Shu yilning 22 aprel kuni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov boshchiligida Marhamat tumanidagi “Obidjon Botirov” jome masjidida viloyatning shahar va tumanlari bosh imom-xatiblari, otinoyilar va hojilar ishtirokida tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan masjid imom-xatiblarining faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan sayyor seminar yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dastavval seminar ishtirokchilari bo‘lgan shahar-tuman bosh imom-xatiblar, otinoyilar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan xonadonlarga kirib, aholi bilan yuzma-yuz ko‘rishib, ularga ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. So‘ngra shahar-tuman bosh imom-xatiblari o‘ziga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado etib, namozga kelgan jamoatga ma’rifiy suhbatlar qilib berdi.
Seminarda notiqlar tomonidan Marhamat tumanidagi masjidlarning faoliyati haqida keng ma’lumotlar berilib, imom-xatiblarning faoliyat samaradorligi oshirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tumandagi masjidlarda imom-xatiblik faoliyatida namunali va faol mehnat qilayotgan qator imom-xatiblar viloyat bosh imom-xatibining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida qozi domla boshchiligida masjid hududiga yaxshi niyatlar ila manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Andijon viloyati vakilligi
Matbuot xizmati