Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyun, 2026   |   15 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:52
Peshin
12:26
Asr
17:34
Shom
19:54
Xufton
21:29
Bismillah
02 Iyun, 2026, 15 Zulhijja, 1447

Eshik poylab o'tgan matonat va sadoqat sohibalari

10.05.2021   2205   12 min.
Eshik poylab o'tgan matonat va sadoqat sohibalari

(Bekitilgan qora xat)

Urush haqida, yurtdoshlarimizning frontdagi mislsiz jasorati, burchga, Vatanga, oilasiga, seviklisiga sadoqati to'g'risidagi gaplarni ko'proq kinolarda ko'ramiz. Biz va avlodlarimiz urush yillaridan tobora uzoqlashganimiz sari jangchilar hamda front ortidagi kishilarning oliy insoniy fazilatlarini kitoblarda o'qiymiz.

Ayni bolalik pallasi ikkinchi jahon urushi davriga to'g'ri kelgan qanchadan qancha yutdoshlarimiz bo'lgan. Ularning ba'zilari bugun munkillab, 90 yoshni qoralab qarilik gashtini surishmoqda. Ular bilan suhbatlashganimizda bu qirg'inning hali tesha tegmagan mavzulari va aytib tugatilmagan xotiralari borligiga amin bo'lamiz. Oradan shuncha yil o'tgan bo'lsa-da u damlar hamon chuqur qayg'u bilan eslanadi.

Bu mavzuda eslatganimiz uchun ba'zan faxriy keksalarimizning og'riqli nuqtalarini qo'zg'ab qo'ymayapmizmi, degan istihola qalbimizni egallaydi. Nima bo'lganda ham bugungi yoshlar urushning nimaligi, qanday asoratlar keltirib chiqarish mumkinligini hamda tinchlikning qadrini bilish zarurligini his etib, xotirlay olsa, biz bundan mamnunmiz.

Bu hali ham adib, tarixchi, faylasuf va pedagoglar tomonidan to'la o'rganilmagan bir mavzu. Olti yoshdan dalada boshoq tergan, sakkiz yoshda ot etaklab paykal oralagan, o'n yoshidan ketmon bilan g'o'zani chopiq qilgan, o'n ikki yoshidan imoratga g'isht tergan bolalar keyinchalik, mamlakatimiz mustaqilligining qaror topishida ham munosib hissa qo'shishdi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Halqimizda: “Otasiz etimlik – gul etimlik”, deb bejiz aytilmagan. Urush va undan keyingi yillar beva onalar halok bo'lgan erlari o'rniga oilada erkak vazifasini bajarishgan. Otasiz o'sgan o'g'il bolalar – tezroq erkak bo'lib, qizlar – iffatli kelinchak bo'lishga majbur bo'lgan. Ular aqlini tanishlari bilanoq, otalari o'rniga mehnatga jalb etilgan. Ularni hayot shunday qilib tarbiyalagan.

Urushda halok bo'lganlarning uyiga “qora xat” kelgan. Pochta xodimlari bunday xatlarni eltib berishdan qo'rqishgan. Qaysi eshikka xat kelsa, biror daqiqadan so'ng, bu erdan dod-faryod ovozi eshitilgan. Shuning uchun xatlarni, asosan, ruslar tashir ekan. Pochtal'onni esa “shumqadam” deyishar ekan.
Bugun o'sha mash'um urush davri bolalari bo'lgan bobolar, momolarning nomlari mangu, jasoratlari unutilmasdir. Urush tufayli o'sha vaqtda 6 yarim million aholisi bo'lgan O'zbekistondan 1 433 230 nafar odam frontga safarbar qilingan. Shulardan: 420 ming kishi halok bo'lgan. 120 ming nafari bedarak ketgan. 640 ming kishi esa nogiron bo'lib qaytgan! Holbuki, ularning hammasi urushga ketayotib tog'ni ursa talqon qiladigan norg'ul yigitlar bo'lgan.
Bu raqamlar ortida shuncha tul qolgan ayollar, qizlarning bo'lganini, yuz minglab farzandidan ayrilgan ota-onalarni, otasiz qolgan etim bolalarni ham o'ylab ko'ring!

Ular ham birin-ketin o'tib ketishyapti. To'g'ri, otalar jang qilishgan, ammo urush azobini onalar ko'proq tortishgan desak, yanglishmagan bo'lamiz. Ona bunday e'zozga qahramon erlari bilan barobar sazovor zotdir!

Shunga yaqin mulohazalar haqida aynan bolaligi urush va undan keyingi yillarga to'g'ri kelgan otaxonlar bilan suhbatlashganimizda qalbimiz g'urur va iftifor tuyadi. 1937 yil 26 sentyabr' kuni Toshkent shahrida tug'ilgan jurnalist va publitsist Anvar aka TOJIYeV ham shunday ustoz otaxonlardan biridir. Anvar aka urushning mash'um tarixiy voqealarini so'zlar ekan, o'zining boshidan o'tkazganlarini ham gapirib berdi.

– Otam Tojiyev Zohidni 1942 yilning 21 yanvar' kuni qarindosh-urug'lar ila yig'i-sig'i va duoi-fotiha bilan urushga kuzatdik. Osmon ayoz, kun juda sovuq edi. Hovlida otam kuzatishga kelgan o'rtoqlari bilan gaplashib turgan holatlari hamon xotiramda...

O'sha paytda ukam – Rustam endi emaklayotgan go'dak edi...

Urush tugadi, ammo otamdan hech qanday darak bo'lmadi. Oradan bir necha yil o'tib, Kalinin frontining allaqaysi qismida bo'lib o'tgan jangda otamning qahramonlarcha halok bo'lganini bilganmiz.

Bizning uyga ham “qora xat” kelgan. Uni olgan qarindoshlarmizdan biri ich-ichidan kuygan bo'lsa ham, fig'onini yuzaga chiqarmagan. Hatni yashirgan. Odatda bunday xatlar namatlarning tagiga yashirilardi. Hatni katta amakim ko'rib qolgan bo'lsa ham uyda yig'i-sig'i, aza ochilishiga yo'l qo'ymay yana bekitgan. Uydagilarning hammasi, hatto onam ham bu xatdan xabardor bo'lsa-da, urush tugashini, otamning yarador yoki bedarak ketganlar safidan chiqishidan umid qilib yashagan.

Bu vaqtda hovlimizdan to'rt kishi front va front orti ishlariga safarbar etilgan. Uch kishi halok bo'lgan, yana biri – 17 yoshli amakim og'ir jarohat olib qaytgan. Otamning yagona bojasi Abduhamid amakim otamdan bir kun keyin urushga kuzatilganida, onamning yagona singlisi hali birinchi farzandiga homilador bo'lgan. Farzand tug'ilganida amakim Harkov yaqinidagi jangda qatnashayotgan edi. U odamning hayot yo'li ham og'ir va iztirobli...

“Qora xat”ning izi yo'qolgan. Honadonimizda otamga atab aza ochilmadi. Hamma so'nggi daqiqalargacha “tirikdir, kelib qolar” degan umid bilan yashadi.
Onam 24 yoshida ikki farzandi bilan qolib, sabr-toqat ila otamni kutdi. Umr bo'yi “Kompressor” zavodida oddiy ishchi bo'lib ishlab, bolalarni voyaga etkazdi. Urush yillari va undan keyingi moddiy va ma'naviy qiyinchiliklar o'z ta'sirini ko'rsatdi. Kichik nevarasining aytishicha, uyda hech kim yo'qligida onam otamning suratini qo'liga olib, uzoq tikilar ekan. So'ng nevarasiga “Bobong – katta komandir. Yaqinda kelib qoladi” der ekan. Demak, bilardikki, onam hamon otamni kutardi!

Hammamizni umid bilan kutishga da'vat qilardi. Salkam ellik yil shu zaylda o'tsa ham, kutar edilar. U kishiga qo'shilib, biz ham otamizning kelishidan umidvor yashadik.

Mening fikrimcha, onam kabi urush davri ayollarining, sadoqat sohibalarining bardoshi oldida ertaklardagi vafo haqidagi afsonalar ham hech gap emasdi.
Bunga Alloh shohid! Bunga biz tiriklar guvohmiz.

Aytishlaricha, urushdan keyingi davrda bir kishi onamga odam qo'ydirib, turmushga chiqishi uchun roziligini so'ragan ekan. Shunda onam: “Ho'jaynim kelib qolsalar, ikki dunyom kuyadi-ku! Menga bu dunyoning farog'ati kerakmas. Nima bo'lsa, peshonamdan ko'rdim, kutaman!” degan ekanlar.
Onam umrining oxirida oz muddat qarilik nafaqasini oldilar. Frontda halok bo'lgan otam uchun ham nafaqa olishni istamadi.

Mash'um urush tufayli 47 yillik ayriliqdan so'ng onam ham olamdan o'tdi. Men ham onam vafot etgan kuni otamning ham halok bo'lganini his etdim. Shu kuni menga er kurrasini aylantirib turgan bir kuch go'yo to'xtab qolganday tuyuldi. Otamning rasmini ham onamning qabriga qo'shib dafn etdik. Har ikkovlariga bitta qabrtosh o'rnatdik. Otam va onamga janoza ham, aza ham birga o'tkazildi.

Ular biz uchun, bizdan keyingi avlodlarga er yuzining shamchirog'i, quyoshi, yulduzi, qo'yingki, butun borlig'i bilan bir timsoldir.

Munojot

... Onam vafotidan bir hafta oldin kichik o'g'limga kelin oldim. To'yda onamning o'zi bosh-qosh bo'ldi. To'yga kelgan yaqinlarimiz onam o'tirgan xonaga kirib, u kishini ziyorat etishar, to'y bilan tabriklab, duo olishardi. To'y ko'p qavatli uylar orasidagi hovlida bo'lgani uchun, onam tantanalarni yuqoridan yaxshi ko'ra olmadi. To'y tugab, odamlar tarqala boshlagach, taniqli hofiz Muhammadjon Karimovdan onam oldiga kirib, bir juft qo'shiq aytib berishini iltimos qildim.

Hofiz darhol dutorini olib, yuqoriga chiqdi. Bu daqiqalarni men bir umr unitolmayman.
San'atkor o'z mahorati bilangina emas, ayni vaqtda odamlar qalbiga yo'l topa olishi bilan “san'atkor” degan nomga sazovordir. Muhammadjon aka onamni ko'rib, vaziyatni darhol tushundi. Onamga atab mumtoz san'atimizning durdonasi bo'lgan ikki qo'shiq ijro etdi.

“Kecha kelgumdir debon, ul sarvu gulru kelmadi,
Ko'zlarimga kecha tong otguncha uyqu kelmadi.
Lahza-lahza chiqdim-u, chekdim yo'lida intizor,
Keldi jon og'zimga-yu ul sho'xi badhu kelmadi....”

Bu qo'shiq go'yo onam haqida edi...

Frontda halok bo'lgan erini qirq etti yildan beri yo'liga ko'z tikib kutgan sadoqat sohibasining nolasi edi...

Shoir Abdulla Oripov aytganidek,
“Munojot”ning kuyi shundayin og'ir bo'lsa,
G'amning o'ziga qanday chiday olgan odamzot”?
Chidagan!

Temir, po'lat emas, volfram, molibden, titandan ham chidamli ekan onalarning vujudi! 47 yil davomida po'lat qotishmalari ham g'am namida chirib ketardi, deb o'ylayman.

Onamning vujudi esa bu g'amga bardosh berdi!
Hofiz ikkinchi qo'shiqni boshladi:
“Qaro ko'zim kelu mardumlig' emdi fan qilg'il,
Ko'zum qarosida mardum kibi vatan qilg'il....”

Onam atrofida parvona bo'lib turgan singillari, farzandlari, kelinlar bir-biridan yashirinib yig'lashardi.
Hofiz xirgoyisi – onamning otam oldida o'z qasami, burchini bajargani va marhum jangchi ruhiga “tilovot”dek yangrardi.
Qo'shiq tugadi. Hamma yig'lardi. Faqat onam bardam edi. U kishi hofizni duo qildi. Ataganlarini hofizga tutqazib, menga chopon kiydirishni imo qildi.
Onam birinchi marta otam jangda halok bo'lganini tan olganini, taqdirga tan berib, umr yo'ldoshi – jasur jangchi yoniga ochiq yuz bilan borishini bizga bildirmoqchi edi, chamamda.

Biz hammamiz buni sezdikki, ushbu onlar onam uchun, otamiz, farzandlari va kelgusi avlodlar oldida rozi-rizolik damlari edi.
Bu voqeadan bir hafta o'tib, payshanba kuni kechqurun onam vafot etdi. Juma kuni Ko'kcha masjidida onamga qo'shib, otamga ham janoza o'qildi. Qabrlari yoniga bitta belgi qo'yib, gullar ekdik.

Oilaning kattasi – men otamni ikki-uch marta ko'rganim xotiramda qolgan. Ammo farzandlarimiz, nevaralarimiz jangchi bobosini yaxshi bilishadi. Kino yoki rasmlarda qahramon jangchini ko'rishsa, “ana, bobom”, deb chuvillashadi.

Shu tarzda onam Karomat aya va otamning aka-ukalari to bu dunyodan ko'z yumganlariga qadar umid bilan yashab, eshik poylab o'tib ketishdi...

Abduvohid O'ROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonlik hojilar 2-19 iyun kunlari yurtimizga qaytadi

02.06.2026   2058   1 min.
O‘zbekistonlik hojilar 2-19 iyun kunlari yurtimizga qaytadi
Bugun, 2 iyun kuni "Haj – 2026" mavsumining ilk ziyoratchilarini olib keladigan dastlabki samolyotlar Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi.



Ushbu dastlabki aviareyslar orqali Toshkent shahri ziyoratchilari yurtimizga qaytib kelishadi. Shuningdek, hojilarimiz respublikamizning 10 ta hududidagi xalqaro aeroportlarda tantanali ravishda kutib olish reja qilingan.

 Ma’lumot o‘rnida, haj safarini yakunlagan yurtdoshlarimizni Jidda shahridan olib kelish ishlari joriy yilning 19 iyun kuniga qadar izchil davom ettiriladi.

 Alloh taolo yurtdoshlarimizning haj ibodatlarini mabrur aylab, o‘z uylariga eson-omon yetib kelishlarini nasib qilsin!

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Yangiliklar