Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

“Shahidlik” niqobidagi qotillik

27.04.2021   2579   3 min.
“Shahidlik” niqobidagi qotillik

Istiqlol sharofati bilan yurtimizda diniy va milliy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Diyorimiz musulmonlarining asriy orzu-umidlari ro'yobga chiqa boshladi. Natijada, ma'naviyatimiz tobora yuksalib boryapti. Mamlakatimiz moddiy va ma'naviy jihatdan kun sayin taraqqiy etayotir. Lekin, afsus, bu ne'matlardan foydalanib, shukr o'rniga noshukrlik qiladigan, g'animlarimiz nog'arasiga o'ynaydigan, o'z yurtiga tosh otadigan nabakorlar ham yo'q emas. Ayniqsa, chet ellarda bo'lgani kabi, bizning mamlakatimizda ham turli ekstremistik, buzg'unchi aqidaparast va mutaassib oqimlarning botil aqidalariga ergashib zalolatga ketgan gumrohlar ham borligi kishini ranjitadi. Erta bahorda erdan bodrab chiqadigan qo'ziqorindek paydo bo'lib, so'ng sarobdek so'nib yo'k bo'lib ketayotgan yangi-yangi oqimlarga bir nazar tashlasangiz, ularning ildizlari, asoslari va g'oyalari uzoq tarixdagi xorijiylar, murjiiylar, shia va mo''tazila kabi buzg'unchi toifalar bilan hamohang ekanini tushunasiz.

Yurtimizda diniy bilimi o'ta sayoz, turli fitna-fasod qo'zg'aydigan fikrlar va g'oyalarni sodda xalq ongiga singdirishga urinadigan chalasavod kimsalarga ergashib ketmasliklari uchun yoshlarni to'g'ri yo'lga solish va hushyorlikka chorlash, ayniqsa, biz imom-xatiblarning asosiy burchimizdir. Shahidlik masalasida. Ushbu so'z “hozir, guvoh, ko'rgan-bilganlari haqida xabar beruvchi” ma'nolarni ifodalaydi. Shuningdek, «Shahid» Alloh taoloning sifatlaridan biri bo'lib, «guvohligi ishonchli, har doim hozir bo'luvchi Zot” degan ma'nolarni anglatadi. “Shahid” so'zining yana bir ma'nosi o'zga shaxs tomonidan nohaq o'ldirilgan musulmondir. Kishining o'zini o'zi o'ldirishi, garchi niyati din yo'lida deb e'lon etilsa-da, “o'z joniga suiqasd qilish» deb baholanadi. O'zini o'zi o'ldirish- bu o'z hayotini qasddan to'xtatishdir. Shariat nuqtai nazaridan bu harakat qattiq qoralanadi, Parvardigor bergan hayotga tajovuz qilish darajasidagi gunohi kabira hisoblanadi. Alloh taolo ogohlantiradi:

وَمَن يَقْتُلْ مُؤْمِناً مُّتَعَمِّداً فَجَزَآؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِداً فِيهَا وَغَضِبَ اللّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَاباً عَظِيماً

“Kim bir mo'minni qasddan o'ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g'azabi va la'nati yog'ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim o'zini tog'dan tashlab o'ldirsa u jahannam o'tida abadiy doimiy yiqilib azoblanadi. Kim zahar ichib o'ziga suiqast qilsa jahannam o'tida qo'lidagi zaharni ichgan holda abadiy azoblanadi Kim o'zini temir bilan o'ldirsa jahannam o'tida temirni qorniga urgan holda abadiy azoblanadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hozir ba'zi guruhlar “o'zini o'ldirish” tushunchasini shahidlik bilan qorishtirib talqin qilishyapti. Shaxsning ma'lum maqsadlar yo'lida o'zini o'zi o'ldirishi “shahidlik amaliyoti” deb Nomlanishi ayni adashishdir. Yovuz niyatli kuchlar o'z harakatlarini oqlash maqsadida keltirgan barcha dalillarni Islom ulamolari qoralashgan va asossiz deb topishgan.

Rahimov Uchqun

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

25.08.2026   26380   2 min.
O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.

«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.

Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.

Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.

Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.

Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.

O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.

Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.

Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.

Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari