Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Ogoh odam — oqil odam

05.05.2021   2422   5 min.
Ogoh odam — oqil odam

Odamning qorni bir kosa ovqatga to'yishi mumkin. Juda ko'p eshitganmiz «qornim rosa to'yib ketdi», degan so'zlarni. Ayniqsa, bugungi ma'murchilik davrida, to'qchilik zamonida bu oddiy holatga aylanib ulgurdi. Rabbimizga behisob shukrlar bo'lsin. Lekin «mehrga to'ydim» degan so'zni hech qachon eshitmaganmiz. Mehrga kim ham to'yadi?!

Bu so'zlarni bejiz keltirmayapman. Bugun shaxsan men mehrga tashna, tinchlikka zor, xotirjamlikka intiq yurtdoshlarimizning yuzu ko'zlariga boqib, mehr, tinchlik-xotirjamlik qanchalik ulug' ne'matlar ekanini yana bir karra his etdim. Shu bilan birga, tinch yurtda, farovon hayotda tanti xalq bilan birga yashayotganim uchun Yaratganga shukronalar keltirdim.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari va bevosita topshiriqlari bilan kuni kecha «Mehr 5» operatsiyasi doirasida Suriyaning jangovar harakatlar davom etayotgan qismidan jami 93 nafar yurtdoshimiz – 24 nafar ayol va 69 nafar bola – Vatanimizga qaytarildi.

Avvalroq, «Mehr 1», «Mehr 2», «Mehr 3» va «Mehr 4» gumanitar operatsiyalari doirasida 320 dan ortiq vatandoshlarimiz O'zbekistonga qaytarilgan edi.

Yurtimizda davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlarga qanoat qilmay, hukumatimizning, diniy idoralarning, imom-xatiblarimizning ogohlantirishlariga quloq solmay, chet ellarga borib, qo'li qonga botgan razil kimsalarning, insoniylik qiyofasini yo'qotgan odam shaklidagi iblislarning tazyiqlariga giriftor bo'lgan yurtdoshlarimiz xatolarini kech anglab etishyapti, ko'zlari kech ochilyapti.

Ular muqaddas dinimizning asl mohiyatini anglab etmagani, amaldagi qonunlarimizga rioya etmagani, xalqimizning ming yillik qadriyatlarini toptagani uchun ana shunday ko'rguliklarga duchor bo'lmoqda.

Shuncha ogohlantirishlar, tanbehlarga qaramay, hali-hanuz ekstremistik tashkilotlarning tuzog'iga tushib qolayotgan yurtdoshlarimiz, nahotki, payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning: «Mo'min kishi bir teshikdan ikki marta chaqilmaydi» (Imom Buxoriy rivoyati), degan muborak hadislarini yoki xalqimizning «Ko'r hassasini bir marta yo'qotadi» degan maqolini eshitmagan bo'lsa?!

Axir, bugun oynai jahon orqali, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida yot g'oyalarning ta'siriga tushib qolib, qilmishini kech anglab etgan yurtdoshlarimizning taqdiri namoyish etilgan ko'rsatuvlar, maqolalar, xabarlarni ko'rmagan, o'qimagan kishi bo'lmasa kerak.

Har birimiz, avvalo, o'zimizdan, farzandlarimizdan ogoh bo'lishimiz shart. Loqaydlik va e'tiborsizlik ko'p balolarning boshidir. Halqimiz bejizga «So'nggi pushaymon – o'zingga dushman», demaydi. Pushaymon bo'lmaslik uchun, avvalo, sergak va ogoh bo'lish talab etiladi.

Bugun har qadamda fitnalar urug'ini sochishni kasb qilib olgan g'alamislarning «soxta hijrat» tushunchalaridan juda ehtiyot bo'lishimiz shart. Bu xoinlar, manfur, buzg'unchi kimsalar din nomidan gapirib, sof e'tiqodimiz va qadriyatimizni qoralashga zo'r bermoqda. Ularning asl maqsadi musulmonlarning orasini isloh qilish emas, balki nifoq chiqarishdir.

Alloh taolo ular haqida: «Ular o'zlarining (yolg'on) qasamlarini qalqon qilib olib, (odamlarni) Allohning yo'lidan to'sdilar. Bas, ular uchun (oxiratda) xor qiluvchi azob bordir»(Mujodala surasi, 16-oyat), deb marhamat qiladi.

Qolaversa, turli tomondan yog'ilib kelayotgan mafkuraviy, diniy, tahdidlardan ogoh bo'lishimiz shart. Ulug' bobomiz Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi dono so'zlari hamon dolzarbdir:

Erursen shoh ‒ agar ogohsen sen,

Agar ogohsen sen ‒ shohsen sen.

Suriyadan keltirilgan yurtdoshlarimiz orasida 7 nafar chin etimning ham borligi yurak-bag'rimizni ezib yubordi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Men va etimni kafilligiga olgan kishi jannatda mana shunday bo'ladi», dedilar va ko'rsatkich hamda o'rta barmoqlariga ishora qilib, bu barmoqlari orasini bir-biriga yaqin tutdilar» (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Boshqa bir hadisda: «Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi etimga yaxshi munosabatda bo'lingan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni etimga yomon munosabatda bo'lingan uydir» (Imom Ibn Moja rivoyati), deyilgan.

Odamlarga yaxshilik qilaman, mehr ko'rsataman deb jonini halokatga qo'yib bo'lsa ham urush o'choqlaridan o'z yurtdoshlarini sug'urib olib kelgan kishilarni, bu ishning boshida turgan rahbarlar, ayniqsa, muhtaram Yurtboshimiz BUGUNNING QAHRAMONLARIdir.

Alloh taolo bu xayrli ishlarga bosh qo'shayotgan barcha-barchani O'z panohida asrasin. Qilgan savobli ishlarining ajrlarini ko'paytirib bersin. Har doim sog'-salomat qilsin. «Mehr» operatsiyalari, o'ylaymanki, yurtdoshlarimizni yanada hushyorroq bo'lishga, turli oqimlar ta'siriga tushib qolmaslikka chorlaydi.

Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Duolar ijobati halol luqma bilan

07.09.2026   38599   2 min.
Duolar ijobati halol luqma bilan

“Alloh taolo bandasining halol ortidan quvib holdan toygan holida ko‘rishni yaxshi ko‘radi” (Imom Suyutiy rivoyati).

* * *

“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).

* * *

“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”

(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).

* * *

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).


Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.


Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.


Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.


Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).


Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).

 

Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

Ibratli hikoyalar