Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Hudkushlik – asr vabosi

07.05.2021   2356   8 min.
Hudkushlik – asr vabosi

Alloh taolo odam bolasini borliqdagi hamma narsadan aziz-u mukarram qilib yaratgan. Qur'oni Karimda “Batahqiq biz bani Odamni aziz-u mukarram qilib qo'ydik”[1] − deyiladi. Alloh taolo borliqdagi turli tuman mavjudodlarning yaratguvchisi, ularni bir-biridan afzal qilib qo'ygan zotdir va u odam bolasini borliqdagi hamma narsadan azizu mukarram qilib yaratib qo'ydi.

Odam bolasining mukarramligi borasida so'z ketganda ulamolar inson tanasi va tabiatidagi turli darajadagi mukarramlik sifatlarini sanab beradilar. Avvalo odamning shakli - suvrati, barcha a'zolarni tuzilishi azizu mukarramlikdan dalolat berib turadi. Haqiqatan ham inson zotining tanasi boshqa mavjudotlarning tanasida farqli ravishda mukammal va nozik tuzilgan. Uning tashqi ko'rinishi ham boshqa maxluqotlarning suratida ko'rkamroq va chiroyliroq hisoblanadi. Buni inson tana a'zolarining biror hayvon tana a'zolari bilan qiyosab ko'rilishi ham tasdiqlaydi.

Shuningdek, Alloh taolo odam bolasini o'zi yaratib mukarram qildi va  O'z ruhidan jon puflab ulug'ladi. Bunday sharafga hech bir maxluqot muyassar bo'lgan emas. Shu boisdan inson mukarramdir. Bas shunday ekan hech bir inson o'z nafsiga zulm qilishga va ozor etkazishlikka haqqi yo'q.

Inson mukarramligining yana bir ko'rinishi uning aqli va ma'rifat hosil qilish imkoniyatlarining mavjudligidir. Alloh taolo insonga o'zini tanishi, ma'rifatulloh hosil qilishi uchun unga ilm-ma'rifat, idrok va hissiyotni ato qildi. Ulamolar inson mukarramlini tavsiflaganlarida ayna mana shu sifatida alohida urg'u berib o'tadilar. Toki bu dunyoda hayot bor ekan, turfa xil odamlar va ularning ongu tafakkuridagi o'zaro tafovut va ziddiyatlar saqlanib qolaveradi. Aynan ana shunday turli dunyoqarashlar, bir-birini inkor etadigan oqim va yo'nalishlar mavjudligini tabiiy bir hol deb qabul qilishni hayot voqeligining o'zi talab etadi.

Shubha yo'qki, bugungi kunda na millat, na chegara va na din tanlamaydigan terrorizm sayyoramizning har qanday davlati siyosiy hayotidagi eng katta muammoga aylandi. Zo'ravonlik, boshqalar ustidan hukmronlik qilish istagi insonning tabiatida mavjud bo'lib, shayton vasvasasi, havoi nafs istagi oqibatida ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida o'zining vayronkorlik kayfiyatini namoyon qilib keldi. Uning ko'plab ko'rinishlaridan biri, bugunning global muammolaridan biriga aylangan, asr vabosi bo'lgan  xudkushlikdir.

Bugungi kunda insoniyat aynan ushbu hodisadan tasavvur qilib bo'lmas darajada aziyat chekmoqda, millionlab begunoh insonlar halok bo'lmoqda. Eng achinarlisi va dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotganini din niqobi ostida o'z manfaatlari uchun kurashayotganlar chetda turib, boshqalarni o'tga solayapti. 

Islom insonlarni bir-biriga zarar etkazishlikdan va o'zini ham qiyinchilikka solishlikdan qaytaradi. Ammo ming afsuslar bo'lsinki insoniyat “shahidlik” deya atalmish buyuk maqomni o'zlariga “ qalqon” qilib minglab insonlarga va o'zlariga zulm qilayotgan shahslarning ayanchli ishlariga guvoh bo'lmoqda. Ularni o'zlariga yoki mashinalariga portlovchi moddani bog'lab olib xalq ichiga kirib o'zini portlatib begunoh insonlarning umriga zomin bo'layotganliklari va mana shu qilgan amalim meni shahid bo'lishimga sabab bo'ladi deya xom hayol qilayotganliklari juda ham achinarlidir. Bu o'y harakatlar ostida sayoz ilm, jaholat va singdirilgan yot, vayronkor g'oyalar yotadi. Ular bu harakatlari bilan o'zlarining ham  qadrli jonlariga qasd qilmoqdalar.

Qur'oni Karimda o'z joniga qasd qilishi eng katta gunohlardan ekani ta'kidlangan: “O'zlaringizni-o'zlaringiz o'ldirmangiz albatta Alloh sizlarga rahm shavqatlidir”[2]. Va yana “O'z qo'llaringiz bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko'radi”[3]. O'zini-o'zi o'ldirish Islomda qattiq qoralanadi. Bu ish mo'min-musulmon odamga mutlaqo to'g'ri kelmaydigan ish bo'lib, o'z joniga qasd qilish Alloh taoloning qazoi qadariga norozi bo'lish, U bergan hayot ne'matiga nonko'rlik qilish osiylik va irodasizlikdir. O'zi o'zi o'ldirish musulmonlarga hos bo'lmagan qo'rqoqlik va nomardlikdir.

Abu Hurayra r.a. rivoyat qilgan hadisi sharifda esa o'zini o'ldirgan kishining jazosi yanada ravshanroq yoritilgan: “Kim o'zini bir temir parchasi bilan o'ldirsa, qiyomat kunida jahannam o'tida temirlar parchasi qo'lida, abadiy ravishda u bilan o'zini o'ldirib azoblanib yotadi. Kim zahar ichib o'zini o'ldirsa, doimiy ravishda zaharlanib jahannam o'tida azoblanadi. Kim o'zini tog'dan tashlab yuborsa, doimiy ravishda jahannam o'tida o'zini tashlab o'ldirib azoblanadi.”

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Alloh taolo hadisi qudisiyda marhamat qilurki, “Bandam o'zini o'zi o'ldirib men unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy xarom qildim”.

Demak o'zini o'zi o'ldirgan odam do'zahga tushishda shubha yo'q. Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, islomda insonning o'z joniga qasd qilishi gunohi kabiralar (eng og'ir gunohlar)dan sanalib. Bunday kishi shahid emas. Balki do'zaxiy bo'lishi qayta-qayta ta'kidlangan.

 Ibni Sirin (r.a.)aytadilar: “O'zini halokatga tashlash Alloh taoloni rahmatidan umidsizlik belgisidir”. Imom Nasafiy aytadilar “Ba'zi johillar kabi odam o'zini o'zi o'ldirmasligi kerak”.

Nabiy sallollohu alayhi vasallam o'zini o'zi o'ldirgan odamga janoza namozi o'qimaganliklari bu odamning qilgan noma'qulchiligi uchun munosib jazodir. Oxiratda esa alohida jazo bo'ladi. O'z joniga qasd qilgan inson Alloh taolo rahmatidan uzoq bo'lib, oxiratda hadislarda keltirilganidek, abadiy azob uqubatda bo'lish bilan birga har bir musulmonning gunohlarini kafforat bo'lishiga sabab bo'ladigan janoza namozidan ham mahrum qilinar ekan.

Jahonda keyingi paytda sodir bo'layotgan fojiali voqealardan biri terrorchilik xatti-harakatlaridir. So'nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida islom va iymondan mutlaqo bexabar kimsalarning nodonlarcha va xato bayonotlari paydo bo'lib qoldi. Ularning ta'kidlashicha, tinchliksevar Islom dini o'zlarini o'limga mahkum etayotgan terrorchilarning xatti-harakatlarini oqlar emish. Vaholanki, o'z joniga qasd qilish, boshqa odamlarni o'ldirish kabi Islomga butunlay zid narsadir. Alloh taolo suiqasdni ochiq-oydin man' etgan: “O'z-o'zingizni o'ldirmangiz!”[4]. Qanday sabab bilan bo'lmasin, kishining o'zini o'zi o'ldirishi Islom tomonidan ta'qiqlangan.

O'z joniga qasd qilish, jumladan suiqasdchi-terrorchilarning minglab begunoh odamlarning hayotiga zomin bo'lishi Islomning ma'naviy-axloqiy asoslariga tamoman qarama-qarshidir. Shuning uchun Allohga ishonganini va Qur'on amrlariga bo'ysunganini tasdiqlaydigan har bir kishi ana shunday ishlarni qilmaydi. Bu vahshiylik faqat aql-idrok va vijdonidan mahrum bo'lgan, iymonning haqiqiy mazmunini anglashda qattiq adashayotgan, Qur'onning ilohiy da'vatini bilmaydigan, ongi o'zgalar tomonidan nafrat va alamzadalik orqali boshqariladigan, xudosiz mafkura va keng miqyosdagi tashviqot ta'siriga tushib qolgan kimsalarninggina qo'lidan keladi.

Hayot atalmish aziz ne'mat inson uchun berilgan eng qadrli omonatdir. Shuningdek, u Alloh taolo tomonidan bizlarga topshirilgan imkoniyat va mas'uliyat hamdir. Har inson bu ne'matni asrab avaylashi, unga hiyonat qilmasligi kerak, aks holda eng og'ir jinoyatga qo'l urgan bo'lib, o'z zimmasiga katta gunoh orttirgan bo'ladi.

 

Joziba Jamol qizi

 

[1] Qur'oni karim. Isro –70- oyat.

[2] Qur'oni  karim. Niso surasi, 29-oyat.

[3] Qur'oni karim. Baqara surasi, 195-oyat.

[4] Qur'oni karim.  Niso surasi, 29-oyat

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda "Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh – yangi kashfiyotlar" xalqaro mediaforumi ochildi

25.08.2026   37442   6 min.
Toshkentda

Toshkentda 25 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Marosim O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta konferens-zalida o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga «Jahon jamoatchiligining Islom sivilizatsiyasi markaziga nigohi» maxsus filmi namoyish etildi.


Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi maslahatchisi Muzaffar Komilovning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Rahmatulla Arziyev o‘qib eshittirdi.

 


Forum ishtirokchilariga yo‘llangan qutlov so‘zlarida  xorijiy mehmonlar va media hamjamiyati vakillariga minnatdorlik bildirildi. Forumning professional muloqot, xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini ilgari surish maydoni sifatidagi ahamiyati ta’kidlandi.

 

 


Marosimning asosiy voqealaridan biri Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtrunsning «Yangi yaqinlik: madaniyat, media va g‘oyalar orqali Yevropa va Markaziy Osiyoni birlashtirish — Islom sivilizatsiyasi markazi global axborot makonida» mavzusidagi maxsus ma’ruzasi bo‘ldi.


Shtruns islom sivilizatsiyasining tarixiy, ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini zamonaviy media formatlar orqali jahon auditoriyasiga yetkazish, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.


Uning qayd etishicha, media vositalari turli mamlakatlar va jamiyatlar o‘rtasida nafaqat axborot almashinuvini ta’minlashi, balki muloqot uchun ko‘priklar ham qurishi kerak.

«Media vositalari fikrlar va yangiliklar almashinuvi uchun ko‘priklar qurishi mumkin va qurishi shart. Axir media kommunikatsiyasining mohiyati ham aynan shunda — ko‘priklar qurishda. Bugun bu yerda, qadimiy Ipak yo‘lida, kelajagimiz uchun aynan shu jarayon sodir bo‘lmoqda», — dedi Klaus Shtruns.


Euronews rahbari Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi axborot makonini yanada yaqinlashtirishni tarixiy Ipak yo‘li an’analari bilan qiyosladi. Uning ta’kidlashicha, mintaqalar o‘rtasidagi zamonaviy media aloqalar iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ham ochishi mumkin.

«Ipak yo‘lida axborot oqimi qanday kechgan bo‘lsa, bir-birimiz bilan muloqot qilish, bir-birimizning tilimizni tushunish ham shunday bo‘lsin. Bu oddiy texnik jarayondan ko‘ra kengroq tushuncha. Bu haqiqiy hamkorlikning yangi ko‘rinishi, kelajakdagi butun iqtisodiy taraqqiyot uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘ladigan yangi axborot makonidir», — dedi u.


Klaus Shtruns, shuningdek, O‘zbekistonda yosh avlodning katta ulushga ega ekanini alohida qayd etib, bu mamlakatning kelajagi uchun ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. U turli mamlakatlar yoshlarini birlashtiruvchi media va madaniy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.


Uning fikricha, turli sohalar — sport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat vakillaridan iborat yoshlarni bir joyga to‘plab, ularning tajriba almashinuvi, hujjatli filmlar suratga olishi va qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish mumkin. Bunday tashabbuslar orqali mamlakatlar va mintaqalar yoshlari o‘rtasida yangi aloqalarni shakllantirish mumkin.

«Bu faqat chiroyli nutqlarda emas, balki aniq va amaliy loyihalarda o‘z ifodasini topishi kerak», — dedi Euronews bosh direktori.


Shtruns media sohasidagi innovatsiyalar ham aynan shu maqsad — o‘tmish merosini asrab, kelajakni birgalikda yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

«Eng muhimi, media doimo innovatsiyalarni harakatga keltiruvchi kuch bo‘lishi kerak. Ammo bu innovatsiyalar bugun men eshitgan ajoyib maqsadga xizmat qilishi lozim: media sohasida innovatsiyalarni ilgari surish, qalbimizda o‘tmishni asrab, kelajakni yaratish», — dedi u.


Euronews rahbari forumda ishtirok etishni media sohasining jamiyat oldidagi mas’uliyati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, jurnalistika va media faoliyati faqat biznes yoki kasb emas, balki turli jamiyatlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan muhim vazifadir.

«Ushbu noodatiy tadbirda media hamkor sifatida ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz. Biz uchun bu shunchaki biznes emas, oddiy kasb ham emas. Bu — o‘z burchimiz va da’vatimizdir», — dedi Klaus Shtruns.


Shu tariqa, forumning ochilish marosimida media sohasining zamonaviy vazifalari, xalqaro axborot hamkorligini rivojlantirish, madaniy merosni yangi formatlarda jahon auditoriyasiga taqdim etish va turli mintaqalar o‘rtasida yangi axborot ko‘priklarini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 


O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU Boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy media platforma» mavzusida maxsus ma’ruza qildi.


Abduxoliqov Markaz konsepsiyasini tarixiy meros, ilm-fan, muzey ishi va yangi medialarni birlashtiruvchi zamonaviy xalqaro maydon sifatida taqdim etdi. U islom sivilizatsiyasi merosi hujjatli filmlar, televizion loyihalar, raqamli rekonstruksiyalar, multimedia va immersiv ekspozitsiyalar, shuningdek, nashriyot tashabbuslarida qanday yangi talqin kasb etayotgani haqida ma’lumot berdi. Markazning xalqaro media loyihalari, dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi, shuningdek, tarixiy merosni o‘rganish va ommalashtirishda sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 


Marosim ishtirokchilariga, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi haqida prezentatsion rolik namoyish etildi.


Xalqaro mediaforumda 50 ta davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili ishtirok etmoqda. Ular orasida xalqaro telekanallar va axborot agentliklari rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar, noshirlar, kinematografistlar, olimlar, tadqiqotchilar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari bor. 

iccu.uz 

Toshkentda Toshkentda Toshkentda Toshkentda Toshkentda Toshkentda
O'zbekiston yangiliklari