hozirgi kunda Islom niqobi ostida faoliyat olib borayotgan turli oqimlar musulmonlarni qilgan amali bois kofirga chiqarish orqali o'zlarining jinoyatlarini oqlamoqdalar. Biroq bularning bari dinimiz ta'limotiga ziddir.
Raufjon RAShIDOV
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati