Sayt test holatida ishlamoqda!
18 May, 2025   |   20 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:02
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:41
Xufton
21:11
Bismillah
18 May, 2025, 20 Zulqa`da, 1446

Islomda diniy bag'rikenglik asoslari

20.04.2021   5969   13 min.
Islomda diniy bag'rikenglik asoslari

O'zbekiston xalqi azaldan bag'rikeng va mehmondo'st bo'lib kelgan. Qadimdan zaminimizda yashagan millat va elatlar bir-biriga elkadosh bo'lib, og'irini engil qilishgan. Shuning uchun xursandchilikda ham, to'yu ma'rakada ko'p millatli xalqimiz bir-birlari bilan hamkoru hamjihat bo'lib yashashgan.

Yurtimizda yashovchi turli din vakillariga diniy marosimlarini o'tkazishlari va mamlakat hayotida faol ishtiroklari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Bu borada mamlakatimiz o'ziga xos boy tajriba orttirganini ta'kidlash kerak. Buni butunjahon e'tirof etmoqda. O'zbekistonga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari bo'yicha Bosh komissari Zayd al'-Husaynning quyidagi so'zlari buning yorqin dalilidir: “Bugungi dinlararo va millatlararo notinchlik bo'lib turgan tahlikali kunlarda O'zbekistondagi mavjud dinlararo va millatlaro totuvlik turli davlatlar uchun o'rnak bo'lishga loyiqdir”.

Bunday ahillikning asosiy sababi mamlakatimizda turli din vakillari yagona maqsad yo'lida birlashib harakat qilishlaridir. Bu borada turli tadbirlar, anjumanlar o'tkazilib, mushtarak vazifalar ado etib boriladi. Bir-birlarimizni bayramlar bilan qutlaymiz. Bu, shubhasiz, mamlakatimizda qaror topgan tinchlik-osoyishtalik muhitida o'z ifodasini topmoqda.

Yaratgan Parvardigor bandalarini bir-birlari bilan tanishib, tinch-totuv va ahillikda hayot kechirishga buyurgan. Qur'oni aziymush-shonda: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot, 13), deb marhamat qilingan.

Demak, insoniyatning asli bir: hamma Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan. Ayni chog'da, Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo'ygan. Insonlar turli xalq va qabilalarga bo'linishining sababi o'zaro tanishish, hamkorlik qilish va ma'rifat hosil qilishdir.

Islom dini avval boshdan boshqa din vakillariga ham hurmat bilan munosabatda bo'lishni o'rgatgan. Ma'lumki, Islom o'zidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish bilan cheklanmay, o'sha din ahllariga cheksiz muruvvat ko'rsatgan. Ularning haq-huquqlarini qonun bilan mustahkamlab qo'ygan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar oralarida yashaydigan ahli zimmaga muruvvat ko'rsatib, butun insoniyatga o'rnak bo'lishdi.

Bu borada Alloh taolo bunday deydi: “Din to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo'lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahana, 8).

Alloh taolo bu oyati karimada mo'min-musulmonlarni boshqa millat va din vakillariga yaxshi munosabatda bo'lishga buyuradi va ularga nisbatan adolatli bo'lish lozimligini ta'kidlaydi. Jumladan, samarqandlik faqih Abu Lays Samarqandiy “Bahrul ulum” nomli tafsir kitobida ushbu oyat tafsirida: “O'zga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”, deb qayd qilgan. Movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorikut tanzil” asarida mazkur oyat sharhida: “O'zga din vakillariga ehtirom ko'rsating, ularga so'z bilan ham, ish bilan ham yaxshi muomalada bo'ling”, deb bayon etganlar.

Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni o'z masjidlariga tushirganlar va “ular bizning sahobalarimizni hurmat qilgan edilar. Men o'zim ularni izzat-ikrom qilishni xush ko'raman”, deb shaxsan o'zlari ularga xizmat qilganlar. Shuningdek, U zot elchi bo'lib kelgan Najron nasorolarini ham o'z masjidlarida ibodat qilishlariga ruxsat berganlar.

Nabiy alayhissalom har bir kishining qaysi dinga mansubligidan qat'iy nazar, avvalo, uning insonligi uchun odamiylik nuqtai nazaridan hurmat  qilish lozimligini ta'kidlaganlar. Jumladan, Abdurahmon Abu Laylo rivoyat qiladilar: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yonlaridan odamlar tobut ko'tarib o'tishdi. Shunda u zot o'rinlaridan turdilar. Keyin sahobalar uning yahudiy ekanini aytishdi. Shunda Rasululloh: “U ruh egasi – inson emasmi?!” – dedilar”.

Tarixchilar Horun ar-Rashid davridagi bag'rikenglikni shunday izohlashgan: “Masihiylar, yahudiylar va musulmonlar hukumat ishlarida birga-birga ishlar edilar”. Halifa Ma'mun o'z akademiyasiga turli din va mazhab sohiblaridan bo'lgan olimlarni to'plab, ularga: “Ilmdan nimani xohlasangiz, bahs qilaveringlar, faqat toifachilik kelib chiqmasligi uchun har kim o'z diniy kitobidan dalil keltirmasa, bo'ldi”, – degan ekan.

Bu kabi misollarni Islom tarixidan juda ko'plab keltirish mumkin. Islomning bosh manbalarida ta'kidlangan hamda Muhammad sollallohu alayhi va sallam tomonidan qanday amal qilinishi ifoda etilgan ko'rsatmalar bugungi kunda ham davom etib kelmoqda.

Demak, ko'nglida hech bir insonga adovati bo'lmagan hamda jamiyatga qo'li va tili bilan zarari tegmaydigan kishilar bilan chiroyli muomalada bo'lish, ular bilan dunyoviy ishlarda hamkorlik qilish, yovuzlik va zulm-ziyon etkazish yo'lida aslo hamkorlik qilmaslik muborak dinimiz talabidir.

Alloh taolo marhamat qiladi: “...Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”. (Moida surasi, 2-oyat). “Ankabut” surasi 46-oyatida esa: “(Ey, mo'minlar!) Sizlar ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilingiz, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustasnodirlar...”, deyilgan.

Demak, Qur'oni karim musulmon mamlakatlarida boshqa dinlarga nisbatan munosabat va diniy e'tiqod erkinliklari masalalarida asosiy manba bo'lib xizmat qilgan. Shunday ekan, bundan islomning boshqa diniy e'tiqoddagi kishilarga nisbatan insonparvar, adolatparvar ekanini ko'rishimiz mumkin.

Qaysi jamiyatda diniy bag'rikenglik tamoyillari hayotda o'z talqinini topsa, o'sha jamiyatda o'zaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradilar. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik bo'lmagani kabi diniy bag'rikengliksiz tinchlik barqaror bo'lmaydi.

Islom dini o'zga din vakillari bilan bo'ladigan kundalik aloqalarga alohida urg'u bergan. Hususan, qo'shnichilik aloqalari, ahli kitoblarning taomidan iste'mol qilish, ularga uylanish mumkin ekani, ularni g'iybat qilish ham gunoh ekani, moliyaviy aloqalar o'rnatish, ulardan qarz olish, qarz berish, ularga omonat qo'yish, musulmon bo'lmagan kishini maqtash kabi masalalarda oyat va hadislar kelgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillari tomonidan hadya qilingan kiyimlarni kiyib yurganlari ma'lum va mashhur. Sa'd ibn Ibrohimdan rivoyat qilinadi: «Muqavqis Nabiy sollallohu alayhi vasallamga hadya yubordi. Bas, u zot uni qabul qildilar». Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan. Imom Saraxsiy «Mabsut»da quyidagi rivoyatni keltirgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Muqavqis hadya qilgan choponlari bor edi. Ul zot uni hayit va juma kunlari hamda huzurlariga elchilar kelganida kiyar edilar”.

Imom Buxoriy hazratlari o'zlarining “al-Adab al-Mufrad” kitoblarida shunday hadisni rivoyat qiladi: Mujohid aytadi: Men Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhuning huzurida edim. Uning xizmatchisi bir qo'yni so'yib, uning terisini shilayotgan edi. Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu xizmatchiga qarab: Qo'yni so'yib bo'lgach go'shtni birinchi bo'lib yahudiy qo'shnimizdan boshlab tarqat, dedi. O'sha erda turganlardan biri: “Alloh sizni to'g'ri yo'ldan adashtirmasin! Yahudiydan boshla!”, dedingizmi, dedi. Shunda u zot: Men Rasululloh sallollohu alayhi va sallamdan qo'shniga yaxshilik qilish haqida juda ko'p eshitganman, hatto qo'shniga meros berishni tayinlasalar ham kerak, degan xayolga ham borganmiz, dedilar.

Imom Buxoriy o'z kitoblarida rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam vafot etgan vaqtlarida sovutlari bir yahudiyning qo'lida garov evaziga berilgan edi. Nabiy sallollohu alayhi va sallamning sahobalari U zot uchun jonu mollarini fido qilgan insonlar edi. Ular ichida Usmon ibn Affon va Abdurahmon ibn Avf raziyallohu anhumo kabi boy sahobalar ham bor edi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning birgina ishoralari bilan bor budlarini U zotning oyoqlari ostiga olib kelib tashlar edilar. Lekin shunday bo'lsa-da Rasululloh sallollohu alayhi va sallam o'zga din vakilidan qarz olganlar. Buning sababi o'zlari namuna bo'lib jamiyat birdamligi uchun ular bilan qanday muomalada bo'lish kerakligini ummatlariga ko'rsatib berganlar.

Demak, Islom shariatida o'zga din vakillari bilan inoq munosabatda bo'lishga oid munosabatlar aniq belgilab berilgan. Buyuk ajdodlarimiz o'zga din vakillari bilan qanday munosabatda bo'lish lozim ekanini o'rgatib, o'zlari bunda barchaga namuna bo'lganlar.

Bugungi kunda dunyodagi tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikka millatlar va dinlararo ziddiyatlar, ekstremizm hamda terrorizm kabi tahdidlarning jiddiy xavf-xatari mavjudligi globallashuv sharoitida O'zbekistonda millatlar va dinlararo munosabatlar masalasida xotirjamlikka berilish aslo mumkin emas.

Ayni kunlarda dunyoda geosiyosiy raqobat tobora kuchayib, ayrim kuchlar tomonidan xalqlar ongiga egalik qilish orqali turli din vakillari o'rtasida o'zaro nizo va ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarish, mamlakatni kuch-qudratini kamaytirib, hududni ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy tomondan o'z ta'sir doirasiga olishga urinishlar kuchaymoqda.

Hozirda jahonda yuz berayotgan diniy toqatsizlik holatlari boshqa din vakillariga o'ta murosasizlik, bir din ichidagi mojaroli munosabatlar hamda dunyoviy tuzumga qarshi kurash yoki xalqaro darajadagi qarama-qarshiliklar bilan bog'liq bo'lib turibdi.

Zero, barcha dinlar qatori Islom o'zidan avvalgi dinlarni (yahudiylik, nasroniylik) e'tirof etibgina qolmasdan, ularning madaniyat va an'analariga ehtirom bilan qarashga hamda ular bilan adolatli munosabatda bo'lishga buyurgan.

Islom doimo barcha din va e'tiqod vakillarini adolat o'rnatishda, xavfsizlikni ta'minlashda va begunoh odamlarni qoni to'kilishini oldini olishda hamkorlik qilishga chaqiradi.

Bu borada Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayotlarida go'zal o'rnaklar bor. Hazrati Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning Madinaga hijrat qilgan paytlaridan u erlik aholi bilan bahamjihat yashash to'g'risida tuzilgan shartnoma, Najron nasorolaridan bo'lgan oltmish kishilik delegatsiyani masjidga joylab ularga ko'rsatilgan iltifot, Makka mushriklari bilan Hudaybiyada tuzilgan sulh shartnomasi va Makka fath etilgach, mushriklarning umumiy afv etilishi kabi voqealar bag'rikenglikning yorqin amaliy namunalaridan hisoblanadi. Hattoki Najron nasarolari masjidi nabaviyda o'z ibodatlarini Baytil Maqdisga qarab bajarishlariga ruxsat berilgani diqqatga sazovor.

Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, Islom dinida insonlarni turli dinlarga e'tiqod qilishi Allohning xohishiga ko'ra bo'ladigan ish ekani musulmon kishi o'ziga yuklatilgan vazifani bajarishga mas'ul ekani ta'kidlangan. Turli din vakillari, xususan, ahli kitoblar hisoblangan yahudiy va nasroniylar bilan agar ular musulmonlar bilan tuzilgan bitimni buzishmasa, iliq munosabat o'rnatishga chaqiriladi. Albatta, bag'rikenglik turli din vakillarini bir zaminda bahamjihat, hamkorlikda yashashga chaqiradi.

Demak, Islom dini musulmonlarni o'z dindosh birodarlariga va barcha insonlarga yaxshilik, mehr-muruvvat qilishga chorlash bilan bir qatorda, o'zaro tinchlik va totuvlikda bo'lgan boshqa din vakillariga ham yaxshilikda va mehr-shavqatda bo'lishlariga buyurgan.

Ibrohimjon INOMOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi

raisi o'rinbosari

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muborak safar boshlandi

14.05.2025   10161   2 min.
Muborak safar boshlandi

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2016 yilda 5 ming 200 nafar vatandoshimiz haj amallarini bajargan bo‘lsa, 2024 yilda 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmonlar hojilik sharafiga muyassar bo‘ldi.
 

Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etishadi. Mamlakatimizning 9 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilar har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Madina shahriga haj safariga yuboriladi. Parvozlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birgalikda Saudiya Arabistonining “FlyNas” va “FlyAdeal” aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.


Yurtdoshlarimizga Madinai munavvarada hamda Makkai mukarramada barcha shart-sharoitni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan iborat dastlabki ishchi guruh faol ish olib bordi.


Madina shahrida muhtasham besh yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasi, Makkai mukarramada “Marmara hotel”, “Romance hotel”, “Al-Ayyam elite”, “Concrete hotel”, “Abroj Dania”, “Paradise”, “Open hotel”, “Ayyed saha” kabi sakkizta mehmonxona hojilarni yuqori saviyada kutib olishga shay qilingan. Mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun namozxonalar, oshxonalar, tibbiyot punktlari hamda boshqa zarur vositalar hozirlandi.


13 may kuni tongda muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi dilda quvonch, tilda shukronalik bilan muqaddas zamin sari yo‘lga chiqdi.


Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.


Orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj — 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari aeroportdan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.


Shu kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilar “Haj — 2025” ishchi guruhi va mutasaddilar tomonidan tantanali kutib olindi.


Yurtdoshlarimizga muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Vatandoshlarimiz shodlik va shukronalik tuyg‘ulari bilan ziyorat va ibodatlarni ado etishga kirishdi.


Ayniqsa, mehmonxonaning Masjidi Nabaviyga juda yaqin masofada joylashgani hojilarimizni behad mamnun qilmoqda. Ular kunlik barcha ibodatni ushbu muborak masjidda ado etmoqda. Ular o‘z duolarida Yaratgandan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga bundan-da farovonlik so‘rashmoqda.


Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz 2025 yil 13 maydan 28 mayga qadar haj safariga kuzatiladi.


«Xalq so‘zi».

Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi Muborak safar boshlandi
MAQOLA