Shu kunlarda mo'min-musulmon xalqimiz uzoq yillardan buyon iste'molida qo'llab kelgan Ramazon hayitidan avvalgi kunni “Arafa” deyish masalasida turli bahs-munozaralar keng tarqalmoqda.
Keyingi paytlarda diniy va urfiy mavzularda odamlar o'rtasida turli tushunmovchiliklar ham ko'payib bormoqda. Kunning mavzusiga keladigan bo'lsak, Ramazon oyi nihoyasidagi kunni arafa deyishni rad etish haqida chiqishlar ko'payib ketdi.
Ma'lumki, Qurbon hayitidan oldingi kun alohida Arafa kuni deb nomlanadi. Bu hammaga ayon, qo'shimga izohga ehtiyoj yo'q. Ammo, Ramazon hayiti oldidagi kunni arafa kuni deyilishi urfga binoan aytiladi. Halqimizda, nafaqat Ramazon hayiti oldidan, balki to'y arafasida, bayram arafasida, imtihon arafasida va hokazo iboralarni ishlatish odat tusiga kirgan.
Demak, Ramazon hayitidan bir kun oldinni “hayit arafasi” ma'nosida “Arafa”, deyish huddi biror muhim voqea-hodisaga yaqin fursatni “falon voqea arafasida” deb aytish kabidir. O'zbek tilining izohli lug'atida ham “Arafa” so'zi Makka shahri yaqinidagi tog' nomi, Qurbon hayitidan odingi kun kabi ma'nolarni ifodalash bilan birga bayram yoki biror tantanali kundan oldingi kun sifatida ham kelishi bayon etilgan.
Hullas, Ramazon hayitidan avvalgi kunni arafa deyish va yaxshi odatlarni qilish urfda mavjud. Urf esa, shariatga zid bo'lmasa e'tiborga olinadi. Bu kunda qo'shnilar bir-birlariga taom ulashishi kabi yaxshi odatlar ham bor. Zero, ulug' allomalarimiz “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Hadisi sharifda “Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal musulmonning qalbiga xursandlik kirgizishdir”, deyilgan.
Shu bilan birga mo'min-musulmonlarning Ramazon hayiti arafasi bilan o'zaro bir-birlarini muborakbod etishlarida ham shar'iy monelik yo'q. Zero, bu xuddi juma bilan muborakbod etish kabi xayrli odatlardan sanaladi.
Shunday ekan, ulug' ayyom kayfiyati kezib yurgan fayzli damlarda turli mavzularni ko'tarib chiqib, insonlarni bayram tadorigidan chalg'itish durust emas. Aksincha Alloh taolo mo'min-musulmonlarga bayram qilib bergan ikki iydni har qancha keng nishonlasak, mo'min-musulmonlarga xursandchilik ulashsak, shuncha manfaatli bo'ladi, insha Alloh.
Haq taolo Ramazon hayitini muborak aylasin, behuda ishlardan O'zi saqlasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati