Insoniyat tamadduni taraqqiy etishida bir necha omillar sabab bo'ladi. Bular ichida tinchlik va barqarorlik asosiy o'rin egallaydi. Bugun insoniyat taqdiri va taraqqiyotiga tahdid solayotgan ekstremizm, terrorizm barcha davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib kurashishi zarur bo'lgan illatga aylandi. Buzg'unchi g'oyalarning har qanday ko'rinishi kishilik jamiyati boshiga og'ir kulfatlar solib kelgan. Bunday qora kuchlar tajovuzidan har yili 100 mingdan ortiq begunoh kishilar qurbon bo'lmoqda, o'rnini to'ldirib bo'lmas mudhish oqibatlarga olib kelmoqda.
Muqaddas dinimiz ta'limotlarida “g'uluv”, “tug'yon”, “haddan oshish”lar mutlaqo qoralangan va musulmon kishilar bunday amallardan qaytarilgan.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Bas, (ey, Muhammad) buyurilganingizdek to'g'ri bo'ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to'g'ri) bo'lsinlar! Haddan oshib ketmangiz, (ey, mo'minlar!) U qilayotgan ishlaringizni, albatta, ko'rib turuvchidir” (Hud surasi, 112-oyati).
Dinimizda g'uluvga ketishning bir qancha yomon oqibatlari bor. Avvalo, bu insonning aqidasi buzilishiga sabab bo'ladi. Tarixda dinda g'uluvga ketish oqibatida rofiziylar, xorijiylar, mo''tazila singari toifalar yuzaga keldi.
Rofiziylar Payg'ambar alayhissallomdan so'ng xalifalikka munosib, deb faqat Ali roziyallohu anhudan va uning avlodlaridan boshqani tan olmadi. Keyin ular yana bir qancha toifalarga bo'lindi. Rafoviz so'zi inkor qiluvchi, rad etuvchilar degan ma'noni anglatadi. Rofiziylar g'uluv sababli ahli sunna val jamoadan chiqqanlar.
Havorijlar esa hazrati Ali roziyallohu anhuni kofirga chiqardilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu bunday deganlar: “Mening boramda ikki xil toifa halokatga uchradi: biri haddan tashqari muhabbat qo'yib, ikkinchisi haddan tashqari bug'zu adovat qilib”.
Mo''tazila toifasi Alloh taoloning zotida g'uluvga ketib, sifatlarini inkor qildilar. Havorij va mo''tazilalar amru ma'ruf va nahiy munkarda haddan oshib, musulmonlarning imomga qarshi chiqishiga yo'l ochdilar. Ular rahbarga qarshi chiqishga targ'ib qildilar. Payg'ambar alayhissalom bunday deydilar: “Kim amirining biror ishini yoqtirmasa, unga sabr qilsin. Chunki biror kishi boshlig'ining itoatidan bir qarich chiqsa va shu holida o'lsa, johiliyat o'limida o'libdi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Bugun yoshlarimizni imon-e'tiqodini mustahkam, irodasi baquvvat, o'z mustaqil fikriga ega qilib tarbiyalash asosiy vazifamiz bo'lishi kerak. Ularning tafakkuriga dinimizning sof ta'limotlari, asrlar osha sayqallanib kelayotgan muqaddas qadriyatlarimiz, o'zligini unutmaslik kabi fazilatlarni singdirib borishimiz zarur.
Muhammadyahyo EMINOV
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi