Samolyotda parvoz qilish oldidan juda ko'pchilik ijtimoiy tarmoqlarda o'z suratlari bilan bo'lishadi. Bu ko'pincha parvoz zavqi, sayohat ishtiyoqi bilan bog'liq bo'ladi.
Lekin uzoq yillar vatangadolikda yurgan odamlarning parvozi samolyot u intiq bo'lgan zaminga qo'nguncha ko'zyoshlarga chulg'anishi haqida eshitganmisiz?
“Prezidentimiz bizni jahannamdan olib chiqdi. Suriyadan samolyotga o'tirganimdan Vatanimizga kelib qo'ngunimizgacha ko'z yoshlarim tinmadi. Bizga o'zimiz hatto tasavvur qila olmaydigan yaxshilikni ravo ko'rganlarni tinmay duo qilyapman”, deb ta'kidlaydi Nodira Oloviddinova.
U o'zi tug'ilib o'sgan Namangan viloyati Kosonsoy tumanidan chiqib ketganiga 24 yil bo'lgan ekan. Turmush o'rtog'i xorijda ishlashga jazm qilganida u ham birga yo'lga chiqqan. Bu yo'llar turli sarhadlarni bosib o'tib, oxirida ularni Suriya davlatiga olib bordi.
– Avval Qozog'iston, Eron, Turkiya davlatlarida yashab, ishlaganmiz. Keyin Suriyada yaxshi maosh to'lashi haqida eshitib, u erga borganmiz. Biroq borishimiz bilan jahannam oloviga tushib qolganimizni tushundik, lekin ortga yo'l yo'q edi, – deydi N.Oloviddinova. – Atrofimizda o'q ovozlari tinmas, bombalar yog'ilib turgan bir sharoitda yurak hovuchlab yashardik. Kunlardan birida qizimni olib, ish bilan uydan chiqdim. Qaytib kelganimizda yashayotgan joyimizga bomba tushib, uy ham, shu vaqtda o'sha erda bo'lgan turmush o'rtog'im, besh o'g'lim kunpayakun bo'lgan ekan...
Hammasidan bir kunda ayrilib, faryod ko'targanicha qolgan ayol bir qizi va o'sha vaqtda uydan chiqib ketgani uchun tirik qolgan yana bir o'g'li bilan uch-to'rt yildan buyon og'ir sharoitda yashab kelgan. Qo'rquv to'la uyqusiz tunlarida yurtga qaytishga ko'zi etmasa ham Yartgandan doim najot so'ragan.
Hayot so'qmoqlarida bu ayol kabi adashganlarni ko'pchilik qoralaydi, albatta. Biroq inson borki, xato qiladi. Ayniqsa, eri, aka-ukasining qistovi bilan yurtdan chiqib ketgan ayollar, ularning bolalari aslida aybsiz aybdorlardir.
Shuning uchun ham davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev topshirig'iga ko'ra va bevosita nazorati ostida xorijiy yurtlarda qiyin sharoitga tushib qolgan shunday vatandoshlarimizga ko'mak berish, ularni mamlakatimizga qaytarish bo'yicha “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirib kelinmoqda.
Shu kungacha o'tkazilgan “Mehr-1, -2, -3, -4” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg'onistondan og'ir ahvolga tushib qolgan 438 nafar ayol va bola mamlakatimizga olib kelindi.
Zero, har bir O'zbekiston fuqarosi davlat himoyasida ekani Bosh qomusimizda kafolatlangan.
Kuni kecha Muborak Ramazon oyida AQSh va boshqa hamkor davlatlar ko'magi bilan amalga oshirilgan “Mehr-5” operatsiyasi natijasida Suriya hududidagi urush ketayotgan “qaynoq nuqtalar”ga borib qolib, “Al-Hol” lagerida 3 yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayol va 69 nafar bola O'zbekistonga qaytarildi.
Ular mutaassiblik, terrorchilik yo'liga kirgan turmush o'rtoqlarining undovi bilan Suriyaga borgan va erlarini janglarda yo'qotib, o'zlari beva, farzandlari esa etim qolgan.
Vatanga olib kelingan bolalar orasida ham otasini, ham onasini yo'qotgan 7 nafar chin etim ham bor.
Achinarlisi, taqdirning achchiq qismatiga duchor kelgan bu vatandoshlarimiz hayot kechirish uchun zarur bo'ladigan oddiy sharoitlardan mahrum holatda yashab kelgan.
– Yurtimizda kechirimlilik, afv etish, adashgan kishilarning to'g'ri yo'lga tushib ketishiga imkon berishdek azgu amallar muntazamlik kasb etgan, – deydi O'zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov. – Ushbu muborak kunlarda shunday yana bir bag'rikenglikning guvohi bo'lib turibmiz. Prezidentimiz topshirig'i bilan urush ketayotgan joydan og'ir ahvolda qolgan ayollar va bolalar olib kelindi. Halqimizdan, davlatimiz rahbaridan kechirim so'rab, yordam so'rab yolvorgan bu ayollar noto'g'ri da'vatlarga uchib, xorijga chiqib ketgan turmush o'rtoqlarining xatosi qurboni bo'lgan. Bu holatdan boshqalar, ayniqsa, yoshlar saboq olishi kerak. Chunki shu kunlarda ham soxta da'volarga aldanib, go'yoki xijrat qilish uchun Suriyaga ketmoqchi bo'layotganlar topiladi. Aynan shular bunday qilmishning oqibati nima bo'lishini mana bu tirik etimlar misolida anglashi zarur.
Suriyadan olib kelingan ayollar va bolalar Toshkent viloyatidagi “Bo'ston” sanatoriyasiga joylashtirildi. Ularga tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko'rsatiladi. Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo'yicha zarur ishlar amalga oshiriladi.
Avval yangi tong otishiga ishonmay uyquga yotgan bu 93 nafar insonning bugungi tonggi xotirjamlikda, ertangi kunga ishonch bilan otdi.
Halqaro ekspertlar fikriga ko'ra, O'zbekiston o'z fuqarolarini harbiy mojaroli zonalardan olib chiqish bilan faol shug'ullanayotgan kam sonli davlatlardan biri sanaladi.
Hulosa o'rnida ta'kidlash lozimki, aynan “Mehr”operatsiyasi orqali avval olib kelingan shaxslar bunday bag'rikenglikka javoban hozir tinch hayot kechirib, halol mehnat bilan shug'ullanmoqda. Bolalar esa ta'lim olmoqda. Chin etim bo'lib qolgan farzandlar Mehribonlik uylariga joylashtirilgan. Ularning yangi hayoti, dunyoqarashi yaxshi tomonga o'zgargan.
Turli sabablar bilan adashgan, bugun to'g'ri yo'lga tushayotgan bunday shaxslarga nafaqat davlat, jamoatchilik g'amxo'rlik ko'rsatishi, balki ularning atrofidagi odamlar ham befarq bo'lmasligi kerak. Zero, bir zaminda tug'ilib, yonma-yon yashar ekanmiz, har birimiz bir-birimiz uchun ham mas'ulmiz. Zotan, qayerda adashganlar bo'lsa, bu uning atrofidagilarning loqaydligi mahsulidir.
Hech qachon befarq bo'lmang, yaqinlaringiz, atrofingizdagilar adashishiga yo'l qo'ymang.
Norgul Abduraimova,
O'zA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh o‘z fazli bilan kimni xohlasa to‘g‘ri yo‘lga soladi, kimni xohlasa ma’siyatdan asraydi va ofiyatda saqlaydi. O‘z adolati bilan kimni xoxlasa adashtiradi, kimni xohlasa yordamisiz qoldiradi va imtihon qiladi.
Yaralmishlarning barchasi uning xohishida, fazli va adolati orasida aylanib turadi. Bu gapdan bilinadiki, bandalar Allohga aslah (yaxshi) ish qilish vojib deyishga haqli emaslar.
Balki Alloh maxluqotlar borasida xohlaganicha tasarruf qiladi. Chunki olam uni mulkidir. Molik mulkida xohlaganicha tasarruf qila oladi.
Oli Imron surasi 43-oyatida: "Alloh xohlaganini qiladi", deyiladi.
Moida surasi 1-oyatida: "Alloh xohlaganiga hukm qiladi", deyilgan.
Bu yerda moʻtaziliylarning gapiga raddiya bor. Ular Alloh bandalariga eng aslah* (yaxshi) ishni qilishni vojib deydilar. Ularning so‘zlariga ko‘p oyatlarda ochiq-oydin raddiyalar bor.
Nahl surasi 93-oyat: "U Zot kimni xohlasa adashtirur, kimni xohlasa hidoyatga yo‘llab qo‘yur".
Baqara surasi 26-oyat: "U o‘sha bilan ko‘plarni zalolatga solib qo‘yadi, ko‘pchilikni hidoyatga solib qo‘yadi".
Yunus surasi 99-oyat: "Agar Robbingiz xohlasa, yer yuzidagi kishilarning hammasi iymonga kelar edi".
Nahl surasi 9-oyat: "Agar xohlasa, albatta, hammangizni hidoyat qilgan bo‘lardi".
Agar aslah (yaxshi) ish vojib bo‘lganda, olamda hech kim kufr keltirmas, osiy bo‘lmas edi. Chunki kufr va osiylik bandalar uchun aslah ish emas. Agar kimga iymonni iroda qilsa, o‘zining fazli bilan bo‘ladi, bandalar haqli bo‘lganligi uchun emas. Kimga kufrni iroda qilsa, adli bilan bo‘ladi, zolimligi uchun emas.
Zulm- o‘zidan boshqani mulkida tasarruf qilishdir. Alloh o‘zining mulkini tasarruf qiladi.
Anbiyo surasi 23-oyat: "U (Alloh) qilganlari borasida so‘ralmas".
Aslah ishlarni vojibligi Uning quyidagi so‘zi bilan botil bo‘lgan:
Baqara surasi 105-oyat: "(U) buyuk fazl egasidir".
Ustida vojib haqni bajarish fazl emas. Shuningdek, unda Muhsin, Mun’im, Mujmil (go‘zal suratda yaratuvchi) va Mannon ismlari botil bo‘ladi. Chunki unga vojib bo‘lib turgan narsani ado etishda ham ehson, fazl, minnat bo‘lmaydi.
Aslah ish - bandaning xizmat qilgani uchun savob berish muqobilidagi xizmasiz savob berish, yaxshi ishning muqobilidagi undanda yaxshiroq ishlar tushuniladi. Misol uchun banda jannatda bo‘lishi yoki undagi oliy maqomda bo‘lishi kabi ikki ish ko‘ndalang kelib qolsa, Alloh taoloning zimmasiga "aslah" ish vojib bo‘ladi-da, uni jannatdagi oliy martabaga ko‘tarishi lozim bo‘ladi.
Manba: Abu Hafs Sirojiddin Gʻaznaviyning "Sharhu Aqiydatil imom at-Tahoviy kitobi".
Tayyorladi: 3-kurs talabasi Raxmonova.R