Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

30.04.2021 y. Ro'za – dinning arkoni

26.04.2021   10730   17 min.
30.04.2021 y. Ro'za – dinning arkoni

     بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لله الَّذِي أَوْضَحَ لَنَا مَعَالِمَ الصِّيَامِ وَالقِيَامِ. وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ

RO'ZA – DINNING ARKONI

(Ro'zaga oid fiqhiy masalalar)

Hurmatli jamoat! Ma'lumki, Ramazon oyi dunyodagi barcha musulmonlar tomonidan sog'inch va katta tayyorgarlik bilan kutib olinadi. Zero Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, U Zotning sahobalari, tobeinlar va solih insonlar Ramazon oyiga katta e'tibor berib, bu oy kelganida nihoyatda xursand bo'lishgan.

Ro'za ibodati – Jannatdagi Rayyon eshigining kalitidir! Jannatga kirishning o'zi – katta bir saodat. Ammo o'sha jannatga Parvardigori olamning alohida e'tiboriga sazovor bo'lib, maxsus tayyorlab qo'yilgan eshikdan kirish yana bir o'zgacha baxt va sharafdir. Bu eshikdan esa faqat ro'zador bo'lganlar kira oladilar. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنَّ فِى الْجَنَّةِ بَابًا يُقَالُ لَهُ الرَّيَّانُ، يَدْخُلُ مِنْهُ الصَّائِمُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ لاَ يَدْخُلُ مَعَهُمْ أَحَدٌ غَيْرُهُمْ، يُقَالُ: أَيْنَ الصَّائِمُونَ؟ فَيَدْخُلُونَ مِنْهُ فَإِذَا دَخَلَ آخِرُهُمْ أُغْلِقَ فَلَمْ يَدْخُلْ مِنْهُ أَحَدٌ

(رَوَاهُ الإِمامُ مُسْلِمٌ عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Jannatda bir eshik bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kunida undan faqat ro'zadorlargina kiradilar, ulardan o'zga biror kishi ham (o'sha eshikdan) ular bilan birga kirmaydi. “Ro'zadorlar qani?” deyiladi. Ular o'sha eshikdankiradilar, ularning oxirgisi kirib bo'lganda, eshik berkitiladi. Boshqa hech kim undan kirmaydi” (Imom Muslim rivoyat qilganlar).

Shart sharoitlariga rioya qilib tutilgan ro'za kishida taqvo sifatini paydo qiladi. Lekin odam avval qilib yurgan aybu nuqsonlarini tark qilmasa, ro'zadan ko'zlangan maqsad hosil bo'lmaydi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

مَنْ لَمْ يَدَعْ قَوْلَ اَلزُّورِ وَالْعَمَلَ بِهِ وَالْجَهْلَ فَلَيْسَ لِلَّهِ حَاجَةٌ فِي أَنْ يَدَعَ طَعَامَهُ وَشَرَابَهُ

(رَوَاهُ الامام اَلْبُخَارِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

   ya'ni: “Kim yolg'on (guvohlik), unga amal qilish va jaholatni qo'ymasa, Alloh taolo uning och va tashna qolishiga muhtoj emas” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak Ramazon oyida ro'za sababli eb-ichish va nafs xohishini tark qilganimiz kabi, boshqa a'zolarimiz ham ro'za tutishi – gunohlardan tiyilishi shartdir. Ko'zning ro'zasi – haromga qarashdan tiyish, qo'loqning ro'zasi – harom narsalarni eshitishdan tiyish, tilning ro'zasi – gunoh so'zlar (yolg'on, bo'hton, g'iybat va hakazolar)dan tiyishdir. Huddi shunday boshqa a'zolarni ham gunoh va o'zgalarga ozor berishdan tiyish kerak. Ana shunda taqvoning mohiyatiga etiladi, ro'zaning samarasi ko'rinadi.   

Ayniqsa kishiga tilidan ko'p ofatlar keladi. Jumladan, yolg'on, g'iybat va bekorchi gaplar har doim ham odamga gunoh olib keladi. Bu haqda Rasuli akram alayhissolatu vassalom:

لَمّاَ عُرِجَ بيِ مَرَرْتَ يَقَوْمٍ  لَهُمْ أَظْفَارٌ مِنْ نُخَاسٍ يَخْمَشُون وُجُوهَهُمْ وَصُدُرَهُمْ فَقُلْتُ مَنْ هَؤلاء يَا جبرائيلُ قال هؤلاء يأكلونَ لحومَ الناس ويقعونَ في أغرَاضهم

(رواه الامام أبو داود)

ya'ni:Merojga chiqqanimda misdan bo'lgan tirnoqlar bilan yuzlariyu ko'ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o'tdim. Men: “Ey Jabroil, ular kim?” deb so'radim. U: “Bular u dunyoda odamlarning go'shtini eb, obro'larini to'kkanlar,   deb javob berdi, – deb ko'rganlarini hikoya qilib berganlar  (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Shuningdek, ro'zador kishi nazarini Alloh qaytargan narsalardan tiyishi kerak.  Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

يَا عَلِيُّ لا تُتْبِعْ النَّظْرَةَ النَّظْرَةَ فَإِنَّ لَكَ الأُولَى وَلَيْسَتْ لَكَ الآخِرَةُ

(رواه الْإِمَامُ الترمذي عن جابر رَضِيَ اللَّهُ عنهُ)

ya'ni: “Hoy Ali birinchi nazarga ikkinchisini ergashtirma. Chunki birinchisi sen uchun (ya'ni, beixtiyor bo'lgani uchun unga javobgar emassan) ikkinchisi esa seni ziyoninggadir” dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

            Demak, Ramazon oyida go'zal xulqlar va chiroyli sifatlarga odatlansak, albatta, bu xislatlar bizga yil davomida hamroh bo'ladi. Yomon xislatlardan forig' bo'lish uchun esa Ramazon oyi ayni muddaodir.

Muhtaram azizlar! Ro'za tutishni savobi ko'pligi va fazilatlari haqida bundan boshqa ko'plab hadisi sharif va ulamolarning o'gitlari mavjud. Shunday ekan, ro'zadorlarga va'da qilingan savoblarga erishish uchun kishi imkon qadar ro'zaga oid masalalarni bilishi kerak. Shuni inobatga olib, suhbatimiz davomida ro'za ibodatiga oid yurtdoshlarimiz tomonidan eng ko'p so'raladigan masalalarga to'xtalamiz:

  • Ramazonda saharlikdan uxlab qolgan odam, o'yg'ongach oz bo'lsa ham biror narsa eb-ichib, “ro'zani niyat qilaman” desa, niyati ham, o'sha kuni tutadigan ro'zasi ham noto'g'ri bo'ladi. Shunday ekan, Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro'zani buzadigan (ya'ni eb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro'zani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelgungacha qilish mumkin.
  • Ro'zador kishi unutib esa yoki ichsa, ro'zasi ochilmaydi, lekin ro'zadorligi yodiga kelgan zahoti eb-ichishdan to'xtaydi, hatto og'zida chaynab turgan luqmani ham yutmaydi.
  • Ro'zador kishi mushk, atir va boshqa xushbo'yliklarni hidlash bilan ro'zasi ochilmaydi.
  • Ro'zador kishi qon oldirishi yoki birovga qon berishi mumkin. Agar qon oldirish ro'zadorni holsizlantirib qo'yadigan bo'lsa, makruh bo'ladi. Bunday ishlarni og'iz ochgandan keyinga qoldirgan yaxshiroq.
  • Qasddan qayt qilmasa, ro'za ochilmaydi. Agar qasddan, o'zini-o'zi qayt qildirsa, og'iz to'la bo'lsa, ro'za ochiladi; og'iz to'la bo'lmasa, ochilmaydi. Taom og'ziga kelib, so'ng beixtiyor qaytib ketsa, ro'za ochilmaydi.
  • Ro'zador biror narsani tatib ko'rsa, makruh bo'lsa-da, ro'za ochilmaydi, lekin tatib ko'rgan narsasini yutib yubormasdan, og'zidan chiqarib yuborishi darkor, aks holda ro'za ochiladi (“Raddul muhtor”).
  • Ehtilom, ya'ni uyquda bulg'anish, ro'zani buzmaydi. Chunki, u o'z ixtiyori bilan bo'lmagan. Bunday holatda ro'zador kishi tezda g'usl qilib, ro'zasini davom ettiradi.
  • Ayol kishi ro'za tutayotganda hayz yoki nifos qoni kelib qolsa, ro'zasi ochiladi va qazosini tutib berishi zimmasiga lozim bo'ladi.
  • Yonbosh yoki teri ostiga (ozuqa va quvvat bermaydigan) ukol olish bilan ro'za buzilmasligiga ulamolar yakdil fikr bildirganlar. “Fatovoi hindiya” kitobida shunday deyiladi: “Terining orasidan ichkariga yog' kabi narsalarning kirishi ro'zani ochmaydi. Odatiy yo'llardan boshqa joylardan terining orasiga narsa kirishi, masalan, ilon chaqib olishi (garchi tomirdan chaqsada), sovuq suvda g'usl qilish natijasida teri orasidan ichkariga suv o'tishi, ro'zani ochmasligiga barcha ulamolar ittifoq qilganlar”.

Koronavirusga qarshi emlashga kelsak, u ham teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri. Buning ustiga oziqlantiruvchi emas. Yuqoridagi fatvo va hozirgi kundagi dunyo Fatvo uyushmalarining fatvolariga binoan ro'zador holda emlanish ro'zani buzmaydi.

  • Ulamolarning ko'pchiligi tomir orqali qilingan ukol ro'zani buzadi deganlar.
  • Ko'zga dori tomizilsa, ro'zani ochmaydi (“Fatovoi hindiya”). Zamonaviy tibbiyot ko'zdan dimoqqa yo'l borligini isbotlagan. Shuning uchun bu ishni ehtiyotan, iftordan keyinga qoldirgan ma'qul.
  • Burun, quloq, orqa avrat kabi asliy yo'llardan suyuqlik, dori tomizish, klizma tufayli ichkariga yoki miyaga biror narsa etib borsa, ro'za ochiladi (“Badoyius sanoye”).
  • Sepiladigan yoki til ostiga qo'yiladigan dorining o'zi yoki og'iz suvi bilan aralashgani ichga ketishi bilan, ro'za ochiladi. Ichga ketmay, faqat og'izda qolganida ro'za ochilmaydi. Dori ta'mini sezish sababli yurak tinchlanishi va maxsus asbob (pul'verizator) bilan og'izga sovuq havo yuborilishi, ro'zani ochmaydi.
  • Nafas qisishi va boshqa kasalliklarda ishlatiladigan aerozollar, agar gaz ko'rinishida bo'lsa, ro'zani ochmaydi. Agar suyuq dorilar ko'rinishida bo'lsa, tomoqdan o'tsa ro'zani buzadi. Ro'zador kishi burni bitib qolib, nafas yo'llarini ochishiga zarurat tug'ilsa, ulamolarimiz burun chetiga surtiladigan mazlardan foydalanishni tavsiya qilganlar.
  • Turli surtma dorilar va shu kabi vositalarni badanga surtish bilan ro'za ochilmaydi.
  • Shariatimiz ikki toifa kishilarni ro'za tutmasliklariga ruxsat berib, o'rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurgan. Bu yilgi fidya miqdori 25 000 (yigirma besh ming) so'm deb belgilandi.
  1. Qarilik sababli umuman ro'za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug' keksalar.
  2. Surunkali kasal bo'lib, odatda tuzalishiga umid bo'lmagan va ro'za tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon etkazishi mumkin bo'lgan bemorlar (“Bahrur roiq”).
  • Ro'zani qasddan buzish aslo mumkin emas! Bu katta gunoh bo'ladi! Ro'zador kishi kunduz kuni, qasddan jinsiy aloqa qilsa yoki eb-ichsa ro'zasi buzalida va kafforat vojib bo'ladi.

Muhtaram jamoat! Yaqin kunlarda 9 may – “Hotira va qadrlash kuni” ham etib keladi. Bu kunda biz o'tmishda o'tgan ajdodlarimiz, xususan qatag'on davri qurbonlari va Vatan ozodligi, xalqimizning farovonligi yo'lida jonlarini fido qilib, bugungi kunda olamdan o'tib ketgan barcha fidoyi yurtdoshlarimizni yodga olib, ruhlariga Qur'on tilovat qilib, haqlariga duoi xayrlar qilamiz.

Jumladan, Ikkinchi jahon urushi davrida 538 mingdan ziyod o'zbekistonliklar Vatan himoyasida mardlarcha halok bo'lgan. 158 mingdan ko'proq hamyurtimiz urushda bedarak ketgan.

Mo'min-musulmonlarga Vatanni sevish Muhammad alayhissalomdan meros hisoblanadi. Hazrati Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makka shahridan Madina shahriga chiqib ketayotganlarida to'xtab, orqalariga qarab: “Qanday ham yaxshi shaharsan! Qanday ham menga sevimlisan! Agar qavming meni sendan quvmaganida sendan boshqa joyda yashamas edim”, - deb noilojlikdan Vatanni tark etishga majbur bo'lganlarini izhor etganlar (Imom Termiziy, 3926-hadis).

Jumhur ulamolar vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuyg'u emas, balki quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda ifoda etishi lozim ekanini ta'kidlaydilar:

- Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish;

- jamiyatda ahillikni kuchaytirish yo'lida harakat qilish (silai rahm, qo'shnilarga yaxshilik, o'zaro yordam, bir-birlarga yaxshilikni sog'inish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);

- Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab-asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, o'zini bag'ishlash va h.k.);

- Vatan erki, hududi yoki obro'siga qarshi fikriy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.

Aksincha, islom dini vatanfurushlikni qattiq qoralaydi. Bunday harakatlar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin: davlat va jamiyatga xiyonat kilish, o'z shaxsiy manfaatlarini ko'zlab iqtisodiy, siyosiy va boshqa josuslik faoliyati bilan shug'ullanish, dushman tomoniga o'tib o'z xalqi, mamlakatiga qarshi kurash olib borish, qo'poruvchilik ishlari bilan shug'ullanish, turli diniy mutaassib va ekstremistik g'oyalar ta'siri ostida oilasi, Vatanidan voz kechish, ommaviy, jumladan, Internet orqali kindik qoni to'kilgan zaminga nisbatan bo'hton va ig'vo tarqatish, fitna chiqarish va hokazolar.

Islom ta'limotida Vatanga xiyonat qattiq qoralanadi. Hadisi sharifda aytiladi: “Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkor uchun bu dunyoda qilgan xoinligi uchun sharmisor qiluvchi bayroq o'rnatib qo'yiladi”, deb aytganlarini eshitdim” (Imom Buxoriy, 3188-hadis).

Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, o'tganlarimizni har doim eslab, haqlariga duoda bo'lishimiz – biz tiriklarni vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam bu haqda shunday marhamat qiladilar:

اُذْكُرُوا مَحَاسِنَ مَوْتاكُمْ وكُفُّوا عَنْ مَساوِيهِمْ

(رَوَاهُ الإمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)

ya'ni: “O'tganlaringizning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar”  (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Keyingi paytlarda tilovati Qur'onning savobi o'tganlarga etmaydi degan xilof chiqarilmoqda, vaholanki, sahobai kiromlar davrlaridan beri Qur'on o'qib savobini bag'ishlash mavjud. Zakariyo Ansoriy rahmatullohi alayh “Al‑Lubob” kitoblarida: “Tilovatning savobi o'lganga etishiga dalolat qiladigan narsalardan biri shuki, musulmonlar barcha asrlarda Qur'on o'qib, o'tganlariga bag'ishlaganlar va buni hech kim inkor etmagan. Binobarin, bunga ijmo' bo'lgan”, – deganlar.

Hanafiy mazhabi ulamolari mayyitga ham, tiriklarga ham Qur'on qiroatining savobi etib borishi joizligini aytishgan. “Hidoya”, “Badoi'”, “Bahr” va boshqa kitoblarda bu haqda bayon qilingan.

Alloh taolo barchamizga Ramazon oyining fazilatlaridan to'liq foydalanish uchun tavfiq berib, O'zining sevimli, soim va qoim bandalaridan bo'lishimizni nasib aylasin! Omin! 

 

Muhtaram imom-domla!Kelasi juma ma'ruzasi “Ijtimoiy odoblar: Kechirimli bo'lish – mo'minga xos fazilat” haqida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Majlislar omonatdir

06.08.2026   11760   4 min.
Majlislar omonatdir

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:

« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »

 

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.

 

Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.

 

“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.

 

Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.

 

“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.

 

“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.

 

“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.

 

Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?

 

Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.

 

Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.

 

Manbalar asosida

T.NIZOM tayyorladi.

Maqolalar