ٱللَّهُ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ ٱلۡحَيُّ ٱلۡقَيُّومُۚ لَا تَأۡخُذُهُۥ سِنَةٞ وَلَا نَوۡمٞۚ لَّهُۥ مَا فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَمَا فِي ٱلۡأَرۡضِۗ مَن ذَا ٱلَّذِي يَشۡفَعُ عِندَهُۥٓ إِلَّا بِإِذۡنِهِۦۚ يَعۡلَمُ مَا بَيۡنَ أَيۡدِيهِمۡ وَمَا خَلۡفَهُمۡۖ وَلَا يُحِيطُونَ بِشَيۡءٖ مِّنۡ عِلۡمِهِۦٓ إِلَّا بِمَا شَآءَۚ وَسِعَ كُرۡسِيُّهُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضَۖ وَلَا ئَُودُهُۥ حِفۡظُهُمَاۚ وَهُوَ ٱلۡعَلِيُّ ٱلۡعَظِيمُ٢٥٥
"Kursiy oyati" deb nomlangan ushbu oyati karima Qur'ondagi eng buyuk oyatdir, oyatlarning sayyidasidir. Uning fazilati va savobi haqida Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomdan bir qancha hadislar rivoyat qilingan. Hadisi shariflardan birida: "Kim har farz namozidan so'ng Kursiy oyatini o'qisa, jannatga kirishdan uni faqat o'lim to'sadi" (Nasoiy rivoyati), deyilgan.
Alloma Ibn Kasir o'z tafsirida ushbu oyatni o'nta mustaqil ma'noga ajratib tafsir qilgan. "Allohdan o'zga hech qanday iloh yo'qdir, faqat Uning O'zi bordir". Islom dini keltirgan shior, musulmonlar e'tiqodining asosi, tavhidning asl ma'nosi shudir. Sig'iniladigan, topiniladigan, hojatlar so'raladigan, hojatlarni esa ravo qiladigan, rizq beradigan, kengligu nochorlikda dargohiga bosh uriladigan, hidoyatga boshlaydigan va yo'ldan ozdiradigan faqat Uning O'zidir. Kim yagona ilohga sig'insa, Ungagina itoatda bo'lsa, ikki dunyo saodatiga erishadi. Kim Unga shirk keltirsa, Unga kimlarnidir, nimalarnidir sherik qilsa, imon-e'tiqodini boy beradi, abadiy azobga qoladi.
"U tirik va abadiy turuvchidir". Tiriklik Allohning zotiy sifatlaridandir, U hech qachon o'lmaydi, abadiydir. Maxluqotlarining turishi Uning turg'izishi bilandir. U butun koinot, borliq tizimini O'z ilohiy nizomi asosida boshqarib, harakatlantirib turadi. Eng mayda atom zarrasidan tortib milliardlab yulduz va sayyoralarni jamlagan ulkan borliqlargacha, hammasining mavjudligi va harakati ham Uning amriga ko'radir. Hishom ibn Ammor: "Baqara surasidagi Allohning Ismi a'zami "Allohu la ilaha illa huva, al-Hayyul Qoyyum" kalimasidir", degan.
"Uni mudroq ham, uyqu ham olmaydi". Alloh taoloda hech qachon charchoq, uyqu yoki g'aflat bo'lmaydi. Bandalarining biror xatti-harakati yoki lahzasi Uning nazaridan chetda qolmaydi: U hamma narsani ko'rib, kuzatib, boshqarib, tarbiyat qilib turadi. Agar Uni uyqu yoki g'aflat olganida zaminu koinotdagi o'ta daqiq nizom izdan chiqishi, olamlar hayoti ostin-ustun bo'lib ketishi muqarrar edi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo mazkur qavl xususida bunday degan: "Muso alayhissalom farishtalardan: "Alloh ham uxlaydimi?" deb so'radi. Shunda Alloh taolo farishtalarga Musoni uch kun uxlashga qo'ymay, bedor tutishni buyurdi. Ular amr etilganidek qilishdi. Keyin Muso alayhissalomning qo'liga ikkita idishni tutqazib: "Bularni sindirib qo'yma" deya ogohlantirishdi. To'rtinchi kechaga o'tganida hazrati Musoni mudroq bosa boshladi. Qo'lda esa bittadan idish, goh uyg'onib, goh mudroq bosib turibdi. Oxiri uxlab qolib, qo'llaridagi shisha idishlarni bir-biriga urib sindirib qo'ydi". Ibn Abbosning so'zlariga qo'shimcha qilib Muammar: "Bu misol bilan Alloh taolo Musoga: agar U uxlasa, osmonlaru Yer ham xuddi shunday chilparchin bo'lib ketishini anglatdi", deydi. Ibn Abu Hotim Ibn Abbos roziyallohu anhumodan shunday rivoyat qiladi: "Bani Isroil bir kuni Muso alayhissalomdan: "Parvardigoring ham uxlaydimi?" deb so'radi. Hazrati Muso: "Allohdan qo'rqinglar", dedi. Shunda Alloh taolo payg'ambariga nido qilib: "Ey Muso, ular sendan Parvardigoring uxlaydimi, deb so'rashdi. Bas, ikki shisha idishni ol, so'ng ularni kechasi bilan tik holda tutib chiq", dedi. Muso aytilganidek qildi. Kechaning uchdan biri o'tganida uni uyqu bosa boshladi, hatto cho'kkalab qoldi. So'ng zo'rlab uyquni haydamoqchi bo'ldi va idishlarni qo'lga olib turdi. Ammo kechaning uchinchi qismiga borganda uyqu zo'rlik qili uxlab qoldi va shishalarni sindirib qo'ydi. Shunda Alloh taolo: "Ey Muso, agar Men uxlasam, osmonlar va Yer mana shunday chilparchin bo'lib ketadi", dedi. Shunda Alloh azza va jalla payg'ambari hazrati Muhammadga (O'zining sifatini keltirib) Kursiy oyatini tushirdi".
"Samovotu Yerdagi bor narsalar Unikidir". Osmonlar va Yerdagi, butun borliqdagi hamma narsa Alloh taolonikidir, Uning amri va saltanati ostidadir. Jamiki mavjudot yana Uning O'ziga qaytadi. Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi: "Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga tegishlidir. Alloh har narsaga qodirdir" (Oli-Imron, 189); "Osmonlar va Yerning podshohligi Allohga xosdir. Qaytish ham Alloh huzurigadir" (Nur, 42).
"Huzurida hech kim Uning iznisiz qo'llay olmaydi". Bu Alloh taoloning azamati, kibriyosi, buyukligi va ulug'ligidandir. Uning huzurida hech kim boshqa birovni shafoat qila olmaydi. Hatto suyukli payg'ambari Muhammad alayhissalom ham. Faqat Uning izni bilangina yordam berishlari mumkin. Shafoat haqidagi hadisda bunday deyilgan: "Men Arsh ostiga borib, o'zimni sajdaga tashlayman va shu holatimda Alloh xohlagan muddatga qolaman. So'ng menga: "Boshingni ko'tar, gapir – eshitilasan, shafoat qil – shafoating qabul qilinadi", deyiladi. Keyin menga bir chegara belgilab beriladi va ularni jannatga olib kiraman". Dunyo hayotida inson kimlarningdir oqlovi, yordami bilan muammo-mashaqqatlaridan qutulib qolishi mumkin, ammo oxiratda ona o'z farzandiga, aka inisiga, do'st suyukli do'stiga, payg'ambar ummatiga o'zicha yordam bera olmaydi, hammasi buyuk Allohning izni bilan bo'ladi.
"U ularning oldilaridagi va ortlaridagi bor narsani biladi". Alloh taoloning ilmi va hikmati nihoyatda keng, qamrovi ulug'dir. Uning ilmi maxluqotlarning o'tmishiyu kelajagini bus-butun qamrab olgan. U hamma narsani ko'rib-bilib turadi, zarracha narsadan bexabar qolmaydi. Bandalarining oshkora va pinhona qilgan barcha ishlari Unga ayon, hatto ularning xayolidan o'tgan fikrlarni ham bilib turadi. Shunday ekan, nega insonlar biror sirining boshqalarga oshkor bo'lishidan nihoyatda qo'rqishadiyu, ammo barcha sirlardan hamisha xabardor Zot bo'lmish Parvardigorlaridan qo'rqishmaydi, Unga itoatsizlik qilishadi?!
"Va ular Uning ilmidan faqat O'zi istagan narsalarnigina biladilar". Agar Alloh bildirmasa, Uning ilmidan hech kim hech narsani bila olmaydi. Insoniyat tarixi davomida qilingan barcha kashfiyotlar – uy qurish, uchoq, mashina va kemalarni yasash, murakkab dastgohlarni o'ylab topish – bularning bari Alloh bergan ilmu hikmat tufaylidir. Odam alayhissalomdan boshlab inson nasliga hamma narsani, hatto ularning nomigacha Alloh azza va jallaning O'zi o'rgatgan. Ishoq Nyutonga butun olam tortishish qonunini, Dmitriy Mendeleevga elementlar davriy sistemasini, Albert Eynshteynga nisbiylik nazariyasini kashf etishga ham Alloh taolo bergan ilm va iqtidor, zakovat, aql-idrok qo'l kelgan.
"Uning Kursisi osmonlar va Yerni o'zida sig'dira olur". Mazkur oyati karimaning "Kursiy" deyilishi ana shu lafzga ko'radir. Ibn Abu Hotim Ibn Abbosning "Kursi"ni "ilm" deya tafsir qilganlarini aytadi. Bundan "Allohning ilmi osmonlar va Yerdan kengdir, ularni qamrab olgandir", degan ma'no chiqadi. Ba'zilar Kursini Arsh, deya ta'riflashgan. Ammo Arsh boshqa, Kursi boshqaligi, Arsh Kursidan katta ekani haqida sahih hadislar bor. Ayrim ulamolar Kursidan murod Allohning saltanati, deyishadi. Abu Molik: "Kursi Arshning tagida o'rnashgan", deydi, Suddiy esa: "Osmonlar va Yer Kursining ichida, Kursi esa, Arsh oldida turadi", deb tushuntiradi. Allohning Kursisi ana shunday buyuk, Uning Arshi Kursidan ham buyuk, O'zining buyukligiga esa hech bir misl, taqqos yoki qiyos yo'qdir.
"Ikkisini himoyatida saqlab turish Unga og'ir kelmaydi". Alloh taolo shundayin cheksiz qudrat egasiki, osmonlaru Yerni, undagi mavjudotlarni hifzu himoyatda ushlab turish Unga zarracha malollik, mashaqqat yoki qiyinchilik tug'dirmaydi. Maxluqotlarni halokatga uchratish, Yeru osmonlarni ostin-ustin qilish yoki ularni omonlikda tutib turish faqat Uning ixtiyoridadir. Hamma narsa Uning huzurida xor, haqir va zalildir.
"U eng yuksak va buyukdir!" Alloh taoloning eng oliy, eng buyuk ekani hech qanday isbot-dalil talab etmaydigan ulug' haqiqatdir. Allohning buyukligi U yaratgan mavjudotlarda ham yaqqol namoyondir. Ko'zga arang ilinadigan eng mayda chivin va hasharotlarga ko'z, quloq, og'iz bergani, ovqat hazm qilish a'zolari, qon tomirlari va eganini chiqarish uchun teshikkacha yaratib qo'ygani, ularga ovqatni qanday topish, qanday nasl qoldirish yo'llarigacha o'rgatib qo'ygani Alloh azza va jallaning buyukligiga dalolat emmasmi? Yer yuzidagi milliardlab maxluqlarining birortasini esdan chiqarmay bariga rizq berib qo'ygani ham Uning buyukligiga dalil emasmi?
Mo'minlar Alloh taolodan o'zga hech qanday tangri, iloh yo'qligiga, jamiki olamlar va maxluqotlar Uning mulki ekaniga imon keltirishgan. U hamisha tirik va abadiydir. Hech kim boshqalarni Uning iznisiz shafoat qilib, qo'llay olmaydi. U insonlargacha bo'lgan va ulardan keyin bo'ladigan narsalarni ham biladi, insonlar esa Uning O'zi anglatganidan boshqasini bila olishmaydi. Uning Kursisi-Arshi barcha osmonlaru va Yerdan ham kengdir.
Kursiy oyati haqida juda ko'p hadisi shariflar bor: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Oyatul Kursiy Qur'onning to'rtdan biriga teng", deganlar" (Ahmad rivoyati); Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Kim to'shagiga yotayotganida Kursiy oyatini o'qisa, Alloh tomonidan unga bir qo'riqchi qo'yilib, tong otgunicha unga shayton yaqinlasha olmaydi" (Buxoriy rivoyati).
Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.
– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.
– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...
Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.
Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi” (Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...
Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.
Akbarshoh Rasulov