Alloh taolo odam bolasini borliqdagi hamma narsadan aziz-u mukarram qilib yaratgan. Qur'oni Karimda “Batahqiq biz bani Odamni aziz-u mukarram qilib qo'ydik”[1] − deyiladi. Alloh taolo borliqdagi turli tuman mavjudodlarning yaratguvchisi, ularni bir-biridan afzal qilib qo'ygan zotdir va u odam bolasini borliqdagi hamma narsadan azizu mukarram qilib yaratib qo'ydi.
Odam bolasining mukarramligi borasida so'z ketganda ulamolar inson tanasi va tabiatidagi turli darajadagi mukarramlik sifatlarini sanab beradilar. Avvalo odamning shakli - suvrati, barcha a'zolarni tuzilishi azizu mukarramlikdan dalolat berib turadi. Haqiqatan ham inson zotining tanasi boshqa mavjudotlarning tanasida farqli ravishda mukammal va nozik tuzilgan. Uning tashqi ko'rinishi ham boshqa maxluqotlarning suratida ko'rkamroq va chiroyliroq hisoblanadi. Buni inson tana a'zolarining biror hayvon tana a'zolari bilan qiyosab ko'rilishi ham tasdiqlaydi.
Shuningdek, Alloh taolo odam bolasini o'zi yaratib mukarram qildi va O'z ruhidan jon puflab ulug'ladi. Bunday sharafga hech bir maxluqot muyassar bo'lgan emas. Shu boisdan inson mukarramdir. Bas shunday ekan hech bir inson o'z nafsiga zulm qilishga va ozor etkazishlikka haqqi yo'q.
Inson mukarramligining yana bir ko'rinishi uning aqli va ma'rifat hosil qilish imkoniyatlarining mavjudligidir. Alloh taolo insonga o'zini tanishi, ma'rifatulloh hosil qilishi uchun unga ilm-ma'rifat, idrok va hissiyotni ato qildi. Ulamolar inson mukarramlini tavsiflaganlarida ayna mana shu sifatida alohida urg'u berib o'tadilar. Toki bu dunyoda hayot bor ekan, turfa xil odamlar va ularning ongu tafakkuridagi o'zaro tafovut va ziddiyatlar saqlanib qolaveradi. Aynan ana shunday turli dunyoqarashlar, bir-birini inkor etadigan oqim va yo'nalishlar mavjudligini tabiiy bir hol deb qabul qilishni hayot voqeligining o'zi talab etadi.
Shubha yo'qki, bugungi kunda na millat, na chegara va na din tanlamaydigan terrorizm sayyoramizning har qanday davlati siyosiy hayotidagi eng katta muammoga aylandi. Zo'ravonlik, boshqalar ustidan hukmronlik qilish istagi insonning tabiatida mavjud bo'lib, shayton vasvasasi, havoi nafs istagi oqibatida ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida o'zining vayronkorlik kayfiyatini namoyon qilib keldi. Uning ko'plab ko'rinishlaridan biri, bugunning global muammolaridan biriga aylangan, asr vabosi bo'lgan xudkushlikdir.
Bugungi kunda insoniyat aynan ushbu hodisadan tasavvur qilib bo'lmas darajada aziyat chekmoqda, millionlab begunoh insonlar halok bo'lmoqda. Eng achinarlisi va dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotganini din niqobi ostida o'z manfaatlari uchun kurashayotganlar chetda turib, boshqalarni o'tga solayapti.
Islom insonlarni bir-biriga zarar etkazishlikdan va o'zini ham qiyinchilikka solishlikdan qaytaradi. Ammo ming afsuslar bo'lsinki insoniyat “shahidlik” deya atalmish buyuk maqomni o'zlariga “ qalqon” qilib minglab insonlarga va o'zlariga zulm qilayotgan shahslarning ayanchli ishlariga guvoh bo'lmoqda. Ularni o'zlariga yoki mashinalariga portlovchi moddani bog'lab olib xalq ichiga kirib o'zini portlatib begunoh insonlarning umriga zomin bo'layotganliklari va mana shu qilgan amalim meni shahid bo'lishimga sabab bo'ladi deya xom hayol qilayotganliklari juda ham achinarlidir. Bu o'y harakatlar ostida sayoz ilm, jaholat va singdirilgan yot, vayronkor g'oyalar yotadi. Ular bu harakatlari bilan o'zlarining ham qadrli jonlariga qasd qilmoqdalar.
Qur'oni Karimda o'z joniga qasd qilishi eng katta gunohlardan ekani ta'kidlangan: “O'zlaringizni-o'zlaringiz o'ldirmangiz albatta Alloh sizlarga rahm shavqatlidir”[2]. Va yana “O'z qo'llaringiz bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko'radi”[3]. O'zini-o'zi o'ldirish Islomda qattiq qoralanadi. Bu ish mo'min-musulmon odamga mutlaqo to'g'ri kelmaydigan ish bo'lib, o'z joniga qasd qilish Alloh taoloning qazoi qadariga norozi bo'lish, U bergan hayot ne'matiga nonko'rlik qilish osiylik va irodasizlikdir. O'zi o'zi o'ldirish musulmonlarga hos bo'lmagan qo'rqoqlik va nomardlikdir.
Abu Hurayra r.a. rivoyat qilgan hadisi sharifda esa o'zini o'ldirgan kishining jazosi yanada ravshanroq yoritilgan: “Kim o'zini bir temir parchasi bilan o'ldirsa, qiyomat kunida jahannam o'tida temirlar parchasi qo'lida, abadiy ravishda u bilan o'zini o'ldirib azoblanib yotadi. Kim zahar ichib o'zini o'ldirsa, doimiy ravishda zaharlanib jahannam o'tida azoblanadi. Kim o'zini tog'dan tashlab yuborsa, doimiy ravishda jahannam o'tida o'zini tashlab o'ldirib azoblanadi.”
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Alloh taolo hadisi qudisiyda marhamat qilurki, “Bandam o'zini o'zi o'ldirib men unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy xarom qildim”.
Demak o'zini o'zi o'ldirgan odam do'zahga tushishda shubha yo'q. Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, islomda insonning o'z joniga qasd qilishi gunohi kabiralar (eng og'ir gunohlar)dan sanalib. Bunday kishi shahid emas. Balki do'zaxiy bo'lishi qayta-qayta ta'kidlangan.
Ibni Sirin (r.a.)aytadilar: “O'zini halokatga tashlash Alloh taoloni rahmatidan umidsizlik belgisidir”. Imom Nasafiy aytadilar “Ba'zi johillar kabi odam o'zini o'zi o'ldirmasligi kerak”.
Nabiy sallollohu alayhi vasallam o'zini o'zi o'ldirgan odamga janoza namozi o'qimaganliklari bu odamning qilgan noma'qulchiligi uchun munosib jazodir. Oxiratda esa alohida jazo bo'ladi. O'z joniga qasd qilgan inson Alloh taolo rahmatidan uzoq bo'lib, oxiratda hadislarda keltirilganidek, abadiy azob uqubatda bo'lish bilan birga har bir musulmonning gunohlarini kafforat bo'lishiga sabab bo'ladigan janoza namozidan ham mahrum qilinar ekan.
Jahonda keyingi paytda sodir bo'layotgan fojiali voqealardan biri terrorchilik xatti-harakatlaridir. So'nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida islom va iymondan mutlaqo bexabar kimsalarning nodonlarcha va xato bayonotlari paydo bo'lib qoldi. Ularning ta'kidlashicha, tinchliksevar Islom dini o'zlarini o'limga mahkum etayotgan terrorchilarning xatti-harakatlarini oqlar emish. Vaholanki, o'z joniga qasd qilish, boshqa odamlarni o'ldirish kabi Islomga butunlay zid narsadir. Alloh taolo suiqasdni ochiq-oydin man' etgan: “O'z-o'zingizni o'ldirmangiz!”[4]. Qanday sabab bilan bo'lmasin, kishining o'zini o'zi o'ldirishi Islom tomonidan ta'qiqlangan.
O'z joniga qasd qilish, jumladan suiqasdchi-terrorchilarning minglab begunoh odamlarning hayotiga zomin bo'lishi Islomning ma'naviy-axloqiy asoslariga tamoman qarama-qarshidir. Shuning uchun Allohga ishonganini va Qur'on amrlariga bo'ysunganini tasdiqlaydigan har bir kishi ana shunday ishlarni qilmaydi. Bu vahshiylik faqat aql-idrok va vijdonidan mahrum bo'lgan, iymonning haqiqiy mazmunini anglashda qattiq adashayotgan, Qur'onning ilohiy da'vatini bilmaydigan, ongi o'zgalar tomonidan nafrat va alamzadalik orqali boshqariladigan, xudosiz mafkura va keng miqyosdagi tashviqot ta'siriga tushib qolgan kimsalarninggina qo'lidan keladi.
Hayot atalmish aziz ne'mat inson uchun berilgan eng qadrli omonatdir. Shuningdek, u Alloh taolo tomonidan bizlarga topshirilgan imkoniyat va mas'uliyat hamdir. Har inson bu ne'matni asrab avaylashi, unga hiyonat qilmasligi kerak, aks holda eng og'ir jinoyatga qo'l urgan bo'lib, o'z zimmasiga katta gunoh orttirgan bo'ladi.
Joziba Jamol qizi
[1] Qur'oni karim. Isro –70- oyat.
[2] Qur'oni karim. Niso surasi, 29-oyat.
[3] Qur'oni karim. Baqara surasi, 195-oyat.
[4] Qur'oni karim. Niso surasi, 29-oyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati