Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

E'tiqod durdonalari: ShAFOAT TUShUNChASI BAYoNI

29.04.2021   14050   32 min.
E'tiqod durdonalari: ShAFOAT TUShUNChASI BAYoNI

Shafoat tushunchasi bayoni

28- وَمَرْجُوٌّ شَفَاعَةُ أَهْلِ خَيْرٍ    لِأَصْحَابِ الْكَبَائِرِ كَالْجِبَالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Solih bandalarning shafoati tog'lardek gunohi kabiralarni qilganlarga (ham) umid qilingandir.

 

Nazmiy bayoni:

Solihlar shafoatidan, albat, umid bor,

Umidvorlar bo'lsa ham tog'dek gunohkor.

 

Lug'atlar izohi:

مَرْجُوٌّ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar. Rajo kalimasi lug'atda “umidvorlik” ma'nosida ishlatiladi.

شَفَاعَةُ  – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Lug'atda “juft qilmoq”, “tarafini olmoq” ma'nolarini anglatadi.

خَيْرٍأَهْلِ – muzofun ilayh. Lug'atda “yaxshilik egalari” ma'nosini anglatadi.  

لِ – jor harfi اِلَى ma'nosida kelgan.

الْكَبَائِرِ أَصْحَابِ – gunohi kabiralarni sodir etgan va tavba qilmasdan vafot etgan kishilar ko'zda tutilgan.

كَ – “tashbeh” (o'xshatish) uchun kelgan jor harfi.

الْجِبَالِ – tog'lar erdan baland ko'tarilgan va uzun cho'zilib ketgan bahaybat do'ngliklardir. Musulmon kishi har qancha bahaybat gunohlarni sodir etgan bo'lsa ham shafoatdan umid uzilmasligini bildirib qo'yish uchun aynan shu kalima ishlatilgan.

 

Matn sharhi:

Hayr ahli hisoblangan solih insonlarning gunohkorlarni shafoat qilishlari, agar o'sha gunohkorlar tog'lardek katta gunohlarni sodir etgan bo'lsalar ham, Alloh taolodan gunohlarini afv etishini so'rashlari umid qilinadigan ish sanaladi.  Solih insonlarning kimlar ekanligi quyidagi hadisi sharifda bayon qilingan:

عَنْ عُثْمَانَ بْنِ عَفَّانَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَشْفَعُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ ثَلاَثَةٌ الأَنْبِيَاءُ  ثُمَّ الْعُلَمَاءُ  ثُمَّ الشُّهَدَاءُ. رَوَاهُ اِبْنُ مَاجَّةَ   

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida shafoat qiladiganlar uchtadir: payg'ambarlar, so'ngra ulamolar, so'ngra shahidlardir”, – dedilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan.  

Ya'ni qiyomat kunida eng avvalo payg'ambarlar shafoat qiladilar, so'ngra ilmiga amal qilgan olimlar shafoat qiladilar, so'ngra Alloh yo'lida jonlarini fido qilgan muxlis shahidlar shafoat qiladilar. Hadisi sharifda shahidlarning olimlarga  ثُمَّbilan atf qilinishida olimlarning shahidlardan  yuqori martabada bo'lishlariga ishora bor.

Shafoatga lug'aviy jihatdan ikki xil ma'no berilgan. Ba'zilar shafoatni  شَفْعٌ ya'ni “juft qilmoq” ma'nosida deyishsa, ba'zilar esa شَفَاعَةٌ ya'ni “himoya qilmoq”, “tarafini olmoq” kabi ma'nolarni bildiradi, deyishgan. Shunga ko'ra  shafoatga ikki xil ta'rif berilgan:

  1. Shafoat lug'atda “toqni juft qilish” ma'nosini anglatadi. Ikki rakat namoz ham shu ma'noda “shaf” deyiladi. Istilohda esa, yaxshilikni jalb qilish yoki zararni daf etishda o'rtada turishni shafoat deyiladi. Demak shafoat deganda ikki ish tushuniladi:

a) yaxshilikni jalb qilish;

b) zararni daf qilish[1]”.

  1. Shafoat lug'atda “vasiyla”, “so'rov” kabi ma'nolarni anglatadi. Urfda esa boshqadan boshqa birov uchun yaxshilik qilishni so'rash shafoat deyiladi. Shuningdek shafoatda “juft qilish” ma'nosi ham bo'lib, go'yo shafoat qiluvchi o'zining so'rovini shafoat qilinganning so'roviga qo'shgan, ya'ni ikki so'rovni juftlashtirgan bo'ladi.

 

Shafoatning shartlari

Qur'oni karimda shafoatning qachon naf berishi shunday bayon qilingan:

﴿۞وَكَم مِّن مَّلَكٖ فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ لَا تُغۡنِي شَفَٰعَتُهُمۡ شَيۡ‍ًٔا إِلَّا مِنۢ بَعۡدِ أَن يَأۡذَنَ ٱللَّهُ لِمَن يَشَآءُ وَيَرۡضَىٰٓ٢٦

“Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar bo'lib, o'shalarning shafoatlari ham – Alloh O'zi xohlagan va rozi bo'lgan kishilarga (shafoatga) izn bermagunicha – foyda bermas”[2].    

Ushbu oyati karimada shafoat faqat ikki shart bilan naf berishi aytilgan:

  1. Alloh taoloning shafoat qiluvchiga shafoat qilish iznini berishi. Chunki shafoat yolg'iz Alloh taoloning mulki bo'lib, bu haqida shunday xabar berilgan:

﴿قُل لِّلَّهِ ٱلشَّفَٰعَةُ جَمِيعٗاۖ لَّهُۥ مُلۡكُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۖ ثُمَّ إِلَيۡهِ تُرۡجَعُونَ٤٤

“Ayting: “Barcha shafoat (oqlov) faqat Allohnikidir”[3].      

  1. Alloh taoloning shafoat qilingandan uning tavhid ahli bo'lgani sababli rozi bo'lishi. Chunki mushrikka shafoatchilarning shafoatlari naf bermaydi. Bu haqida shunday xabar berilgan:

﴿فَمَا تَنفَعُهُمۡ شَفَٰعَةُ ٱلشَّٰفِعِينَ٤٨

“Endi shafoatchilarning shafoati ularga foyda bermas”[4].   

Ya'ni Allohdan ularni azoblamaslikni so'raydigan shafoatchi bo'lmaydi. Agar butun Yer ahli ularni shafoat qilmoqchi bo'lsalar ham, ularning shafoatlari qabul qilinmaydi. Shafoat haqida ko'plab hadisi shariflar kelgan:

عَنْ عَوْفِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ قَالْ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَى اللهُ عَلَيهِ وَ سَلَّمَ أَتَانِي آتٍ مِنْ عِنْدِ رَبِّي فَخَيَّرَنِى بَيْنَ أَنْ يَدْخُلَ نِصْفُ أُمَّتِي الْجَنَّةَ وَ بَيْنَ الشَّفَاعَةِ فَاخْتَرْتُ الشَّفَاعَةَ وَ هِىَ لِمَنْ مَاتَ لاَ يُشْرِكُ بِاللهِ شَيْئًا.  رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Avf ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga Robbimning huzuridan bir kelguvchi keldi va ummatimning yarmi jannatga kirmoqligini yoki shafoatni tanlashimni so'radi. Bas, men shafoatni tanladim. U Allohga hech narsani shirk keltirmay vafot etgan kishi uchundir”, – dedilar”. ImomTermiziy rivoyat qilgan.

 

Shafoatning turlari

Shafoatni ikki turga ajratish mumkin:

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xos shafoatlar;
  2. Umumiy shafoatgo'ylarning shafoatlari.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xos shafoatlar

  1. Barcha Payg'ambarlar orasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xos qilib berilgan ulkan shafoat. Qur'oni karimda ushbu shafoatga ishora kelgan:

﴿وَمِنَ ٱلَّيۡلِ فَتَهَجَّدۡ بِهِۦ نَافِلَةٗ لَّكَ عَسَىٰٓ أَن يَبۡعَثَكَ رَبُّكَ مَقَامٗا مَّحۡمُودٗا٧٩

“Shoyadki, Robbing seni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa”[5].   

Oyati karimada zikr qilingan “maqtovli maqom”ni jumhur ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga beriladigan qiyomat kunidagi ulkan shafoat, – deyishgan.

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib qolgan qavmlarni jannatga kirishlari uchun qiladigan shafoatlari. Ba'zilar bu shafoat to'g'risida Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ham, u zotdan boshqadan ham sahih xabar kelmagan, – deyishgan. Ba'zilar esa ushbu oyatni keltirishgan:

﴿وَبَيۡنَهُمَا حِجَابٞۚ وَعَلَى ٱلۡأَعۡرَافِ رِجَالٞ يَعۡرِفُونَ كُلَّۢا بِسِيمَىٰهُمۡۚ وَنَادَوۡاْ أَصۡحَٰبَ ٱلۡجَنَّةِ أَن سَلَٰمٌ عَلَيۡكُمۡۚ لَمۡ يَدۡخُلُوهَا وَهُمۡ يَطۡمَعُونَ٤٦

“A'rof (arasot) uzra (jannat va do'zaxdagilarning) har birini siymolari (alomatlari)dan tanib oladigan kishilar (bo'lur)[6].

Yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib qolgan kishilar bir tafsirga ko'ra ushbu oyati karimaning umumiy ma'nosiga kiradilar. Ya'ni yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib, o'rtada turib qolgan kishilar Rasulullohning shafoatlari bilan jannatga kiradilar, – deyishgan.

  1. Do'zaxga amr qilingan qavmlarni unga kirmasliklari uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umumiy qilib aytgan quyidagi so'zlaridir:

 عَنْ جَابِرِ بنِ عَبْدِ اللهِ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَفَاعَتِي لِأَهْلِ الكَبَائِرِ مِنْ أُمّتِي.  رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan ahli kaboirlarga shafoatim bordir”, – dedilar”. ImomTermiziy rivoyat qilgan.

Shuningdek, do'zaxga kirgan ba'zi kimsalarning u zotning shafoatlari sababli undan chiqarilishi haqida ham rivoyatlar kelgan:

حَدَّثَنَا عِمْرَانُ بْنُ حُصَيْنٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَخْرُجُ قَوْمٌ مِنْ النَّارِ بِشَفَاعَةِ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ يُسَمَّوْنَ الْجَهَنَّمِيِّينَ.  رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Bizlarga Imron ibn Husayn roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitganini gapirib berdi: “Bir qavm Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari sababli do'zaxdan chiqib, jannatga kiradilar, “jahannamiylar” deb nomlanadilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

  1. Jannatga kirganlarni amallarining savoblari taqozo qilgan darajadan yuqori darajaga ko'tarish uchun qiladigan shafoatlari. Bunga ushbu hadis dalildir:

عَنْ أُمّ سَلَمَةَ قَالَتْ: دَخَلَ رَسُولُ اللّهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَىَ أَبِي سَلَمَةَ وَقَدْ شَقّ بَصَرُهُ فَأَغْمَضَهُ ثُمّ قَالَ إِنّ الرّوحَ إِذَا قُبِضَ تَبِعَهُ الْبَصَرُ فَضَجّ نَاسٌ مِنْ أَهْلِهِ فَقَالَ لَا تَدْعُوا عَلَيَّ أَنْفُسِكُمْ إِلاّ بِخَيْرٍ فَإِنّ الْمَلاَئِكَةَ يُؤَمِّنُونَ عَلَىَ مَا تَقُولُونَ ثُمّ قَالَ اللّهُمّ اغْفِرْ لأَبِي سَلَمَةَ وَارْفَعْ دَرَجَتَهُ فِي الْمَهْدِيّينَ وَاخْلُفْهُ فِي عَقِبِهِ فِي الْغَابِرِينَ وَاغْفِرْ لَنَا وَلَهُ يَا رَبّ الْعَالَمِينَ وَافْسَحْ لَهُ فِي قَبْرِهِ وَنَوّرْ لَهُ فِيهِ.  رَوَاهُ مُسْلمٌ

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Salamaning yoniga kirdilar, uning ko'zi bir tomonga qarab qolgan edi, uni yopib qo'ydilar. So'ngra: “Qachon ruh qabz qilinsa, ko'z unga ergashadi”, – dedilar. Uning yaqinlari yig'lab yuborishdi. U zot: “O'zlaringizga faqat yaxshi narsani tilanglar, albatta farishtalar aytayotgan narsalaringizga omiyn deb turadilar”, – dedilar. So'ngra: “Ey Allohim, Abu Salamani mag'firat qilgin, uning darajasini hidoyat qilinganlar holatida ko'targin,  unga ahlidan o'rinbosarlar qilgin, ey olamlar Robbisi, bizni ham, uni ham kechirgin. Unga qabrini keng va nurli qilib bergin”, – dedilar”.  Muslim rivoyat qilgan. 

  1. Ba'zi qavmlarni jannatga hisobsiz kirishlari uchun qiladigan shafoatlari. Bu haqida quyidagi hadisda xabar berilgan:

عَنْ الزُّهْرِيِّ قَالَ حَدَّثَنِي سَعِيدُ بْنُ الْمُسَيَّبِ أَنَّ أَبَا هُرَيْرَةَ حَدَّثَهُ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مِنْ أُمَّتِي زُمْرَةٌ هُمْ سَبْعُونَ أَلْفًا تُضِيءُ وُجُوهُهُمْ إِضَاءَةَ الْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ وَقَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ فَقَامَ عُكَّاشَةُ بْنُ مِحْصَنٍ الْأَسَدِيُّ يَرْفَعُ نَمِرَةً عَلَيْهِ فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ ادْعُ اللَّهَ أَنْ يَجْعَلَنِي مِنْهُمْ قَالَ اللَّهُمَّ اجْعَلْهُ مِنْهُمْ ثُمَّ قَامَ رَجُلٌ مِنْ الْأَنْصَارِ فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ ادْعُ اللَّهَ أَنْ يَجْعَلَنِي مِنْهُمْ فَقَالَ سَبَقَكَ بِهَا عُكَّاشَةُ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Zuhriydan rivoyat qilinadi: “Menga Sa'id ibn Musayyab gapirib berdi, unga Abu Hurayra gapirib bergan ekan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Jannatga mening ummatimdan yuzlaridan nur balqib turgan bir guruh kiradi. Ular etmish mingtadir. Ularning yuzlari to'lin oy kechasidagi oyning ziyosidek nur taratib turadi”, – deyayotganlarini eshitdim. Abu Hurayra: “Shunda Ukkosha ibn Mihson Asadiy ustidagi chakmonini ko'tarib sakrab o'rnidan turib ketdi va: “Ey Allohning Rasuli, meni o'shalardan qilishini so'rab Allohga duo qiling”, – dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ey Allohim, uni o'shalardan qilgin”, – dedilar. So'ngra ansorlardan bo'lgan bir kishi o'rnidan turib: “Ey Allohning Rasuli, meni o'shalardan qilishini so'rab Allohga duo qiling, – dedi. U zot: “Uni Ukkosha sendan oldin qo'lga kiritib bo'ldi”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.    

  1. Azobga giriftor bo'lib qolganlarning azoblarini engillatish uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili ushbu hadisdir:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَذُكِرَ عِنْدَهُ عَمُّهُ أَبُو طَالِبٍ فَقَالَ لَعَلَّهُ تَنْفَعُهُ شَفَاعَتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَيُجْعَلُ فِي ضَحْضَاحٍ مِنْ النَّارِ يَبْلُغُ كَعْبَيْهِ يَغْلِي مِنْهُ أُمُّ دِمَاغِهِ.  رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida amakilari Abu Tolib zikr qilinganida u zotning: “Shoyadki qiyomat kunida unga mening shafoatim naf bersa, u olovning chuqur bo'lmagan, ikki to'pig'igagina etib turadigan sayoz joyiga qo'yiladi. O'sha joy sababli bosh miyasining pardasi qaynab turadi”, – deganlarini eshitgan”. ImomBuxoriy rivoyat qilgan.   

  1. Barcha mo'minlarga jannatga kirish izni berilishi uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili ushbu hadisdir:

عَنْ أَنَسٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَا أَوَّلُ شَافِعٍ فِى الْجَنَّةِ. رَوَاهُ  الدَّارِمِىُّ

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men jannatga erishish uchun avvalgi shafoatchiman”, – dedilar”.   ImomDorimiy rivoyat qilgan. 

Ya'ni u zot insonlarning jannatga kirishlari uchun avvalgi shafoatchidirlar.

  1. Gunohi kabira qilgan ummatlari uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili ushbu hadisdir:

عَنْ جَابِرِ بنِ عَبْدِ الله قال قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَفَاعَتِي لِأَهْلِ الكَبَائِرِ مِنْ أُمّتِي. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan ahli kaboirlarga shafoatim bordir”, – dedilar”.  Termiziy rivoyat qilgan. 

 

Umumiy shafoatgo'ylarning shafoatlari

  1. Barcha Payg'ambar alayhissalomlarning o'z ummatlariga qiladigan shafoatlari. Quyidagi hadis buning dalilidir:

 عَنْ عُثْمَانَ بْنِ عَفَّانَ قَالَ قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَشْفَعُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ ثَلاَثَةٌ الأَنْبِيَاءُ ثُمَّ الْعُلَمَاءُ  ثُمَّ الشُّهَدَاءُ.  رَوَاهُ اِبْنُ مَاجَّةَ   

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida shafoat qiladiganlar uchtadir, payg'ambarlar, so'ngra ulamolar, so'ngra shahidlar”, – dedilar”.   Ibn Moja rivoyat qilgan. 

  1. Farishtalarning gunohkorlarga shafoatlari. Ushbu oyat bunga dalildir:

﴿۞وَكَم مِّن مَّلَكٖ فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ لَا تُغۡنِي شَفَٰعَتُهُمۡ شَيۡ‍ًٔا إِلَّا مِنۢ بَعۡدِ أَن يَأۡذَنَ ٱللَّهُ لِمَن يَشَآءُ وَيَرۡضَىٰٓ٢٦

“Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar bo'lib, o'shalarning shafoatlari ham – Alloh O'zi xohlagan va rozi bo'lgan kishilarga (shafoatga) izn bermagunicha – foyda bermas”[7].   

  1. Yosh bolalarning ota-onalariga shafoatlari. Buning dalili ushbu hadisdir:

عَنْ عَلِيٍّ قَالَ قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إنَّ السقْطَ لَيُرَاغِمُ رَبَّهُ إذا دَخَلَ أبَواهُ النَّارَ فَيُقالُ أيُّها السِّقْط المُرَاغِمُ رَبَّهُ أدْخِلْ أبَوَيْكَ الجَنَّةَ فَيَجُرُّهُما بِسَرَرِهِ حَتّى يُدْخِلَهُما الجنّة.   رَوَاهُ اِبْنُ مَاجَّةَ   

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Go'dak ota-onasi do'zaxga kirganda, albatta, Robbisiga (ota-onasining do'zaxga kiritilishiga) norozilik bildiradi. Unga: “Ey Robbisiga (ota-onasining do'zaxga kiritilishiga) norozilik bildirayotgan go'dak, ota-onangni jannatga olib kir”, – deyiladi. U ikkalasini uzun kindigi bilan jannatga kirgizgunicha tortib boradi”, – dedilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan.

  1. Alloh yo'lida shahid bo'lganning o'z yaqinlaridan etmish nafarini qiladigan shafoati. Bunga quyidagi hadis dalildir:

  عَنْ الْمِقْدَامِ بْنِ مَعْدِيكَرِبَ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ لِلشَّهِيدِ عِنْدَ اللَّهِ سِتُّ خِصَالٍ يُغْفَرُ لَهُ فِي أَوَّلِ دُفْعَةٍ مِنْ دَمِهِ وَيُرَى مَقْعَدَهُ مِنْ الْجَنَّةِ وَيُجَارُ مِنْ عَذَابِ الْقَبْرِ وَيَأْمَنُ مِنْ الْفَزَعِ الْأَكْبَرِ وَيُحَلَّى حُلَّةَ الْإِيمَانِ وَيُزَوَّجُ مِنْ الْحُورِ الْعِينِ وَيُشَفَّعُ فِي سَبْعِينَ إِنْسَانًا مِنْ أَقَارِبِهِ.  رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Miqdam ibn Ma'diykariba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shahid uchun Alloh taoloning huzurida olti xislat bo'ladi:

  1. Qoni to'kilishi bilanoq mag'firat qilinib, jannatdagi o'rni ko'rsatiladi;
  2. Qabr azobidan himoya qilinadi;
  3. Qiyomat qo'rqinchidan omon qilinadi;
  4. Iymon bezagi bilan bezaladi;
  5. Jannat hurlari juft qilib beriladi;
  6. Qarindoshlaridan etmish kishi shafoat qilinadi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
  7. Qur'onni yodlagan qorining o'z oilasiga qiladigan shafoati. Buning dalili quyidagi hadisdir:

عَنْ عَلِيّ بنِ أَبي طَالِبٍ قالَ قالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ قَرَأَ القُرْآنَ وَاسْتَظْهَرَهُ فَأَحَلّ حَلاَلَهُ وَحَرّمَ حَرَامَهُ أَدْخَلَهُ الله بِهِ الْجَنّةَ وَشَفّعَهُ فِي عَشْرَةٍ مِنْ أَهْلِ بَيْتِهِ كُلّهُمْ وَجَبَتْ لَهُ النّارُ.  رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qur'on o'qigan va uni yod olgan bo'lsa, halolini halol, haromini harom deb bilgan bo'lsa, shu sababli Alloh uni jannatga kirgizadi va har biriga do'zax vojib bo'lgan o'nta yaqinlari uchun uning shafoatini qabul qiladi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

  1. Mo'minlarning bir-birlariga shafoatlari. Ushbu hadis bunga dalildir:

      عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اَللَّهُ عَنْهُمَا سَمِعْتُ اَلنَّبِيّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ مَا مِنْ رَجُلٍ مُسْلِمٍ يَمُوتُ فَيَقُومُ عَلَى جَنَازَتِهِ أَرْبَعُونَ رَجُلاً لاَ يُشْرِكُونَ بِاَللَّهِ شَيْئًا إِلاَّ شَفَّعَهُمْ اَللَّهُ فِيهِ.  رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Biror bir musulmon vafot etganda uning janozasiga Allohga hech narsani shirk keltirmaydigan qirq kishi qatnashsa, albatta Alloh ularning u haqidagi shafoatlarini qabul qiladi”, – deyayotganlarini eshitdim”. Muslim rivoyat qilgan.  

  1. Qur'oni karimning o'z qorisiga shafoati. Buning dalili ushbu hadisdir:

  عَنْ زَيْدٍ أَنّهُ سَمِعَ أَبَا سَلاّمٍ يَقُولُ حَدّثَنِي أَبُو أُمَامَةَ الْبَاهِلِيّ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ اقْرَأُوا الْقُرْآنَ فَإِنّهُ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ شَفِيعاً لأَصْحَابِهِ اقْرَأُوا الزّهْرَاوَيْنِ الْبَقَرَةَ وَسُورَةَ آلِ عِمْرَانَ فَإِنّهُمَا تَأْتِيَانِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَأَنّهُمَا غَمَامَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا غَيَايَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا فِرْقَانِ مِنْ طَيْرٍ صَوَافٍّ تُحَاجّانِ عَنْ أَصْحَابِهِمَا، اقْرَأُوا سُورَةَ الْبَقَرَةِ فَإِنّ أَخْذَهَا بَرَكَةٌ وَتَرْكَهَا حَسْرَةٌ وَلاَ يَسْتَطِيعُهَا الْبَطَلَةُ.  رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Zayddan rivoyat qilinadi, u Abu Sallomning menga Abu Umoma Bohiliy gapirib berdi deyayotganini eshitgan. U aytganki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur'on o'qinglar, chunki u qiyomat kunida o'z sohiblariga shafoatchi bo'lib keladi. Ikki nur sochuvchini, Baqara va Oli Imron suralarini o'qinglar, chunki bu ikkalasi qiyomat kunida go'yo ikki bulut kabi, yoki go'yo ikki baland soyabon kabi, yoki go'yo saf tortgan ikki qush to'dasi kabi keladilar. Ikkalalari o'z sohiblari tarafidan (Zaboniya bilan) tortishadilar. Baqara surasini o'qinglar, albatta, uni olish barakadir, uni tark qilish hasratdir. Soxtakorlarning unga toqatlari etmaydi”, – deganlarini eshitganman”.  Muslim rivoyat qilgan. 

  1. Ro'zaning ro'zadorga shafoati. Buning dalili ushbu hadisdir:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ الصِّيَامُ وَالْقُرْآنُ يَشْفَعَانِ لِلْعَبْدِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ يَقُولُ الصِّيَامُ: أَىْ رَبِّ مَنَعْتُهُ الطَّعَامَ وَالشَّهَوَاتِ بِالنَّهَارِ فَشَفِّعْنِى فِيهِ وَيَقُولُ الْقُرْآنُ مَنَعْتُهُ النَّوْمَ بِاللَّيْلِ فَشَفِّعْنِى فِيهِ قَالَ: فَيُشَفَّعَانِ. رَوَاهُ أَحْمَدُ

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro'za va Qur'on qiyomat kunida bandani shafoat qiladilar. Ro'za: “Ey Robbim, men uni kunduzlari taomdan va xohish-istaklardan qaytardim, uning uchun mening shafoatimni qabul qilgin”, – deydi. Qur'on: “Uni kechalari uyqudan qaytardim, uning uchun mening shafoatimni qabul qilgin”, – deydi. Bas, ikkalalari shafoatchi qilinadilar”, – dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.    

Shafoat haqida So'fi  Ollohyor bobomiz quyidagi ajoyib so'zlarni yozgan:

Hudo izn aylasa ro'zi qiyomat

Suyukluk bandasi aylar shafoat.

*  *  *

Ilohi, lutf qil hasratli soat

Habibingdin nasib etgil shafoat.

*  *  *

Ayurma yaxshilarni(ng) orasidin

Yirog' etma habibing qorasidin[8].

Ya'ni Alloh taolo xohlagan suyukli bandalarning qiyomat kunidagi shafoatlari  haqdir. Shuning uchun ey Robbimiz, o'sha qiyin vaqtlarda bizlarni ham shafoatdan bahramand etgin, yaxshi zotlar bilan birga qilgin, deya duo qilamiz.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

PAYG'AMBARLARNING MA_''SUMLIKLARI BAYoNI:

Payg'ambarlarning xususiyatlari;

Payg'ambarlardan sodir bo'lgan ishlar haqidagi qarashlar;

 

[1] Muvaffiq ibn Qudoma. Sharhu Lam'atul e'tiqod, o'n to'rtinchi juz. “Maktabatush shomila”. – B. 3.

[2] Najm surasi, 26-oyat.

[3] Zumar surasi, 44-oyat.

[4] Muddassir surasi, 48-oyat.

[5] Isro surasi, 79-oyat.

[6] A'rof surasi, 46-oyat.

[7] Najm surasi, 26-oyat.

[8] So'fi Ollohyor. Sabotul ojizin. – Toshkent: “Cho'lpon nashriyoti”, 1991. – B. 34.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   32229   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari