Habar berganimizdek, O'zbekiston musulmonlari idorasi muborak Ramazon oyini yuqori saviyada o'tkazish ishlari qizg'in davom etmoqda. Jumladan, xorij davlatlari diniy idoralaridan kelgan takliflar asosida yurtimiz qorilari chet mamlakatlarda taroveh namozlarida Qur'oni karimni xatm qilib berish va diniy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazish uchun safarga jo'nab ketishdi.
Jumladan, AQSh dagi Turkiston – Amerika jamiyatining rasmiy taklifiga binoan Toshkent shahridagi “Ahmadjon qori” masjidi imom-xatibi, 2018 yilgi O'zbekiston Qur'on musobaqasi hakamlar hay'ati a'zosi Muhammadiy qori Ergashev AQShga jo'nab ketdi va mutasaddi vakillar tomonidan kutib olindi. Muhammadiy qori Ergashev AQSh da Ramazon oyi davomida musulmonlarga taroveh namozini ado etib, diniy – ma'rifiy suhbatlar o'tkazib beradi.
Ma'lumot uchun, bir necha yillardan buyon imom-domlalarimiz Turkiston – Amerika jamiyati taklifiga ko'ra, Ramazon oyida AQShda bo'lib qaytgan edi. O'tgan 2020 yili pandemiya sabab qorilarimizning xorij safari tashkil etilmadi. Joriy yil Ramazon oyida qorilarimiz AQSh, Rossiya, Ukraina va boshqa mamlakatlarda xatmi Qur'onlar va diniy-ma'rifiy suhbatlar o'tkazib qaytishadi.
Safar tafsilotlari haqida portalimiz orqali xabar berib boramiz, inshoalloh.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati