— Talaba bo'lganim sababli ro'za tutishga qiynalaman. Do'stim: “Ro'za tutishga qiynaladigan kishi iftorlik qilib berishi kerak”, dedi. Agar iftorlik qilib bersam ro'za tutganlik savobini olaman-mi?
— Bismillahir Rohmanir Rohim. Ro'za tutishga qiynalish ro'za tutmaslikka uzr bo'la olmaydi. Ro'za tutmaslikka ruxsat berilganlar qatorida bemorlar, musofirlar, o'ziga yoki bolasiga zarar etishidan qo'rqadigan homilador va emizikli ayollar zikr qilingan. Alloh taolo bandalarini toqatidan ortiq ishga taklif qilmaydi. Bandalarning toqati etishini bilgani uchun ro'zani farz qilgan. Do'stlariga iftor qilib berib, ro'za tutmay yursa bo'ladi, degan gap mutlaqo noto'g'ridir. Ro'zadorlarga iftorlik qilib berish savobli amal, farz, vojib emas. Lekin ro'za tutish farzi ayndir! Allohdan yordam so'rab, ro'za tutishni boshlang!
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati