Odamning qorni bir kosa ovqatga to'yishi mumkin. Juda ko'p eshitganmiz «qornim rosa to'yib ketdi», degan so'zlarni. Ayniqsa, bugungi ma'murchilik davrida, to'qchilik zamonida bu oddiy holatga aylanib ulgurdi. Rabbimizga behisob shukrlar bo'lsin. Lekin «mehrga to'ydim» degan so'zni hech qachon eshitmaganmiz. Mehrga kim ham to'yadi?!
Bu so'zlarni bejiz keltirmayapman. Bugun shaxsan men mehrga tashna, tinchlikka zor, xotirjamlikka intiq yurtdoshlarimizning yuzu ko'zlariga boqib, mehr, tinchlik-xotirjamlik qanchalik ulug' ne'matlar ekanini yana bir karra his etdim. Shu bilan birga, tinch yurtda, farovon hayotda tanti xalq bilan birga yashayotganim uchun Yaratganga shukronalar keltirdim.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari va bevosita topshiriqlari bilan kuni kecha «Mehr 5» operatsiyasi doirasida Suriyaning jangovar harakatlar davom etayotgan qismidan jami 93 nafar yurtdoshimiz – 24 nafar ayol va 69 nafar bola – Vatanimizga qaytarildi.
Avvalroq, «Mehr 1», «Mehr 2», «Mehr 3» va «Mehr 4» gumanitar operatsiyalari doirasida 320 dan ortiq vatandoshlarimiz O'zbekistonga qaytarilgan edi.
Yurtimizda davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlarga qanoat qilmay, hukumatimizning, diniy idoralarning, imom-xatiblarimizning ogohlantirishlariga quloq solmay, chet ellarga borib, qo'li qonga botgan razil kimsalarning, insoniylik qiyofasini yo'qotgan odam shaklidagi iblislarning tazyiqlariga giriftor bo'lgan yurtdoshlarimiz xatolarini kech anglab etishyapti, ko'zlari kech ochilyapti.
Ular muqaddas dinimizning asl mohiyatini anglab etmagani, amaldagi qonunlarimizga rioya etmagani, xalqimizning ming yillik qadriyatlarini toptagani uchun ana shunday ko'rguliklarga duchor bo'lmoqda.
Shuncha ogohlantirishlar, tanbehlarga qaramay, hali-hanuz ekstremistik tashkilotlarning tuzog'iga tushib qolayotgan yurtdoshlarimiz, nahotki, payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning: «Mo'min kishi bir teshikdan ikki marta chaqilmaydi» (Imom Buxoriy rivoyati), degan muborak hadislarini yoki xalqimizning «Ko'r hassasini bir marta yo'qotadi» degan maqolini eshitmagan bo'lsa?!
Axir, bugun oynai jahon orqali, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida yot g'oyalarning ta'siriga tushib qolib, qilmishini kech anglab etgan yurtdoshlarimizning taqdiri namoyish etilgan ko'rsatuvlar, maqolalar, xabarlarni ko'rmagan, o'qimagan kishi bo'lmasa kerak.
Har birimiz, avvalo, o'zimizdan, farzandlarimizdan ogoh bo'lishimiz shart. Loqaydlik va e'tiborsizlik ko'p balolarning boshidir. Halqimiz bejizga «So'nggi pushaymon – o'zingga dushman», demaydi. Pushaymon bo'lmaslik uchun, avvalo, sergak va ogoh bo'lish talab etiladi.
Bugun har qadamda fitnalar urug'ini sochishni kasb qilib olgan g'alamislarning «soxta hijrat» tushunchalaridan juda ehtiyot bo'lishimiz shart. Bu xoinlar, manfur, buzg'unchi kimsalar din nomidan gapirib, sof e'tiqodimiz va qadriyatimizni qoralashga zo'r bermoqda. Ularning asl maqsadi musulmonlarning orasini isloh qilish emas, balki nifoq chiqarishdir.
Alloh taolo ular haqida: «Ular o'zlarining (yolg'on) qasamlarini qalqon qilib olib, (odamlarni) Allohning yo'lidan to'sdilar. Bas, ular uchun (oxiratda) xor qiluvchi azob bordir»(Mujodala surasi, 16-oyat), deb marhamat qiladi.
Qolaversa, turli tomondan yog'ilib kelayotgan mafkuraviy, diniy, tahdidlardan ogoh bo'lishimiz shart. Ulug' bobomiz Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi dono so'zlari hamon dolzarbdir:
Erursen shoh ‒ agar ogohsen sen,
Agar ogohsen sen ‒ shohsen sen.
Suriyadan keltirilgan yurtdoshlarimiz orasida 7 nafar chin etimning ham borligi yurak-bag'rimizni ezib yubordi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Men va etimni kafilligiga olgan kishi jannatda mana shunday bo'ladi», dedilar va ko'rsatkich hamda o'rta barmoqlariga ishora qilib, bu barmoqlari orasini bir-biriga yaqin tutdilar» (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Boshqa bir hadisda: «Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi etimga yaxshi munosabatda bo'lingan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni etimga yomon munosabatda bo'lingan uydir» (Imom Ibn Moja rivoyati), deyilgan.
Odamlarga yaxshilik qilaman, mehr ko'rsataman deb jonini halokatga qo'yib bo'lsa ham urush o'choqlaridan o'z yurtdoshlarini sug'urib olib kelgan kishilarni, bu ishning boshida turgan rahbarlar, ayniqsa, muhtaram Yurtboshimiz BUGUNNING QAHRAMONLARIdir.
Alloh taolo bu xayrli ishlarga bosh qo'shayotgan barcha-barchani O'z panohida asrasin. Qilgan savobli ishlarining ajrlarini ko'paytirib bersin. Har doim sog'-salomat qilsin. «Mehr» operatsiyalari, o'ylaymanki, yurtdoshlarimizni yanada hushyorroq bo'lishga, turli oqimlar ta'siriga tushib qolmaslikka chorlaydi.
Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi