بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ لله الَّذِي جعل الزكاة من أركان الإسلام، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ
Zakot moliyaviy ibodat
Hurmatli jamoat! Alloh taolo insonlarni ikki dunyo saodatiga erishishi uchun nozil qilgan shariatlarda moliyaviy ibodat – zakot berishni farz qilgan. Jamiyatdagi boy qatlam kam ta'minlangan va moddiy yordamga muhtoj bo'lgan kishilarga yordam ko'rsatishlari ularning diniy majburiyatlari sanaladi.Alloh taolo oxir zamon ummatlariga ham sadaqaning maxsus ko'rinishini farz qildi va uni “zakot” deb nomladi.
Zakotni ado etish – Alloh taoloning amridir;
Zakot – imkoni bor bo'lgan musulmon odamga Alloh taolo tomonidan amr qilingan muqaddas burchdir. Musulmon odam zakotini ado etar ekan, iqtisodiy muomalaga emas, ilohiy ko'rsatmaga binoan shar'iy ibodat qilgan hisoblanadi. Qur'oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
ya'ni: “Namozni to'kis ado etinglar, zakot beringlar va Rasulga itoat qilinglar. Shoyadki, rahm qilinsangiz” (Nur surasi 56-oyat).
Qur'oni karimning yigirma ettita o'rnida “zakot” kalimasi “namoz” bilan birga zikr qilingan. Bu esa ushbu ikki ibodat bilan bir martabada ekaniga dalolat qiladi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
﴿إِذَا أَدَّيْتَ الزَّكَاةَ فَقَدْ قَضَيْتَ مَا عَلَيْكَ﴾ (رواه الامام الحاكم والامام البيهقي)
ya'ni: “Molingizning zakotini ado qilsangiz, batahqiq, zimmangizdagi(burch)ni bajaribsiz”, deganlar(ImomHokim, Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Imom Abu Homid G'azoliy rahimahulloh aytadilar: “Alloh taolo O'z bandasiga jon ne'mati va mol ne'matini bergan. Badan ibodatlari jon ne'matining shukridir. Moliyaviy ibodatlar mol ne'matining shukridir”.
Zakot Oxiratda ulkan ajru savoblarga sababchidir;
Alloh taolo O'zining muqaddas Kalomida shunday marhamat qiladi:
فَالَّذِينَ آمَنُوا مِنْكُمْ وَأَنْفَقُوا لَهُمْ أَجْرٌ كَبِيرٌ
ya'ni: “Bas, sizlardan iymon keltirganlar va infoq qilganlarga katta ajr bordir”,(Hadid surasi 7-oyat).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vassallamning hadisi shariflarida ham ushbu ma'no ta'kidlanadi:
مَا تَصَدَّقَ أَحَدٌ بِصَدَقَةٍ مِنْ طَيِّبٍ وَلاَ يَقْبَلُ اللهُ إِلاَّ الطَّيِّبَ إِلاَّ أَخَذَهَا الرَّحْمَنُ بِيَمِينِهِ وَإِنْ كَانَتْ تَمْرَةً فَتَرْبُو فِي كَفِّ الرَّحْمَنِ حَتَّى تَكُونَ أَعْظَمَ مِنَ الْجَبَلِ كَمَا يُرَبِّي أَحَدُكُمْ فَلُوَّهُ أَوْ فَصِيلَهُ
(رَوَاهُ الامام البُخَارِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Qay bir kishi halol-pokdan sadaqa qilsa, Alloh halol-pokdan boshqani qabul ham qilmaydi, albatta, Alloh u(sadaqa)ni “o'ng qo'li” bilan qabul qilib oladi. Agar u bir dona xurmo bo'lsa ham Rahmonning “kafti”da o'sadi. Hattoki, tog'dan ham katta bo'lib ketadi. Huddi biringiz toychog'i yoki bo'talog'ini tarbiya qilganidek”(Imom Buxoriy rivoyatlari).
Arablarda bir kishi sovg'ani mamnuniyat bilan qabul qilib olishini – “o'ng qo'li bilan qabul qilib oldi”, deyiladi. Nabiy alayhissalom ham mazkur hadisi sharifda arablar tushunadigan uslub – majoz orqali tushuntirmoqdalar. Ya'ni, ado etilgan xayru sadaqani Alloh rozi bo'lib qabul qilib olishini ta'kidlamoqdalar.
Shuningdek, hadisdagi “Rahmonning “kafti”da o'sadi” jumlasi ham majoziy ma'no bo'lib, banda ado etgan xayru-sadaqa Qiyomatga qadar Alloh taoloning inoyatida bo'lishi, ajru savobi ko'payib tog'dek bo'lishi nazarda tutilgan.
Zakot mol-mulkning qo'rg'onidir;
Zakoti berilgan mulk – boylik kambag'allar haqqidan poklanadi va ko'payishiga sabab bo'ladi. Turli ofatlardan saqlanadi. Tobeinlarning sayyidi Hasan Basriy rahmatullohi alayhdan naql qilinishicha:
حصِّنُوا أَمْوَالَكُمْ بِالزَّكَاةِ وَدَاوُوا مَرْضَاكُمْ بِالصَّدَقَةِ وَأَعِدُّوا لِلْبَلاءِ الدُّعَاءَ
(رواه الامام الطبراني في المعجم الأوسط)
ya'ni: “Mollaringizni zakot bilan himoya qiling, bemorlaringizni sadaqa bilan davolang. Balolar to'lqiniga xokisorlik ila duo va iltijolar bilan peshvoz chiqing”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Zakot kishini baxillik sifatidan xalos qilib, Allohga yaqin bandalardan qiladi;
Abu Hurayra raziyallohu anhudan naql qilingan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom:
السَّخيُّ قريبٌ مِنَ اللَّهِ، قَرِيبٌ مِنَ النّاسِ، قريبٌ مِنَ الجنَّةِ بَعِيْدٌ مِنَ النّارِ وَالبَخِيلُ بَعِيدٌ مِنَ الجَنَّةِ بَعِيْدٌ مِنَ النَّاسِ قَرِيْبٌ مِنَ النَّارِ وَلَجَاهِلٌ سَخِيٌّ أَحَبُّ إلَى اللَّهِ مِنْ عالمٍ عَابِدٍ بَخِيْلٍ
(أخرجه الاما الترمذي)
ya'ni: “Saxovatli kishi Allohga yaqin, jannatga yaqin, odamlarga yaqin va do'zaxdan uzoqdir. Baxil kishi Allohdan uzoq, jannatdan uzoq, odamlardan uzoq va do'zaxga esa yaqindir. O'zi johilu, biroq saxiy kishi obid bo'lsa-da, baxil bo'lgan kishidan ko'ra Allohga sevikliroqdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Zakotning bundan boshqa ko'plab foydalari bor: Zakot beruvchi Alloh taolo huzurida itoatli mo'min banda deb maqtaladi. Hulqi saxiylik fazilati bilan ziynatlanadi. Gunohlariga kafforat bo'ladi. Kambag'allar ichida hurmati oshadi. Qiyomat kunida esa, boshiga soyabon bo'lib, yuqori darajalarga erishadi.
Muhtaram jamoat! Oyati karima va hadisi shariflarda zakotlarini bergan boylarga ajru azimlar va yaxshi va'dalar berilishi bilan birga, unga qodir bo'laturib, bu ilohiy majburiyatdan bosh tortgan, zakotni o'z vaqtida ado etmagan mo'minlarga qattiq va'idlar ham aytilgan, uning halokatli oqibatidan ogohlantirilgan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar:
مَا مِنْ صَاحِبِ كَنْزٍ لَا يُؤَدِّي زَكَاتَهُ إلَّا أُحْمِيَ عَلَيْهِ فِي نَارِ جَهَنَّمَ فَيُجْعَلُ صَفَائِحَ فَيُكْوَى بِهَا جَنْبَاهُ وَجَبْهَتُهُ حَتَّى يَحْكُمَ اللَّهُ بَيْنَ عِبَادِهِ فِي يَوْمٍ كَانَ مِقْدَارُهُ خَمْسِينَ أَلْفَ سَنَةٍ، ثُمَّ يُرَى سَبِيلُهُ، إمَّا إلَى الْجَنَّةِ، وَإِمَّا إلَى النَّارِ
ya'ni: “Kim boylik jamg'arib, uning zakotini ado etmasa, Qiyomat kuni o'tdan tamg'a qilinadi va yonboshiga, peshonasiga hamda orqasiga bosiladi. Bu bir kuni ellik ming yillik kunga teng bo'lgan kunda Alloh bandaalari o'rtasida hukm qilib bo'lguniga qadar davom etadi. So'ngra unga yo jannatga bo'lgan yoki do'zaxga bo'lgan yo'li ko'rsatiladi” (Muttafaqun alayh).
Dinimiz ko'rsatmasi bo'yicha insonning qo'lidagi mol-dunyo unga Alloh taolo o'z fazlidan bergan omonatdir. O'zining mehnati, donoligi bilan erishgan bo'lsa ham “Bu meniki, peshona terim, hech kim xo'jayin emas”, deb o'ylamasligi kerak. U molining bir qismini Alloh taolo roziligi yo'lida sarflashi – eng avval zakotini ado etishi, Ramazonda fitr sadaqa va boshqa ixtiyoriy infoq-ehsonlar qilib turishi kerak. Ana shunda Alloh taolo bergan mol-mulkining haqini ado qilgan bo'ladi.
Muhtaram jamoat! Zakot oltin, kumushdan, savdo uchun boqilayotgan mol-hollardan, ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi mahsulotdan, naqd pullardan, do'kondagi sotiladigan atir-upa, kiyim-kechak va boshqa shularga o'xshash narsalardan o'zi yoki qiymati beriladi. Kundalik asliy hojatiga kiradigan narsalar qo'shilmaydi. Kundalik asliy hojatiga yashashi uchun hojatini chiqarib turgan narsalar: uy-joy, avto-ulov, sog'in sigir, uy ichini bezash uchun qo'yilgan matohlar, bisotda o'g'il-qizga atalgan sovg'a-sarpolar, eyish uchun saqlab qo'yilgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Bulardan zakot berilmaydi.
Demak, kimning moli nisobga etib, bir yil to'lsa yoki shunga qiymati teng molga bir yil to'lsa, unga zakot farz bo'ladi. Ana shu molning qirqdan birini haqdorga chiqarib beradi. Molidan zakotini ajratayotganda shuni niyat qiladi.
Nisobga etgan molga bir yil to'lgan bo'lishi kerak. Bir yil to'lmagan moldan zakot berish farz emas.
Zakot beriladigan molda egasining tijorat niyati bo'lishi kerak, ya'ni sotishni, undan moddiy foydani ko'zlagan kishi shu narsasidan ham zakot beradi. Agar sotish niyati bo'lmasa, qiymati harchand baland bo'lsa-da, unga zakot berilmaydi. Masalan, biror mahsulot ishlab chiqaradigan tsex – korxona va undagi qimmatbaho uskunalarga zakot berilmaydi.
Muhtaram azizlar! Zakot olishga haqdorlar kim? Kimlarga zakot bersa bo'ladi? Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:
إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ
وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنَ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ
ya'ni: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to'lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo'lida hamda yo'lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir” (Tavba surasi 60-oyat).
Demak, zakot beriladigan sakkizta toifa insonlar bor:
Yuqorida sanab o'tilganlardan “dillari islomga oshno qilinuvchilar” hazrati Umar davrida zakot beriladiganlar qatoridan chiqarilgan. Quldorlik tugatilgani sababli “mukotab qullar” bugungi kunda mavjud emas.
Zakot berishni, haqli bo'lishsa, aka-uka, opa-singil va ularning farzandlari, amaki-amma va ularning farzandlari, tog'a-xola va ularning farzandlaridan boshlash afzaldir.
Zakot berilayotgan kishi chindan ham faqir va muhtoj kishi bo'lishi lozim. Aks holda boyning zimmasidan zakot soqit bo'lmaydi. Shuning uchun uni surushtirib, aniq bir muhtojga berish kerak bo'ladi.
Hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali ta'yini yo'q kishilar tomonidan: “Zakotingizni tolibi ilmlarga yoki miskinlarga olib borib beramiz”, degan chaqiriqlar bilan chiqayotganlar ham yo'q emas. Bu bilan sodda mo'min-musulmonlarimizni aldab, ne umidlar bilan ado etgan moliyaviy ibodatlarini nizoli hududlardagi din dushmanlariga jalb qilish holatlari ham uchrab turadi. Shuning uchun bunday holatlardan xushyor bo'lmog'imiz darkor. Qolaversa, fuqaholarimiz zakotni o'zini yurtidagi muhtojlar qolib, boshqa yurtdagi miskinlarga berib yuborishni ham mukruh amallardan sanaganlar.
Muhtaram jamoat! Musulmon kishi Alloh farz qilgan namoz, zakot va Ramazon ro'zasini o'z vaqtida ado etishi – dinimiz talabidir. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, ahli sunna val jamoa e'tiqodimizga ko'ra, zakot berishga qodir bo'la turib, uni ado qilmagan yoki shar'iy uzrsiz ro'za tutmagan kishi gunohkor bo'lsa-da, uni imonsiz demaymiz. Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi bir kishilar tomonidan ro'za, zakot va namoz kabi shariatimizda farz qilingan amallarni bajarmayotgan kimsalarni imonsizlikda ayblab, ularni kofirga chiqarib, qonini halol sanamoqdalar. Vaholanki, Islom ta'limotiga ko'ra, namoz, ro'za va zakot kabi farz amallarni bajarmaslikni o'zi bilan kishi imonidan ajralmaydi, balki bu amallarni farzligiga ishonmasa, ularni bajarish shart emas deb, inkor qilsagina, imoniga ta'sir qiladi. Ammo farzligiga ishonib, uni tasdiqlasayu dangasalik va beparvolik bilan farz amallarni bajarmasa, garchi gunohkor bo'lsa-da, imonidan ajralmaydi.
Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Uch narsa imonning aslidandir: “Laa ilaaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik. Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz” (Sunani Abu Dovud, 2532-hadis).
“Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh” deb turgan musulmon kishini dinsizlikda ayblash mumkin emasligi haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Biror kishi o'z birodariga: “Ey kofir!” desa, bu so'z ikkalasidan biriga tegishli bo'ladi”, dedilar (ya'ni agar kofirlikda ayblovchi haq bo'lsa, ayblanuvchi kofirligicha qoladi. Basharti haq bo'lmasa, u holda o'zi kofir bo'ladi)”, deb ta'kidlaganlar (Imom Buxoriy, 6103-hadis). Boshqa hadisi sharifda “Buzuq va kofir bo'lmagan odamni “buzuq” va “kofir” degan odamning o'zi kofir va buzuqdir”, deyilgan (6045-hadis).
Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda o'tirib olib, musulmonlarni kofirga chiqarayotgan nodonlar ushbu hadisi shariflar borligini unutmasinlar! Shuningdek, birovlarga tuhmat qilib, oxiratlarini kuydirmasinlar!
Mazkur hadisi shariflar va ulardan boshqa rivoyatlarni puxta o'rgangan “Ahli sunna val-jamoa” e'tiqodidagi ulamolarimizning ko'rsatmalariga ko'ra, katta (kabira) gunoh sodir etgan mo'min kishi, qilgan ishini halol sanamas ekan, kofir bo'lmaydi.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh o'zlarining “Fiqhul akbar” asarlarida mazkur masalaga quyidagicha hukm berganlar: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo'lsa ham, basharti uni halol deb e'tiqod qilmagan bo'lsa”. Abu Ja'far at-Tahoviyning “Al-aqidatut-tahoviya” risolasida esa “Bizning Qiblamizga qarab namoz o'qiguvchilarni musulmon sanayveramiz. Shart shuki, Muhammad sallallohu alayhi va sallam keltirgan barcha ma'lumotlarni e'tirof etadigan bo'lsalar”, deyilgan.
Afsuski, ayrim yoshlarimiz Internetda nasl-nasabi, diniy ma'lumoti, kimga xizmat qilishi noma'lum kimsalarning ta'sirida vatandoshlari, hatto yaqinlarini dindan chiqqanlikda ayblayotgani juda ayanchli holatdir.
Mazkur muammoning eng og'ir jihati shundan iboratki, o'z dindoshlari, yurtdoshlari va qavm-qarindoshini kofirlikda ayblayotgan bu kabi yoshlar keyingi bosqichda “rahnamo” va “ustozlari” tomonidan go'yoki “hijrat”ga chiqish da'vosida Suriya, Afg'oniston kabi qurolli to'qnashuvlar ketayotgan o'lkalarga chorlanmoqda. Mazkur hududlarga borganlar esa begunoh odamlarni o'ldirish, bosqinchilik qilish, birovlarning uy-joyini egallab olish kabi islomda butkul harom qilingan qabih, gunohi kabira ishlarga qo'l urib, oxir-oqibatda juvonmarg bo'lib ketmoqda.
Shu nuqtai nazardan, yoshlarimizdan Internet va boshqa vositalar orqali tinch-osoyishta yashab kelayotgan musulmonlarni, ayniqsa, diniy ulamolarni kofirga chiqarib obro'sizlantirishga urinayotgan, davlat va jamiyatga qarshi fitna chiqarish, barqaror yurtni barbod qilish kabi gunoh ishlarga da'vat qilayotgan kimsalardan ogoh va ehtiyot bo'lishlarini so'raymiz.
Azizlar! Quyida O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining milodiy 2021 yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo'yicha qarorini e'lon qilamiz:
Zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo'lib, bugungi kunda 1 gramm tilloning o'rtacha narxi 320 000 (uch yuz yigirma ming) so'm ekani e'tiboridan, bu yilgi ZAKOT nisobi 27200 000(yigirma etti million ikki yuz ming) so'm deb belgilandi.
Shunga ko'ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 27200 000(yigirma etti million ikki yuz ming) so'm va undan ortiq mablag'ga ega bo'lgan musulmon kishi, jami mablag'ining qirqdan biri (1/40)ni hisoblab, uni zakot niyatida kambag'al va faqirlarga beradi.
Fitr sadaqasining miqdori bug'doydan yarim so' (2 kg.), arpadan bir so' (4 kg.), mayizdan yarim so' (2 kg.) va xurmodan bir so' (4 kg.)dir.
Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari o'rganilganda 1 kg. bug'doy o'rtacha 5 ming so'm, 1 kg. arpa o'rtacha 3,5 ming so'm, 1 kg. mayiz o'rtacha 40 ming so'm va 1 kg. xurmo o'rtacha 35 ming so'm ekani ma'lum bo'ldi.
Shunga ko'ra, FITRsadaqasining miqdori:
Har kim o'z imkoniyatiga qarab ushbu to'rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi.
Fidya miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati qiymatida bo'lib, bugungi kunda bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati o'rtacha 25 000 (yigirma besh ming) so'mga to'g'ri kelganidan, bu yilgi FIDYa miqdori bir kun uchun 25 000 (yigirma besh ming) so'm, bir oyga 750 000 (etti yuz ellik ming) so'm deb belgilandi.
Eslatma: Mazkur qiymatlar Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat o'z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.
Alloh taolo xalqimizning farovonligini ziyoda aylab, barchalarimizni zakot beradigan, xayru sadaqotlar qilib, O'zining roziligini topadigan bandalaridan qilsin! Omin!
1. Diniy ibodatlarni bajarish
1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.
1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.
1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).
2. Oilaga yaxshilik qilish
2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).
2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Ilm olish, kitob o‘qish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.
4. Tafakkurga vaqt ajratish
Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.
5. Muhtojlarga yordam berish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).
6. Silai rahm qilish
Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin)” (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).
7. Sport bilan shug‘ullanish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.
8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).
Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!
Davron NURMUHAMMAD