Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Dinbuzarlar da'vosi

21.04.2021   3013   7 min.
Dinbuzarlar da'vosi

Bugungi hayot go'zal, tinch, osoyishta. Lekin bu yorug' olamni zulmatga, odamlar hayotini halokatga aylantiruvchilar afsuski, qancha-qancha begunohlarni yo'ldan adashtirmoqda, xonavayron etmoqda, qonini to'kmoqda. Barcha mutassib oqimlarning da'vatlariga yaxshilab nazar tashlansa, islomga yot narsalar ekani ma'lum bo'ladi. Ular Qur'on, hadisdan «dalil» keltiradilar, lekin faqat o'z foydalari uchun ya'ni, umuman Qur'on hadis dalolat qilmaydigan ma'nolarda tushuntirmoqchi bo'ladilar», Turli xildagi e'tiqodlarni o'zlarining g'arazli maqsadlariga asos qilib olgan barcha oqim va toifalar yurtimizga har turli yo'llar bilan suqilib kirib, kishilar va yoshlarning ongini buzg'unchi aqidasini sindirishga harakat qilmoqdalar.

Bunday oqimlarning barchasi o'z yo'llariga yurmaganlarni kofirga chiqarib o'ldirishga hukm qiladilar. Aslida Islomda kim «Laa ilaaha illalloh, Muhammadur rosululloh», desa, u musulmondir. Kim Islom arkonlarini bajarsa, uni kofir deb atash joiz emas. Alloh taolo Tavba surasida: «Agar tavba qilsalar, namozni to'kis ado etsalar va zakotni bersalar, yo'llarini bo'shatib qo'yinglar. Albatta, Alloh o'ta mag'firatlidir, o'ta rahmlidir», deb marhamat qilgan (5-oyat). Ularning faoliyati oddiy halqning qiynalishi, qoni to'kilishi, muqaddas islom diniga dog' tushishidan bo'lak narsaga olib kelmagan. Ular turlicha bo'lishidan qat'iy nazar, asl maqsadi hokimiyat boylikka erishish bo'lib, sof islom ta'limotidan yiroq, faqat isyonga undovchi oqimlar bo'lib kelgan. Barcha mutassib aqidaparast oqimlar fojeasi shundaki, ular iymon, e'tiqod bilan ma'rifat, din va falsafa o'rtasidagi farq, ularning mohiyatini o'zlarining fikr doiralarida talqin qiladilar.

Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga voy bo'lsin! Sho'ringiz qursin! Qaranglar, mendan keyin bir-birining bo'yniga uradigan kofir bo'lib ketmanglar», deganlar.

Boshqa bir hadisda: «Kim «Laa ilaaha illalloh», desa, mendan jonini, molini saqlabdi. Faqat haqqi bilan bo'lsa, mustasno. Ularning hisobi Allohning zimmasidadir», deganlar.

Shuningdek, Ibn Umar va Oisha onamiz roziyallohu anhum: «Ahli qiblani kofirga chiqarish yo'q», deyishgan. Ushbu masala eng xatarli masalalardandir, chunki bu erda mo'min-musulmonlarning qonini, jonini halol sanash bor, ularning hurmatini, mol-mulkini, huquqlarini oyoqosti qilish bor.

Alloh taolo Niso surasida aytadi: «Kim bir mo'minni qasddan o'ldirsa, jazosi jahannamdir. Unda mangu qoluvchidir. Alloh unga g'azab qiladir, uni la'natlaydir va unga ulkan azobni tayyorlab qo'yadir» (93-oyat).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim o'z birodariga «Ey kofir!» desa, ikkovidan biri o'sha bo'ladi», deganlar.

Alloh taolo musulmonligini e'tirof qilib turgan kishini o'ldirishdan g'oyatda qattiq ogohlantirgan. Bu haqda Niso surasida: «Agar sizdan chetlansalar va siz bilan urushmasdan, tinchlikni taklif qilsalar, Alloh sizlarga ularning ziddiga yo'l bermas» deyilgan (90-oyat).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam  qo'shnini shirkda ayblashdan va unga qarshi qilich ko'tarishdan qattiq ogohlantirganlar. U zot: «Sizlarga bo'lishidan eng xavsiragan narsam, bir kishi Qur'onni o'qib.... so'ng undan ajrab va orqasiga otib yuborib, qo'shnisiga qilich ko'targan va uni shirkda ayblashidir", deganlar.

Nafaqat qurolsiz va urush qilmagan musulmonni, balki har qanday insonni o'ldirish mumkin emas. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuning «Laa ilaaha illalloh» degan bir odamni o'ldirib qo'ygani haqidagi mashhur qissada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga «Laa ilaaha illalloh», desa ham o'ldirdingmi?» deb qayta-qayta so'rayverganlar. Usoma roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! U buni quroldan qo'rqqanidan, xavfsirab aytdi», deganida, u zot: «Sen uning qalbini yorib ko'rdingmi?» deganlar.

Insonlarga o'lim tilash, ular joniga qasd qilishni Islom dini qattiq qoralaydi. Alloh taolo Qur'oni karimda: “Kimki biron jonzot o'ldirmagan va u erda buzg'unchilik qilib yurmagan odamni o'ldirsa demak, guyo barcha odamlarni, o'ldiribdi, kimki unga hayot ato etsa (ya'ni o'ldirishdan bosh tortsa) demak, guyo barcha odamlarga hayot beribdi”, deydi (Moida surasi, 32-oyat).  Ushbu oyat va hadisi sharifdan ko'rinib turibdiki, nohaq odam o'ldirgan insonning jazosi jahannam, Allohning la'nati va azobidir. “Islom shiorilari”ni da'vo qilayotgan buzg'unchilarning insonlar hayotiga bu qadar beparvo qarayotgani, chumoliga achingandek achinmasligi ushbu oyati karimada xabar berilgan va'idlarga ayni munosibdir.

Dinni niqob qilib olgan dinbuzarlarning eng asosiy da'volaridan biri davlat rahbariga itoat etmay “xalifalik” o'rnatishdir. Musulmon kishi  Qur'oni Karim Niso surasining 59-oyati hukmiga ko'ra ishboshi va rahbarlariga bo'ysunishi zarur. Ahli sunna val jamoa aqidasida bu aniq belgilab qo'yilgan.

 Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xabar berdilar: “Kimki o'z amiridan biror noxushlik ko'rsa, bas, sabr qilsin! Chunki, kimki sulton buyrug'idan bir qarich tashqari chiqsa, johiliyat o'limida vafot etibdi” (Buxoriy, 9/7053-7054, 7143; Muslim, 3/1849). Mazkur hadisi sharifda davlat rahbariga itoat etish shartligi ta'kidlangan.

Vidolashuv hajida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Rabbingizga ibodat qilinglar, besh vaqt namozingizni o'qinglar, ramazon oyi ro'zasini tutinglar, mollaringizning zakotini ado qilinglar va ishingiz egalariga itoat etinglar, (shunday qilib) Rabbingizning jannatiga kiringlar!” (Hokim, 1/19). Ushbu hadis Imom Muslim (rahimahulloh) shartiga ko'ra sahihdir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimki ummatimga qarshi chiqsa-yu, ularning yaxshisini ham, yomonini ham urib o'ldirsa, ularning mo'minligidan parvo qilmasa, (musulmonlik va tinchlik-omonlik) ahdini qilgan kimsaning ahdiga vafo qilmasa, bas, u mendan emas va men ham undan emasman!”.

Mustahkam e'tiqod, sof aqida har bir kishi hayotining asl mohiyati bo'lishi lozim. Yurt tinchligi, osoyishtaligiga putur etkazadigan, vatandoshlarimizni chalg'itadigan yot g'oyalarga qarshi kurashish barchamizning burchimizdir. Alloh taolo bizga ato etgan tinchlik, barqarorlik va xotirjamlik kabi ulug' ne'matlar qadriga etishimiz, ularni himoya qilishimiz zarur. Tinchlik osoyishta yurtda xotirjam yashash esa katta baxtdir.

 

O'ktam Qurbaniyazov,

Amudaryo tumani

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Numan Kurtulmush: Yangi O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans turk va islom dunyosining umumiy yutug‘idir

02.09.2026   46440   3 min.
Numan Kurtulmush: Yangi O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans turk va islom dunyosining umumiy yutug‘idir

Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Kurtulmush O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

Avvalo, Aziz qardosh va do‘st O‘zbekiston xalqiga eng samimiy salomlarimni, hurmat va ehtiromimni izhor etaman.

Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi geografik masofaga qaramay, qalblarimiz bir-biriga eng yaqin xalqlardanmiz. Mustahkam birodarlik rishtalarimiz mavjud. Umumiy tariximiz, madaniy merosimiz va qadriyatlarimiz bor. O‘zbekiston bizning ota yurtimizdir.

Ayniqsa, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an rahbarligida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy darajada mustahkamlanib, izchil rivojlanmoqda.

Bunga misol sifatida joriy yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning keng tarkibdagi delegatsiya bilan Turkiyaga amalga oshirgan tashrifini keltirish mumkin. Ushbu tashrif doirasida Istanbuldagi O‘zbekiston maktabi hamda Hatay viloyatida zilziladan jabr ko‘rgan fuqarolar uchun barpo etilgan “O‘zbekiston mahallasi”ning ochilish marosimlari ikki mamlakat o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladi.

Hurmatli birodarim – O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov bilan birgalikda Hatay viloyatining Arsuz tumanida joylashgan “O‘zbekiston mahallasi”ga nom berish marosimida ishtirok etdik. Marosim samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.

Fursatdan foydalanib, Turkiyada yuz bergan zilziladan keyin O‘zbekiston xalqi tomonidan ko‘rsatilgan beqiyos qardoshlik yordami uchun yana bir bor samimiy minnatdorchiligimizni bildiraman.

“O‘zbekiston mahallasi” va “O‘zbekiston maktabi” ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikning abadiy ramzlariga aylandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan taraqqiyotni biz har bir tashrifimizda o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmoqdamiz. Barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki fikr, falsafa, ilm-fan va san’at sohalarida ham Islom sivilizatsiyasining Uchinchi Renessansi sari dadil qadam tashlamoqda.

Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli va samarali rahbarligini alohida e’tirof etaman hamda unga chuqur hurmatimni bildiraman.

Ishonamanki, O‘zbekistonda shakllanayotgan Uchinchi Renessans nafaqat mamlakatning o‘zi, balki butun Islom olami uchun yangi yuksalish davrining boshlanishi bo‘ladi.

Buyuk madaniy merosga ega O‘zbekiston Alisher Navoiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ali Qushchi va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarni yetishtirgan zamindir. Bu yurt ilm-fan, falsafa, astronomiya va boshqa ko‘plab sohalarda insoniyat sivilizatsiyasiga beqiyos meros qoldirgan.

Shu bilan birga, islom ilmlari sohasida ham O‘zbekiston ulkan ma’naviy boylikka ega. Bahouddin Naqshband va Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabi buyuk tasavvuf ulamolarining merosi ushbu zaminning Islom tafakkuridagi yuksak o‘rnini namoyon etadi.

Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi butun islom olamining bebaho boyligi hisoblanadi.

Umid qilamanki, O‘zbekiston ilm-fan, taraqqiyot va ma’rifat sohasidagi yutuqlari orqali nafaqat o‘zining yanada yuksalishiga, balki Turk dunyosi va butun Islom olamining ravnaqiga ham munosib hissa qo‘shishda davom etadi.

Yana bir bor aziz O‘zbekiston xalqiga eng samimiy salomlarim va ezgu tilaklarimni yo‘llayman.

Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakat taraqqiyoti va xalqaro maydondagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Alloh taolo o‘zlariga sihat-salomatlik, uzoq va barakali umr ato etsin hamda O‘zbekiston xalqi, Turk dunyosi va Islom olami yo‘lida yanada ulkan xizmatlarni amalga oshirish nasib qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati