Bugungi hayot go'zal, tinch, osoyishta. Lekin bu yorug' olamni zulmatga, odamlar hayotini halokatga aylantiruvchilar afsuski, qancha-qancha begunohlarni yo'ldan adashtirmoqda, xonavayron etmoqda, qonini to'kmoqda. Barcha mutassib oqimlarning da'vatlariga yaxshilab nazar tashlansa, islomga yot narsalar ekani ma'lum bo'ladi. Ular Qur'on, hadisdan «dalil» keltiradilar, lekin faqat o'z foydalari uchun ya'ni, umuman Qur'on hadis dalolat qilmaydigan ma'nolarda tushuntirmoqchi bo'ladilar», Turli xildagi e'tiqodlarni o'zlarining g'arazli maqsadlariga asos qilib olgan barcha oqim va toifalar yurtimizga har turli yo'llar bilan suqilib kirib, kishilar va yoshlarning ongini buzg'unchi aqidasini sindirishga harakat qilmoqdalar.
Bunday oqimlarning barchasi o'z yo'llariga yurmaganlarni kofirga chiqarib o'ldirishga hukm qiladilar. Aslida Islomda kim «Laa ilaaha illalloh, Muhammadur rosululloh», desa, u musulmondir. Kim Islom arkonlarini bajarsa, uni kofir deb atash joiz emas. Alloh taolo Tavba surasida: «Agar tavba qilsalar, namozni to'kis ado etsalar va zakotni bersalar, yo'llarini bo'shatib qo'yinglar. Albatta, Alloh o'ta mag'firatlidir, o'ta rahmlidir», deb marhamat qilgan (5-oyat). Ularning faoliyati oddiy halqning qiynalishi, qoni to'kilishi, muqaddas islom diniga dog' tushishidan bo'lak narsaga olib kelmagan. Ular turlicha bo'lishidan qat'iy nazar, asl maqsadi hokimiyat boylikka erishish bo'lib, sof islom ta'limotidan yiroq, faqat isyonga undovchi oqimlar bo'lib kelgan. Barcha mutassib aqidaparast oqimlar fojeasi shundaki, ular iymon, e'tiqod bilan ma'rifat, din va falsafa o'rtasidagi farq, ularning mohiyatini o'zlarining fikr doiralarida talqin qiladilar.
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga voy bo'lsin! Sho'ringiz qursin! Qaranglar, mendan keyin bir-birining bo'yniga uradigan kofir bo'lib ketmanglar», deganlar.
Boshqa bir hadisda: «Kim «Laa ilaaha illalloh», desa, mendan jonini, molini saqlabdi. Faqat haqqi bilan bo'lsa, mustasno. Ularning hisobi Allohning zimmasidadir», deganlar.
Shuningdek, Ibn Umar va Oisha onamiz roziyallohu anhum: «Ahli qiblani kofirga chiqarish yo'q», deyishgan. Ushbu masala eng xatarli masalalardandir, chunki bu erda mo'min-musulmonlarning qonini, jonini halol sanash bor, ularning hurmatini, mol-mulkini, huquqlarini oyoqosti qilish bor.
Alloh taolo Niso surasida aytadi: «Kim bir mo'minni qasddan o'ldirsa, jazosi jahannamdir. Unda mangu qoluvchidir. Alloh unga g'azab qiladir, uni la'natlaydir va unga ulkan azobni tayyorlab qo'yadir» (93-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim o'z birodariga «Ey kofir!» desa, ikkovidan biri o'sha bo'ladi», deganlar.
Alloh taolo musulmonligini e'tirof qilib turgan kishini o'ldirishdan g'oyatda qattiq ogohlantirgan. Bu haqda Niso surasida: «Agar sizdan chetlansalar va siz bilan urushmasdan, tinchlikni taklif qilsalar, Alloh sizlarga ularning ziddiga yo'l bermas» deyilgan (90-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam qo'shnini shirkda ayblashdan va unga qarshi qilich ko'tarishdan qattiq ogohlantirganlar. U zot: «Sizlarga bo'lishidan eng xavsiragan narsam, bir kishi Qur'onni o'qib.... so'ng undan ajrab va orqasiga otib yuborib, qo'shnisiga qilich ko'targan va uni shirkda ayblashidir", deganlar.
Nafaqat qurolsiz va urush qilmagan musulmonni, balki har qanday insonni o'ldirish mumkin emas. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuning «Laa ilaaha illalloh» degan bir odamni o'ldirib qo'ygani haqidagi mashhur qissada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga «Laa ilaaha illalloh», desa ham o'ldirdingmi?» deb qayta-qayta so'rayverganlar. Usoma roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! U buni quroldan qo'rqqanidan, xavfsirab aytdi», deganida, u zot: «Sen uning qalbini yorib ko'rdingmi?» deganlar.
Insonlarga o'lim tilash, ular joniga qasd qilishni Islom dini qattiq qoralaydi. Alloh taolo Qur'oni karimda: “Kimki biron jonzot o'ldirmagan va u erda buzg'unchilik qilib yurmagan odamni o'ldirsa demak, guyo barcha odamlarni, o'ldiribdi, kimki unga hayot ato etsa (ya'ni o'ldirishdan bosh tortsa) demak, guyo barcha odamlarga hayot beribdi”, deydi (Moida surasi, 32-oyat). Ushbu oyat va hadisi sharifdan ko'rinib turibdiki, nohaq odam o'ldirgan insonning jazosi jahannam, Allohning la'nati va azobidir. “Islom shiorilari”ni da'vo qilayotgan buzg'unchilarning insonlar hayotiga bu qadar beparvo qarayotgani, chumoliga achingandek achinmasligi ushbu oyati karimada xabar berilgan va'idlarga ayni munosibdir.
Dinni niqob qilib olgan dinbuzarlarning eng asosiy da'volaridan biri davlat rahbariga itoat etmay “xalifalik” o'rnatishdir. Musulmon kishi Qur'oni Karim Niso surasining 59-oyati hukmiga ko'ra ishboshi va rahbarlariga bo'ysunishi zarur. Ahli sunna val jamoa aqidasida bu aniq belgilab qo'yilgan.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xabar berdilar: “Kimki o'z amiridan biror noxushlik ko'rsa, bas, sabr qilsin! Chunki, kimki sulton buyrug'idan bir qarich tashqari chiqsa, johiliyat o'limida vafot etibdi” (Buxoriy, 9/7053-7054, 7143; Muslim, 3/1849). Mazkur hadisi sharifda davlat rahbariga itoat etish shartligi ta'kidlangan.
Vidolashuv hajida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Rabbingizga ibodat qilinglar, besh vaqt namozingizni o'qinglar, ramazon oyi ro'zasini tutinglar, mollaringizning zakotini ado qilinglar va ishingiz egalariga itoat etinglar, (shunday qilib) Rabbingizning jannatiga kiringlar!” (Hokim, 1/19). Ushbu hadis Imom Muslim (rahimahulloh) shartiga ko'ra sahihdir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimki ummatimga qarshi chiqsa-yu, ularning yaxshisini ham, yomonini ham urib o'ldirsa, ularning mo'minligidan parvo qilmasa, (musulmonlik va tinchlik-omonlik) ahdini qilgan kimsaning ahdiga vafo qilmasa, bas, u mendan emas va men ham undan emasman!”.
Mustahkam e'tiqod, sof aqida har bir kishi hayotining asl mohiyati bo'lishi lozim. Yurt tinchligi, osoyishtaligiga putur etkazadigan, vatandoshlarimizni chalg'itadigan yot g'oyalarga qarshi kurashish barchamizning burchimizdir. Alloh taolo bizga ato etgan tinchlik, barqarorlik va xotirjamlik kabi ulug' ne'matlar qadriga etishimiz, ularni himoya qilishimiz zarur. Tinchlik osoyishta yurtda xotirjam yashash esa katta baxtdir.
O'ktam Qurbaniyazov,
Amudaryo tumani
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi