Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Ogoh odam – oqil odam

01.05.2021   2433   6 min.
Ogoh odam – oqil odam

Munosabat 

Odamning qorni bir kosa ovqatga to'yishi mumkin. Juda ko'p eshitganmiz “qornim rosa to'yib ketdi”, degan so'zlarni. Ayniqsa, bugungi ma'murchilik davrida, to'qchilik zamonida bu oddiy holatga aylanib ulgurdi. Rabbimizga behisob shukrlar bo'lsin. Lekin “mehrga to'ydim” degan so'zni hech qachon eshitmaganmiz. Mehrga kim ham to'yadi?!

Bu so'zlarni bejiz keltirmayapman. Bugun shaxsan men mehrga tashna, tinchlikka zor, xotirjamlikka intiq yurtdoshlarimizning yuzu ko'zlariga boqib, mehr, tinchlik-xotirjamlik qanchalik ulug' ne'matlar ekanini yana bir karra his etdim. Shu bilan birga, tinch yurtda, farovon hayotda tanti xalq bilan birga yashayotganim uchun Yaratganga shukronalar keltirdim.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari va bevosita topshiriqlari bilan kuni kecha “Mehr 5” operatsiyasi doirasida Suriyaning jangovar harakatlar davom etayotgan qismidan jami 93 nafar yurtdoshimiz – 24 nafar ayol va 69 nafar bola – Vatanimizga qaytarildi.

Avvalroq, “Mehr 1”, “Mehr 2”, “Mehr 3” va “Mehr 4” gumanitar operatsiyalari doirasida 320 dan ortiq vatandoshlarimiz O'zbekistonga qaytarilgan edi.

Yurtimizda davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlarga qanoat qilmay, hukumatimizning, diniy idoralarning, imom-xatiblarimizning ogohlanitirishlariga quloq solmay, chet ellarga borib, qo'li qonga botgan razil kimsalarning, insoniylik qiyofasini yo'qotgan odam shaklidagi iblislarning tazyiqlariga giriftor bo'lgan yurtdoshlarimiz xatolarini kech anglab etishyapti, ko'zlari kech ochilyapti.

Ular muqaddas dinimizning asl mohiyatini anglab etmagani, amaldagi qonunlarimizga rioya etmagani, xalqimizning ming yillik qadriyatlarini toptagani uchun ana shunday ko'rguliklarga duchor bo'lmoqda.

Shuncha ogohlantirishlar, tanbehlarga qaramay, hali-hanuz ekstremistik tashkilotlarning tuzog'iga tushib qolayotgan yurtdoshlarimiz, nahotki,  payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning: “Mo'min kishi bir teshikdan ikki marta chaqilmaydi”(Imom Buxoriy rivoyati), degan muborak hadislarini yoki xalqimizning “Ko'r hassasini bir marta yo'qotadi” degan maqolini eshitmagan bo'lsa?!

Axir, bugun oynai jahon orqali, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida yot g'oyalarning ta'siriga tushib qolib, qilmishini kech anglab etgan yurtdoshlarimizning taqdiri namoyish etilgan ko'rsatuvlar, maqolalar, xabarlarni ko'rmagan, o'qimagan kishi bo'lmasa kerak.

Har birimiz, avvalo, o'zimizdan, farzandlarimizdan ogoh bo'lishimiz shart. Loqaydlik va e'tiborsizlik ko'p balolarning boshidir. Halqimiz bejizga “So'nggi pushaymon – o'zingga dushman”, demaydi. Pushaymon bo'lmaslik uchun, avvalo, sergak va ogoh bo'lish talab etiladi.

Bugun har qadamda fitnalar urug'ini sochishni kasb qilib olgan g'alamislarning “soxta hijrat” tushunchalaridan juda ehtiyot bo'lishimiz shart.  Bu xoinlar, manfur, buzg'unchi kimsalar din nomidan gapirib, sof e'tiqodimiz va qadriyatimizni qoralashga zo'r bermoqda. Ularning asl maqsadi musulmonlarning orasini isloh qilish emas, balki nifoq chiqarishdir.

Alloh taolo ular haqida: «Ular o'zlarining (yolg'on) qasamlarini qalqon qilib olib, (odamlarni) Allohning yo'lidan to'sdilar. Bas, ular uchun (oxiratda) xor qiluvchi azob bordir»(Mujodala surasi, 16-oyat), deb marhamat qiladi.

Qolaversa, turli tomondan yog'ilib kelayotgan mafkuraviy, diniy, tahdidlardan ogoh bo'lishimiz shart. Ulug' bobomiz Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi dono so'zlari hamon dolzarbdir:

Erursen shoh ‒ agar ogohsen sen,

Agar ogohsen sen ‒ shohsen sen.

Suriyadan keltirilgan yurtdoshlarimiz orasida 7 nafar chin etimning ham borligi yurak-bag'rimizni ezib yubordi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Men va etimni kafilligiga olgan kishi jannatda mana shunday bo'ladi”, dedilar va ko'rsatkich hamda o'rta barmoqlariga ishora qilib, bu barmoqlari orasini bir-biriga yaqin tutdilar” (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Boshqa bir hadisda: “Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi etimga yaxshi munosabatda bo'lingan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni etimga yomon munosabatda bo'lingan uydir”(Imom Ibn Moja rivoyati), deyilgan.

Odamlarga yaxshilik qilaman, mehr ko'rsataman deb jonini halokatga qo'yib bo'lsa ham urush o'choqlaridan o'z yurtdoshlarini sug'urib olib kelgan kishilarni, bu ishning boshida turgan rahbarlar, ayniqsa, muhtaram Yurtboshimiz BUGUNNING QAHRAMONLARIdir.

Alloh taolo bu xayrli ishlarga bosh qo'shayotgan barcha-barchani O'z panohida asrasin. Qilgan savobli ishlarining ajrlarini ko'paytirib bersin. Har doim sog'-salomat qilsin. “Mehr” operatsiyalari, o'ylaymanki, yurtdoshlarimizni yanada hushyorroq bo'lishga, turli oqimlar ta'siriga tushib qolmaslikka chorlaydi.

.

 

Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

BBC Studios vakili: Prezident tashabbusi O‘zbekistonni xalqaro madaniy muloqot chorrahasiga aylantirmoqda

04.09.2026   83040   2 min.
BBC Studios vakili: Prezident tashabbusi O‘zbekistonni xalqaro madaniy muloqot chorrahasiga aylantirmoqda

BBC Studios’ning Yevroosiyodagi tijoriy vakili Sergey Stanovkinning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda o‘tgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi O‘zbekistonning o‘z tarixi va sivilizatsion merosini global auditoriyaga mustaqil ovoz bilan yetkazishga qaratilgan yangi media maydoniga aylandi, xabar bermoqda iccu.uz.

Sergey Stanovkin, BBC Studios’ning Yevroosiyodagi tijoriy vakili

– Ushbu mediaforumning ahamiyati juda katta. Professional ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonga jamlash axborot muhitida mutlaqo boshqa natija beradi. Bugun blogerlik jadal rivojlanayotgan muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lsa-da, an’anaviy OAVning o‘z auditoriyasi, ta’sir doirasi, ishonch darajasi va tahririy siyosati bor. Shu bois bu tadbirning aynan mediaforum shaklida o‘tkazilayotgani va unda ko‘plab xalqaro OAV vakillari ishtirok etayotgani alohida ahamiyatga ega.

Endilikda muhim vazifa — xalqaro media kun tartibida Markaziy Osiyo va O‘zbekistonga yanada keng o‘rin berish. Buning uchun O‘zbekiston va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z ovozi, o‘z kontenti va samarali kommunikatsiyalariga ega bo‘lishi kerak. Chunki Islom sivilizatsiyasi markazining dunyoga aytadigan gapi, taqdim etadigan mazmuni bor.

Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi ham shu nuqtayi nazardan juda muhim. U nafaqat mamlakatlar o‘rtasida, balki o‘tmish va kelajak o‘rtasida ham ko‘prik yaratadi. Tarixni anglash kelajakni to‘g‘ri qurishga yordam beradi. BBC’da “O‘zbekiston — sivilizatsiyalar chorrahasi” reklamaviy kampaniyasi bo‘lganida, men bu haqda ko‘p o‘ylagan edim. Menimcha, Islom sivilizatsiyasi markazi ham gumanitar sohadagi ana shunday muhim chorrahalardan biri — u odamlarni Toshkentga, O‘zbekistonga chorlaydi va turli mamlakatlarni yaqinlashtiradi.

O‘zbekistonni xalqaro madaniy muloqot uchun muhim maydonga aylantirayotgan asosiy jihat — uning faolligi va tashabbuskorligi. Bu iqtisodiyotda ham, madaniyatda ham yaqqol ko‘rinmoqda. Ayniqsa, kelajakka qaratilgan qarash O‘zbekistonni ajratib turadi. O‘tmishni o‘rganish juda muhim, ammo kelajak haqida gapirish va rivojlanish yo‘nalishini belgilash ham shunchalik ahamiyatli. Ana shunda yangi hamkorlar va yangi tarafdorlar paydo bo‘ladi. O‘zbekiston buni juda yaxshi amalga oshirmoqda. Shu bois uning do‘stlari va hamkorlari ko‘p. Ishonchim komilki, O‘zbekistonni katta va porloq kelajak kutmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari