Bismillahir rahmonir rahim!
«Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo'lsangiz. Sizlardan kim bu oyda hozir bo'lsa, unda ro'za tutsin» (Baqara surasi 183-oyat) deb marhamat qilib, muborak Ramazoni sharif oyining ro'zasini sizu bizga mehr-muruvvat tariqasida farz qilgan Parvardigori olamga behisob hamdu sanolarimiz bo'lsin!
«Kim Ramazon ro'zasini imon bilan, savob umidida tutsa, o'tgan gunohlari mag'firat qilinadi»(Imom Buxoriy rivoyatlari) deb marhamat qilgan habibimiz, ko'zimiz nuri, boshimiz toji Janobi Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga cheksiz salavot-shariflarimiz va salomlarimiz bo'lsin!
Qadrli yurtdoshlar!
Kechagina orziqib kutilgan “oylar sultoni” muborak Ramazoni sharifni intiqib kutib olgan edik... Bugun esa bu qutlug' oyni kuzatib qo'ymoqdamiz... Mehribon Parvardigorimizga beadad shukrlarki, muborak Ramazoni sharif ro'zasini ado etishni nasib qildi. Mo'min-musulmonlarimiz subhidamda saharlik dasturxoni atrofida jamuljam bo'lib, qalblaridagi eng buyuk orzular, ezgu maqsadlar ro'yobga chiqishini Yaratgandan so'radilar. Huddi shunday fayzli oqshomlarda iftorlik qilib, taroveh namozlariga oshiqdilar, Qur'oni karimni eshitib, ko'zlarida halqalangan yoshlar bilan Olamlar Parvardigoriga munojotlar qildilar. Zero, Muborak Ramazoni sharif oyi – duolar shak-shubhasiz ijobat bo'ladigan oydir.
Ming shukrlar bo'lsinki, bu yil mamlakatimiz bo'yicha 2000 mingdan ziyod masjidlarimizda taroveh namozlari o'qildi, 1400 ga yaqin masjidda xatmi Qur'onlar bo'lib o'tdi. Yurtimizdagi qorilarimiz yildan-yilga ko'payib borishi bilan birga, xorij mamlakatlarida, xususan, Amerika Qo'shma Shtatlari, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina davlatlarida xatmi Qur'onga ham o'tdilar.
Halqimiz mehr-oqibat, o'zaro hurmat va hamjihatlik singari o'ziga xos zzgu fazilatlarni asrlar davomida qadrlab keladi. Ayniqsa, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug'lashdek ezgu amallar so'nggi yillarda yanada rivojlanib, taraqqiy etib, yangicha ma'no-mazmun kasb etib bormoqda.
Muborak Ramazoni sharif oyi xalqimizning ma'naviy-ruhiy hayotida alohida o'rin tutadi. «O'zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrik»larida muhtaram Yurtboshimiz har birimizga qarata shunday dedilar: “...Islom dini – avvalo, tinchlik va do'stlik, ahillik va birdamlik, bilim va ma'rifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim.
Bugungi osuda hayotimizning qadriga etish, jamiyatimizda hukm surayotgan turli millatlar va elatlar, diniy konfessiyalar o'rtasidagi bag'rikenglikni, fuqarolar orasidagi o'zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash barchamizning asosiy burchimizdir.
Binobarin, diniy qadriyatlarimizni, milliy o'zligimizni ulug'lab yashash bilan birga, davr talabi bo'lgan zamonaviy ilm-fan yutuqlari, axborot texnologiyalarini egallashga alohida e'tibor qaratishimiz, yosh avlodimizni umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashimiz kerak.
Hurmatli ulamolarimiz, imom-xatiblarimiz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, muhtaram nuroniylarimiz – keng jamoatchilik yaqin hamkorlikda bu borada yanada faol va samarali ish olib boradilar, deb ishonaman”.
“Men ham shu xalqning farzandiman, shu yurtning bolasiman!” degan har bir inson uchun Prezident bildirgan o'ta katta ishonch va juda ham yuksak hurmatni oqlash – ham farzi, ham qarzi, ham burchidir!
Muqaddas islom dinining ustunlaridan biri bo'lgan bu fayzu barakotli oy o'zining shukuh va tarovati bilan kishilarni hidoyatga chorlaydi. Muborak Ramazon hayiti yurtimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi yurtimizda muqaddas dinimizga davlatimiz, hukumatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikning amaldagi yorqin ifodasidir.
Muborak Ramazoni sharif oylari davomida xayriya tadbirlari doirasida kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan, ehtiyojmand oilalarga sahovatpesha va savobtalab yurtdoshlarimiz tomonlaridan oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berildi. Shuningdek, 9 may – Hotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, nuroniylar holidan xabar olinib, Mehribonlik, Muruvvat va Sahovat uylariga moddiy va ma'naviy yordamlar ko'rsatildi.
Hayr-sahovat, mehr-muruvvat oyi bo'lmish muborak Ramazoni sharifda mo'min-musulmonlarning himmati baland, shijoati yuksak bo'ldi, qarindosh-urug'lar, qo'ni-qo'shnilar, keksalar, bemorlar, muhtojlar ko'ngli olinib, Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etilib, fitr sadaqa hamda fidyalar berildi.
Muhtaram azizlar, yil davomida mana shunday oliyhimmatlik va qo'li ochiqlik qilishda bardavom bo'laylik!
Muhtaram azizlar!
Muborak Ramazon hayiti – ezgu amallar ayyomidir! Uni o'zaro mehr-oqibat, bag'rikenglik va sahovat ruhida kutib olishda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari juda ham faol ishtirok etmoqdalar.
Ushbu ulug' ayyom millatimiz ma'naviyatiga xos mehr-oqibat, ahillik, o'zaro hurmat-izzat singari fazilatlarni yurtdoshlarimiz qalbida yanada mustahkamlab, yosh avlod ongiga singdirib, ertangi kunimizning yanada charog'on bo'lishini, ezgu maqsadlarimiz ijobatini ta'min etish uchun qulay fursatdir. Shu bois, eng katta boylik – tinchlikni mustahkamlash, uni doimo asrash har birimizning burchimizdir!
Muborak Ramazon hayitining xalqimiz ma'naviy hayotida tutgan o'rni va ahamiyatini targ'ib etish, yosh avlodni istiqlol g'oyasiga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan targ'ibot tadbirlari tashkil etildi.
Chinakam Qur'on va sabr oyi, ibodat oyi bo'lgan muborak Ramazoni sharifning fayzi, shukuhi kelasi muborak Ramazoni sharif oyigacha tatisin. Bu oyda kurrai zaminga butun borliqdan rahmat nurlari, mag'firat nurlari yog'iladi, chunki fayzli Ramazon oqshomlarida masjidlarimiz to'lib-toshib, taroveh namozlarida Qur'on tilovatlari o'qiladi.
Bu oyda er yuziga barakot yog'iladi. Chunki muborak Ramazoni sharifning imtiyozlaridan foydalanib, ajru savoblarni minglab chandon oshirib olish niyatida zakot, fitr, fidya kabi moliyaviy ibodatlar, sadaqalar, xayru ehsonlar aynan shu oyda ko'proq ado etiladi. Alloh taoloning sinovida matonat ko'rsatayotgan muhtojlar, ko'ngli yarimlar, rizqi tor odamlarga mehr-muruvvat ko'rsatiladi, bemorlar, nuroniy otaxon-onaxonlar ziyorat qilinadi, arazlashganlar yarashtiriladi.
Bir oylik ertayu kech qilingan ana shunday qizg'in ibodatlarga mukofot o'laroq, gunohlarimiz mag'firat qilinib, aybu nuqsonlarimiz kechirilib, ularning o'rnilariga behisob-behisob savoblar yoziladi. Shuning uchun ham bu oyning avvali – rahmat, o'rtasi – mag'firat, nihoyasi esa – do'zaxdan najotdir.
Alloh taoloning eng ulug' farishtasi Hazrati Jabroil alayhissalom aytar ekanlar:
"Agar Alloh taolo menga “daryo, dengiz, okeanlarda qancha suv borligini o'lchab kel”, desa, o'lchab kela olaman.
Agar “sahroyu, cho'llarda qancha tuproq zarrasi borligini sanab kel”, desa, sanab kela olaman.
Agar dunyodagi hamma o'simlik va daraxtlardagi barglarini sonini sanashni buyirsa, uni ham uddasidan chiqaman...
Lekin Muhammad sallallohu alayxi vasallamning ro'zador ummatlariga beriladigan savobini aslo sanay olmadim!"
Mehribon Parvardigorimiz hammalarimizga ham mana shunday ulug' va beqiyos savoblaridan ato etsin!
Barcha yurtdoshlarimizni muborak Ramazon hayiti bilan samimiy qutlaymiz! Alloh taolo bu ulug' oyda o'qilgan Qur'on tilovatlari sharofatidan yurtimizga fayzu ilohiy, xayr-baraka yog'dirsin!
Muhtaram azizlar, bunday fazilatli ulug' muborak kunlarni g'animat bilib, yurtimizning, el-xalqimizning, oilamizning, yaqinlarimizning, Yer yuzidagi barcha insonlarning haqlariga Yaratgandan yaxshi tilaklar so'raylik...
Mehribon Parvardigorimiz oilaviy hayot, o'qish, ish, dehqonchilik, kasb-korlarimizda ko'pdan-ko'p omadlar, muvaffaqiyatlar, xayr-barakalar, baxt-saodatlar, xursandchiliklar ato etsin!
Halqimiz boshidan koronavirus balosini tezroq ko'tarsin! Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, xalqimiz hayotini, turmushini bundan-da ma'mur va farovon aylasin! Mehribon Parvardigorimiz kelasi muborak Ramazoni sharif oylariga ham sihat-salomatlikda, tinchlik-xotirjamlikda, huzur-halovatda, bag'ributunlikda etishimizni nasib qilsin!
Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, aziz Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, muborak dinimiz kamoloti yo'lida olib borilayotgan barcha xayrli ishlarda Alloh taolo madadkor bo'lsin!
Parvardigori olam barcha bemorlarimizga O'zi shifosini bersin!
Koronavirus infektsiyasini tez fursatda daf etib, turli balo-qazo, ofatu kulfat, dardlardan, turli viruslardan O'zi asrasin!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati