34- وَلَمْ يَفْضُلْ وَلِيٌّ قَطُّ دَهْرًا نَبِيًّا أَوْ رَسُولاً فِي انْتِحِالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Qilingan da'volarda biror valiy hech bir zamonda nabiydan yo rasuldan aslo afzal bo'lmagan.
Nazmiy bayoni:
Valiy biror da'voda hech bir zamon,
Nabiy yo Rasuldan afzal bo'lmagan.
Lug'atlar izohi:
– لَمْ nafiy, jazm va qalb harfi.
– يَفْضُلْ ma'lum jahd fe'li.
– وَلِيٌّ oilllikka ko'ra raf bo'lib turibdi. Lug'atda “yaqin bo'luvchi”, “to'xtovsiz ergashuvchi” kabi ma'nolarni anglatadi. Bu ism فَعِيلٌ vaznida bo'lganiga ko'ra unga ismi foil yo ismi maf'ul ma'nosini berish mumkin. Ismi foil ma'nosi berilsa: “Biror isyon aralashmasdan toat ibodati bardavom bo'luvchi” ma'nosini anglatadi. Ismi maf'ul ma'nosi berilsa: “Alloh taoloning fazlu marhamati unga to'xtovsiz yog'ilib turgan”, ma'nosini anglatadi.
– قَطُّ o'tgan zamon “istig'roqi” uchun keltirilgan zarfi zamon.
– دَهْرًا bu kalima “zamon”, “asr” va “uzun umr” ma'nolarini anglatadi. Bu erda zamon ma'nosi iroda qilingan. Zarflikka ko'ra nasb bo'lib turibdi.
– نَبِيًّا maf'ullikka ko'ra nasb bo'lib turibdi. Lug'atda “xabardor qilingan” yo “xabar beruvchi” ma'nolarini anglatadi.
أَوْ – “tafsiyl” ma'nosida kelgan atf harfi.
رَسُولاً – ma'tuf. Lug'atda “elchi” ma'nosini anglatadi.
– فِي “zarfiyat” ma'nosida kelgan jor harfi.
انْتِحِالِ – bu masdar o'ziga tegishli bo'lmagan narsani da'vo qilishga nisbatan ishlatiladi. Bu erda biror valiydan naql qilingan so'z yoki boshqalarning valiylar haqidagi so'zlari iroda qilingan. Ya'ni har qancha ulug'likka dalolat qiladigan da'volar bo'lmasin, valiy hech qachon payg'ambardan afzal bo'lmagan, deb e'tiqod qilish lozim.
Matn sharhi:
Valiylar hech qachon biror-bir payg'ambarning martabasiga eta olmagan. Bunday e'tiqod qilishga ushbu hadisda ochiq-oydin dalolat bor:
عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ قَالَ رَآنِي رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمْشِي اَمَامَ أَبِي بَكْرٍ فَقَالَ يَا أَبا الدَّرْدَاءِ اَتَمْشِي اَمَامَ مَنْ هُوَ خَيْرٌ مِنْكَ فِي الدُّنْيَا وَ الآخِرَةِ مَا طَلَعَتِ الشَّمْسُ وَلاَ غَرَبَتْ عَلَى أَحَدٍ بَعْدَ النَّبِيِّينَ وَالْمُرْسَلِينَ أَفْضَلَ مِنْ أَبِي بَكْرٍ. رَوَاهُ أَحْمَدُ بْنُ حَنْبَل
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening Abu Bakrning oldida yurganimni ko'rdilar va: “Ey Abu Dardo, dunyoda ham, oxiratda ham o'zingdan afzal bo'lgan kishining oldida yurasanmi? Nabiylar va rasullardan keyin Abu Bakrdan afzalroq biror kishining tepasiga quyosh chiqmagan ham, botmagan ham”, – dedilar”. Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Ya'ni barcha sahobalarning ulug'i, valiylar sultoni Abu Bakr roziyallohu anhu Nabiylar va Rasullardan keyin tursa, qolganlar shak-shubhasiz ulardan past darajada bo'ladilar.
Aslida, ushbu bayt ham karromiylar deb atalgan buzg'unchi toifaning qarashlaridan ommani ogohlantirish ma'nosida keltirilgan. Chunki valiy payg'ambarga ergashishi bilangina ushbu maqomga etishadi. Ergashuvchi esa ergashilgandan afzal bo'lmasligi hech kimga sir emas. Qolversa, payg'ambarlar ma'sum va yomon xotimadan omonda bo'lgan zotdirlar.
Valiylar va ularning karomatlari haqida “Aqoidun Nasafiy” asarida shunday deyilgan:
كَرَامَاتُ الاَوْلِيَاءِ حَقٌ فَيُظْهِرُ الْكَرَامَةَ عَلَى طَرِيقِ نَقْضِ الْعَادَةِ لِلْوَلِىِّ مِنْ قَطْعِ الْمَسَافَةِ الْبَعِيدَةِ فِى الْمُدَّةِ الْقَلِيلَةِ وَظُهُورِ الطَّعَامِ وَالشَّرَابِ وَاللِّبَاسِ عِنْدَ الْحَاجَةِ وَالْمَشْىِ عَلَى الْمَاءِ وَالطَّيَرَانِ فِى الْهَوَاءِ وَكَلاَمِ الْجَمَادِ وَالْعَجْمَاءِ وَغَيْرِ ذَلِكَ مِنَ الاَشْيَاءِ وَيَكُونُ ذَلِكَ مُعْجِزَةً لِلرَّسُولِ الَّذِى ظَهَرَتْ هَذِهِ الْكَرَامَةُ لِوَاحِدٍ مِنْ اُمَّتِهِ لاِنَّهُ يَظْهَرُ بِهَا اَنَّهُ وَلِىٌّ وَلَنْ يَكُونَ وَلِيًّا اِلاَّ اَنْ يَكُونَ مُحِقًّا فِى دِيَانَتِهِ وَدِيَانَتُهُ اَلاِقْرَارُ بِرِسَالَةِ رَسُولِهِ.
“Valiylar karomati haqdir. Uzoq masofani qisqa muddatda bosib o'tish, muhtoj paytda oziq-ovqat, ichimlik va kiyimlarning paydo bo'lishi, suv ustida yurish, havoda uchish, jonsiz va tilsiz narsalarning gapirishi va bulardan boshqa narsalarni (Alloh taolo) valiyga g'ayrioddiy yo'lga ko'ra paydo qiladi. Ummatlaridan biriga karomat sifatida paydo bo'lgan ushbu narsalar payg'ambarga mo''jiza bo'ladi. Chunki o'sha karomat sababli uning valiy ekani zohir bo'ladi. Valiy faqat va faqat o'z diyonatida haqiqiy bo'lishi bilan valiy bo'la oladi. Uning diyonati esa payg'ambarining payg'ambar ekaniga iqror bo'lishidir”[1].
Ha, valiylar payg'ambarlarning ummatlaridirlar, ular payg'ambarlari keltirgan shariatni mahkam tutib yashashga boshqalardan ko'proq intiladigan zotlar bo'lganlar. Ularning barchalariga Alloh taoloning rahmati bo'lsin.
KYeYINGI MAVZU:
Valiylar sultoni haqida
[1] Sa'duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 131.
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati