"Ey, yaxshilik talabida yurgan banda, shoshil"
Ramazon oyi insonlarga qarata nido qiladi: "Ey yaxshilik talabida yurgan banda, shoshil, Allohning rahmati, mag'firati va do'zahdan ozod qilishida hammadan o'zib ket. Nasfingga qarshi Rahmon zotning rizosiga etish uchun kurash. Ey, yomonlik talabidagi banda, bu ishingni to'xtat, ma'siyatlardan tiyil. Alloh taologa tavba qil. Mana shu oyda Alloh taologa qarshi bo'lishni bas qil!"
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Ramazon oyining birinchi kechasida shaytonlar va isyonkor jinlar kishanlanadi. Jahannam eshiklari yopiladi, birorta eshigi ham ochiq qolmaydi. Jannat eshiklari ochiladi, birorta eshik ham yopiq qolib ketmaydi. Bir nido qiluvchi: "Ey yaxshilik talabidagi (banda) shoshil, ey yomonlik talabidagi (banda) bas qil!", deb nido qiladi", dedilar.
Haqiqiy ro'za sohibini savobli ishlarga chorlaydi, unga yaxshiliklarni chiroyli qilib ko'rsatadi. Uni ma'siyat va gunohlardan uzoqlashtiradi. Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Ramazonga etisha turib, mag'firat qilinmay qolgan bandaning burni erga ishqalansin", dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki yolg'on, bo'hton so'zni va unga amal etishni tark etmasa, uning emay-ichmay tutgan ro'zasiga Allohning hojati yo'q", dedilar.
Ba'zi salafi solihlar: "Eng oson ro'za faqat eyish va ichishdan tiyilishdir. Chunki buni hamma qila oladi", deyishgan.
Qalbni Allohga bog'lash, tilni g'iybat, bo'xton va yolg'ondan tiyish, quloqni bekorchi kuy-qo'shiq va birovlar haqida aytilgan turli gaplarni eshitishishgan saqlash, tilni gunoh va fohisha so'zlarni aytishdan asrash, qo'llarni haromni ushlash va musulmonlarga aziyat berishdan asrash, oyoqlarni haromga borishdan asrash ila tutilgan ro'za Alloh taolo O'zining kalomida sifatlagan taqvoga etish uchun bir vasila bo'ladi.
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
"Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilganidek, sizlarga ham ro'za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo'lsangiz".
Demak, oyatda talab qilingan taqvodorlikka yuqorida sanab o'tgan amallar ila etamiz.
Ramazon oyida mo'min banda uchun nafsida ikki narsa jamlanadi. Birinchi, kunduzi ro'za bilan jihod qilishlik. Ikkinchisi, kechasi "qiyomul layl" bilan jihod qilishlik. Kimdaki mana shu ikki jihodni jamlasa, haqlarini ado qilsa va qiyinchiliklariga sabr qilsa, unga behisob ajr-hasanot yoziladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Odam bolasining barcha amali o'zi uchun. U amallari uchun o'ntadan etmishtagacha ajr oladi. Alloh taolo aytadi: "Ro'za men uchundir. Uni ajrini o'zim belgilayman"".
Kimga Alloh taolo rahm qilsa u rahm qilinganlardan bo'libdi. Kim ramazondagi yaxshiliklardan mahrum bo'lsa, u barcha yaxshiliklardan mahrum bo'libdi. Kim oxirat uchun hech narsa g'amlab olmagan bo'lsa, u malomatga uchraganlardan bo'libdi.
Alloh taolo har kuni jahannamdan bandalarini ozod qiladi. Biz ham ulardan bo'la olamizmi?!
“Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi mudiri F.Homidov
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV