So'nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma'rifiy soha rivoji yo'lida keng ko'lamli islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda. Ushbu jarayon soha xodimlaridan ham alohida mas'uliyat va faollik talab etadi. Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, ularning fidoiyligi, sharafli mehnatlari hukumatimiz tomonidan e'tirof etilib, qadrlanmoqda.
Poytaxtimizda “16 noyabr' – Halqaro bag'rikenglik kuni” munosabati bilan bo'lib o'tgan tadbirda bir guruh ulamo va soha xodimlarining samarali faoliyati e'tirof etilib, “Diniy bag'rikenglik” ko'krak nishoni topshirilgani ana shunday xayrli ishlarning mantiqiy davomidir.
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25 sentyabrdagi “Diniy bag'rikenglik” ko'krak nishonini ta'sis etish to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, ushbu ko'krak-nishoni bilan diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlarni targ'ib etish, fuqarolar e'tiqod erkinligini ta'minlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va ma'naviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun etuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Din ishlari bo'yicha qo'mitasi raisi Sodiq Toshboyev yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning vijdon erkinligi, din va millatlararo totuvlik ta'minlanayotgani, mazkur nishonning ta'sis etilgani esa hukumatimizning diniy sohaga bo'lgan yuksak e'tiborining yaqqol namunasi ekanini ta'kidladi.
Marosimda “Diniy bag'rikenglik” ko'krak nishoniga sazovar bo'lgan bir guruh ulamo va soha fidoyilari ushbu mukofot mehnat faoliyatlarida yanada ulkan marralarga erishish, soha ravnaqi yo'lida mas'uliyat xizmat qilishga rag'batlantirishini e'tirof etishdi.
Alloh taolo ushbu mukofotlarni muborak aylasin.








O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati