Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Avgust, 2026   |   5 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:08
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:17
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
18 Avgust, 2026, 5 Rabi`ul avval, 1448

Ramazon - Qur'on oyi: Mulk surasi fazilatlari

26.04.2021   5436   3 min.
Ramazon - Qur'on oyi: Mulk surasi fazilatlari

Taborak (Mulk) surasida er, osmon va boshqa mavjudotlarni yaratishdagi hikmatlar, Allohning qudrati, bu dunyoda imonsiz o'tganlarning oxiratdagi afsus-nadomatlari, rizq-ro'z talab qilish, tabiiy ofatlar – er yutishi, osmondan balo yog'ilishi xavfi, hidoyat, zalolat kabi masalalar bayon etilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur'onda o'ttiz oyatdan iborat bir sura bor. Kim uni o'qisa, gunohlari kechirilgunicha shafoat qiladi. U Taborak surasidir”, deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).

Taborak surasi “shafoatchi” nomi bilan mashhur. Shu sabab bo'lsa kerak, ko'p musulmon diyorlarida, xususan bizning yurtda mayyit dafn etilgandan keyin Taborak surasi o'qiladi.

Sahobalar bu surani “qutqaruvchi” deb atashgan. Zero, Taborak surasi bandani shafoat qilishi haqida rivoyatlar kelgan.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Qur'ondagi o'ttiz oyatdan iborat sura sohibini jannatga kiritguncha tortishadi. Bu Taborak surasidir”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).

Anas ibn Nufayldan rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni bir banda tiriltiriladi. U bironta ham gunohni qoldirmay hammasini qilgandi. Biroq Allohni yagona deb bilar, Qur'onning faqat bitta surasini o'qirdi. Uni do'zaxga kiritish buyuriladi. Shunda o'sha kishining ichidan bir narsa uchqundek otilib chiqib: “Yo Alloh! Men Payg'ambaring alayhissalomga nozil qilganing (Qur'ondan) bir suraman. Mana bu bandang meni o'qirdi”, deydi. O'sha sura bandani jannatga kiritgunicha shafoat qiladi. Taborak surasi (Allohning izni bilan bandani azobdan) qutqaradi (Imom Daylamiy rivoyati).

Sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Men (Taborak surasi) ummatimdan har bir mo'min banda qalbida bo'lishini xohlardim”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   23238   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV