بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ لله الَّذِي أَوْضَحَ لَنَا مَعَالِمَ الصِّيَامِ وَالقِيَامِ. وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ
RO'ZA – DINNING ARKONI
(Ro'zaga oid fiqhiy masalalar)
Hurmatli jamoat! Ma'lumki, Ramazon oyi dunyodagi barcha musulmonlar tomonidan sog'inch va katta tayyorgarlik bilan kutib olinadi. Zero Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, U Zotning sahobalari, tobeinlar va solih insonlar Ramazon oyiga katta e'tibor berib, bu oy kelganida nihoyatda xursand bo'lishgan.
Ro'za ibodati – Jannatdagi Rayyon eshigining kalitidir! Jannatga kirishning o'zi – katta bir saodat. Ammo o'sha jannatga Parvardigori olamning alohida e'tiboriga sazovor bo'lib, maxsus tayyorlab qo'yilgan eshikdan kirish yana bir o'zgacha baxt va sharafdir. Bu eshikdan esa faqat ro'zador bo'lganlar kira oladilar. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إِنَّ فِى الْجَنَّةِ بَابًا يُقَالُ لَهُ الرَّيَّانُ، يَدْخُلُ مِنْهُ الصَّائِمُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ لاَ يَدْخُلُ مَعَهُمْ أَحَدٌ غَيْرُهُمْ، يُقَالُ: أَيْنَ الصَّائِمُونَ؟ فَيَدْخُلُونَ مِنْهُ فَإِذَا دَخَلَ آخِرُهُمْ أُغْلِقَ فَلَمْ يَدْخُلْ مِنْهُ أَحَدٌ
(رَوَاهُ الإِمامُ مُسْلِمٌ عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Jannatda bir eshik bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kunida undan faqat ro'zadorlargina kiradilar, ulardan o'zga biror kishi ham (o'sha eshikdan) ular bilan birga kirmaydi. “Ro'zadorlar qani?” deyiladi. Ular o'sha eshikdankiradilar, ularning oxirgisi kirib bo'lganda, eshik berkitiladi. Boshqa hech kim undan kirmaydi” (Imom Muslim rivoyat qilganlar).
Shart sharoitlariga rioya qilib tutilgan ro'za kishida taqvo sifatini paydo qiladi. Lekin odam avval qilib yurgan aybu nuqsonlarini tark qilmasa, ro'zadan ko'zlangan maqsad hosil bo'lmaydi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
مَنْ لَمْ يَدَعْ قَوْلَ اَلزُّورِ وَالْعَمَلَ بِهِ وَالْجَهْلَ فَلَيْسَ لِلَّهِ حَاجَةٌ فِي أَنْ يَدَعَ طَعَامَهُ وَشَرَابَهُ
(رَوَاهُ الامام اَلْبُخَارِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya'ni: “Kim yolg'on (guvohlik), unga amal qilish va jaholatni qo'ymasa, Alloh taolo uning och va tashna qolishiga muhtoj emas” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Demak Ramazon oyida ro'za sababli eb-ichish va nafs xohishini tark qilganimiz kabi, boshqa a'zolarimiz ham ro'za tutishi – gunohlardan tiyilishi shartdir. Ko'zning ro'zasi – haromga qarashdan tiyish, qo'loqning ro'zasi – harom narsalarni eshitishdan tiyish, tilning ro'zasi – gunoh so'zlar (yolg'on, bo'hton, g'iybat va hakazolar)dan tiyishdir. Huddi shunday boshqa a'zolarni ham gunoh va o'zgalarga ozor berishdan tiyish kerak. Ana shunda taqvoning mohiyatiga etiladi, ro'zaning samarasi ko'rinadi.
Ayniqsa kishiga tilidan ko'p ofatlar keladi. Jumladan, yolg'on, g'iybat va bekorchi gaplar har doim ham odamga gunoh olib keladi. Bu haqda Rasuli akram alayhissolatu vassalom:
لَمّاَ عُرِجَ بيِ مَرَرْتَ يَقَوْمٍ لَهُمْ أَظْفَارٌ مِنْ نُخَاسٍ يَخْمَشُون وُجُوهَهُمْ وَصُدُرَهُمْ فَقُلْتُ مَنْ هَؤلاء يَا جبرائيلُ قال هؤلاء يأكلونَ لحومَ الناس ويقعونَ في أغرَاضهم
(رواه الامام أبو داود)
ya'ni:“Merojga chiqqanimda misdan bo'lgan tirnoqlar bilan yuzlariyu ko'ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o'tdim. Men: “Ey Jabroil, ular kim?” deb so'radim. U: “Bular u dunyoda odamlarning go'shtini eb, obro'larini to'kkanlar, deb javob berdi”, – deb ko'rganlarini hikoya qilib berganlar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Shuningdek, ro'zador kishi nazarini Alloh qaytargan narsalardan tiyishi kerak. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
يَا عَلِيُّ لا تُتْبِعْ النَّظْرَةَ النَّظْرَةَ فَإِنَّ لَكَ الأُولَى وَلَيْسَتْ لَكَ الآخِرَةُ
(رواه الْإِمَامُ الترمذي عن جابر رَضِيَ اللَّهُ عنهُ)
ya'ni: “Hoy Ali birinchi nazarga ikkinchisini ergashtirma. Chunki birinchisi sen uchun (ya'ni, beixtiyor bo'lgani uchun unga javobgar emassan) ikkinchisi esa seni ziyoninggadir” dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, Ramazon oyida go'zal xulqlar va chiroyli sifatlarga odatlansak, albatta, bu xislatlar bizga yil davomida hamroh bo'ladi. Yomon xislatlardan forig' bo'lish uchun esa Ramazon oyi ayni muddaodir.
Muhtaram azizlar! Ro'za tutishni savobi ko'pligi va fazilatlari haqida bundan boshqa ko'plab hadisi sharif va ulamolarning o'gitlari mavjud. Shunday ekan, ro'zadorlarga va'da qilingan savoblarga erishish uchun kishi imkon qadar ro'zaga oid masalalarni bilishi kerak. Shuni inobatga olib, suhbatimiz davomida ro'za ibodatiga oid yurtdoshlarimiz tomonidan eng ko'p so'raladigan masalalarga to'xtalamiz:
Koronavirusga qarshi emlashga kelsak, u ham teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri. Buning ustiga oziqlantiruvchi emas. Yuqoridagi fatvo va hozirgi kundagi dunyo Fatvo uyushmalarining fatvolariga binoan ro'zador holda emlanish ro'zani buzmaydi.
Muhtaram jamoat! Yaqin kunlarda 9 may – “Hotira va qadrlash kuni” ham etib keladi. Bu kunda biz o'tmishda o'tgan ajdodlarimiz, xususan qatag'on davri qurbonlari va Vatan ozodligi, xalqimizning farovonligi yo'lida jonlarini fido qilib, bugungi kunda olamdan o'tib ketgan barcha fidoyi yurtdoshlarimizni yodga olib, ruhlariga Qur'on tilovat qilib, haqlariga duoi xayrlar qilamiz.
Jumladan, Ikkinchi jahon urushi davrida 538 mingdan ziyod o'zbekistonliklar Vatan himoyasida mardlarcha halok bo'lgan. 158 mingdan ko'proq hamyurtimiz urushda bedarak ketgan.
Mo'min-musulmonlarga Vatanni sevish Muhammad alayhissalomdan meros hisoblanadi. Hazrati Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makka shahridan Madina shahriga chiqib ketayotganlarida to'xtab, orqalariga qarab: “Qanday ham yaxshi shaharsan! Qanday ham menga sevimlisan! Agar qavming meni sendan quvmaganida sendan boshqa joyda yashamas edim”, - deb noilojlikdan Vatanni tark etishga majbur bo'lganlarini izhor etganlar (Imom Termiziy, 3926-hadis).
Jumhur ulamolar vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuyg'u emas, balki quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda ifoda etishi lozim ekanini ta'kidlaydilar:
- Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish;
- jamiyatda ahillikni kuchaytirish yo'lida harakat qilish (silai rahm, qo'shnilarga yaxshilik, o'zaro yordam, bir-birlarga yaxshilikni sog'inish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);
- Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab-asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, o'zini bag'ishlash va h.k.);
- Vatan erki, hududi yoki obro'siga qarshi fikriy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.
Aksincha, islom dini vatanfurushlikni qattiq qoralaydi. Bunday harakatlar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin: davlat va jamiyatga xiyonat kilish, o'z shaxsiy manfaatlarini ko'zlab iqtisodiy, siyosiy va boshqa josuslik faoliyati bilan shug'ullanish, dushman tomoniga o'tib o'z xalqi, mamlakatiga qarshi kurash olib borish, qo'poruvchilik ishlari bilan shug'ullanish, turli diniy mutaassib va ekstremistik g'oyalar ta'siri ostida oilasi, Vatanidan voz kechish, ommaviy, jumladan, Internet orqali kindik qoni to'kilgan zaminga nisbatan bo'hton va ig'vo tarqatish, fitna chiqarish va hokazolar.
Islom ta'limotida Vatanga xiyonat qattiq qoralanadi. Hadisi sharifda aytiladi: “Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkor uchun bu dunyoda qilgan xoinligi uchun sharmisor qiluvchi bayroq o'rnatib qo'yiladi”, deb aytganlarini eshitdim” (Imom Buxoriy, 3188-hadis).
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, o'tganlarimizni har doim eslab, haqlariga duoda bo'lishimiz – biz tiriklarni vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam bu haqda shunday marhamat qiladilar:
اُذْكُرُوا مَحَاسِنَ مَوْتاكُمْ وكُفُّوا عَنْ مَساوِيهِمْ
(رَوَاهُ الإمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya'ni: “O'tganlaringizning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Keyingi paytlarda tilovati Qur'onning savobi o'tganlarga etmaydi degan xilof chiqarilmoqda, vaholanki, sahobai kiromlar davrlaridan beri Qur'on o'qib savobini bag'ishlash mavjud. Zakariyo Ansoriy rahmatullohi alayh “Al‑Lubob” kitoblarida: “Tilovatning savobi o'lganga etishiga dalolat qiladigan narsalardan biri shuki, musulmonlar barcha asrlarda Qur'on o'qib, o'tganlariga bag'ishlaganlar va buni hech kim inkor etmagan. Binobarin, bunga ijmo' bo'lgan”, – deganlar.
Hanafiy mazhabi ulamolari mayyitga ham, tiriklarga ham Qur'on qiroatining savobi etib borishi joizligini aytishgan. “Hidoya”, “Badoi'”, “Bahr” va boshqa kitoblarda bu haqda bayon qilingan.
Alloh taolo barchamizga Ramazon oyining fazilatlaridan to'liq foydalanish uchun tavfiq berib, O'zining sevimli, soim va qoim bandalaridan bo'lishimizni nasib aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla!Kelasi juma ma'ruzasi “Ijtimoiy odoblar: Kechirimli bo'lish – mo'minga xos fazilat” haqida bo'ladi, inshaalloh.
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi