Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Avvalgi ummatlarda ham namoz bo'lganmi?

16.11.2023   10799   1 min.
Avvalgi ummatlarda ham namoz bo'lganmi?

1137-CAVOL: Oldingi ummatlarda ham namoz ibodati bo'lganmi, bo'lsa qay tartibda o'qilgan?

 JAVOB: Bismillahir rohmanir rohiym.

Ha, oldingi ummatlarda ham bizdagi namoz, ro'za va zakot kabi ibodatlar bo'lgan. Bunga Alloh taoloning Ismoil alayhissalom haqida aytgan so'zi dalolat qiladi:

وَكَانَ يَأْمُرُ أَهْلَهُ بِالصَّلَاةِ وَالزَّكَاةِ وَكَانَ عِنْدَ رَبِّهِ مَرْضِيًّا

“U ahlini namozga va zakotga buyurar edi va Robbi huzurida rozi bo'lingan edi” (Maryam surasi, 55-oyat).

Ularning ro'zasi haqida shunday deyiladi:

يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

“Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro'za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo'lsalaringiz”. (Baqara surasi, 183-oyat).

Bu ibodatlarni ado qilish tartibi, tafsiloti haqida to'liq ma'lumot yo'q. Lekin o'tgan ummatlarning namozi haqida turli ma'lumotlar bor. Ba'zilari namozlarida ruku qiladiyu sajda qilmaydi. Ba'zilari sajda qiladi, lekin ruku qilmaydi. Ba'zilari namoz asnosida gapirsa, ba'zilari yurish mumkin, deydi.  Ro'zada ham ixtilof qildilar. Ba'zilari kunning yarmigacha ro'za tutdilar, ba'zilari ma'lum bir taomlardan o'zlarini tiydilar. Bu ibodatlarning barchasida Alloh taolo Muhammad alayhissalom ummatini eng to'g'ri yo'lga boshladi va hozirgacha ushbu ko'rsatmaga amal qilib kelmoqdalar.

Vallohu a'lam.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

FATVOLAR
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   42611   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari