O'zbekiston xalqi azaldan bag'rikeng va mehmondo'st bo'lib kelgan. Qadimdan zaminimizda yashagan millat va elatlar bir-biriga elkadosh bo'lib, og'irini engil qilishgan. Shuning uchun xursandchilikda ham, to'yu ma'rakada ko'p millatli xalqimiz bir-birlari bilan hamkoru hamjihat bo'lib yashashgan.
Yurtimizda yashovchi turli din vakillariga diniy marosimlarini o'tkazishlari va mamlakat hayotida faol ishtiroklari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Bu borada mamlakatimiz o'ziga xos boy tajriba orttirganini ta'kidlash kerak. Buni butunjahon e'tirof etmoqda. O'zbekistonga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari bo'yicha Bosh komissari Zayd al'-Husaynning quyidagi so'zlari buning yorqin dalilidir: “Bugungi dinlararo va millatlararo notinchlik bo'lib turgan tahlikali kunlarda O'zbekistondagi mavjud dinlararo va millatlaro totuvlik turli davlatlar uchun o'rnak bo'lishga loyiqdir”.
Bunday ahillikning asosiy sababi mamlakatimizda turli din vakillari yagona maqsad yo'lida birlashib harakat qilishlaridir. Bu borada turli tadbirlar, anjumanlar o'tkazilib, mushtarak vazifalar ado etib boriladi. Bir-birlarimizni bayramlar bilan qutlaymiz. Bu, shubhasiz, mamlakatimizda qaror topgan tinchlik-osoyishtalik muhitida o'z ifodasini topmoqda.
Yaratgan Parvardigor bandalarini bir-birlari bilan tanishib, tinch-totuv va ahillikda hayot kechirishga buyurgan. Qur'oni aziymush-shonda: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot, 13), deb marhamat qilingan.
Demak, insoniyatning asli bir: hamma Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan. Ayni chog'da, Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo'ygan. Insonlar turli xalq va qabilalarga bo'linishining sababi o'zaro tanishish, hamkorlik qilish va ma'rifat hosil qilishdir.
Islom dini avval boshdan boshqa din vakillariga ham hurmat bilan munosabatda bo'lishni o'rgatgan. Ma'lumki, Islom o'zidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish bilan cheklanmay, o'sha din ahllariga cheksiz muruvvat ko'rsatgan. Ularning haq-huquqlarini qonun bilan mustahkamlab qo'ygan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar oralarida yashaydigan ahli zimmaga muruvvat ko'rsatib, butun insoniyatga o'rnak bo'lishdi.
Bu borada Alloh taolo bunday deydi: “Din to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo'lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahana, 8).
Alloh taolo bu oyati karimada mo'min-musulmonlarni boshqa millat va din vakillariga yaxshi munosabatda bo'lishga buyuradi va ularga nisbatan adolatli bo'lish lozimligini ta'kidlaydi. Jumladan, samarqandlik faqih Abu Lays Samarqandiy “Bahrul ulum” nomli tafsir kitobida ushbu oyat tafsirida: “O'zga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”, deb qayd qilgan. Movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorikut tanzil” asarida mazkur oyat sharhida: “O'zga din vakillariga ehtirom ko'rsating, ularga so'z bilan ham, ish bilan ham yaxshi muomalada bo'ling”, deb bayon etganlar.
Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni o'z masjidlariga tushirganlar va “ular bizning sahobalarimizni hurmat qilgan edilar. Men o'zim ularni izzat-ikrom qilishni xush ko'raman”, deb shaxsan o'zlari ularga xizmat qilganlar. Shuningdek, U zot elchi bo'lib kelgan Najron nasorolarini ham o'z masjidlarida ibodat qilishlariga ruxsat berganlar.
Nabiy alayhissalom har bir kishining qaysi dinga mansubligidan qat'iy nazar, avvalo, uning insonligi uchun odamiylik nuqtai nazaridan hurmat qilish lozimligini ta'kidlaganlar. Jumladan, Abdurahmon Abu Laylo rivoyat qiladilar: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yonlaridan odamlar tobut ko'tarib o'tishdi. Shunda u zot o'rinlaridan turdilar. Keyin sahobalar uning yahudiy ekanini aytishdi. Shunda Rasululloh: “U ruh egasi – inson emasmi?!” – dedilar”.
Tarixchilar Horun ar-Rashid davridagi bag'rikenglikni shunday izohlashgan: “Masihiylar, yahudiylar va musulmonlar hukumat ishlarida birga-birga ishlar edilar”. Halifa Ma'mun o'z akademiyasiga turli din va mazhab sohiblaridan bo'lgan olimlarni to'plab, ularga: “Ilmdan nimani xohlasangiz, bahs qilaveringlar, faqat toifachilik kelib chiqmasligi uchun har kim o'z diniy kitobidan dalil keltirmasa, bo'ldi”, – degan ekan.
Bu kabi misollarni Islom tarixidan juda ko'plab keltirish mumkin. Islomning bosh manbalarida ta'kidlangan hamda Muhammad sollallohu alayhi va sallam tomonidan qanday amal qilinishi ifoda etilgan ko'rsatmalar bugungi kunda ham davom etib kelmoqda.
Demak, ko'nglida hech bir insonga adovati bo'lmagan hamda jamiyatga qo'li va tili bilan zarari tegmaydigan kishilar bilan chiroyli muomalada bo'lish, ular bilan dunyoviy ishlarda hamkorlik qilish, yovuzlik va zulm-ziyon etkazish yo'lida aslo hamkorlik qilmaslik muborak dinimiz talabidir.
Alloh taolo marhamat qiladi: “...Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”. (Moida surasi, 2-oyat). “Ankabut” surasi 46-oyatida esa: “(Ey, mo'minlar!) Sizlar ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilingiz, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustasnodirlar...”, deyilgan.
Demak, Qur'oni karim musulmon mamlakatlarida boshqa dinlarga nisbatan munosabat va diniy e'tiqod erkinliklari masalalarida asosiy manba bo'lib xizmat qilgan. Shunday ekan, bundan islomning boshqa diniy e'tiqoddagi kishilarga nisbatan insonparvar, adolatparvar ekanini ko'rishimiz mumkin.
Qaysi jamiyatda diniy bag'rikenglik tamoyillari hayotda o'z talqinini topsa, o'sha jamiyatda o'zaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradilar. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik bo'lmagani kabi diniy bag'rikengliksiz tinchlik barqaror bo'lmaydi.
Islom dini o'zga din vakillari bilan bo'ladigan kundalik aloqalarga alohida urg'u bergan. Hususan, qo'shnichilik aloqalari, ahli kitoblarning taomidan iste'mol qilish, ularga uylanish mumkin ekani, ularni g'iybat qilish ham gunoh ekani, moliyaviy aloqalar o'rnatish, ulardan qarz olish, qarz berish, ularga omonat qo'yish, musulmon bo'lmagan kishini maqtash kabi masalalarda oyat va hadislar kelgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillari tomonidan hadya qilingan kiyimlarni kiyib yurganlari ma'lum va mashhur. Sa'd ibn Ibrohimdan rivoyat qilinadi: «Muqavqis Nabiy sollallohu alayhi vasallamga hadya yubordi. Bas, u zot uni qabul qildilar». Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan. Imom Saraxsiy «Mabsut»da quyidagi rivoyatni keltirgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Muqavqis hadya qilgan choponlari bor edi. Ul zot uni hayit va juma kunlari hamda huzurlariga elchilar kelganida kiyar edilar”.
Imom Buxoriy hazratlari o'zlarining “al-Adab al-Mufrad” kitoblarida shunday hadisni rivoyat qiladi: Mujohid aytadi: Men Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhuning huzurida edim. Uning xizmatchisi bir qo'yni so'yib, uning terisini shilayotgan edi. Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu xizmatchiga qarab: Qo'yni so'yib bo'lgach go'shtni birinchi bo'lib yahudiy qo'shnimizdan boshlab tarqat, dedi. O'sha erda turganlardan biri: “Alloh sizni to'g'ri yo'ldan adashtirmasin! Yahudiydan boshla!”, dedingizmi, dedi. Shunda u zot: Men Rasululloh sallollohu alayhi va sallamdan qo'shniga yaxshilik qilish haqida juda ko'p eshitganman, hatto qo'shniga meros berishni tayinlasalar ham kerak, degan xayolga ham borganmiz, dedilar.
Imom Buxoriy o'z kitoblarida rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam vafot etgan vaqtlarida sovutlari bir yahudiyning qo'lida garov evaziga berilgan edi. Nabiy sallollohu alayhi va sallamning sahobalari U zot uchun jonu mollarini fido qilgan insonlar edi. Ular ichida Usmon ibn Affon va Abdurahmon ibn Avf raziyallohu anhumo kabi boy sahobalar ham bor edi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning birgina ishoralari bilan bor budlarini U zotning oyoqlari ostiga olib kelib tashlar edilar. Lekin shunday bo'lsa-da Rasululloh sallollohu alayhi va sallam o'zga din vakilidan qarz olganlar. Buning sababi o'zlari namuna bo'lib jamiyat birdamligi uchun ular bilan qanday muomalada bo'lish kerakligini ummatlariga ko'rsatib berganlar.
Demak, Islom shariatida o'zga din vakillari bilan inoq munosabatda bo'lishga oid munosabatlar aniq belgilab berilgan. Buyuk ajdodlarimiz o'zga din vakillari bilan qanday munosabatda bo'lish lozim ekanini o'rgatib, o'zlari bunda barchaga namuna bo'lganlar.
Bugungi kunda dunyodagi tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikka millatlar va dinlararo ziddiyatlar, ekstremizm hamda terrorizm kabi tahdidlarning jiddiy xavf-xatari mavjudligi globallashuv sharoitida O'zbekistonda millatlar va dinlararo munosabatlar masalasida xotirjamlikka berilish aslo mumkin emas.
Ayni kunlarda dunyoda geosiyosiy raqobat tobora kuchayib, ayrim kuchlar tomonidan xalqlar ongiga egalik qilish orqali turli din vakillari o'rtasida o'zaro nizo va ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarish, mamlakatni kuch-qudratini kamaytirib, hududni ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy tomondan o'z ta'sir doirasiga olishga urinishlar kuchaymoqda.
Hozirda jahonda yuz berayotgan diniy toqatsizlik holatlari boshqa din vakillariga o'ta murosasizlik, bir din ichidagi mojaroli munosabatlar hamda dunyoviy tuzumga qarshi kurash yoki xalqaro darajadagi qarama-qarshiliklar bilan bog'liq bo'lib turibdi.
Zero, barcha dinlar qatori Islom o'zidan avvalgi dinlarni (yahudiylik, nasroniylik) e'tirof etibgina qolmasdan, ularning madaniyat va an'analariga ehtirom bilan qarashga hamda ular bilan adolatli munosabatda bo'lishga buyurgan.
Islom doimo barcha din va e'tiqod vakillarini adolat o'rnatishda, xavfsizlikni ta'minlashda va begunoh odamlarni qoni to'kilishini oldini olishda hamkorlik qilishga chaqiradi.
Bu borada Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayotlarida go'zal o'rnaklar bor. Hazrati Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning Madinaga hijrat qilgan paytlaridan u erlik aholi bilan bahamjihat yashash to'g'risida tuzilgan shartnoma, Najron nasorolaridan bo'lgan oltmish kishilik delegatsiyani masjidga joylab ularga ko'rsatilgan iltifot, Makka mushriklari bilan Hudaybiyada tuzilgan sulh shartnomasi va Makka fath etilgach, mushriklarning umumiy afv etilishi kabi voqealar bag'rikenglikning yorqin amaliy namunalaridan hisoblanadi. Hattoki Najron nasarolari masjidi nabaviyda o'z ibodatlarini Baytil Maqdisga qarab bajarishlariga ruxsat berilgani diqqatga sazovor.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, Islom dinida insonlarni turli dinlarga e'tiqod qilishi Allohning xohishiga ko'ra bo'ladigan ish ekani musulmon kishi o'ziga yuklatilgan vazifani bajarishga mas'ul ekani ta'kidlangan. Turli din vakillari, xususan, ahli kitoblar hisoblangan yahudiy va nasroniylar bilan agar ular musulmonlar bilan tuzilgan bitimni buzishmasa, iliq munosabat o'rnatishga chaqiriladi. Albatta, bag'rikenglik turli din vakillarini bir zaminda bahamjihat, hamkorlikda yashashga chaqiradi.
Demak, Islom dini musulmonlarni o'z dindosh birodarlariga va barcha insonlarga yaxshilik, mehr-muruvvat qilishga chorlash bilan bir qatorda, o'zaro tinchlik va totuvlikda bo'lgan boshqa din vakillariga ham yaxshilikda va mehr-shavqatda bo'lishlariga buyurgan.

Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisi o'rinbosari
#Vakilliklar faoliyatidan
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining 14 ta hududiy vakilligi faoliyat yuritadi. Ular tasarrufida jami 2161 ta masjid bo‘lib, 3000 dan ziyod imom-xatib va imom noibi xizmat qiladi. Ushbu ruknimizda hududiy vakillar bilan turkum suhbatlarni reja qilganmiz. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyatida bo‘ldik.
Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi, “Imom Buxoriy” ordeni sohibi, Ulamolar kengashi a’zosi Rahmatullo domla USMONOV bilan suhbat
– Assalomu alaykum, domla. Suhbatimizni Siz viloyat bosh imom-xatibi sifatida ish boshlagan davrlardan boshlasak. Dastlab vakillik faoliyatini tahlil qilib, qanday og‘riqli nuqtalar, tezkorlik bilan hal etilishi kerak bo‘lgan muammolarni ko‘rgan edingiz va bugungi kunda ular qanchalik hal etilgan?..
– Va alaykum assalom va rohmatulloh. Bundan rosa 14 yil oldin – 2012 yilning iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakili hamda viloyat bosh imom-xatibi sifatida faoliyat boshlaganman. O‘shanda vakillikning faoliyatini atroflicha tahlil qilib, tizimli yondashuvni talab etadigan qator vazifalarni belgilab olganmiz.
Xususan, masjidlar faoliyatini yagona tartib va talablar asosida tashkil etish, imom-xatiblar va diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, ijro intizomi va hisobdorlikni kuchaytirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom diniy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash, joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish kabilarga alohida e’tibor qaratdik.
Bugunga kelib vakillikda 22 nafar salohiyatli, o‘z ishining mutaxassisi bo‘lgan xodim ishlamoqda. Zamonaviy moddiy-texnik ba’zamiz bor. Viloyatdagi 187 ta masjid faol ishlab turibdi.
Masjidlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hujjatlar yuritilishini takomillashtirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish, shuningdek, vakillik tizimida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish, vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida tegishli bo‘limlarni tashkil etish zarurati ham bor edi.
O‘tgan yillar davomida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha aniq rejalar asosida tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada viloyat vakilligi hamda masjidlar faoliyati yanada takomillashtirildi. Vakillik tuzilmasida tegishli shtat birliklari joriy etilib, sohaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar ishga qabul qilindi. Bu esa faoliyatni samarali tashkil etish, vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda joylardagi ishlarni sifatli yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
Imom-xatiblar uchun muntazam malaka oshirish va o‘quv-seminarlar yo‘lga qo‘yildi, aholi bilan ochiq muloqotlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Yiliga «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasini keng targ‘ib etish, ekstremizm, terrorizm, missionerlik va yot g‘oyalarga qarshi kurashish, huquqbuzarlik, jinoyatchilik, giyohvandlik, o‘z joniga qasd qilish, erta turmush va ajrimlarning oldini olish, yoshlar, mehnat migrantlari va harbiy xizmatchilar bilan manzilli ishlash, sog‘lom turmush tarzi, oila mustahkamligi, ma’naviy qadriyatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi virtual tahdidlardan himoya, atrof-muhitni asrash hamda mahallada tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga qaratilgan 35 mingdan ortiq keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshiriladi.
O‘sha davrda imom-xatib va diniy soha xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish zarurati bor edi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida hamda muftiy hazratlarining tashabbuslari va bevosita boshchiliklari bilan masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom-noiblari oylik ish haqi bilan ta’minlandi. Bu esa ularning ijtimoiy barqarorligini mustahkamlash, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan va mas’uliyat bilan ado etishi uchun muhim omil bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlar natijasida viloyatimizda haj ziyorati uchun ajratiladigan kvotalar yildan-yilga oshib, fuqarolarning muqaddas ziyorat amalini ado etish imkoniyatlari kengayib bormoqda. Xususan, 2012 yilda viloyatdan bor-yo‘g‘i 150 nafar fuqaro haj ziyoratini amalga oshirgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich yiliga 800 nafardan oshdi. Bu esa sohada amalga oshirilgan tashkiliy ishlar va ziyoratchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati anchayin oshganini ko‘rsatadi.
– Viloyatdagi 180 dan ortiq jome masjidlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ayniqsa, tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy masjidlarni asl qiyofasini saqlagan holda ta’mirlash ishlarida vakillik mahalliy aholi va homiylar bilan aloqalarni qanday muvofiqlashtirmoqda?
– Viloyatdagi jome masjidlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning obodligi va faoliyati uchun munosib sharoit yaratish masalasi doimo e’tibor markazimizda bo‘lib kelmoqda. Bu borada ishlar tizimli, shaffof va jamoatchilik bilan hamkorlik asosida tashkil etilgan. Ayniqsa, tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy masjidlarni ta’mirlashda ularning asl qiyofasi, milliy me’moriy uslubi va tarixiy qimmatini saqlashga alohida ahamiyat qaratiladi. Bunday obyektlarda har qanday ish tegishli mutaxassislar tavsiyalari va belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.
Masjidlarni obodonlashtirish va ta’mirlash ishlarida mahalliy aholi, saxovatpesha homiylar va jamoatchilikning ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Vakillik tomonidan ushbu jarayonlar muvofiqlashtirilib, homiylik tashabbuslarining maqsadli va samarali yo‘naltirilishi ta’minlanmoqda.
Faoliyatimni boshlagan paytimda viloyatimizda 182 ta jome masjid faoliyat yuritar edi. Aytib o‘tilganidek, bugungi kunda ularning soni 187 taga yetdi. O‘tgan 14 yil davomida 58 ta masjid zamon talablariga mos ravishda qayta bunyod etildi, 100 dan ortiq masjidda esa keng ko‘lamli ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Misol uchun, 2026 yilning birinchi yarim yilligida 2 ta – Chiroqchi tumanidagi "Abu Bakr Siddiq" hamda Kitob tumanidagi "Shayx Sobir" masjidlari qayta qurilib, muborak Ramazon oyida masjidning yangi binosi namozxonlarga topshirildi.
Shuningdek, namozxonlar uchun munosib va qulay sharoitlar yaratish maqsadida 70 dan ortiq tahoratxonalar to‘liq qayta qurilib, zamonaviy talablar asosida foydalanishga topshirildi.
– Keyingi yillarda vakillik tomonidan imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish, ularning nafaqat diniy, balki dunyoviy, siyosiy-ijtimoiy bilimlarini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha qanday tizimli dasturlar va o‘quv seminarlari tashkil etildi?
– Imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish, ularning zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish Qashqadaryo vakilligi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari, o‘quv-seminarlar va qayta tayyorlash mashg‘ulotlarida imom-xatiblar va ularning noiblari muntazam ishtirok etib kelmoqda. Hozirgi kunga qadar viloyatdagi 187 nafar imom-xatib hamda 91 nafar imom noiblar O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida malaka va ko‘nikmalarini oshirishdi.
Ayniqsa, imom-xatiblarning oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2012 yilda viloyatdagi imom-xatiblarning atigi 16 nafari oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi 14 yil davomida bu ko‘rsatkich keskin oshib, bugungi kunda imom-xatiblarning oliy ma’lumotlilari 90 nafardan oshdi. Hozir ham oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 20 nafar imom-xatib Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida modul tizimi asosida tahsil olib, o‘z bilim va salohiyatini oshirmoqda. Bu ishlar izchil davom ettirilib, yaqin istiqbolda 100 foiz oliy diniy ma’lumotli mutaxassislar sifatida shakllantirish maqsad qilingan. Zero, bugungi kunda imom-xatiblar nafaqat diniy ilm sohibi, balki keng dunyoqarashga ega, jamiyat bilan samarali muloqot qila oladigan, zamonaviy jarayonlarni to‘g‘ri anglaydigan ma’naviy-ma’rifiy yetakchi bo‘lishi zamon talabidir.
– Viloyatdagi Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati haqida ham aytib o‘tsangiz...
– Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati aholi orasida diniy bilimlarni faqat belgilangan tartib va malakali mutaxassislar orqali olish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida norasmiy diniy ta’lim maskanlari faoliyatining oldini olish, diniy savodxonlikni oshirish va sog‘lom ma’rifiy muhitni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat vakilligi hamda Kitob tumanidagi "Xoja Buxoriy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi qoshida faoliyat yuritayotgan Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari orqali har yili jami 1560 nafar tinglovchi Qur’on tilovati va tajvid qoidalari bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Bu esa aholi diniy savodxonligini oshirish, yosh avlodni ilmiy-ma’rifiy ruhda tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Ayol-qizlar orasida diniy-ma’rifiy ishlarni yuritadigan otinoyilar faoliyatini tartibga solish, ularning diniy tushunchalarini o‘stirish, xotin-qizlar orasida yot g‘oyalar tarqalishining oldini olish borasida vakillik qanday natijalarni ko‘rsata oldi?
– Ayol-qizlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy faoliyat olib borayotgan otinoyilarning ishini yagona tizim asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Ilgari bu yo‘nalishda muayyan tajriba mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, faoliyatni muvofiqlashtirish, ilmiy salohiyatni muntazam oshirish va nazorat qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurati bor edi.
Shu maqsadda har bir otinoyining bilim darajasi, faoliyat yo‘nalishi va mas’uliyat doirasi qayta ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunda vohada faoliyat yuritayotgan jami 284 nafar otinoyining malakasini oshirish maqsadida tizimli o‘quv-seminarlar, suhbatlar va davra yig‘inlari yo‘lga qo‘yildi. Taҗribali ulamolar va mutaxassislar ishtirokida aqida, fiqh, tafsir, hadis, milliy qadriyatlar, oila mustahkamligi hamda zamonaviy axborot makonida uchrayotgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’rifiy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ular faoliyati monitoring qilinib, aholi bilan ishlash samaradorligi doimiy tahlil qilib borilmoqda.
Bugungi kunda bu ishlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Otinoyilar mahallalarda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning murojaatlarini o‘rganish, diniy savodxonlikni oshirish va sog‘lom ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirishda faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, erta nikoh va ajrimlarning hamda yot g‘oyalar va turli buzg‘unchi qarashlar ular munosib hissa qo‘shmoqda.
– Darvoqe, oilaviy ajrimlar, o‘z joniga qasd qilish yoki jinoyatchilik kabi og‘ir ijtimoiy muammolar eng ko‘p kuzatiladigan mahallalar bilan ishlashda imomlarning mas’uliyati va hisobdorligi qanday bo‘lmoqda?
– Vakillik tomonidan imom-xatiblarning mahalla faollari, xotin-qizlar va yoshlar bilan manzilli ishlash mas’uliyati yanada kuchaytirilgan. Ayniqsa, oilaviy ajrimlarning oldini olish, notinch oilalar bilan ishlash, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash va jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har oy tumanlarda sayyor yig‘ilishlar o‘tkazilib, joylardagi mavjud holatlar, dolzarb muammolar va ularning yechimlari muhokama qilib borilmoqda. Mazkur yig‘ilishlarda imom-xatiblarning mas’uliyati, mahallalar bilan hamkorligi va amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi tahlil qilinadi. Xususan, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha viloyat miqyosida imom-xatiblar tomonidan mahallalarda mingdan ortiq oila bilan manzilli ishlar olib borildi. Ular bilan o‘tkazilgan suhbatlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va tushuntirish ishlari natijasida bir qator oilaviy nizolarning oldi olinib, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishga erishildi.
Muhimi, imom-xatiblar ishi faqat o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, balki insonlar taqdiriga ijobiy ta’sir ko‘rsata olgan amaliy natijalari bilan baholanmoqda. Shuning uchun imomlarimiz mahallada xalq bilan yaqin muloqot qiladigan, oila, jamiyat barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shadigan ma’naviy-ma’rifiy rahnamo sifatida o‘z mas’uliyatini chuqur anglab, faoliyat olib bormoqda.
– Ijtimoiy tarmoqlarda da’vat ishlarini olib borish, nasafziyo.uz sayti va ijtimoiy sahifalarni yuritishda vakillik qoshida maxsus media guruh yoki zamonaviy kadrlar jamoasi shakllantirilganmi?
– Bugungi axborot asrida internet makonidagi diniy-ma’rifiy faoliyat muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois, vakillik tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda aholi, ayniqsa, yoshlar bilan muloqotni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada vakillikda zamonaviy talablarga javob beradigan media xonasi tashkil etilib, zarur zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy kontentlarni tayyorlash, tahrir qilish va keng jamoatchilikka yetkazish yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi malakali kadrlar jalb qilingan.
Mazkur tizim orqali o‘n bir yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan nasafziyo.uz veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar muntazam yuritilmoqda. Shuningdek, 2017 yilda tashkil etilgan Telegram kanali bugungi kunda keng auditoriyaga ega bo‘lib, aholiga tezkor va ishonchli diniy-ma’rifiy axborotlarni yetkazishda muhim axborot maydoniga aylangan.
Shuningdek, bugungi kunda viloyatimizdagi har bir masjidning Telegram, YouTube, Facebook va Instagram sahifalari hamda guruhlari faoliyat yuritib, ularning umumiy a’zolari soni 310 ming nafardan ziyodni tashkil etadi. Jumladan, birgina nasafziyo telegram kanalining 120 mingdan ortiq a’zosi bor. Shuningdek, Ular orqali aholiga dolzarb ma’naviy-ma’rifiy materiallar, diniy-ma’rifiy tavsiyalar, masjid faoliyatiga oid yangiliklar hamda e’lonlar muntazam yetkazib borilmoqda.
Albatta, raqamli makon doimiy ravishda yangilanib borayotgani sababli bu yo‘nalishdagi ishlar ham uzluksiz takomillashtirilmoqda. Asosiy maqsad — zamonaviy media imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga sifatli, ishonchli va ta’sirchan diniy-ma’rifiy axborotlarni yetkazib berishda davomli izlanishdamiz.
– Vakillikning «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalar, yetimlar va nogironligi bor shaxslarga yordam berish borasidagi faoliyati so‘nggi yillarda qanchalik shaffoflashdi va xayriya tadbirlari ko‘lami voha miqyosida qanchalik kengaydi?
– «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali bilan hamkorlikda aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va xayrli tashabbuslarni amalga oshirish faoliyatimizning ajralmas qismi hisoblanadi.
Yordamga muhtoj oilalar, yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning holati o‘rganilib, ularga zarur ko‘maklar o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Jumladan, Ramazon oyi va Qurbon hayiti arafasida davlatimiz rahbari tomonidan ajratilgan mablag‘lar belgilangan tartib asosida ehtiyojmand oilalar, yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yetkazib berildi. Bu xayrli ishlar xalqimizga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Amalga oshirilayotgan har bir xayrli tashabbus manzillilik, ochiqlik va adolat tamoyillari asosida tashkil etilib, vohamizda xayriya ishlarining ko‘lami va samaradorligi yildan-yilga ortib bormoqda. Yaqinda ko‘makka muhtoj bir oilaga uy qurib berigani ham so‘zimizning bir dalilidir.
– Bu zamindan yetishib chiqqan ulug‘ zotlarning boy ilmiy merosi, qadamjolari tarixini xalqaro va respublika miqyosida targ‘ib qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz...
– Bu vohadan yetishib chiqqan Abu Muin an-Nasafiy, Abu Bakr al-Kosoniy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Hafs Keshiy, Abu Shakur as-Solimiy, Pazdaviy kabi ko‘plab allomalarning ilmiy merosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami ma’naviy xazinasining ajralmas qismidir.
Vakillik faoliyati davomida ushbu boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish, targ‘ib qilish va keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, allomalarimiz hayoti va ilmiy faoliyati, ular bilan bog‘liq tarixiy maskanlar va qadamjolarni o‘rganish, ularning ma’naviy ahamiyatini yoritish borasida ilmiy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va targ‘ibot ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Alloh taolo din ravnaqi, yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni ikki dunyoda mukofotlasin!
O‘MI Matbuot va media bo‘limi mutaxassisi
Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi.