33- كَرَامَاتُ الْوَلِيِّ بِدَارِ دُنْيَا لَهَا كَوْنٌ فَهُمْ أَهْلُ النَّوَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Dunyo diyorida valiylarning karomatlari, ularda (karomatlarda) mavjudlik bordir, chunki ular (valiylar) in'om ahlidirlar.
Nazmiy bayoni:
Dunyoda valiylar karomatlari
Bo'lishi shubhasiz, ular in'om ahli.
Lug'atlar izohi:
كَرَامَاتُ – mubtado, muzof. Habari taqdiriy حَقٌّ dir.
الْوَلِيِّ – bu kalimadagi اَلْ “istig'roqiya” (batamom qamrab olish) uchun kelgan jinsiya اَلْ dir. Shuning uchun mufrad bo'lsa ham “valiylar” deya tarjima qilindi.
بِ – “zarfiyat” ma'nosida kelgan jor harfi.
دُنْيَاِ دَار – majrur, muzof, muzofun ilayh. دُنْيَا kalimasi avvalgi harfi دُ ning zammasi bilan aytilishi mashhurdir. Ba'zi ulamolardan دِنْيَا shaklida avvalgi harfini kasralik qilib o'qilgani ham rivoyat qilingan. Dunyo lug'atda “yaqin” ma'nosiga to'g'ri keladi. Dunyo kalimasidan nima tushunilishi haqida ikki xil qarash bor:
– Havo kengliklari bilan birgalikda er yuzidagi barcha narsalar;
– Barcha maxluqotlar.
Ikkinchi qarash mo''tabar hisoblanadi va bu o'rinda ham ushbu qarash iroda qilingan.
لَهَا – jor harfi فِي ma'nosida kelgan. Zamir bilan kelgani uchun fathali bo'lib turibdi. Zamir كَرَامَاتُ ga qaytadi.
كَوْنٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Uning xabari oldin kelgan لَهَا dir.
فَ – “ta'liliya” (izohlamoq) ma'nosida kelgan.
هُمْ – mubtado. Jam muzakkar g'oib zamiri.
أَهْلُ – xabar. Muzof. Ahl kalimasi bu o'rinda “ega” ma'nosida kelgan.
النَّوَالِ – muzofun ilayh. Lug'atda “tortiq”, “hadya” kabi ma'nolarni anglatadi.
Matn sharhi:
Ushbu baytda Ahli sunna val-jamoaning valiylar va ularning karomatlari to'g'risidagi e'tiqodlari qisqa va lo'nda bayon qilingan. Chunki ushbu masalada ham mo''taziliy firqasining noto'g'ri qarashlari bo'lgan.
Valiy lug'atda “yaqin”, “do'st” kabi ma'nolarni bildirib, ko'plik shakli “avliyo” bo'ladi. Istilohda esa: “Imkon qadar Alloh taoloni taniguvchi, toatlarda bardavom bo'luvchi, yomonliklardan saqlanuvchi, shahvatlarga berilishdan o'zini olib qochuvchi, dunyodan yuz o'giruvchi, oxiratga yuzlanuvchi doimiy ravishda Robbisining zikrida bo'luvchi zot valiy deyiladi”[1].
Valiylarning martabalari
“Aqidatul mu'min” kitobida valiylarning to'rt martabada bo'lishlari bayon qilingan.
Oyati karimada solih bandalar haqida shunday bayon qilingan:
﴿ثُمَّ أَوۡرَثۡنَا ٱلۡكِتَٰبَ ٱلَّذِينَ ٱصۡطَفَيۡنَا مِنۡ عِبَادِنَاۖ فَمِنۡهُمۡ ظَالِمٞ لِّنَفۡسِهِۦ وَمِنۡهُم مُّقۡتَصِدٞ وَمِنۡهُمۡ سَابِقُۢ بِٱلۡخَيۡرَٰتِ بِإِذۡنِ ٱللَّهِۚ ذَٰلِكَ هُوَ ٱلۡفَضۡلُ ٱلۡكَبِيرُ٣٢﴾
“So'ngra bu kitobni O'z bandalarimizdan tanlab olganlarimizga meros qildik. Bas, ulardan o'ziga o'zi zulm qiluvchilari bor, ulardan o'rtachalari bor va ulardan Allohning izni ila yaxshiliklarga o'zuvchilar ham bor. Ana shu ayni ulug' fazldir”[2].
Ushbu oyati karimada insonlarning uch toifasi zikr qilingan:
Keyingi oyati karimada mazkur uch toifaning barchalari jannatga kirishlari, tillo bilakuzuklar va injular bilan bezanishlari, liboslari ipakdan bo'lishi bayon qilingan. Bu narsa esa iymon va taqvoda zaif bo'lgan kishilar ham agarchi ba'zi zaruriyatlarni tark qilgan yoki ba'zi nojoyiz ishlarni qilgan bo'lsalar-da, Alloh taoloning do'stlaridan sanalishlariga dalolat qiladi. Faqatgina ularning iymon va taqvolari zaifliklari sababli peshqadamlardan past va o'rtachalarning darajalariga ham etmagan eng past darajada bo'ladilar”[3].
Karomatning turlari
Karomat lug'atda “izzat ikrom”, “qadr qimmat”, “oliyjanoblik” kabi ma'nolarni bildiradi. Istilohda esa, “Alloh taoloning O'zi sevgan bandalariga qilgan izzat-ikromi karomat, deyiladi”.
Karomat ikki xil bo'ladi:
Birinchi turdagi karomat barcha insonlarga tegishlidir. Chunki ularni Alloh taolo inson qilib yaratgan. Inson qilib yaratilganlar esa mo'minu kofirliklaridan qat'i nazar boshqa barcha jonzotlardan azizu mukarram qilib qo'yilgan, ya'ni hozirgi bahs nuqtai nazaridan qaralsa, odam bolasi bo'lib, dunyoga kelishlarining o'zi Alloh taoloning ularni izzat-ikrom qilganidir. Agar Alloh xohlaganida, boshqa jonivorning bolasi holida dunyoga kelishlari ham mumkin edi. Alloh taoloning O'zi ularni odam farzandi sifatida dunyoga kelishlarini iroda qilgan. Odam bolalarini esa boshqa ko'plab jonzotlardan azizu mukarram qilib qo'ygan. Ushbu azizu mukarram qilinish, insoniyatning tug'ma karomatidir.
﴿۞وَلَقَدۡ كَرَّمۡنَا بَنِيٓ ءَادَمَ وَحَمَلۡنَٰهُمۡ فِي ٱلۡبَرِّ وَٱلۡبَحۡرِ وَرَزَقۡنَٰهُم مِّنَ ٱلطَّيِّبَٰتِ وَفَضَّلۡنَٰهُمۡ عَلَىٰ كَثِيرٖ مِّمَّنۡ خَلَقۡنَا تَفۡضِيلٗا٧٠﴾
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik”[4].
Ya'ni Alloh taolo Odam nasliga aql berib, ilm berib, nutq berib, koinotdagi barcha narsalarni ularga tobe qilib, boshqa maxluqotlardan ularni azizu mukarram qilib qo'ygan. Ularga hayvonlarni ulov qilib bergan va kemalarni ham ko'tarishga salohiyatli qilib qo'ygan. Lazzatli taomlar va shirin suvlarni rizq qilib bergan. Muqotil: “Bu oyati karima “Biz odam bolalariga sariyog', asal, qaymoq, xurmo kabi pokiza narsalarni rizq qilib berdik, boshqa hayvonlarga esa somon, suyak kabi narsalarni rizq qilib berdik” ma'nosini anglatadi”, – degan.
Karomatning ikkinchi turi, ya'ni mehnat bilan erishiladigan karomat esa faqat taqvodor mo'minlardagina hosil bo'lishi mumkin. Chunki bu karomat mo'minlarga xos e'tiqod va harakatlar bilan hosil bo'ladi.
Qur'oni karimda insonlar orasidagi eng hurmatli, Alloh taoloning izzat-ikromiga sazovor bandaning sifati bayon qilingan:
﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ إِنَّا خَلَقۡنَٰكُم مِّن ذَكَرٖ وَأُنثَىٰ وَجَعَلۡنَٰكُمۡ شُعُوبٗا وَقَبَآئِلَ لِتَعَارَفُوٓاْۚ إِنَّ أَكۡرَمَكُمۡ عِندَ ٱللَّهِ أَتۡقَىٰكُمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٞ١٣﴾
“Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir”[5].
Bu xitob butun bashariyatga qarata aytilgan. Ya'ni ey odamlar, Biz sizlarni bitta asldan yaratganmiz. Sizlarni bir ota va bir onadan vujudga keltirganmiz. Shuning uchun ota-bobolar bilan maqtanish ham, nasabga suyanish ham behudadir. Sizlar barchangiz Odamdan tarqalgansizlar, Odam esa tuproqdan yaratilgandir! Bashariyatning xalqlar va qabilalar qilib qo'yilishi ota-bobolar bilan faxrlanish uchun emas, balki bir-birlarining nasablarini tanib olish, otalaridan boshqaga nisbat bermaslik uchundir.
Nasab urfda ham, shariatda ham e'tiborga olinsa-da, lekin uning Alloh huzurida qadri baland bo'lishda hech qanday e'tibori yo'qdir. Alloh huzurida aziz bo'lish iymon va taqvo bilan bo'ladi. Bu azizlik oldida qolgan azizliklar xuddi quyosh chiqqanida yulduzlar g'oyib bo'lgani kabi ko'zga tashlanmay qoladi. Ha, odamlar naslu nasab bilan emas, taqvo bilan aziz bo'ladilar. So'fi Ollohyor bobomiz aytganidek:
Ishonma otaga, qolma talabdin,
So'ralmasdur qiyomatda nasabdin.
Ya'ni men faloniylar avlodidanman, deb aldanib qolmagin, chunki hisob-kitob kunida nasl-nasabingdan so'rov bo'lmaydi, balki qilgan amallaringdan so'rov bo'ladi. Ammo dunyoda birovning ham amali yaxshi, ham nasabi yaxshi bo'lsa, nur ustiga nur bo'ladi. Biroq amali yomon bo'lsa...
Hikmatli so'zda: “Amali ortga surgan kimsani nasabi oldinga sura olmaydi”, – deyilgan.
Shuning uchun, kimki dunyoyu oxiratda azizu mukarram bo'lishni, Alloh taoloning izzat-ikromiga sazovor bo'lishni xohlasa, albatta, taqvodor mo'min bo'lishi lozim!
Farosat – yarim karomat
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam komil mo'min kishilarga beriladigan karomatlardan birini shunday bayon qilganlar:
عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال اِتَّقُوا فِراسَةَ الْمُؤْمِنِ فَإِنَّهُ يَنْظُرُ بِنُورِ اللّهِ ثُمَّ قَرَأَ ﴿إِنَّ فِي ذَٰلِكَ لَأٓيَٰتٖ لِّلۡمُتَوَسِّمِينَ٧٥﴾ أَخْرَجَهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo'minning farosatidan ehtiyot bo'linglar, chunki u Allohning nuri bilan nazar soladi”, – dedilar so'ngra “Albatta, bu (hodisa)dafarosatli kishilar uchun alomatlar bordir”,[6] oyatini o'qidilar”. “Sunani Temiziy”da kelgan.
Sharh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam komil va muxlis mo'min bandaning Alloh taolo tomonidan izzat-ikrom qilinishini, unga haq bilan botil orasini ajratish farosati berilishini xabar bermoqdalar. U zotning: “Mo'minning farosatidan ehtiyot bo'linglar”, deya buyurishlaridan quyidagi ma'nolar iroda qilingan: ma'siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar, ehtimol, mo'min kishi xaloyiqdan yashirayotgan narsalaringizni bilib turar, natijada uning oldida sharmanda bo'lasizlar. Chunki komil mo'min kishi sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taolo charog'on qilgan qalb ko'zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi.
Farosat lug'atda “fahmlash”, “o'tkir aql” kabi ma'nolarni anglatadi. Shuning uchun ham xalqimizda “Farosat yarim karomat”degan hikmatli so'z bor. “Tuhfatul aoliy” kitobida farosat turlarga ajratilib sharhlangan:
– Iymoniy farosat, banda qalbiga solgan Alloh taoloning nuri bo'lib, qalbni chulg'ab oladigan idrokdan iborat bo'ladi. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko'ra turlicha bo'lib, iymon qanchalik kuchli bo'lsa, farosat ham shuncha o'tkir bo'ladi.
– Riyoziy farosat, to'yib taom emaslik, bedorlik va o'zini xilvatga olib yolg'iz bo'lish kabi ishlar bilan hosil bo'ladi. Mazkur ishlarni qilish natijasida kishida farosat va atrofdagi narsalarning haqiqatini anglash to'g'risidagi ma'lum bir tushunchalar yuzaga keladi. Ushbu farosat faqatgina mo'min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan kofir kishida ham hosil bo'lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham, valiylikka ham dalolat qilmaydi, shuningdek, faqatgina haqiqatni ham, doimo to'g'ri yo'lni ham ko'rsatib bermaydi.
– Holqiy farosat Alloh taoloning hikmati taqozo qilgan bog'liqliklardan xulosa chiqarish iste'dodi bo'lib, mazkur bog'liqliklarni to'g'ri ilg'ay olgan kishilarda hosil bo'ladi.
Karomat tushunchasining g'ayrioddiy ishlarga qo'llanilishi haqida quyidagi so'zlar aytilgan: “Karomatning g'ayrioddiy ishlarga nisbatan qo'llanishi majoziydir. Zero, Alloh taolo ana shunday g'ayrioddiy ishlarni taqvodor mo'min uchun izzat-ikrom sifatida zohir qiladi. Karomatning zohir bo'lish hikmati esa valiyning dunyoda zuhdga bo'lgan azmu qarorini kuchaytirish hamda uni nafsu havo chaqiriqlaridan ajratishdir”[7].
Ushbu ta'riflardan ko'rinib turibdiki, valiylar Alloh taoloning do'stlari bo'ladilar, ular tarafidan sodir bo'lgan g'ayrioddiy ishlar Alloh taoloning ularga bergan in'omi bo'ladi. Ular bu mukofotlarga shariat hukmlarini yaxshi biladigan va ularga qat'i amal qiladigan olim bo'lganlari sababli erishganlar. Chunki shariat ahkomlarini yaxshi tushunmaslik va tushunishga jiddiy harakat qilmaslik Alloh taoloning do'stlari sha'niga to'g'ri kelmaydi. Qolaversa, jaholat bilan qilingan amallarda shariat ko'rsatmalaridan chiqib ketish ko'p uchraydi. Shariat ko'rsatmalariga nomuvofiq holatda riyozat chekish esa toat bo'lmaydi. So'fi Ollohyor bobomizni Alloh rahmat qilsin, bu masalani ikki og'iz so'z bilan qalbga naqshlab qo'ygan:
Shariat hukmidin tashqi riyozat
Emas toat, qabohatdur, qabohat.
Ya'ni qanchalik mashaqqat bilan qilingan bo'lmasin shariatga to'g'ri kelmagan riyozat ibodat sanalmaydi. Balki bema'ni xatti-harakatlar bo'ladi. Toat ibodat uchun avvalo shariat hukmini o'rganish lozim.
Istidroj haqida
Valiylar tarafidan sodir bo'lgan g'ayrioddiy ishlar karomat deb nomlanadi. Allohning dushmanlari tomonidan sodir bo'lgan g'ayrioddiy ishlar esa “ehtiyojini qondirish” deb nomlanadi. Bu haqida mazhabboshimiz Imom A'zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” da shunday yozgan:
أمَّا الَّتِي تَكُونُ لأِعْدَائِهِ مِثْلُ إِبْلِيسَ وَفِرْعَوْنَ وَالدَّجَّالِ مِمَّا رُوِىَ فِى الأخْبَارِ أنَّهُ كَانَ وَيَكُونُ لَهُمْ لاَ نُسَمِّيهَا آيَاتٍ وَلاَ كَرَامَاتٍ وَلَكِنْ نُسَمِّيهَا قَضَاءَ حَاجَاتٍ لَهُمْ وَذَلِكَ لأنَّ اللهَ تَعَالَى يَقْضِي حَاجَاتِ أعْدَائِهِ اِسْتِدْرَاجًا لَهُمْ وَعُقُوبَةً لَهُمْ.
“Ammo Alloh taoloning dushmanlari tomonidan bo'ladigan, masalan, Iblis, Fir'avn va Dajjol kabilardan sodir bo'lganligi va (bundan keyin) bo'lishi xabarlarda rivoyat qilingan narsalarni mo''jiza ham, karomat ham demaymiz. Lekin o'sha narsalarni ular uchun ehtiyojni qondirish deymiz. Chunki Alloh taolo dushmanlarining ham hojatlarini “istidroj” (do'zaxdagi o'rnini yanada chuqurlashtirish) va jazolash ma'nosida ro'yobga chiqaradi”.
Alloh taoloning dushmanlari tarafidan sodir bo'lgan g'ayrioddiy ishlarni, masalan, Iblisning bir lahzada mashriqu mag'ribga borib kishilarni vasvasaga solishi, Odam bolalarining qonlarida aylanishi, qiyomatga yaqin chiqadigan Dajjolning birovni o'ldirib tiriltirishi kabi g'ayrioddiy ishlarning barchasi mo''jiza ham, karomat ham deyilmaydi. So'fi Ollohyor bobomiz aytganidek:
Shariat hukmin etmay istiqomat,
Taajjub ishlari bo'lmas karomat.
Ya'ni mo''jiza va karomatlar faqatgina shariatda istiqomat qilgan Alloh taoloning do'stlariga beriladi. Allohning dushmanlari tomonidan sodir bo'lgan g'ayrioddiy narsalar o'sha kofiru fojirlar uchun karomat emas, balki qazoi-hojat bo'ladi. Alloh taolo O'z dushmanlarining razilona istaklarini ham ularning oxiratdagi uqubatlari ziyoda bo'lishi uchun bu dunyoda darajama-daraja amalga oshirishlariga imkon beradi. Bu haqda Alloh taolo quyidagicha xabar bergan:
﴿وَٱلَّذِينَ كَذَّبُواْ بَِٔايَٰتِنَا سَنَسۡتَدۡرِجُهُم مِّنۡ حَيۡثُ لَا يَعۡلَمُونَ١٨٢﴾
“Oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlarni esa, (ular) bilmaydigan jihatdan “darajali” qilib (o'z holiga vaqtincha qo'yib berib) turamiz”[8].
Bayzoviy rahmatullohi alayh ushbu oyat tafsirida: “Ularni bilmaydigan tomonlaridan asta-sekin tutish ularga ne'matlarni ko'plab berish bilan bo'ladi. Ular buni Alloh taolo tomonidan o'zlariga bo'lgan lutf-inoyat deb o'ylaydilar. Natijada adashgan yo'llariga battar sho'ng'iydilar, hattoki azob kalimasi ustilariga sodir bo'ladi”, – degan.
Istidroj haqida hadisi sharifda quyidagicha xabar berilgan:
عَنْ عُقْبَةَ بْنِ عَامِرٍ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا رَأَيْتَ اللَّهَ يُعْطِي الْعَبْدَ مِنْ الدُّنْيَا عَلَى مَعَاصِيهِ مَا يُحِبُّ فَإِنَّمَا هُوَ اسْتِدْرَاجٌ ثُمَّ تَلاَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: ﴿فَلَمَّا نَسُواْ مَا ذُكِّرُواْ بِهِۦ فَتَحۡنَا عَلَيۡهِمۡ أَبۡوَٰبَ كُلِّ شَيۡءٍ حَتَّىٰٓ إِذَا فَرِحُواْ بِمَآ أُوتُوٓاْ أَخَذۡنَٰهُم بَغۡتَةٗ فَإِذَا هُم مُّبۡلِسُونَ٤٤﴾ رَوَاهُ اَحْمَدُ
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon Alloh taoloning bir bandaga ma'siyatlariga qaramasdan dunyodan yaxshi ko'radiganini ato qilayotganini ko'rsang, albatta, o'sha istidrojdir” – dedilar-da, so'ngra Rasululloh sollallohu alahi vasallam tilovat qildilar: “(Ular) eslatilgan narsa (sinov kunlari)ni unutganlarida ularga har narsaning eshiklarini ochib qo'ydik. Toki ularga berilgan narsa (nozu ne'mat)lar bilan shodu xurram bo'lib turganlarida, ularni birdan zabt etdik. Bas, (endi) ular noumiddirlar”[9]. Ahmad rivoyat qilgan.
Hulosa qilib aytganda, valiylarning karomatlari, ya'ni Alloh taoloning O'z do'stlariga qilgan izzat-ikromi haq bo'lgani kabi dushmanlariga qilgan istidroji ham haqdir.
KYeYINGI MAVZU:
VALIYLAR PAYG'AMBARLARNING UMMATLARIDIR
[1] Abu Hafs Sirojiddin Umar ibn Ishoq G'aznaviy. Sharhu aqidati imom Tahoviy. – Qohira: “Darotul Karaz”, 2009. – B. 170.
[2] Fotir surasi, 32-oyat.
[3] Abu Bakr Jobir Jazoiriy. Aqidatul mu'min. – Madinai munavvara: “Maktabatul ulum val hikam”, 2009. – B. 101.
[4] Isro surasi, 70-oyat.
[5] Hujurot surasi, 13-oyat.
[6] Hijr surasi, 75-oyat.
[7] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 221.
[8] A'rof surasi, 182-oyat.
[9] An'om surasi, 44-oyat.
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati