Dunyoning turli hududlarida buzg'unchilik, fitnalar qo'zg'alib, musulmonlar tinchligini buzish, xalq orasida nizo chiqarish va nifoq solishga harakatlar hamon kuzatilyapti.
O'zlarini go'yo “Islom dini va musulmonlarni himoya qiluvchi xaloskor firqa” deb e'lon qilgan kimsalar begunoh musulmonlarning o'limiga sabab bo'lmoqda. Eng yomoni, ular xatti-harakatlarini asoslash uchun oyat va hadislarni o'zlarining qora maqsadi yo'lida ta'vil qilib, musulmonlarni bir-birlariga gij-gijlashmoqda.
Payg'ambarimiz alayhissalom: “Dushman bilan to'qnashishni orzu qilmanglar, balki Allohdan ofiyat so'ranglar” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Musulmonlar haqli ravishda hukmdorlik qilayotgan podshoh qo'l ostida tinch va osoyishta yashab turganlarida hukmdorga qarshi bosh ko'targan kishilar bog'iylardir. Bog'iylar toifasining xuruji zulm sababli emas, balki o'zlarini haq, podshohni nohaq deb bilish, hokimiyat talashish maqsadida bo'lsa, bunday to'daga qarshi podshohga yordam berishga har bir imkoniyatli kishi harakat qilishi lozim bo'ladi.
Terrorchi va ekstremistik tuzilmalarning asosiy g'oyasi “jihod” yo'li bilan o'z faoliyatini davom ettirishdir. Bu degani doimiy ravishda qaysidir mamlakat xalqini qurolli hujum orqali majburiy ravishda o'z g'oyalari ta'siriga tortish hamda o'zlariga mos sharoit yaratish maqsad qilingan.
Islom dinini qurol vositasi bilan yoyish davri o'tgan. Endilikda bu g'oyani tatbiq etish maqsadida jangarilarni tayyorlash, harbiy mashqlarni davom ettirish Islom dinini dunyoga manfur qilib ko'rsatishdan boshqa narsa emas. Buning o'rniga tinchlik yo'li bilan Islom dinining qanchalik insonparvar, mehr-shafqatga chaqiradigan, taraqqiyparvar din ekanini amalda namunali tarzda ko'rsatish yo'lini tanlash lozim.
“Mabsut” kitobida yozilishicha, biror mamlakatda, Islom hukmlaridan bittasi joriy bo'lib turgan bo'lsa ham, u dorul islom hukmida qolaveradi.
Ekstremistik ruh bilan yo'g'rilgan qora kuchlar ilohiy manbalarni noto'g'ri talqin qilish orqali o'zlari og'ir gunohlarga borishi bilan birga, dunyodagi ko'pchilik musulmonlarni ham to'g'ri yo'ldan chalg'itadi. Dunyo jamoatchiligiga tashvish orttirish hamda Islomni yovuzlikka chaqiruvchi din timsolida tanitish kabi zararli faoliyatlari bilan ularning o'ta jinoyatkor bandalar qatoridan joy olayotganlari aniq va ravshandir.
Mazkur holatlarni e'tiborga olgan holda hozirgi davrda barcha ulamolar hamkorlikda Islom dini ta'limotlari sofligini saqlash, dinimiz ahkomlarini buzib ko'rsatishga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi ma'rifiy yo'llar bilan kurashishni yanada kuchaytirishlari zarur.
San'atbek TURSUNOV,
Andijon viloyati “Usmoni Zinnurayn” jome masjidi imom-xatibi
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati