Yuksak taraqqiy etgan axborot texnologiyalari asrida yashayapmiz. Tongda uyg'onishimiz bilan “aqlli” telefonni qo'liga olib, ijtimoiy tarmoqlarga kiramiz. Bu – dunyodagi aksariyat odamning odati. Shu tariqa har kim istasa-istamasa, o'zini axborot maydoni ichra ko'radi. Kimlardir bu maydonda – tarqatuvchi, kimlardir – oddiy ishtirokchi, kimlardir – o'sha axborotlarning qurboni, kimlardir esa – shunchaki kuzatuvchi…
Afsuski, axborot tarqatish borasidagi mutlaq erkinlik ba'zida tarbiyasizlikka sabab bo'lib qolmoqda. Hususan, so'nggi paytlarda tarqatilayotgan lavhalar orasida haqoratli so'zlar, tuhmatli iboralar, muayyan shaxslarni obro'sizlantirish qasd qilingan tasvirlar ko'payib bormoqda. Eng yomoni, ularning aksariyati bir guruh trollar yoki “feyk”, ya'ni soxta akkauntlar tomonidan uyushtirilmoqda. Bu qilmishlar ortida qanday g'arazlar yotgani jumboq…
Ayniqsa, bunday nomaqbul xatti-harakatlar islomiy qadriyatlar borasida ham uchrayotgani kishini yanada ko'proq tashvishga solmoqda. Muborak Ramazon oylarida ijtimoiy tarmoqlarda na dinimizga va na odobimizga to'g'ri kelmaydigan videotasvirlar tarqadi. Uni hamma ko'rdi. Ammo… “internet ustalari”dan nechovlarining xayoliga ro'za, iftor ham islom shiorlaridan biri ekani keldi? Illo, ayrim internet foydalanuvchilari ro'za ham – islom shiori ekanini bilganlarida edi, balki bunday qilmagan bo'lardilar.
Alloh taolo islom shiorlarini qadrlashga targ'ib qilgan va ularni toptash, masxara qilishdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qur'oni karimda: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug' deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi 32 oyat), – deb xitob qilgan.
Bu haqda keyingi vaqtlarda olimu ziyolilarimiz turli sabablar bilan ko'p va xo'b yozishga, Alloh taoloning ushbu amrini bot-bot bizlarga eslatib turishga majbur bo'lyaptilar.
Islom ta'limotiga ko'ra “shior” so'zi “nishon”, “belgi”, “alomat” ma'nolarini bildiradi. Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taoloning dinining ko'zga ko'ringan va shon-shavkatining alomati bo'lgan narsalar shior hisoblanadi.
Masalan,
Avvalroq aytganimizdek, so'nggi paytlarda ba'zi insonlarning Ramazon oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali ro'za va iftorlarga turli masxaraomuz munosabatda bo'lib, bu ishining oqibatini bilmasdan gunoh orttirib olayotgani esa achinarli holat, bilimsizlik, avomlik, boringki, johillik desa ham bo'laveradi.
Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini masxara qilish, kamsitish, behurmat qilish, xo'rlash, mensimaslik, xor qilish mo'min kishining kofir bo'lishiga sabab bo'ladi.
Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar: “Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba'zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog'i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo'lib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini to'zigan chang kabi qilib qo'yadi”.
Shunda Cavbon raziyallohu anhu: “Yo Raculalloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o'shalardan bo'lib qolmaylik!” – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o'xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg'iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar”, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Dinimiz ulamolari o'zlarining fatvolarida bunday deyishgan: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur'oni karimni engil sanab oyoq osti qilsa, yoki shar'iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni engil sanab bajarmasa, yoki masjidni masxara qilsa, kofir bo'ladi” (“G'amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).
Ota-bobolarimiz Islom odobiga jiddiy e'tibor berganidan xabarimiz bor va ularning odob-axloqi bilan ba'zi-ba'zida maqtanib ham qo'yamiz...
Ota-onalarimiz shariatimizdagi mustahab va odob amallariga ham nihoyatda qattiq e'tiborli bo'lganlar. Ular odoblari go'zalligidan tasbehlari ko'ksilaridan pastga tushmagan... Joynamozlarini ham ehtiyotkorona, oyoq ostida qoldirmasdan, mehr bilan alohida baland joylarga qo'yganlar... Masjid atrofidan mehr bilan ohistalik bilan o'tganlar... Azon aytilayotganda mehr bilan eshitganlar, behuda so'z so'zlamaganlar... Arab yozuvidagi matnlar bitilgan ashyolarni mehr bilan ehtiyotlab saqlaganlar... Nima sababdan?.. Chunki ular dinga aloqasi bor har bir narsaga ALOHIDA ODOB bilan muomala qilganlar! Chunki ular dinga aloqasi bor har bir narsaga O'ZGAChA MYeHR bilan munosabat qilganlar! U odob – BYeTAKROR ODOB!!! U mehr – BYeQIYoS MYeHR!!!
Imom Abu Dovud Abu Umoma raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “O'zi haq bo'lca ham talashib-tortishmagan kishi uchun – jannat chekkarog'idan uy berilishiga, hazillashib bo'lsa-da yolg'on gapirmagan kishi uchun – jannatning o'rtasidan uy berilishiga, xulqini go'zal qilgan kishi uchun esa – jannatning eng yuqori qismidan uy berilishiga men kafilman” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Ming afsuski, hozirgi kunda ba'zilar shunday chiroyli ishlarga, jahon mamlakatlari va o'zga diyorlar ichinda “o'zbek xalqining noyob va go'zal odoblari” deb tan olingan odoblariga bepisand bo'lib, “hech narsa qilmaydi” qabilidagi gaplarni aytib, ota-onalarimiz betakror va beqiyos mehr bilan bajarib kelgan betakror va beqiyos dinimizning betakror va beqiyos odoblarini yo'qqa chiqarishga urinmoqdalar. Vaholanki, shayton musulmon kishining birinchi bo'lib imoniga hujum qilmaydi, balki birinchi bo'lib musulmon kishini mustahab va odob bo'lgan amallarga bee'tibor qilishga urinadi. Agar g'olib chiqsa, dastlab sunnatga, keyin vojibga, so'ng farz amallarga beparvo qarashga urinadi. Agar musulmon kimsani farz amalga ham e'tiborsiz qilishga erishsa, alaloqibat, Alloh saqlasin, imoniga ham hujum qilib, natijada imondan ajratadi!!!
Shunday ekan, har birimiz ota-bobolarimizning yo'nalishlarini mahkam ushlab, barcha mustahab va odob amallarga to'la amal qilish hamda dinimiz shiorlariga odob va axloq bilan muomala qilishimiz – betakror dinimiz talabidir!!!
Demak, yuqoridagi hukmlar ro'za va iftor bilan bog'liq g'alati holatlarni tarqatayotgan kishilarga saboq bo'lishi kerak. Ular ham islomiy qadriyatlarga putur etkazish evaziga ko'ngilxushlik ila ommaning e'tiborini jalb qilish og'ir gunoh ekanini anglab etsinlar.
Yana bir jihat, so'z erkinligi degani – istalgan narsani hech qanday mas'uliyatni his qilmasdan aytish, yozish, tarqatish degani emas. Balki har bir so'z uchun javob bera olish mas'uliyatidir.
Og'ziga kelganni demoq – nodonning ishi,
Oldiga kelganni emoq – xayvonning ishi,
deb bejiz yozilmagan.
Har bir internet foydalanuvchisi aytayotgan gapi, tarqatayotgan axboroti uchun Alloh taolo oldida ham, mo'min-musulmonlar oldida ham, jamiyat a'zolari va davlat qonunlari oldida ham javobgardir! Bu me'yor dunyoviy qonun-qoidalarda ham, diniy ta'limotimizda ham qat'iy belgilab qo'yilgan!
Bir so'z bilan aytganda, “feyk” akkauntlar yoki trollar yurituvchilari muborak dinimiz sha'niga dog' soluvchi lavhalar, buzg'unchi sharhlar, haqoratli so'zlar, tahqirlashlari uchun ikki dunyoda ham javob beradilar.
Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ruhlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.
28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.
Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.
– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.
Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.
– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.
Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.
2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.
So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.
Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.
– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.
Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.
Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.
Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.
So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.
Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati